Tana boshqa, joni bir
Mustaqil davlatimiz rivoji uchun o‘z dasturlari va faoliyati bilan xizmat qilayotgan to‘rtta partiyaning ijtimoiy hayotimizda o‘z o‘rni bor. Partiya etakchilari onda-sonda “Boshqaruvda, rahbarlik faoliyatida notiqlik san’ati, nutqning o‘rni” borasida ma’ruza qilishim uchun kaminani chorlashadi. Ularga daxldor muxtasar ma’lumotlarni keltiraylik.
Mamlakatimizning etakchi partiyalaridan biri – Tadbirkorlar va ish bilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) — ko‘pgina boshqa maqsadlari qatorida vakillik organlarining davlat jamiyat qurilishi jarayonidagi rolini oshirish, ijro etuvchi hokimiyat, jumladan, harbiylashgan tuzilmalar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishning samarali tizimini yaratishini o‘z oldiga vazifa sifatida qo‘yadi. O‘zLiDeP davlat hokimiyatining ijroiya organlarini shakllantirishda parlament rolini yanada oshirish, joylardagi hokimiyati organlari faoliyatida shaffoflik hamda oshkoralik bo‘lishidan manfaatdordir. Partiya islohotlarning amalga oshirilishi, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarning hal etilishi, aholi bandligi va turmush farovonligining o‘sishi hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolar echimi uchun mahalliy ijroiya hokimiyat organlarining mas’uliyatini oshirish lozim, deb hisoblaydi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi sotsial-demokratik jamiyat to‘g‘risidagi konsepsiyasiga ko‘ra, davlat va jamiyat bir-birini to‘ldiruvchi institutlar, deb biladi. SHuning uchun XDP rivojlangan fuqarolik jamiyatiga tayanuvchi, xalq nazorati ostidagi va xalq oldida hisobdor bo‘lgan kuchli va ta’sirchan davlat hokimiyati konsepsiyasini ma’qul ko‘radi. (Ma’lumki, partiyaning siyosati aholining ehtiyojmand qatlamlari va guruhlarini aniq tarzda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadigan maqsadli davlat dasturlari bajarilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazorati tizimini takomillashtirishga qaratilgan).
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ilg‘or mamlakatlar taraqqiyotining yuqori standartlariga erishish uchun O‘zbekistonda sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni izchil chuqurlashtirib borish lozim, deb hisoblaydi. Ushbu maqsad fuqaro, davlat va jamiyatni boshqarish, islohotlarning taqdiri, hokimiyat tizimini demokratlashtirish va yangilash uchun mas’uliyatni tubdan oshirishni, hokimiyat jamiyat nazorati ostida bo‘lishini, chinakam o‘zini o‘zi boshqarish asoslarinig mustahkamlanishini talab etadi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi (SDP) dasturiy hujjatlari va kundalik faoliyatida jamoatchilik nazorati masalalari ham o‘z ifodasini topmoqda. Partiya boshqaruvda oshkoralik, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarni ta’minlash zarurligini ilgari suradi. SHu munosabat bilan partiya ushbu prinsiplarni ta’minlashga qaratilgan muayyan davlat dasturlarini, jumladan, fuqarolar hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘rtasida axborot almashinuvini jadallashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga oid muhim masalalar echimiga oid qarorlar qabul qilish, mazkur qarorlarning bajarilishini nazorat qilish jarayonlarida jamoatchilikning faol ishtirok etishiga yordam beradigan “elektron hukumat”ni joriy etish bo‘yicha dasturni ishlab chiqish hamda amalga oshirishni taklif etadi.