Odamzot hamisha quyoshga talpinib yashaydi
Oftob esa o‘zining beminnat nuri va harorati bilan minglab dardlarga davo. Endilikda elektr manbai ham u bilan, ya’ni quyosh energiyasi bilan. Oqtosh tomonlarga, Soyliq qishlog‘i tomonga hech yo‘lingiz tushganmi? Nevaramning tobi yo‘qligini aytganimda, Soyliq qishlog‘i tomonda quyoshning chiqishini kutib olish manzilgohiga, aniqrog‘i ko‘ngilgohiga borishimni maslahat berishdi. Sobiq ichki xizmat xodimi hozirda mahalla posboni Ma’murjon degan birodarimizning xizmati bilan Abduxoliq ismlik Soylik qishlog‘ida yashovchi insonning uyida bir hafta istiqomat qildik. Bu erda havo tozaligi, elu yurtga ovozaligi borasida gapirishdi. Toza havodan bahramandlik, quyoshning chiqishini kutish uchun tog‘ tepasiga chiqish shavqi, muzdek suvga cho‘milish zavqi meni chetlamadi. Respublikamizning turli viloyatlaridan, Qoraqalpog‘iston respublikasidan kelgan bir guruh istirohat olish uchun kelganlar bilan tanishib quyoshning chiqishini kuzatib niyat qildik. Osmon musaffoligi, quyosh tabassumi va yurtimiz tinchligi jannatmakon diyorimizga yaratganning ilohiy ne’mati ekanligini e’tirof etdik. Quyosh soat beshlardan keyin chiqsayam ertaroq boraylik degan maqsadda soat uchlarda shogirdim G‘olib Abdusalomovning “Matiz” rusumli avtomobilida oila a’zolarim bilan tog‘ tepasiga ko‘tarildik. Bizdan oldin kelib joylashib olganlar ham bor ekan. Aksariyati o‘pka va havo yo‘llari bilan og‘rigan xorazmliklar ekan. Bir necha soat suhbatlashib o‘tirdik. Echki sutidan, ataladan rosa maza qilib ichdik. Ro‘zai Ramazon oldi qilgan safarimiz zafarimizga bois bo‘ldi desak yanglishmaymiz. Quyosh ko‘kka ko‘tarila boshlagandan keyin asta tog‘ tepasidan pastga qarab tusha boshladik. SHu payt donishmandlardan birining sovuq bo‘lsada, achchiq haqiqatga ega ushbu hikmati xotirimga keldi: “Quyosh botish uchun chiqadi, odamzot o‘lish uchun tug‘iladi.”