Xorijiy til ona tilga mehr bilan
Xorijiy tillarni o‘rganish ona tilga mehr bilan. Abdulla Qahhor sobiq chet tillar instituti talabalari bilan ijodiy uchrashuvda “siz joylarda, o‘quv muassasalarda chet tillardan dars berasiz, lekin shu narsani unutmangki, siz xorijiy tillarni o‘rgatish bilan birga ularning o‘z ona tiliga bo‘lgan mehrni ham ular qalbiga joylang” degan mazmundagi hikmatlari bejiz emas.
Demak, har qanday tilga mehr, avvalo, ona tiliga bo‘lgan munosabatdan, muhabbatdan boshlanadi. Nechunkim, Vatan ostonadan boshlanadi, degan naql bejiz emas. O‘z uyini asragan, o‘z uyi qadriga etgan boshqalarning boshpanasini ham his etadi, qadrlaydi. Bir haftalik 36 soatlik o‘quv dasturi yakuni munosabati bilan sertifikat topshirish marosimi o‘zgacha tusda tashkil etildi. Tadbir har tomonlama qulay, muhtasham va a’lo darajada xizmat ko‘rsatishga qaratilgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tdi. Ingliz, nemis va fransuz tillaridan saboq beruvchi o‘qituvchilar dars jarayonini qiziqarli tarzda, interfaol metodlardan foydalanish asosida o‘quv mashg‘ulotlari olib borishlarini yaqqol tasavvur etishlarini inobatga olgan holda “G‘oyamiz-himoyamiz” nomli ijtimoiy -ma’rifiy intellektual musobaqa ham o‘tkazildi.
Dasatavval, iqtidorli, maftunkor san’atkor Nodirabegim ijrosida diltortar navolar yangradi. U o‘zining jozibador qo‘shiqlari bilan hammaning e’tibori va ehtiromini qozondi. So‘ngra intellektual musobaqa tashkil etildi. Ishtirokchilar Milliy g‘oya va mustaqillik mafkurasining asosiy tamoyillari yuzasidan o‘zlarining bilim va salohiyatlarini namoyish etdilar. Har bir til ortida millat va xalq turganligini, tilga munosabat ana shu elga munosabat ekanligini, shuning uchun ham o‘quvchilar qalbida har bir tilni mukammal bilishlari asnosida o‘z ona tiliga bo‘lgan kuchli mehr aslo so‘nmasligini qayta-qayta uqtirishdi. Odatda, til qiyosiy tarzda o‘rganiladi. Har bir so‘z va ibora boshqa xalqda qanday ifoda etilishini muqoyasa qilinishi asosida quvvai hofizaga olinadi, shu yo‘sinda fikr va nutq hosil qilinadi. Ijtimoiy vosita quroli bo‘lgan til hozirgi paytda dunyo xalqlari oraidagi munosabatlar muvozanatini ta’minlovchi, mafkuraning birligi sifatida e’tirof etiauvchi nutq manbai ekan, unga hamisha mas’ullik va majburiyat burchi bilan yondashish zarurligini his etishdi. Tadbir nihoyasida g‘oliblarga, bilimdon pedagoglarga “iqtidor” bitigi tushirilgan paketda “O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li”, “Prezidentga maktublar”, “Komil inson konsepsiyasi”, “Bolam baxtli bo‘lsin desangiz”, ”Mustaqillik maydonida” singari kitob va risolalar jamlanmasi taqdim etildi. O‘quv dasturining yakunlashlari munosabati bilan tinglovchi pedagoglarga sertifikatlar topshirilishi ayniqsa, ko‘tarinki ruhda, olqishlar asosida o‘tdi. Sertifikat shunchaki, ko‘rsatkich hujjati emas, balki ilmu amal, iste’dodu qobiliyatni o‘z maktablarida namoyish etishlari uchun yo‘llanma va qo‘llanma hujjati ekanini idrok etish asnosida, mamnun holda o‘z manzillariga tarqalishdi.