9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Malaka oshirish – bilim orttirish

notiq.uz > Arxiv  > Malaka oshirish – bilim orttirish

Malaka oshirish – bilim orttirish

Mashriqzaminda mulk sohibiga molik, mulk sohibasiga malika deyilgan. SHunday ekan, mulk, molik, malika, malaka so‘zlari o‘zakdosh arabiy so‘zlardir. Malaka oshirish ham xuddi shu ma’noda olingan, oshirilgan bilimga egalik mazmunini ifodalaydi. Davrimiz axborot asri, texnika asri bo‘lgani bois har kungi yangi axborot va bilimlardan xabardor bo‘linmasa, zamondan orqada qolish hech gap emas. Axborot xurujlari kuchaygan, ayni tahlikali, globallashuv zamonida o‘z bilimimizni oshirmasak, ma’lum bir malakaga ega bo‘lmasak, biz o‘z sohamizning chin bilimdoni hisoblanmaymiz. SHuning uchun ham Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi huzuridagi “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” nodavlat ta’lim muassasasida har hafta turli vazirlik, qo‘mita va idora muassasalari xodimlari davriy va dolzarb mavzularda bilim olib, o‘z malakalarini oshirishmoqda. Ularga o‘z sohasining yirik bilimdonlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi senati a’zolari, qo‘mita raislari, professor va akademiklar tegishli mavzular yuzasidan yangi ma’lumotlar berishadi. Ushbu o‘quv-ta’limiy jarayonning tashkil etilishida, shubhasizki, muassasa rahbari Azimjon YUsupov, SHoyim Namozov, Nosiriddin Botirov, Nosirjon Salaev va Nodiraxon hamda Ilmiraxonlarning xizmatlaridan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Tinglovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ularning hafta davomida ma’naviy hordiq chiqarishlari inobatga olinib, poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga, muqaddas ziyoratgohlarga sayohatlar ham uyushtirib turiladi. Xalq sevgan teatr va kino san’ati namoyandalari, taniqli shoir va mashhur hofizlar bilan uchrashuv hamda ijodiy muloqotlarning uyushtirib turilishi ham noan’anaviy dars o‘rnida ahamiyatlidir. O‘quv nihoyasida, ya’ni hafta oxirida ularga tantanali ravishda sertifikatlar topshiriladi.

Bu hafta O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasi tarkibida xizmat qiluvchi, turli viloyatlarda va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona tizimida faoliyat yurituvchi  xodimlar o‘z malakalarini oshirishdi. Ular qiziquvchanligi va bilimga tashnaligi bilan ajralib turishdi. Bojxona tizimida o‘z sohasini sevuvchi, kasbiga fidoyi, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan xodimlarning ko‘pligi kishini quvontirmasdan qolmaydi. O‘qish va ish jarayonining omixtaligi insonni toblab borishi, uni chinakam kamolot pillapoyalariga chiqishi uchun zamin hozirlaydi. Ma’naviyati yuksak insongina yurt koriga yaraydi. Ma’rifat va ma’naviyat insonning qo‘sh qanoti. SHuning uchun ham ushbu masalalarga e’tibor hamisha yuqori darajada bo‘ladi. Ellikka yaqin bojxona xodimlari o‘zlarining malakasini oshirar ekan, bugungi kun, mustaqil davlatimiz ulardan katta mas’uliyat talab etayotganini, ulkan majburiyatlarni zimmasiga yuklayotganini chuqur idrok etishdi. CHunki, kelajagi buyuk yurtimizning ozod va obodligi, vatanparvar insonlarning yurt ishqi bilan yonishi, xalq manfaati uchun fidoyi bo‘lishi taraqqiyotimizning muhim mezonidir. Bu haqiqatni ular chuqur his etishadi. O‘z bilimlarini, orttirgan tajriba va ko‘nikmalarini ish jarayonida qo‘llashlari esa maqsadga muvofiqdir. Noqonuniy ravishda yurtimizga turli xil mol, xom-ashyo olib kirilishi va olib chiqilishini nazorat qilishdek sharafli ishda ularga doimo omadlar yor bo‘lishini tilab qolamiz. Zeroki, ma’rifatli, ma’naviyatli jamiyatni engib bo‘lmaydi, u aldanmaydi, o‘z g‘oyasiga sodiq, o‘z yo‘lida sobit turadi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.