Ma’naviyat manzillari osha
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazida ma’naviyat tizimi ishtirokchilarining “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan tashrif buyurgan ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirok etishdi. Ularning faoliyatini namunaviy chiqishi asosida baholash mezonlari quyidagi yo‘sinda bo‘ldi.
- Nutqiy mahorati, ta’sirchanlikka erishish yo‘lidagi izlanish, tajriba va o‘ziga xosliklari;
- Mamlakatimiz va jahon ijtimoiy-siyosiy hayotidagi eng so‘nggi ma’lumotlardan oqilona foydalanish san’ati;
- CHiqishida zamon va makon uyg‘unligi, o‘zi yashab turgan mintaqa va hudud hayoti bilan bog‘liq fakt va dalillarni keltirishi darajasi;
- CHiqishining yoshlar, ayollar bilan bog‘liq muammolarga daxldorligi darajasi;
- CHiqishida targ‘ibotning zamonaviy ta’sir vositalaridan foydalanishi darajasi.
Bugungi kunda ma’naviyatning beqiyos kuchini tasavvur etmaslik mumkin emas. To‘g‘ri, qo‘l bilan ushlab, oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmasa-da, lekin u qudratli va engilmasdir. Bu kuch ma’naviyatdir. Bilib so‘zlash ma’rifatdan, tinglash madaniyatdan, anglash esa ma’naviyatdandir. Ma’naviyat targ‘ibotchisida esa ana shu fazilatlar uyg‘un bo‘lgandagina, u ko‘zlangan maqsadlar sari sobitqadamlik bilan dadil odimlaydi. Globallashuv zamonida, tahlikali davrda ma’naviyatga ehtiyoj suv va havodek zarur.
“Ma’naviyat insonga suv va havodek zarur. Sahrodagi sayyoh har doim buloqdan chanqog‘ini bosadi. Xuddi shuningdek, inson ham necha-necha azoblar va qiyinchiliklar bilan ma’naviyat chashmasini izlaydi…”
Qushning parvozini uning qo‘sh qanotisiz tasavvur qilish qiyin bo‘lganidek, odamzotning iqbolini, jamiyatning istiqbolini ham ikki qanot – ma’naviyat va ma’rifatsiz anglash mushkul.
Prezidentimiz Islom Karimov ma’naviyatning insonga ona suti, ota namunasi, ajdodlar o‘giti bilan birga singishini, ma’naviyatsiz ma’rifat, ma’rifatsiz kelajak yo‘qligini alohida qayd etishlari bejiz emas. Ma’naviy hayoti yuksak bo‘lgan xalqning dunyoqarashi ham, turmush tarzi ham istiqbollidir. Ma’naviyat ma’rifatdan oziq oladi, etuk bilim va dunyoqarashga ega bo‘lish, ma’rifatlilik komil inson qalbu qiyofatini namoyon etuvchi mezondir. SHunday ekan, mustaqilРеспубликамиРеспу Respublikamizning kelajagi har tomonlama kamol topgan yoshlarning bilim darajasi va saviyasining yuksakligi bilan bog‘liqdir. Milliy g‘oyamiz va mustaqillik mafkurasining asoslarini yoshlar ongiga singdirish, ular ongu qalbining har tomonlama tashokuli va takomilida ma’rifat va ma’naviyatning o‘z o‘rni borligini inkor etib bo‘lmaydi. SHunday ekan, hozirgi paytda, ayniqsa barcha sohalarda globallashuv va axborot xurujlari kuchaygan qaltis, tahlikali damda ma’naviyat va ma’rifatni targ‘ib etish muammosi har qachongidan ham dolzarblik kasb etib borayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. SHuning uchun ham Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi huzurida “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini boshladi. O‘zining kengqamrovli bilimi va davr talab etgan muammolarni ziyraklik bilan nozik ilg‘aydigan, hushyor, tezfahm, notiqlik sir — asrorlaridan voqif bo‘lgan ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilarini qayta o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekani sir emas. Vaholanki, “fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan bahsga kirishish va olishish mumkin”ligini chuqur idrok etmasdan turib faoliyat yuritib bo‘lmaydi. Demak, har bir narsa-hodisaning javobi, kuchi bilim va tafakkurda ekanini unutmaslik kerak. Har qanday oliy maqsad, fikr, g‘oya, mafkura targ‘ibot va tashviqot masalasidan chetda turmasligi oynadek ravshan. SHu bois targ‘ibotu tashviqot aniqrog‘i, ma’naviyat targ‘iboti masalasi muhim muammolardandir. Ma’naviyat targ‘ibotchisi qanday bo‘lishi kerak, uning oldida turgan vazifa va maqsadlar nimalardan iborat? U ma’naviy va ma’rifiy ishlarni qanday tashkil etishi va qanday amalga oshirishi zarur? Bu borada u qanday interfaol metodlar, zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalardan foydalanishi kerak? Keng jamoatchilik ommasi orasida targ‘ibot va tashviqotning qanday usullarini istifoda etish ko‘proq manfaatli va maqsadga muvofiqdir?
Bugungi ko‘rik-tanlov ham ushbu savollarga javob tariqasida o‘tkazildi desak, xato bo‘lmasa kerak. Tanlov viloyatlar bo‘yicha alifbo tartibida tashkil etildi. Ishtirokchilarning ro‘yxatini va kasbi va xizmat joyini keltiramiz.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Asqar Abatov – O‘zbekiston fuqarolik jamiyatini monitoring qiluvchi mustaqil instituti Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limining etakchi mutaxassisi.
- Andijon viloyatidan Nafisa Ismoiljonova – Andijon viloyati Asaka tumani 26 –maktab milliy istiqlol fani o‘qituvchisi.
- Buxoro viloyatidan Dilshod Bozorov – Buxoro engil sanoat va pedagogika kolleji direktori .
- Jizzax viloyatidan Sohiba SHodmanova – Jizzax viloyati G‘allaorol tumani transport va sanoat kasb-hunar kolleji direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari.
- Navoiy viloyatidan Jonibek SHuhratov – Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti etakchi mutaxassisi Navoiy shahri vakili.
- Namangan viloyatidan Lobarxon Rustamova – Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani 1-o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.
- Sirdaryo viloyatidan Alisher Nurboev – Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Sirdaryo viloyatining etakchi mutaxassisi.
- Surxondaryo viloyatidan SHahnoza Eshmirzaeva – “Kamolot”yoshlar ijtimoiy harakatining Denov tumani etakchi mutaxassisi.
- Samarqand viloyatidan Mehrojiddin Amonov – Toyloq iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari.
- Farg‘ona viloyatidan Elyorjon Yo‘ldoshev – Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Farg‘ona viloyati Beshariq tumani bo‘limi rahbari.
- Qashqadaryo viloyatidan Turdi Haydarov – Qashqadaryo viloyati “Iste’dod chorlovi” she’riyat klubi rahbari.
- Xorazm viloyatidan Ra’no Vafoeva – Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Xorazm viloyati Urganch tumani bo‘limi rahbari.
- Toshkent viloyatidan Zohida Suvonova – Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Toshkent viloyati Bekobod tumani bo‘limi rahbari.
- Toshkent shahridan Saidafzal Saidjalolov – Toshkent islom universiteti Matbuot va jamoatchilik bilan aloqalar xizmati menedjeri.
YOshi, kasbi nuqtai nazaridan har xil bo‘lgan ma’naviyatchilarning chiqishlarida targ‘ibot va tashviqot ishlariga bo‘lgan mehrni, zavq-shavqni tuyish qiyin emas edi. Ularga ajratilgan vaqt qisqa bo‘lsa-da, imkon boricha o‘zlarining mahoratlarini namoyish etishga ulgurishdi.
SHunday qilib, tanlovda baholovchi hakamlar hay’ati sifatida RMTM rahbari vazifasini bajaruvchisi Nodir Qosimov, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari, professor Abduxalil Mavrulov, RMTM huquqiy targ‘ibot bo‘lim mudiri Gulchehra Matkarimova, Ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot bo‘limi mudirasi Ziyoda G‘afforova, “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” nodavlat ta’lim muassasasining direktori Azimjon YUsupov, “Antik dunyo” xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi Rahimboy Jumaniyozov, xodimlar bo‘yicha inspektor Sevara To‘laganova, RMTM matbuot kotibasi Dilshoda Axmedova, texnik xodim SHerzod SHaripovlar ishtirok etishdi. Har bir ishtirokchining yuqoridagi talab va baholash mezonlariga amal qilishlari sinchkovlik bilan kuzatib borildi va xolislik bilan baholandi deyish mumkin. Har bir shart bo‘yicha 10 ballik baho tizimi belgilangandi. Hakamlar hay’ati tomonidan qo‘yilgan ballar umumlashtirildi va natijada to‘plagan ballarining yuqoriligi va qiziq faktlar bilan davra e’tiborini torta olgani nuqtai nazaridan Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan Asqar Abatov g‘olib kelib respublika bosqichiga o‘tdi. Boshqa ishtirokchilar esa turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblik sovrinlariga ega bo‘lishdi. Prezidentimizning yangi kitoblari ular uchun eng muhim sovg‘a sifatida hayotga yo‘llanma, taraqqiyotga qo‘llanma bo‘ldi desak, aslo, mubolag‘a emas. Tanlov qatnashchilaridan biri Jonibek SHuhratov hakamlar hay’atiga o‘z minnatdorchiligini bildira turib, ayrim taklif va istaklarini izhor qildi. Tanlovning sinov bosqichlarini tashkil etishni yanada takomillashtirish zarurligini qayd etdi. Ko‘p narsani bilish zarur, lekin undan ham zaruri ma’lumotni jamoaga, tinglovchiga ta’sirchan tarzda etkaza olishdir. Muhimi esa buning mexanizmini yaratish kerakligi haqida kuyunchaklik bilan gapirdi.
Ularning chiqishlarini kuzatish asnosida kaminada ayrim mulohazalar tug‘ildi. Ijozat bo‘lsa, shularni siz bilan o‘rtoqlashishni lozim ko‘radi.
Avvalombor, targ‘ibotchining muloqot jarayonidagi nutqi va xulqi muhim masaladir. Nutq madaniyatining har ikkala shaklini, og‘zaki va yozma nutqni to‘la va to‘g‘ri amalda qo‘llay olmagan targ‘ibotchining maqsadi sarobdir. Nutq madaniyatining har ikkala ko‘rinishi, ya’ni og‘zaki va yozma nutq qoidalarini bilishi va amalda qo‘llay olishi zarur. Bu bir oylik yoki bir yillik emas, doimiy izlanish va mashq qilish orqali ro‘yobga chiqadi. SHuning uchun ham “shoir bo‘lib tug‘iladilar, notiq bo‘lib etishadilar” degan gap bejiz aytilmagan. Qanday yosh va qanday kasbda bo‘lishdan qat’iy nazar, har birimiz kishilar bilan nutqiy muloqotda bo‘lamiz — so‘zlaymiz, tinglaymiz, fikrlashamiz. Har kimning o‘z didi, saviyasi, dunyoqarashi, sajiyasi, fe’l-atvori, ko‘rinishi, kiyinishi bo‘lganidek, uning ovozi, so‘zlashish uslubi, til va nutqiy madaniyatni egallash darajasi ham o‘ziga xos. «O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar»- degan naql bor. Kishining fahm-farosati va saviyasi ikki og‘iz so‘zidayoq namoyon bo‘ladi. So‘zlik insonning o‘zligi uchun ko‘zgudir. Kishi fikrining aniq, samimiy va ta’sirli etib borishi so‘zlovchining til va uning harakatdagi ifodasi bo‘lgan nutq qoidalarini qanchalik bilishi va amal qilishiga bog‘liq. SHunday ekan, nutqning aniqligi-tafakkurning tiniqligiga daxldor bo‘lsa, talaffuzning aniqligi-nutqning tiniqligiga bog‘liqdir. Notiq nutqining mantiqiy qudrati, ta’sir kuchi, jozibasi ham, aslida shu bilan. Notiq nutqi, voiz va’zi har bir davrlarda, har bir makonlarda joiz bo‘lgani haq. Demak, nutqiy mahoratni egallashga intilish nutq odobi, aniqrog‘i, til va nutq vositalarini puxta bilishni, amal qilishni taqozo etadi. Nazariy ma’lumotlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashmas ekan, bunga erishish mushkul. Og‘zaki va yozma nutqning o‘zaro bog‘liqligi ularning shakllanish jarayonidagina emas, balki taraqqiy etishida, sayqal topishida muhim ham muqimdir. Og‘zaki nutqning qator vazifaviy ko‘rinishlari mavjudki, ular kezi kelganda, yozma nutqqa jilo beradi. Uning ta’sirchanligini oshiradi. Kundalik so‘zlashuv nutqi, lektorlar nutqi, radio va televidenie nutqi, sahna nutqi bularning har biri alohida tadqiqni talab etadi. Har qanday so‘zning xosiyati nutqning mohiyati bilan aloqadorgina emas, balki mantiqiy tafakkur mezoni hamdir. Nutq, notiq, mantiq, notiqlik atamalarining bir o‘zakdan yasalgani ham bu til birliklarining o‘zaro uzviy bog‘liqlikda namoyon bo‘lishini anglatadi. Biri birisiz ro‘yobga chiqmasligini, biri ikkinchisini taqozo etishini bildiradi. Demak, so‘z xosiyatli bo‘lganidek, nutq ham mohiyatli bo‘lishini uni istifoda etuvchilar, xususan, o‘qituvchilar, notiq, diktor, ritor, didjey va lektorlar doimo yodda tutishlari, amalda o‘rinli qo‘llay bilishlari zarur. Nutqiy mahoratning ikki omili bor. Biri nutq xususiyatlarini bilish bo‘lsa, ikkinchisi nutq texnikasini egallashdir. Nutqning to‘g‘riligi, aniqligi, mantiqiyligi, sofligi, boyligi, ifodaviyligi, ta’sirliligi, jo‘yaliligi, maqsadga muvofiqliligi uning xususiyatlarini tashkil etsa, og‘zaki nutqdagi ovoz, diksiya, pauza, urg‘u, ohang, intonatsiya, yozma nutqdagi tinish belgilari silsilasi nutqiy texnikadir. Fikrlash texnikangiz kuchli, ammo ovozingiz past, ta’sirsiz bo‘lsa, yoki aksincha o‘ktam ovoz, o‘tkir nafasga ega bo‘la turib tafakkuringiz bo‘lmasa, bari behuda. Har ikkalasi omixta bo‘lishi maqsadga muvofiq. Tinglovchi e’tiborini, dastavval, notiqning ko‘rinishi, so‘ngra uning ovozi tortadi. Ovoz o‘qituvchining ham, notiqning ham birinchi quroli. SHuning uchun ham italyan aktyorlaridan biri Tomazzo Salvinidan «Aktyor uchun nima birlamchi?»-deb so‘raganlarida, u «birinchidan ovoz, ikkinchidan ovoz, uchinchidan ovoz, to‘rtinchidan boshqa narsalar»- deb javob bergani bejiz emas.
Ma’lumki, targ‘ibotchi va omma orasidagi muloqot muayyan mavzu bo‘yicha ma’lumot almashish, bilim berishdir. Muloqotning vositalari ikkita bo‘lib, ular nutqiy, ya’ni verbal va nutqiy bo‘lmagan, ya’ni noverbaldir. Har ikkalasidan o‘rinli foydalanish targ‘ibotchiga keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Ular orasiga Xitoy devori qo‘yish o‘rinlimas, ular bir-birini boyitadi, to‘ldiradi, asoslaydi va izohlaydi. Oddiy suhbat jarayonida, olimlarning e’tirof etishlaricha, ma’lumotning 35% dan kam qismi nutqiy muloqot, 65% dan ziyod qismi noverbal, boshqacha aytganda, paralingvistik hodisalar orqali etkazilarkan. Taniqli ruhiyatshunos olim, professor Erkin Sattorov “Omadga erishish psixologiyasi” nomli kitobida shu xususda fikr yurita turib, “nutqiy kanal orqali axborot uzatiladi, noverbal kanal bo‘yicha esa muloqot sherigiga bo‘lgan munosabat uzatiladi” degan fikrni keltiradilar. Bir jihatdan qaraganda, e’tiroz yo‘qdek, lekin ular o‘zaro bog‘liq hodisa bo‘lib, noverbal kanal fikrni, ma’lumotni etkazishdagi tasdiq, “yo‘llovchi va qo‘llovchi” vosita ekanligini ham e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi. Targ‘ibotchi muloqot jarayonida tinglovchi holatini, darajasini his etish asnosida yo‘l tutishi muhim. Ma’lumotni o‘zlashtirish va qabul qilish har bir kishida har xil kechishini yaxshi bilamiz. Tasavvur qiling, dars jarayonida o‘qituvchi e’tiborsizroq o‘quvchi yoniga borib qo‘l harakati bilan uning boshini silab o‘tib ketsa, o‘quvchiga qanchalik ta’sir etishi va muloqotning samimiy bo‘lishini sezish qiyin emas. O‘qituvchining o‘quvchini tushunishi va his etishi, fanda identifikatsiya va empatiya terminlari bilan yuritiladi. Bular odamning o‘zini o‘zgaga ko‘chirishi orqali o‘sha vaziyatda uning o‘zi qanday yo‘l tutishi mumkinligini o‘ylashi va uni his etishi jarayonlarini anglatadi. Dil — qulf, til — kalit. Duch kelgan eshikka to‘g‘ri kelgan kalit tushavermagani singari har bir tinglovchining o‘qish va o‘zlashtirish darajasi borligini inkor etib bo‘lmaydi. Verbal va noverbal vositalarni targ‘ibotchi va tinglovchi bilan boshqacha aytganda, ikki qirg‘oqni bog‘lovchi, bordi-keldini ta’minlaydigan “ko‘prik” deb tushunish o‘rinlidir. Ko‘prik mustahkamligi esa har ikkala tomonning bir-birini yaxshi tushunishi va his etishiga bog‘liq. Tinglovchiga mavzuning bayoni va mazmuni yuz foiz etib bormasligi aniq. Har qanday holatda ham tinglovchi mavzuga qanchalik diqqat qilmasin, ma’lumotning etib borishida juz’iy yo‘qotishlar bo‘lishi tabiiy. YUqorida qayd etilgan kitobda uning tinglovchiga etib borishidagi holat quyidagicha izohlanadi. “Fikr o‘ylanildi, nutqiy shaklga ega bo‘ldi (100%), aytildi (80%), eshitildi (70%), tushunildi (60%), xotirada qoldi (24%).”
Demak, har qanday holatda ham mavzuni to‘la etib borishi mushkul ekan. Lekin mavzuni o‘quvchi ongu shuurida to‘la o‘zlashtirishi va xotirada mustahkamlashi uchun turli interfaol metod va zamonaviy pedtexnologiyalardan foydalanish zaruratini yoddan chiqazish yaramaydi. Bunda tinglovchi faolligi, qiziquvchanligi, ijodkorligiga ko‘proq e’tiborni qaratish foydadan xoli emas. Pedagog so‘zining lug‘aviy ma’nosi “bola etaklovchi” demakdir. Nutqiy jarayonda ham shunga monand holat kuzatiladi. YA’ni, targ‘ibotchi etaklovchi va tinglovchi etaklanuvchi. Bu jarayonda etaklovchi bilim, tajriba, ko‘nikma va malakaga, intellektual kuchga ega bo‘lmas ekan, murod hosil bo‘lmasligi ayon. Targ‘ibotchining uquvi tinglovchining aqlu tuyg‘usiga ta’sir etib uning diqqatini tortmasa ta’lim ta’sirchanligi haqida so‘z ham bo‘lmaydi. Tinglovchi e’tibori targ‘ibotchining e’tiborida bo‘lmas ekan, ta’lim o‘z samarasini bermaydi. Diqqat-e’tibor masalasi hamisha muhim. Nimagadir chalg‘igan tinglovchining o‘zlashtirish darajasi sust va past bo‘lishi oynadek ravshan. SHuning uchun ham mashhur adib Dante “Diqqatdir – suhbatning asl asosi” deyishi bilan haqli edi. Tinglovchi diqqat-e’tiborini tortmasdan aytilayotgan so‘z bamisoli nishonga olmasdan o‘q uzayotgan ovchininng holatini eslatadi.
Ma’naviyat targ‘ibotchisining ta’lim-tarbiyaning ta’sirchanligiga tegishli talablarni bilishi tinglovchilarning mavzuga bo‘lgan qiziqishini tobora ortishiga sabab bo‘ladi. SHunday ekan, targ‘ibotchi izlanish va intilishdan aslo to‘xtamasligi, mavzu bo‘yicha kengroq ma’lumotlarga ega bo‘lishi, o‘zining nutq mahoratini oshirib borishi va o‘z ustida tinimsiz ishlashni kanda qilmasligi kerak.
Hissiz kalom aytish bamisoli tuzsiz taom tortishdek gap. Bu esa zamonaviy pedagogik texnologiyalar va interfaol metodlarni o‘rinli qo‘llash va notiqlik san’atini chuqur egallash zaruratini taqozo etadi.