9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Unvon

notiq.uz > Arxiv  > Unvon

Unvon

Odamzot tabiatida e’tiborga moyillik bo‘ladi. E’tiborga e’tibor nechun – e’tiborsiz qolganim uchun, — deb yuradi. Ko‘pchilikning nigohida, e’tiborida bo‘lishni orzu qiladi. Odatda, u qilgan ishlari, ko‘rsatgan xizmatlari uchun mukofotlanadi, rag‘batlantiriladi yoki martabasi oshiriladi. Bu jarayon ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida, fanda ham, ishlab chiqarishda ham, harbiy sohada ham, qo‘yingki, barcha jarayonlarda o‘z ro‘yobini ko‘rsatadi. Bu ham e’tiboru ehtiromning bir belgisi. Ba’zilar uchun bunday rag‘batlarning qizig‘i yo‘q. Ular o‘z kasbini sevadi, shu bilan ovunadi, tinmay ishlayveradi. Uning umr mazmuni kasbi, mehnat jamoasi, oila a’zolari, zahmatkash xalqi va vatani bilan.

Do‘stlarimdan biri “YOzgan kitoblaringizni, ilmiy tadqiqotlaringizni menga bering”, — deb qoldi. “Nega”? — desam, “YAnada yaxshi ishlashingizni istayman”, — dedi. Uning iltimosini erda qoldirmadim. Oradan bir necha oy o‘tgandan keyin institut rektori R.K.CHoriev meni huzuriga chorlab, “Siz bilan tinglovchi-pedagoglarning uchrashuvini tashkil qilamiz. O‘zingiz prodyusserligingizda tayyorlagan filmlardan birini namoyish etamiz, asosiy rollarni ijrochilarini, ayrim qo‘shiqchilarni ham taklif eting,” — deb qoldilar. “Men mashhur san’atkor yoki taniqli adib bo‘lmasam, uchrashuv, ijodiy muloqot menga to‘g‘ri kelmas”, — desam ham o‘z so‘zlarida turib oldilar. Oldiniga darhol tushunmadim.

Joriy yilning 16 iyun kuni TVXTXQTMOI ning “amfiteatr”ida 600 dan ziyod o‘qituvchilar jam bo‘lishgandi. Davrani boshqarish uchun O‘zDSMI “Sahna nutqi” kafedrasining katta o‘qituvchisi, G‘M — 106, 5 to‘lqinlari orqali efirga uzatiladigan “ORIYAT-DONO” radiostudiyasining mahoratlik boshlovchisi Bahodir Ma’diev taklif etilgandi. U tantanavor usulda men haqimda kirish so‘zi qildi, so‘ngra institut rektorini mikrofon qarshisiga taklif qildi.

“Institutimizda o‘zining o‘rniga ega bo‘lgan kasbdoshimiz  Rahimboy aka Jumaniyozovning qator kitoblarini o‘qiganmiz, ayrimlari hozirgacha o‘quv qo‘llanmasi va darslik o‘rnida oliy o‘quv yurtlarining gumanitar yo‘nalishidagi fakultetlarida o‘qitib kelinadi. Biz uning 20 dan ziyod kitob va 200 dan ortiq maqolalari borligini bilganimiz holda, qaysidir ma’noda rag‘batlantirishni niyat qilib yurgandik. Bugun o‘sha kun etib kelgandek, nazarimda, men ularni ijozatingiz bilan yonimga chorlasam, ushbu unvonning diplomini topshirib va ko‘krak nishonini qadab qo‘ysam,” — deganlari hamonoq, qarsaklar yangradi. “Ayni paytda ularning yaqindagina chop etilgan “Ta’lim, tarbiya, tafakkur, taraqqiyot” va “Muomala madaniyati” kitoblarining taqdimotini ham qilamiz, degan umiddamiz. Bugundan boshlab ular “Antik dunyo” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi bo‘ldilar.” YAna gulduros qarsaklar yangradi.

Akademiyaning akademiklik ko‘krak nishoni va diplom qo‘limda turgani holda, dam hayajonlanib, dam hijolat chekkandek bo‘lib turib qoldim. Keyin bilsam, xalqimiz 1300 yil mobaynida foydalanib kelgan, o‘tmish madaniyatimizning kaliti bo‘lgan arab alifbosidagi imlomizni o‘rgatishga qaratilgan “Eski o‘zbek yozuvi”, “Alifbo saboqlari”, “Harflar tilga kirganda, “Turkiy savod” kabi kitoblarim uchun bu unvonni  berishni lozim ko‘rishgan ekan. So‘ngra tadbir boshlovchisi ushbu akademiyaning faxriy va mas’ul xodimasi Muhabbat opaga so‘z berdi. Ular markazi Rimda bo‘lgan ushbu akademiyaning O‘zbekistondagi prezidenti Fayzulla Boynazarov nomidan ilm­-fan yo‘lida qilgan xizmatlarim qadr va e’zozga arzigulik ekanini izhor qildilar. Tadbir kuy va qo‘shiqlar, samimiy dil istaklari bilan muzayyan topdi. Institutning ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori  Nilufar Abdullaeva matbuot, nashriyot, radio va televidenie orqali yillar davomida qilgan ishlarimni e’tirof etib, meni unvon bilan samimiy tabrikladilar. O‘zbekiston xalq baxshisi Qalandar Normatovning o‘g‘li, “Nihol”mukofotining sovrindori Feruzbek Normatov ijrosida xalq dostonlaridan parcha va termalar ijro etildi. Uning ijrosidagi sho‘x va o‘ynoqi yallalar barchani raqsga taklif etdi. Jozibador qo‘shiqlari, eng muhimi, jonli ijrosi bilan xalqimiz e’tirofidagi Feruzbek Normatov talabalik yillarida uni o‘qitganligimni va mening muallif va boshlovchiligimdagi “Sirli sandiq” – savodxonlik saroyi intellektual-televizion o‘yinida birinchi marotaba televizorga chiqqanligini aytib o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Davra yakunida menga so‘z berildi. E’tibor uchun “Antik dunyo” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi va Prezidenti Fayzulla Boynazarovga o‘z tashakkurimni izhor etdim. Tashkilotchiligi va tashabbuskorligi uchun institutimiz rektoriga minnatdorchiligimni bildirdim. Kasbdoshlarimga, uchta farzandning otasi, uchta nevaraning bobosi sifatida meni e’zozlab kelishayotgan oila a’zolarimga ehtiromimni bildira turib, tadbir nihoyasida ushbu nazmiy bitigimni o‘qidim.

Baland ham bo‘lmasin mayli, parvozim,

Kerakmas martaba, unvon, lavozim.

Oddiy do‘stlarim-la birla bo‘lsam, bas,

O‘zga martabasi bizga lozim?

 

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.