Maktabdagi muloqot
Kimningdir tashabbusi va kimningdir tashkilotchiligi bilan tadbirlar tashkil etiladi, ko‘ngildagidek o‘tkaziladi. Tadbir mehmonlari va ishtirokchilarning fikr almashuvlari va o‘zaro muloqoti esa ma’naviy ma’rifiy tadbirga jon kirgizadi. Qarsak ikki qo‘ldan chiqqani singari uchrashuvga taklif etilgan mehmonlar va o‘quvchilarning iliq kutib olishlari davraga fayz kiritishiga yana bir bor ishonch hosil qildik. TVPKQTMOI da o‘z malakasini oshirib qaytgan Lobarxon o‘zining tashkilotchilik qobiliyati bilan pedagoglar jamoasining e’tibori va ishonchini qozongandi. U o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan Olmaliqdagi 11 sonli maktabga o‘quvchilar bilan muloqot maqsadida “Iqtidor-ma’rifat” intellektual ijodiy jamoasini, ya’ni sayyor truppani taklif etdi. Ijodiy guruh maktabga kirib borgani zahoti o‘z o‘quvchilari bilan maktab direktori Gildanova Raliya Ramilovna ochiq chehra bilan kutib oldi. Uning harakatidan, o‘quvchilarga munosabatidan maktabni va o‘z o‘quvchilarini, muhimi o‘z kasbini sevadigan fidoyi murabbiy ekanligini sezish qiyin emas edi. SHinam va orasta bezangan sinf xonalarini, oshxona jihozlarini havas bilan ko‘zdan kechirarkanmiz, o‘z ishini sevgan o‘qituvchilarning ahilligi va tirishqoqligi go‘yo o‘quvchilarning yurish turishiga ham ko‘chgandek edi. Top toza koridordan o‘tib majlislar zaliga o‘tdik. U erda o‘quvchilar allaqachon taklif etilgan mehmonlarni kutib o‘tirishardi. Qarsaklar sadosi ostida mehmonlar o‘zlari uchun ajratilgan o‘rindiqlarni egallashdi. Direktor mehmonlarni tanishtira boshladi.
Hurmatli o‘quvchilar, mana bir necha haftadan beri sizlar orziqib kutgan jamoa bilan uchrashuv nihoyat bugunga to‘g‘ri keldi. Biz tashriflari uchun mehmonlarimizga minnatdorchilik bildirib, sizlarni ular bilan yana bir karra tanishtirib o‘tmoqchiman. O‘zlarining bilimi va intellektual qobiliyati bilan hammamizga tanish bo‘lgan pedagog va teleboshlovchi, filologiya fanlari nomzodi, TVPKQTMOI “Til va adabiyot ta’limi” kafedrasining dotsenti Rahimboy Jumaniyozov, ko‘plab filmlarda katta va kichik rollarni ijro etib tomoshabinlar e’tiboriga tushib kelayotgan umidli san’atkorimiz Intizor Tojiboeva va ularning opalari Ruhangiz hamda «Qora ilon», “Ota”, “Begona”, “Garovdagi muhabbat” kabi badiiy filmlarning bosh tasvirchisi Toshkent shahar Madaniyat kollejining o‘qituvchisi Izzat Qalandarovlar birga kelishgan. Xush kelibsizlar! Ha, yana bir narsani ilova qilishim kerak. Intizorva Farangiz opa singillar xalqimiz orasida mashhur, manzur, maqbul bo‘lgan marhum san’atkorimiz, so‘z ustasi va qimziqchi Hojiboy Tojiboevning qizlari bo‘ladilar.(qarsaklar yangraydi)
Dastavval, milliy g‘oyamiz va mustaqillik mafkurasini o‘quvchi yoshlar ongiga singdirishning noan’anaviy shakli bilan faoliyat olib borayotgan “G‘oyamiz-himoyamiz” nomli elektron ma’rifiy loyihaning muallifi, muhtaram domlamiz Rahimboy Jumaniyozovni davraga taklif etsak.
So‘ngra R. Jumaniyozov bolalarning intellektual salohiyatini sinash va moddiy ma’naviy rag‘batlantirishga qaratilgan musobaqaviy dasturni o‘tkazdi. Ular orasida 6 ta o‘quvchi boshqalarga nisbatan izlanuvchanligi va topqirligi bilan ajralib turgani uchun davraga taklif etildi va jamoaning munosib tuhfalariga ega bo‘lishdi.
So‘ngra “Sog‘lom bola yili”ga bag‘ishlangan “Begona” badiiy filmida asosiy rollardan birini ijro etgan Intizor Tojiboeva mikrofon qarshisiga taklif etildi. Film beayb mayib bo‘lgan, asossiz qasosga uchragan ikki taqdirning hayoti asosiga qurilgani. biri maktab o‘quvchisi, ikkinchisi mahalla oqsoqolining to‘g‘ri so‘zning to‘qmog‘iga uchrashi bilan bog‘liq voqealarni o‘z ichiga olganini aytib o‘tdi. Bolakayning beg‘uborligi va to‘g‘riso‘zligi, hamda mahalla oqsoqolining haq gapni aytgani bois tortgan iztiroblari yorqin lavhalarda aks etgani xususida gapirdi. Birida shijoat, ikkinchisida esa jur’atning etishmasligi muammosi filmdagi dinamikani ta’minlagan. Qamalib ketgan otasining yolg‘iz qizi rolini ijro etgan Intizor onasiga yordamchi bo‘lib tirikchilik tashvishi sabab qiyinchiliklarga uchrashini aks ettirishdagi murakkab jarayonlar haqida so‘zladi. Rol ijro etish o‘zingni o‘zgaga ko‘chirish ekanligini, bu yo‘lda barcha mashaqqatlarni engish zarurati haqida gapirdi. Keyinchalik o‘quvchilar o‘zlari qiziqtirgan savollar bilan Intizorga murojaat qila boshlashdi. Intizor savollarga qisqa va lo‘nda javob berish bilan barchaning mehrini qozondi.
Undan keyin filmning bosh tasvirchisi Izzat Qalandarov aktyor bo‘lishga qiziquvchi o‘quvchilarga o‘zining qimmatli maslahatlarini berdi. Tasvirchilikning mashaqqatli ekanini, hamma tasvirga qarab fikr, xulosaga kelishini aytib o‘tdi. YAxshi olingan kadrning o‘zi so‘zlaydi. Hamma gap kadrda ekanini ta’kidlab o‘tdi. Filmni suratga tushirishda 1000 GB lik hajm bo‘lganini, shundan 4 GB gina filmga asos bo‘lganini aytib mehnatimiz mashaqqatini shundanam tasavvur etishingiz mumkin deb qo‘shib qo‘ydi. Endi esa filmni tomosha qilib baho bersangiz biz shod bo‘lamiz deb o‘z so‘ziga yakun yasadi. So‘ngra film namoyish etildi. Filmni hayajon bilan tomosha qilgan o‘quvchilarning aksariyati rusiyzabon o‘quvchilar bo‘lsalarda, qimir etmasdan voqealar ichiga sho‘ng‘ib ketishdi, hisobi. So‘ng film haqida o‘z fikr-mulohazalari aks etgan insho yozish vazifa sifatida o‘quvchilarga topshirildi. Bu esa ularning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish hamda fikrlash qobiliyatini shakllantirishga xizmat qilishini maktab direktori qayta-qayta uqtirdi. Raliya opa mehmonlarni bir piyola choyga taklif etdi. So‘ngra 6 sinf o‘quvchisi Samandar Po‘latovni chaqirdi. Qosh ko‘zlari chaqnab turgan, tirishqoqligi harakatlarida sezilib turgan bu o‘quvchi elkasiga ilib olgan sumkani stolga qo‘ydida ichida skripkasini olib chala ketdi. Uning barmoqlarida go‘yo sehr bordek edi. Dam hazin va dam o‘ynoqi kuylarni chalib mehmonlarni o‘ziga tamomila rom etdi. Uspenskiy maktabga borib o‘qish niyatini ham bildirdi. Maktab direktori va pedagoglar jamoasi mehmonlarni kuzatishga chiqarkanlar dastxat olish uchun intilayotgan o‘quvchilarning keti uzilmasdi. Ular ayricha mehr va manunlik bilan mehmonlarni kuzatib qolishdi.