9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Ma’lum va  mash’um ko‘rgilik

notiq.uz > Arxiv  > Ma’lum va  mash’um ko‘rgilik

Ma’lum va  mash’um ko‘rgilik

Ajal bemahal. Kelishi ham shunday. Bugun soppa-sog‘ inson ertaga yo‘q. Taajjubdan yoqa ushlaysiz. Ma’lum va mash’um ko‘rgilik o‘lim yaqinlarning orasiga abadiy hijron soladi. Ajal bemahal va beso‘roq keluvchi mehmon. Firoq o‘tida qovuradi. Bolani otadan, onani boladan, xullas, yaqinlarni bir-biridan ajratib ayriliq balosiga duchor etadi. Bedil hazratlari inson umrini kiprikda turgan yosh tomchisiga o‘xshatadi. Qaerda, qachon tushishini va qancha muddat turishini yaratgandan o‘zga hech kim bilmaydi.

Kuni kecha barcha telekanallar orqali Prezidentimizning yangi yil tabrigini o‘qib xalqimizga o‘qib eshittirgan, samimiy do‘stimiz Oliy toifali diktor, O‘zbekiston xalq artisti, “E’tirof – 2013” laureati Abdumo‘min O‘tbosarov bugun oramizda yo‘q.

Uning vafotini yangi yilning birinchi kuniga, aynan juma kuniga to‘g‘ri kelishi ham taajjubli va hayratlanarli. Uning yurak hurujidan dunyodan o‘tganligi xabar barchani chuqur qayg‘uga soldi. Kechagina teleko‘rsatuvlar orqali yangi yil bilan eldoshlarimizni tabriklab turgan insonning vafotiga ishongingiz ham kelmaydi.

Internetga kirib “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idan, yangiliklarni bilish do‘stlarim qo‘ygan turli xil ma’lumotlar va tabriklardan voqif bo‘lishni odat qilganman. Bugun ham xuddi shu maqsadda, internetga kirgan zahoti Muslimbek Yo‘ldoshev tomonidan qo‘yilgan Abdumo‘min O‘tbosarovning surati va bevaqt o‘limi haqidagi xabar barcha qatori meni ham gangitib qo‘ydi. SHu ondayoq, Muslimbek akaga qo‘ng‘iroq qildim, ular yangi yil kechasi yurak xurujidan vafot etgani va janoza namozi “Bodomzor” masjidi jomesida bo‘lishi haqidagi xabarni berdilar. Muslimbek aka bilan gaplashar ekanman, ovozlari siniqqan, xastachil edi. CHorak asrdan ziyod muddat mobaynida birga ishlashgan eng yaqin kasbdoshidan, do‘stidan ajralish katta iztirob ekanligini anglab, ko‘ngil bergan bo‘ldim.

28 dekabr kuni u bilan “Registon” restoranida yaqin do‘stlarimizdan birining nevaralari sabab berayotgan sunnat to‘yida ko‘rishgan edik. Tavba deb yoqa tutaman. Odam odamga g‘animat, umr omonat ekanligini yana bir bor his etdim. To‘y egasi davrada Abdumo‘min O‘tbosarovning boshlovchilik qilishini, lekin yangi yil tabrikini yozib olinishi uchun televidenieda biroz ushlanib qolishini e’tirof etdilar. SHu sababli ular kelgunlariga qadar to‘y davrasida boshlovchilik qilishimni iltimos qildilar. Men bajonudil qabul qildim. Soat chamasi 21:00 da Abdumo‘min horg‘in holatda kirib keldi. Biroz tamaddi qilib bo‘lganlaridan keyin ularni davraga taklif etdim. Abdumo‘min to‘y egalari va davra qatnashchilarini samimiy qutlab, musiqiy tabriklari bilan kelgan bir-ikkita “birrovchi” san’atkorlarga navbat bergan bo‘ldilar. So‘ng yonimga kelib, sal tobim yo‘q degan ma’noda davrani o‘zingiz davom ettirsangiz deb qoldilar. Ko‘zlari bir muncha kirtaygan, charchagan qiyofatda edilar. Men uyqusizlikdan bo‘lsa kerak, deb o‘yladimu, iltimoslarini qabul qilib davrada boshlovchilikni davom ettirdim. Buni qarangki, men samimiy inson, dilkash do‘stimiz Abdumo‘min bilan so‘nggi bor ko‘rishib, so‘nggi bor xayrlashyotgan, vidolashyotgan ekanman.

Soat chamasi 11:00. larda ularning xonadoniga etib bordim. Uy oldida teleradiokompaniya, madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimida faoliyat yurituvchi xodimlar, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar so‘lg‘in xomush holda turishar edi. Barcha qatori men ham marhumning yaqinlariga hamdardlik bildirdim. Iztirobli yig‘idan ko‘zlari qizargan Muslimbek aka u yoqdan — bu yoqqa yurib biroz toliqqan edilar. Ularga ham oson emas. YAqin yillarda atoqli diktorlarimizdan Mirzohid Rahimov, Rahmatilla Mirzaevlarning ketma-ket vafotlaridan chuqur qayg‘uga tushib o‘zlarini ancha oldirib qo‘ygan edilar.

Marhumning tobuti qo‘lma-qo‘l qilinib ko‘tarildi. “Bodomzor” masjidi jomesida janoza o‘qilgach, “Minor” qabristoniga yo‘l olindi. YAngi yilning birinchi kuni qabriston tobut ko‘targan bir guruh odamlarni qarshiladi. Abdumo‘minning xilxonasi yonida dafn etilguniga qadar, ta’ziya bildirib kelganlar behisob edi. Marhumning tirikligida qilgan ishlari xayrlik va savoblik amallari borasida Muslimbek Yo‘ldoshev o‘ta ta’sirchan ta’ziya nutqi irod qildilar. Televidenie bo‘lsin, yoki boshqa bir hukumat miqyosidagi ijtimoiy-siyosiy tadbirlar bo‘lsin, kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, boshlovchilik qilgani, el xizmatida kamarbasta bo‘lgani haqida gapirib, uylaringizda to‘ylaringizda xizmat qilib sizga yaqin bo‘lgan birodaringiz bugun dunyodan o‘tdi, deya o‘kinch bilan o‘z so‘zini yakunladi. So‘ngra qori domlaning “Qur’on” tilovati qabriston uzra taraldi…

O‘ylab qoldim, bu dunyo o‘tkinchi, bevafo ekanligini bilamiz, bilsak-da, bir-birimizning qadrimizga etmaymiz. Tiriklikda bir-birimizni asrab, bir og‘iz shirin so‘z bilan mehr berib qadrlashimiz o‘tib ketgandan so‘ng yuz marta ohu-faryod chekkandan ko‘ra avloroqdir, degim keldi shu tobda. O‘lim ham ilm. U katta saboq, ulug‘ ibrat. Oladigan narsalardan ko‘ra, qoladigan narsalar haqida o‘ylash xayrlikdir. Tirikligida ota-onaning, do‘stning qadrini eta bilgan inson hech qachon o‘kinmaydi. Odatda, biz marhum dunyodan o‘tgan paytda uning ko‘zini yumgan bo‘lamiz, aslida, u bizning ko‘zimizni ochib ketgan bo‘ladi. Bu hikmatni yodda saqlaylik. Quyosh botish uchun chiqadi, odamzod o‘lish uchun tug‘iladi. SHunday ekin bir-birimizni qadrimizga etaylik, asrab-avaylaylik.

Beozor, samimiy do‘stlariga muhabbatli va muruvvatli do‘stimiz Abdumo‘min O‘tbosarovning oxirati obod, ruhi shod bo‘lsin. Alvido, do‘stim, Olloh seni o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin!

 

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.