9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Ismda jism ma’nosi

notiq.uz > IJODIYOT  > Ismda jism ma’nosi

Ismda jism ma’nosi

                             (Navoiy mahoratiga chizgilar)

Alisher Navoiy  “Xamsa”sining boqiyligiga mezon uning har bir davr uchun umumbashariy mavzularda so‘z aytolgani uchungina emas, balki, har bir misra zamiriga olam-olam ma’no joylay olish iqtidoridandir. Buni birgina “Xamsa ” misolida aytish ham mumkin. Mutafakkirning so‘z sehrini teran his eta olish, so‘zga qat-qat ma’no bag‘ishlash mahorati, har bir badiiy lavha, obraz, detal hamda badiiy san’atlarni asarning g‘oyaviy mazmunini ochishga yo‘naltira olish salohiyati bilan bog‘liq.

Biz quyida shoirning poetik iqtidori bilan bog‘liq birgina xususiyat haqida gapirmoqchimiz. Bu- adibning “Xamsa”dagi ko‘pgina obraz nomlariga muhim ijtimoiy-ramziy ma’nolarni singdira olishida, yanada aniqrog‘i, qahramon ismlarini ularning xatti-harakatiga, ichki va tashqi qiyofasiga, xarakter xislatiga  mos holda tanlay bilishida ko‘rinadi.

Qahramon ismida jismini aks ettirish, ya’ni qalb va qiyofani, ot va zotni, suvrat va siyratni, jon va jasadni, bir so‘z bilan aytganda shakl va mazmunni o‘zaro uyg‘un ifodalash usulini, albatta, shoir ilk marta qo‘llamagan. Mazkur usul Navoiygacha ham mavjud edi. Ayniqsa, buning tipik namunalarini xalq og‘zaki ijodiyotida yaqqol ko‘rish mumkin.

Alpomish nomida kuch-qudratda tengsiz, alp(alif) bahodirlarga xos salobat va jasorat mavjudligiga ishora bor bo‘lib, u dostonda xuddi shu xususiyatlarni o‘zida namoyon qilgan holda harakat qiladi. G‘arib (“Oshiq G‘arib va SHohsanam”) nomida ham shu xususiyatlarni ko‘ramiz. U garchi vazir farzandi bo‘lsa-da, odatda quyi tabaqa vakillariga xos ot bilan nomlangan. Bundan esa, uning dostonda faqir, g‘aribona tarzda umrguzaronlik etishiga ishora bor. SHohsanam ismida ham uning shohlar nasabidan bo‘lgan, suluv (sanam) qiz ekani haqida xabar anglashiladi. SHuningdek, ijodkor xalqning Go‘ro‘g‘li, YOdgor, Husnobod, Kuntug‘mish va hokazo obraz nomlarida ham shu xususiyatning tajassumini ko‘ramiz.

SHubhasizki, bu usuldan foydalanish undan keyingi davrda ham davom ettirildi. Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon ” romanidagi bosh qahramonlarni Anvar va Ra’no deb nomlashi ham bejiz emas. Ra’no, yozuvchi bir o‘rinda o‘zi ta’kidlaganidek, “ismi jismiga monand” suluv qiz.

Anvar (so‘zining lug‘aviy ma’nosi “nurlar”) esa Xudoyorxon hukmronligi davrida “zulmat ichra nur” bo‘lib charaqlagan olijanob inson obrazidir.

Bir tomondan qaraganda, ularga berilgan sifatlar, qiyoslar ism ma’nosiga ko‘chgandek ko‘rinadi. Bu esa mazkur usulning epitet (sifatlash), tashbih (o‘xshatish), itfoq (muvofiqlashtirish) kabi badiiy san’at turlari bilan ham mushtarak jihatlari mavjudligini anglatadi.

Qisqasi, ismlarda asar qahramonining qiyofasi, qismatining bir qirrasi zuhur etgan bo‘ladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, deyish mumkinki, aksari obraz nomlari ular taqdirining tamg‘asi (muhri)dir.

Alisher Navoiy ham obrazlarni duch kelgan nom bilan atamaydi, balki tanlangan ismda chuqur ramziy ma’no ifodalanishiga, ya’ni ismning qahramon hayotining “oynasi” sifatida aks etishiga alohida e’tibor qiladi. SHu yo‘l bilan g‘oyaviy mazmunni, obrazning xarakter-mohiyatini tez va yorqin tushunishga imkon yaratadi.

Alisher Navoiyning mazkur san’at haqidagi qarashlari devonlariga yozgan debochalarida, “Xamsa” va qator ilmiy asarlari muqaddimalarida ochiq-oydin uchramasa-da, uning bu san’atga g‘oyaviy mazmun talabi nuqtai- nazaridan alohida diqqat qilganligini fahmlash qiyin emas.

SHoir “Hayrat ul-abror” dostonida bola tarbiyasi, ota mas’uliyati xususida gapira turib, shunday yozadi:

Ulki erur tiflga shoyista ish,

Bilki, kichiklikta erur parvarish.

Qatrag‘a chun tarbiyat etti sadaf,

El boshiga chiqqucha topdi sharaf.

Birisi qo‘ymoqlik erur yaxshi ot

Kim desa etmagay ondin uyot.

Ismda ko‘p keldi tafovut padid,

Biri Husayn o‘ldi, birisi YAzid.

So‘nggi ikki baytdan ko‘rinyaptiki, Navoiy har bir bola nomida ota-ona, orzusi aks etishi muqarrarligini ta’kidlayapti. Nomlar ham turli xil, ba’zilarida olijanob fazilatlar namoyon bo‘lsa,  (Husayn) ayrimlarida noxush salbiy xislatlar anglashiladi (YAzid)  deya hukm qiladi shoir. Navoiy xuddi ana shu prinsipni O‘z asarlarida yuksak san’at darajasiga kO‘tardi.

Xalq og‘zaki ijodida keng tarqalgan obrazlardan foydalanganda esa ular nomidagi ma’noni muammo yo‘li bilan yanada chuqurlashtiradi:

Jamolidin ko‘ringan farri shohi,

Bu fardin yorudi mah to ba mohi

Qo‘yub yuz himmat-u iqbol-u davlat,

Ham u far soyasidin topdi ziynat.

Bu javharlarga chun isnod topti,

Murakkab aylagach “Farhod topti”…

Anga farzona Farhod ism qo‘ydi,

Hurufi ma’xazin besh qism qo‘ydi.

Firoq-u rashk-u hajr-u oh ila dard,

Biror harf ibtidodin aylabon fard.

Ko‘rinyaptiki, shoir obraz nomida ma’lum ma’noni jilolantirishga diqqat qilgan. Bu bir qarashda muammo yo‘li bilan qilinayotgan so‘z o‘yinidek ko‘rinadi. Lekin, chuqurroq nazar qilinsa, “farriy shohi” (shohlik nuri), himmat, iqbol, shuningdek, “firoq-u rashk-u hajr-u oh ila dard” Farhod obrazining dostondagi umum holati va ruhiyatini ifodalab kelishi yaqqol anglashiladi. SHoir harf va bo‘g‘inlarni yig‘ish orqali “Farhod” ismini tarkib toptirar ekan, yuqorida keltirilgan fazilatlar, mahzuniy holat belgilarining bosh qahramon taqdiri bilan aloqador ekaniga ham ishora qiladi. Qolaversa, shu yo‘l bilan kitobxonda obraz qismatiga qiziqish uyg‘otadi. Adolat, himmat va iqbol tarafdori bo‘lgan haqiqat va sof sevgi uchun kurashuvchi Farhod kabi insonlarni mudhish tuzum qabihliklari “hajr ila oh-u dardga ”giriftor qilishini shoir yaxshi anglab etgan edi.

“Xamsa”ning boshqa dostonlari kabi “Sabba’i sayyor” ga kiritilgan hikoyatlardagi shaxs nomlari ham ko‘p jihatdan shu boradagi fikrimizni tasdiqlaydi.

Birinchi hikoyatda shahzoda Farruh mamlakatni adolat bilan boshqaruvchi, ulug‘ va baxtiyor shoh timsolida ko‘rinsa, Axiy hech kimdan borini ayamaydigan, saxovatli inson , qadrdon do‘st timsolida tasvirlanadi. SHu o‘rinda “saxiy so‘rasa beradi, axiy so‘ramasa ham beradi” degan naql bejiz emasligini ta’kidlash joiz. “Farruh” va “Axiy” so‘zlarining lug‘aviy ma’nosini ko‘zdan kechirsak, shu obrazning asardagi badiiy qiyofasiga to‘la mos kelishini ko‘ramiz. Faqat bugina emas. Bu o‘rinda Axiy so‘zining lug‘aviy ma’nosidan tashqari ijtimoiy ma’nosi ham bor. Bu esa ,shubhasiz, Navoiy badiiy mahoratining yana bir muhim qirrasini ochib berishga xizmat qiladi. 12 — asr arab sayyohi Ibn Batutta axiylar nomi bilan bog‘liq bo‘lgan bir guruh haqida shunday ma’lumot beradi: “Rum turklari bilan maskun bo‘lgan butun o‘lkalarda, har viloyatda, har shaharda, har qishloqda bor. Butun dunyoda g‘arib va yurtsizlarga bulardek g‘amxo‘r bo‘lgan, och odamni to‘ydiradigan, ehtiyojiga yordam  beradigan , jabrning qarshisini oladigan, zolim sarkardalarni, ularning ko‘makchilarini  o‘ldirishga tayyor bo‘lgan odamni topish mumkin emas. Ular o‘zlariga boshliq saylaydilarki, u axiy yoki futuva deyiladi… Uy solinadi, obodonlik, chiroq va uyga lozim bo‘lgan narsalar bilan jihozlanadi. Uning o‘rtoqlari kunduzi ishlaydilar, O‘zlariga oziq topadilar. Oqshom qorayganda topganlarini axiy oldiga olib keladilar, bu pullarga meva , ovqat va uyga lozim bo‘lgan boshqa narsalar olinadi. SHu kun shaharga bir g‘arib kelsa, ular o‘z yonlaridan unga o‘rin beradilar va uni tekin ovqatlantiradilar va u odam ketganiga qadar ularning yonida qoladi… Men dunyoda bulardek go‘zal ishlar qiladigan odamni ko‘rmaganman, ko‘rmadim”.

Bundan ko‘rinyaptiki axiylik maxsus bir oqim bo‘lib, uning vakillari kishilarga saxovatpeshalik ko‘rsatish bilan shug‘ullanganlar. Alisher Navoiy, bilistisno , bu homiylardan, ularning harakatlaridan boxabar bo‘lgan, ularga xayrixohlik bilan qaragan. Birinchi hikoyatdagi Axiy obrazida ham ularga xos fazilatlarni umumlashtirishga intilgan. Va shu yo‘sinda Axiy obraziga chuqur sotsial ma’no yuklay olgan.

SHuningdek boshqa hikoyatlardagi Sa’d(tole, baxt), Mas’ud(baxtli) kabi obraz nomlari ham aynan shu maqsadning ifodasi sifatida keltiriladi. Mazkur ikkala obraz ham kishilarga iqbol,baxt,totli hayot baxsh etish uchun, shodlik va xursandchilik ulashish uchun intiluvchi, kurashuvchi shaxslardir. Lug‘atda muqbil-baxtli , xushbaxt, ishi orqaga ketgan, baxtsiz degan ma’nolarni bildiradi. Xuddi shu asosda doSTondagi oltinchi hikoyatni kuzatarkanmiz, haqiqatdan ham Muqbil obrazi baxtning, mudbir esa baxsizlikning  ramzi bO‘lib gavdalanishini kO‘ramiz.

SHoir mahorati, ayniqsa, “Sabba’i sayyor”ning beshinchi hikoyatida yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Ma’lumki, hikoyatda uch asosiy obraz bor. Bular Mehr, Suhayl va Jobir. Hikoyat bir-biriga qarama-qarshi ikki olamni-halollik, sadoqat, sofdillik-Mehr va Suhayllar olamini; tekinxo‘rlik, kishi molini talon-taroj qilish yo‘li bilan kun ko‘ruvchi makkor yo‘lto‘sar – Jobirlar olamini tasvir etadi.

Avvalo, mazkur obraz nomlarining lug‘aviy ma’nosi bilan tanishaylik, “Mehr” so‘zi ishq-muhabbat, jamol, quyosh ma’nolarini anglatadi. “Suhayl”- porloq yulduz deganidir. “Jobir” esa jabr qiluvchi, zolim demakdir. Ko‘rinyaptiki, Mehr, Suhayl nomlari osmon va yulduz singari go‘zallik, nur, yorug‘lik ramzi.

YOvuzlik xislatlarni o‘zida aks ettirgan Jobir ismi jismiga muvofiq salbiy tip. Jabr-zulm qilish uning kasb-kori. Zulmat — yashash joyi, noinsoflik hayot tarzi. Ma’lum vaqt Mehr, Suhayllar ham uning hiyla nayrangidan, zug‘umidan chetda qolishmaydi. Jobirning tuzog‘iga tushadi.

Alisher Navoiy bu ikki o‘zaro zid kuch va dunyoqarash egalari o‘rtasidagi to‘qnashuv, kurashlardan, Mehr, Suhayllar g‘alabasidan ramziy bir ma’no keltirib chiqaradi: bulut (Jobir zulmi) muayyan muddatdagina ko‘k yuzini (quyosh, yulduzlarni) to‘sishi mumkin. Lekin, baribir haqiqat yuzaga chiqqanidek, oxir-oqibatda oy, quyosh, yulduz yana porlayveradi, nur sochaveradi, kishi diliga shuur va yorqinlik bag‘ishlayveradi. CHindan ham, asar ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alabasi bilan tugallanadi. Anglashilyaptiki, shoir ushbu g‘oyaviy niyatni ,asosan, ikki xil yo‘l bilan ifodalaydi. Birinchisida ism (so‘z)ni tashkil etgan harf va bo‘g‘inlar (ko‘pincha, muammo yo‘li) orqali ramziy ma’no keltirib chiqarsa, ikkinchisida qahramon hayoti mohiyatini ifoda etuvchi so‘zni kishi oti ma’nosiga ko‘chirish vositasida g‘oyaviy maqsadini amalga oshiradi. Avvalgisida shoirning ismdagi ma’noga ishora qilib ketishi orqali maqsadni anglab etsak, keyingisida nom ma’nosidagi so‘zning lug‘aviy mazmunini aniqlash orqali tushunib olamiz. Alisher Navoiy asar qahramonlari nomlariga ma’no joylash san’atini “Xamsa”dagi ko‘pgina obrazlarga nisbatan qo‘llar ekan, bunda u yagona prinsipga suyanmaydi. SHuning uchun ham obraz ismidan anglashiladigan ma’no ba’zilarida personajning nasl-nasabini, tashqi ko‘rinishini ifodalasa, ayrimlarida kasb-kori, fe’l-atvorini bildirib turadi.

Boniy (lug‘aviy ma’nosi binokor, usta), Moniy (rassom-naqqosh), Xisrav (hukmdor, shoh) kabi obraz nomlarida ularning kasb-koriga ishora bor. Axiy, Muqbil, Mas’ud, Mudbir, Jobir ismlarida esa xislat va qilmishlariga xos xususiyatlar mujassamlashgan. Ba’zi hollarda personaj nomidanoq, muallifning (xalqning) obrazga nisbatan munosabatini, qarashini sezib olish qiyin emas.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.