Sertifikatlar topshirildi
Mahallaning rutbasi kundan kunga oshib borayotgani bejiz emas. Mahalla jamoa bo‘lib yashashgina emas, ba’zi masalalarni bir yoqadan bosh chiqarish asnosida yakdillik bilan hal etish ham demakdir. Davr keltirib chiqarayotgan muammolarga oqilona nazar va xulosa bugungi kunda mahalla faollarining zimmasida. SHuning uchun ham o‘quv jarayoni yaxshi tashkil etilgan. Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish o‘quv kursi direktori Ahmadjon Xodjinazarov sertifikatlar topshirilishidan oldin bir haftalik o‘quv kursini tugatgan fuqarolar yig‘ini raislariga, diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilarga, “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbarlariga sertifikatlar topshirish oldidan so‘zga chiqib, joylarda targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borishda hamkorlikni qo‘ldan boy bermaslikni, hamisha muammoli vaziyatlarni birgalikda hal etish zarurligini ta’kidlab o‘tdi. Bu yil Prezident tomonidan e’lon qilingan “Sog‘lom ona va bola yili”da mahalla faollariga yanada mas’uliyat yuklanishini e’tirof etdilar.
36 soatlik o‘quv dasturi bo‘yicha quyidagi mavzular yuzasidan ular mukammal saboq va yo‘l-yo‘riqlar oldilar. Ularga Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga oid qonunlar, jumladan, “Voyaga etmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Diniy tashkilotlar va vijdon erkinligi to‘g‘risida”gi, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir etuvchi omillarning oldini olishda hududiy profilaktika inspektorlari, tegishli davlat organlari hamda jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan aniq maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarida aholi bilan ishlash psixologiyasini shakllantirish, fuqarolar yig‘inlari raisi (oqsoqol)lari va “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbarlarining hududiy profilaktika inspektorlari bilan o‘zaro hamkorligi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tashkil etilishi hamda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar (tarixi, holati va istiqboli) hamda aholi orasida giyohvandlik va narkojinoyatchilikni oldini olishda jamoatchilikning roli va ahamiyati kabi mavzularda ma’lumotlar berilib, dars mashg‘ulotlari olib borildi.
Sertifikat topshirish tadbirida o‘zining dilgir, tarbiyaviy mazmundagi qo‘shiqlari bilan ko‘pchilikning e’tiboriga tushib kelayotgan xonanda, “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasining xodimi O‘ktamjon Kamolovning jozibador qo‘shiqlari davra ahlida iliq taassurot qoldirdi.
So‘ngra bir haftalik, ya’ni 36 soatlik o‘quv dasturini o‘qib muvaffaqiyatli tugatgan mahalla faollariga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.