9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Respublika o‘quv metodika markazida

notiq.uz > Arxiv  > Respublika o‘quv metodika markazida

Respublika o‘quv metodika markazida

Barcha fanlar bo‘yicha audio va videodarslarning tayyorlanishi maktab  o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun koni foyda. Ularning o‘quv dasturiga muvofiq, darslik mazmunidan kelib chiqqan holda tayyorlanishi maqsadga muvofiq. Hozirgi kunda tajribali, malakali o‘qituvchilarning Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markaziga jalb etilishi, ular ishtirokida dars jarayonlarining yozib olinishi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. O‘z sinfida o‘quvchilar bilan emin-erkin, bemalol dars mashg‘ulotlarini olib borayotgan o‘qituvchilar negadir Multimedia markazida studiyaga kirib, mikrofonga yaqinlashib, videokameraga yuzlanganlari hamonoq, o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishadi. Bu holat esa yozib olish va montaj jarayonida bir muncha murakkabliklarga sabab bo‘lmoqda. SHuning uchun ham o‘qituvchilarning mikrofon va videokamera tabiatini yaxshi his qilishlari qulay bo‘lishini nazarda tutgan holda, bir muncha tayyorgarlik mashqlari va bosqichlaridan o‘tishlari zarur. O‘ziga va so‘ziga ishonch bo‘lmas ekan, o‘qituvchi darsni ta’sirchan tarzda o‘tolmasligi aniq. Hayajonlanish va o‘zini erkin tutgan holda gapira olmaslik mavzuning o‘quvchiga etib borishida chigalliklarga ham sabab bo‘lishi tayin. Ssenariyning puxta tayyorlanishi, imloviy va uslubiy xatolardan xoli bo‘lishi, mavzuning unda to‘la va to‘g‘ri aks ettirilgani hali hech nimani anglatmaydi, agarda u tasvirda o‘z aksini topmagan bo‘lsa. O‘qituvchi yozib olinish jarayonigacha bo‘lgan  vazifa va topshiriqlarni pishiq holda amalga oshirgani bilan uning o‘zini roslashi, so‘zini xoslashi, mikrofon va kameraga yuz-ko‘zini moslashi to‘la bajarilmasa, maqsad ro‘yobga chiqmaydi. To‘g‘ri talaffuz, tiniq tafakkur, nutqning aniqligi uyg‘un bo‘lmasa, barcha qilingan harakatlar chippakka chiqibgina qolmay, balki maqsadimiz besamara bo‘lib qolaveradi. Bu esa ta’bir joiz bo‘lsa, “pista po‘chog‘idan kema yasashga” o‘xshab qoladi.

Respublika o‘quv metodika markazida o‘z fanining bilimdonlari ishlashadi. Men filologiya fanlari bo‘limiga kirib borganimda, ish jarayoni qizg‘in bo‘lib, u erda Gulsaraxon va Dildoraxonlar ish bilan band edi. 6 – sinf ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha dasturga muvofiq tayyorlangan “Alisher Navoiy – hikmatdonlar hikmatdoni” (“Mahbub ul qulub”asari misolida) hamda “Avaz O‘tar – ma’rifatparvar shoir” mavzularida tayyorlangan videodarslarni ko‘rikdan o‘tkazish va mulohazalarni eshitish uchun olib bordik. Gulsaraxon va Dildoraxonlar diqqat bilan ko‘rib o‘zlarining qimmatli mulohazalarini bildirdilar. Ularni mavzuga mos holda tayyorlangan tasvirli rivoyatlar bilan boyitish esa o‘quvchilar uchun yanada qiziqarli va mohiyatli bo‘lishini ta’kidlab o‘tishdi. Bildirilgan fikr-mulohazalar galdagi videodarslarning suratga olinishida diqqat markazida bo‘lishi uqtirildi. Ular qilinayotgan ushbu xayrli-ma’rifiy harakat va beminnat xizmat uchun ijodiy guruhga o‘zlarining minnatdorchiliklarini izhor qilishdi. Endilikda esa O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tavsiya etgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 8 – sinfi uchun darslik-majmuaning (qayta ishlangan uchinchi nashri) 1 – va 2 – qismlari asosida videodarslar tayyorlash zaruratini qayd etishdi. Endigi harakat xuddi shu darslik-majmuaga qaratiladigan bo‘ldi. Zeroki, ta’lim-tarbiyaning samarasi va sifati o‘quv qo‘llanmalari, darsliklarni chop etish, o‘qituvchining tajribasi, audio va videodars hamda slaydlarning tayyorlanishida ekanligini unutmaslik foydadan xoli emas. Biz ijodiy hamkorligimiz yaqin kunlarda yanada foydali va samarali bo‘lishini his etgan holda mamnun bo‘lib qaytdik.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.