Kitobxonmi yo kitobsevar?
TVXTXQTMOI pedagog-tinglovchilari bilan o‘tkazilgan tadbir xuddi shu mavzuga bag‘ishlandi. Kitobxon va kitobsevar. Bular bir-biridan jiddiy farq qiladi. Kitobxonning ishi go‘yo och qolmaslik uchun eyiladigan taomni eslatsa, kitobsevar ishi ochiqib, orziqib yeyiladigan taomga monanddir. Kitobxon ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin kitobsevarlar kam. Kitobxon kunlab, haftalab, hatto, zarurat bo‘lmasa, oylab ham kitob mutolaa qilmasligi mumkin. Kitobsevar esa kitob mutolaasini kundalik ehtiyoj, suv va havo zaruratidek his etadi. Undan bebahra qolsa, o‘zini lohas va behol sezadi. CHunki, unda qiziqish, hafsala, qunt yuqori darajada bo‘ladi. U ma’naviy ehtiyojini faqat kitob orqali qondira oladi. Nutq, fikr manbai aslida, kitobdan. “Kimki kitob o‘qishlan to‘xtasa, bilingki, fikrlashdan ham to‘xtaydi”. Deni Didro bu fikri bilan haq. Kitobni mutolaa qila turib kishi taxayyul, tasavvur va tafakkur ummoniga sho‘ng‘iydi. “Bilim manbai kitobni seving” — deya murojaat qilgan Maksim Gorkiy, chinakam kitobsevar bo‘larmidi, tunda chiroq, sham, biron yoritgich yo‘qligidan nolimasdan, o‘zidan nur taratuvchi qurt bilan tunlari kitob o‘qib chiqmaganida. SHuning uchun ham fir’avn hukmdorlaridan biri Ramzes – 2 kutubxonani “Ruhiy darmon” – deb atagan. Bu chizgimni sizga ilingum keldi shu tobda: Umr o‘tar shitob bilan, o‘qi, degan xitob bilan, fikru zikrim manbai, nutqu mantiq kitob bilan.
Diniy va dunyoviy ilmlarning zukko bilimdoni Rahmatulloh qori Sayfiddinov kitob o‘qishning xosiyati borasida shunday mulohazalarni keltiradi. “Kitob o‘qish inson uchun muvaffaqiyat va saodat eshiklarini ochuvchi kalitdir. Ilm izlash, kitob, gazeta va jurnallarni mutolaa qilish kishining dunyoqarashini kengaytiradi, o‘ziga xos lazzat bag‘ishlaydi. O‘zgalar oldida sohibining ilmiy, madaniy va axloqiy saviyasini yuqoriga ko‘tarib qo‘yadi. Zero, ko‘p o‘qigan, bilimdon insonning umuman o‘qimagan yoki kam o‘qiydiganlardan har sohada imkoniyat doirasi kengroq bo‘ladi. Misol uchun ikkita tilni bilgan odam bitta tilni bilgan odamdan ikki baravar ko‘proq imkoniyatga ega. Uchta tilni biladigan odamning esa ikkita tilni biluvchi odamdan imkoniyat doirasi kattaroq bo‘ladi va hokazo. Bunday inson o‘zga yurtga borganda ham qiynalmaydi. Bu narsa ilmga oid hamma sohaga taalluqlidir. Bugungi yoki kechagi olimlar, yozuvchi-yu shoirlar va ziyoli kishilar o‘z vaqtida ko‘p va xo‘p kitob mutolaa qilganliklari tufayli shu darajaga erishganlar.Bilimli, o‘qimishli inson agar tijorati yoki boshqa xususiy tirikchiligi to‘xtab qolgan taqdirda ham osonlik bilan o‘ziga boshqa rizq eshigini ocha oladi. U qaysidir ishxonaga xodim sifatida joylashishi, o‘quv muassasalarida ishlashi yoxud ijodiy ishlar bilan shug‘ullanib, kitob yozib o‘z tirikchiligini yana qaytadan yurgazib yuborishi mumkin. Demak, bilimli inson bilan bilimsiz insonning imkoniyatlari orasida katta farq bor ekan. SHu bois ham Alloh taolo O‘z kitobida “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar (hech zamonda) teng bo‘lurmi?!”, deya bilim naqadar katta hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan narsa ekanligiga ishora qiladi.(“Zumar”, 9-oyat).
Islom dini ilk boshdanoq, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashgan dindir. Qur’oni karimning ilk oyati ham “O‘qi!” degan so‘z bilan jarangladi. Dinimiz birinchi oyatidayoq o‘qishga, mutolaa qilishga, yozishga chorlagan. Qur’on so‘zining bir ma’nosi ham “o‘qish” demakdir. Mana shuning o‘zidan muqaddas dinimiz ta’limotlarida o‘qish, mutolaa qilishga bo‘lgan e’tibor va ahamiyat naqadar buyuk ekanligini bilish mumkin. SHu bois ham mana shu dinni to‘g‘ri tushungan, uning ta’limotlarini qalbiga singdirgan bobokalonlarimiz yoshliklaridanoq o‘qish-yozishga, mutolaa qilishga, diniy va dunyoviy bilimlarni egallashga haris bo‘lganlar va oqibatda jahon tamadduniga, ilm ma’rifat rivojiga o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shib, bebaho ilmiy asarlar yaratishgan. O‘zlaridan keyin to qiyomatga qadar o‘chmaydigan mangu iz qoldirishgan.«Ilm» so‘zi Qur’oni karimning sakkiz yuz o‘n bir joyida turli ma’nolari bilan kelgan. Qur’on va Sunnatda ilm insoniyatni turli axloqsizliklar, haromlar, yomon yo‘l va amallardan qaytarishi zikr etilgan. Alloh taolo aytadi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. (Mujodala, 11). Payg‘ambarimizdan (alayhissalom) rivoyat qilingan ko‘plab hadislar ham ilmga, o‘rganishga da’vat bilan yo‘g‘rilgan. U kishi O‘zlarining ko‘plab hadislarida ilm olishga targ‘ib va tashviq qilganlar. Ilm birinchi o‘rinda o‘qish orqali hosil bo‘lishi hammamizga ma’lumdir. Jumladan Ul zot: “Ilm o‘rganish har bir musulmon zimmasida farzdir!”, deya marhamat qilganlar (Ibn Moja rivoyati).
Hazrat Ali (karramallohu vajhah) aytadilar: “Ilm mol-dunyodan ko‘ra yaxshiroqdir. CHunki, ilming seni asraydi, mol-dunyoni esa sen asrashing kerak bo‘ladi. Mol-dunyo sarf qilinsa kamayadi, ilm esa o‘zgalarga o‘rgatish bilan yana ziyoda bo‘laveradi”. Zero, ilm talab qilish va uning yo‘lida chekilgan zahmat tufayli juz’iy sahv va xatolarning kechirilishi Rasululloh (s.a.v.)ning: “Hamma narsalar, hatto daryodagi baliqlar ham tolibi ilmning gunohlari mag‘firat qilinishini so‘raydilar”, — degan hadislarida o‘z ifodasini topgandir.
Darhaqiqat, ilmning maqomu martabasi yuksakdir. Axir ilm ahli payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridirlar. Barcha dinlar ichida ilk bor ilmning inson hayotidagi o‘rniga ahamiyat bergan va ilmga keng yo‘l ochgan din – Islom dinidir. Islom – ilm dinidir. Insoniyatga qiyomatgacha dasturul amal bo‘lgan Qur’on Karimning ilk oyatlari ham bunga yaqqol dalil bo‘ladi. Kitob o‘qishning foydasi mo‘l, barakasi behisobdir. Avvalo, o‘qish va mutolaa turli-tuman madaniyatlar va bilimlarni o‘rganish uchun insonga asosiy ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. O‘qish tilni to‘g‘rilash, og‘zaki nutqni rivojlantirish, so‘z boyligini orttirish uchun asosiy manbadir. Kishi kanchalik ko‘p mutolaa qilsa, shunchalik ravon va bexato so‘zlaydigan, adabiy gapiradigan bo‘lib boradi. Dunyoqarashi, madaniy saviyasi shakllanadi.
Kitob, gazeta va jurnallar mutolaa qilishga odatlanish kishiga ta’bir joiz bo‘lsa, “mustaqil ta’lim olish” mahoratiga ega bo‘lishga yordamlashadi. Hozirgi kunda “o‘ziga o‘zi ta’lim berish” uslubi hayot zaruratlaridan biriga aylanib ulgurdiki, usiz kishi taraqqiyot karvonidan ortda qolib ketishi hech gap emas. Misol uchun gapiradigan bo‘lsak, televizormi, telefonmi, kir yuvish mashinasimi yoxud har qanday texnika vositalaridan foydalanish uchun ham o‘qish, ma’lum terminlarni bilish talab etiladi. Axir mazkur narsalarning har birining ta’bir joiz bo‘lsa o‘z tanishtiruvchi kitobi bor. Usiz iloji yo‘q. SHunday ekan, o‘qish bugungi kunning eng dolzarb zaruratlaridan biri desak, sira mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.Undan tashqari kishi ko‘p o‘qigan sari bilimi oshib boraveradi, hamma sohadan ma’lum ma’noda xabari bo‘ladi, natijada atrofidagilar uchun ham qiziqarli suhbatdosh, to‘g‘ri maslahatgo‘y va yordamchiga aylanadi.
O‘qishning foydalaridan yana biri shuki, u vaqtdan unumli foydalanish vositasidir. Ma’lumki, inson qiyomat kunida bekor o‘tkazgan vaqtidan, umridan so‘raladi. Foydali narsalarni o‘qib-o‘rganish esa vaqtni barakali qiladi.
O‘qishning tarbiyaviy ahamiyatlari ham bisyor. Bolalarni yoshlik chog‘laridan kitobga muhabbatli qilib o‘stirish o‘ta foydalidir. Zero, kitob ezgulikdan, oliyjanoblikdan, mardlikdan hikoya qiladi. Ma’naviyatni oshiradi. Tubanlik, nomardlik, razolat va xiyonatning qabih yuzini ochib beradi, bunday yomon xulqlarga qarshi qalbda nafrat uyg‘otadi. SHu bois yoshlarimizni kitobga mehrli qilib o‘stirish ma’naviy va tarbiyaviy jihatdan ham muhim ahamiyatga molikdir.Kitob o‘qish qalb chigalliklarini yozadi, ko‘ngilga huzur bag‘ishlaydi, jaholatga barham beradi, turli-tuman yomon fikrlar, vasvasalarni kishi ongidan quvib yuboradi.Kitob hayotning qorong‘u va zimiston yo‘llarini yoritib boruvchi chiroqdir. Ko‘p kitob o‘qiydigan inson kitoblar taxida o‘z makonini topgan o‘zgalarning achchiq qismatlari yoki muvaffaqiyatlari sabablari, sir-asrorlaridan voqif bo‘ladi va shu narsalarni o‘z hayotida ijobiy ma’noda qo‘llaydi. Natijada ko‘p muvaffaqiyatlarga erishishga muyassar bo‘ladi.
SHunday ekan, har birimiz kitob o‘qishga, ilm olishga o‘ta chanqoq bo‘lishimiz, farzandlarimizni mana shunday ruhda tarbiyalashimiz maqsadga muvofiqdir.Zero, qaysi jamiyatda ilmga tashnalik susaysa, ilm o‘rganishga e’tibor kamaysa, kishilar fikrlashdan to‘xtasa yoki ularning fikri sayozlashib-siyqalansa, o‘sha jamiyat taraqqiyotdan ortda qoladi. Eng yomoni, u ma’naviy inqirozga yoki halokatga yuz tutishi mumkin. Bunga tarixda misol ko‘p. Har qanday jamiyatning olimlari, ziyolilari millatning ma’naviy dunyosi qashshoqlanmasligi, axloqining tubanlashmasligi, soxta va buzg‘unchi e’tiqodlar va madaniyatlar ta’siriga tushib qolmasligiga mas’uldirlar. Agar ular bu ishda loqaydlikka va mahdudlikka yo‘l qo‘yishsa, shunchaki tomoshabin bo‘lib qolishsa, o‘sha millatning holiga voy bo‘ladi.
Faxr va iftixor bilan aytish joizki, xalqimiz azaldan ilm-ma’rifatga intilgan, kitob o‘qishga qattiq muhabbat qo‘ygan. YUrtimizdan dong‘i dunyoni tutgan ulug‘ olimlar va mutafakkirlarning ko‘plab chiqqani ham bejiz emas. Ilmli ziyolilar u yoqda tursin, oddiy hunarmand kosib yoki dehqonning xonadonida uzun qish kechalari oilaviy kitobxonliklar bo‘lgan, savodxon kishilar oila a’zolariga turli diniy, ilmiy va nazmiy kitoblarni o‘qib berishgan. Matbaachilik rivojlanmagani, kitoblar xattotlar tomonidan qo‘lda ko‘chirilganiga qaramay, ota-bobolarimiz hamisha kitobga intilishgan, kitobni ardoqlashgan, o‘qiganlarini boshqalarga yoyishgan.Biz shunday ilm-fan vatanining farzandlari ekanimizdan faxrlanishga haqli va o‘tgan ajdodlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga burchlimiz. Bunga esa ular qoldirgan boy merosni chuqur o‘rganish, insonlarga foyda keltiruvchi barcha ilmlarni puxta o‘rganish va uni farzandlarimizga ham o‘rgatish orqali erishiladi.Alloh taolo barchalarimizni dunyoga mashhur ajdodlarimiz izidan borib, yana ilm cho‘qqilarini zabt etuvchi, ilmga tashna bandalaridan aylasin, ilm o‘rganadigan, ilmga homiylik qiladigan, hech bo‘lmaganda olimlarni sevadigan saodatmand insonlar safidan o‘rin bersin!” degan mulohazalari keltirilgan qadrdonimiz Rahmatulloh qori Sayfuddinovning qator kitoblarini o‘qiganman. Ayniqsa, halol savdo, tijorat halolligi borasidagi kitoblari ko‘pchilikka ma’qul kelgan.
O‘tkir Hoshimovning “Beminnat do‘st” nomli qatrasi shunday: E’tibor berganmisiz-yo‘qmi, bilmadim-ku, sizning sadoqatda tengsiz do‘stingiz bor. Qachon xohlasangiz siz bilan hamsuhbat bo‘ladi. SHod paytingizda quvonchingizga quvonch qo‘shadi. G‘amgin pallada dardingizni oladi. Bilmaganingizni o‘rgatadi. Adashsangiz, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi. YAqin kishilaringiz burilib ketganida ham u sizni tark etmaydi. Xizmati uchun hech narsa tama qilmaydi. Yillar unutib, tashlab qo‘ysangiz indamaydi. Hatto, uloqtirib yuborsangiz ham arazlamaydi. Tag‘in chorlasangiz, etib kelib, xizmatingizni qilaveradi. Bu do‘stning nomi – KITOB!