9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Murabbiy ma’naviyati

notiq.uz > Arxiv  > Murabbiy ma’naviyati

Murabbiy ma’naviyati

Vatan tuyg‘usi va oila qayg‘usini his etmagan inson chin vatanparvar ham bo‘lolmaydi. Mardlar qo‘riqlaydi vatanni degan chaqiriq insonni chinakam jasoratga chorlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlar akademiyasining ofitserlari bilan ustoz va murabbiylar bayramiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirda ma’ruza qilarkanman, yoshligimda tomosha qilgan bir film yodimga keldi. Uning nomi “Ofitserlar” deb nomlanardi. Uch avlod ofitserlarining jasorati va matonati borasida edi film. Bobo, o‘g‘il va nevara. Unda film nihoyasida bobo ofitser nevarasiga qarata shunday deydi: Dunyoda shunday bir kasb borki, u vatanni himoya qilishdir!  Bu bilan faxrlangan, bu ishni o‘ziga sharaf deb bilgan insonning dil rozi edi bu. Harbiy akademiya rahbari polkovnik Ilyosov Ilmdor Mamutovich o‘z kasbini sevadigan, ochiq ko‘ngil, dilkash inson ekan. O‘zbek tilida ravon gapirib, o‘z fikrini bemalol ifoda etar edi. O‘zining xizmati, el tinchligiga, ta’limga qo‘shayotgan hissasi uchun bir guruh ofitserlar pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi. So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari bosh qo‘mondonining tabrigi o‘qib eshittirildi. Bayramoldi tabriklar uchun kaminaga navbat berildi. O‘qituvchi ham vatan himoyachisi, u o‘z shogirdlariga vatan tuyg‘usi, sadoqat va vatanparvarlik tushunchalarini etkazadi. Ularni mard, jasur va qo‘rqmas qilib voyaga etishida o‘z hissasini qo‘shadi. YUrtini, xalqini ardoqlovchi, uning har bir qarich erini ko‘z qorachig‘idek asrashga tayyor bo‘lgan o‘quvchi chinakam himoyachidir. Harbiy bo‘lishni, armiya safida yigitlik burchini o‘tashni niyat qilgan yoshlar sonining ko‘payishi ham, aslida uning xizmatidandir.

Akademiya tinglovchilarining bilimini sinash maqsadida, intellektual o‘yin o‘tkazgim keldi. Rag‘bat o‘rnida esa, vatanparvarlik ruhida yozilgan she’rlarni o‘qiganlarim jo bo‘lgan diskni sovg‘a sifatida taqdim etishni maqsad qildim. Savol berdim: O‘tmishda “amir ul-bahr” degan unvon hozirda qanday harbiy darajaga to‘g‘ri keladi? Hamma o‘z taxminlarini aytdi. Axiyri o‘z bilimi bilan ajralib turgan ofitserlardan biri mayor Jasurbek to‘g‘ri javobni topdi. Admiral! U javobni shunday ishonch bilan aytdiki, ovozi jaranglab ketdi. Javobning to‘g‘riligini e’lon qilganim hamonoq, birdaniga gulduros qarsaklar yangradi. Hamma mayorni olqishladi. U shaxdam qadamlar bilan kelib sovg‘ani oldi va dedi: Xalqimga,  davlatimga xizmat qilaman!

Xizmatdagi ofitserlar orasida Qashqadaryo viloyatidan kitoblik podpolkovnik Muhiddin ham bor edi. Bir paytlari olib borganim “Sirli sandiq”da ishtirok etgani va savollarga to‘g‘ri javob berib qimmatbaho futbol to‘pini qo‘lga kiritgani haqida so‘zladi.

Xullas, o‘qituvchilik mashaqqatli kasb ekani, ularning xizmatlari, chekkan zahmatlari, bergan ta’limu tarbiyasi ko‘p yillar davomida yo‘lchi yulduz bo‘lib shogirdlar yo‘lini yoritishi haqida mulohazalar bildirishdi. Jonajon vatan himoyasi jon va tan himoyasi kabi aziz va muqaddas ekanligini bilib yashash ham oliy saodat ekanligini e’tirof etganimda, davra ahli fikrimga xayrixohlik ifodasi o‘rnida qarsaklar bilan tasdiqlashdi. Tadbir nihoyasida ularga  omad, sog‘lik va xalqimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtimiz osoyishtaligi yo‘lida aslo charchamasliklarini tilab xayrlashdim.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.