Qo‘sh qutlov
«O‘zbekiston» nashriyotiga kirib borganimizda, hamma o‘z ishi bilan band edi. Muharrirlar matnlarning tahriri bilan, musahhihlar kitoblarning korrekturasini sinchiklab ko‘rish bilan, musavvirlar muqova va kitoblar muqovasi bezaklari bilan ovvora edi.
Bosh muharrir Ashurali Jo‘raev va muharrir o‘rinbosari Azimboy Boboniyozov bilan bir piyola ustida qizg‘in suhbatimiz boshlandi. Navbatdagi nashrga tayyorlanayotgan O‘zbekiston xalq artisti, oliy toifali suxandon Qodir Maqsumovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Toshkentdan gapiramiz!” nomli kitob xususida suhbatlashib o‘tirdik. SHu payt xursand va mamnun kayfiyatda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, yirik tarixshunos olim Ahmadali Asqarov kirib keldilar. Ushbu nashriyotda yaqindagina chop etilgan “O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi” nomli yirik kitobi bilan domlani qutlagan bo‘ldim. “YAna bir qutlov bilan tabriklang” – dedilar kulimsirab.
Ma’lum bo‘lishicha, 2014 yili nashr etilgan 11 tomlik “Jahon arxeologlar ensiklopediyasi”ning 2-tomida O‘zbekistonlik olimlar nomidan akademik Ahmadali Asqarov haqida ma’lumot berilgan ekan. Unda domla xususida ensiklopediyaning bosh muharriri Kler Smitning maqolasi keltirilgan.
Biz ustozni samimiy qutlab ularga tani sihatlik va yanada kuch-g‘ayrat tilab qoldik.