Kitobxonlik soati
O‘zidagi barcha fazilatlardan minnatdor bo‘lish va minnatdor qilishning manbai kitob ekanligini bilganlar idrokli insonlardir. SHunday insonlar borki, kun bo‘yi ovqat emasligi mumkin, lekin kitob yoki gazaeta o‘qimasdan turolmaydi. Bu qunt, ixlos, qiziqish va hafsala bilan bog‘liq hodisa, aniqrog‘i ma’naviy ehtiyojdir. Ayniqsa, kitob o‘qimagan o‘qituvchini tasavvur qilish mushkul. Uning kundalik ishi, kasb talabi shuni taqozo etadi. CHunki ta’limni, tarbiyaning ochqichini u kitobdan oladi. SHogirdlariga etkazadi.
Mana, bir necha yildirki, TVXTXQTMO institutida 144 soatlik dasturni o‘zlashtirish va bitkazganlik to‘g‘risida sertifikat olish uchun kelgan o‘qituvchilarga kitobxonlik soatini tashkil etish muntazam ravishda an’ana tusini olgan.
Kitob mutolaasi insonning fikr doirasini kengaytirish va nutqni rivojlantirish uchun mezondir. SHuning uchun ham Deni Didro “Kimki kitob o‘qishdan to‘xtasa, bilingki, u fikrlashdan ham to‘xtabdi”- deb bejiz aytmagan. Insonning og‘zaki va yozma nutqi ravon bo‘lmaganiga sabab ham kitob mutolaa qilmasligidandir. U savodxonlikning ochqichi, yozma nutq va adabiy me’yorni bilishning muhim omilidir.
Institutda ta’lim olayotgan guruhlarning yarmi ishtirokida o‘tkazilgan kitobxonlik soati tinglovchi pedagoglarning kitob bilan bog‘langan umrini mazmunli va yanada charog‘on qildi desak, mubolag‘a emas. Kitobxonlik soati pedagogning saodati deyilsa, o‘rinli bo‘ladi. Ularning bilimlarini sinash asnosida savol javoblar ham tashkil etilgani va g‘oliblarning kitoblar bilan rag‘batlantirilishi ham ayni muddao bo‘ldi. Filologiya fanlari nomzodi, “Antik dunyo” xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi Rahimboy Jumaniyozov o‘zining muallifligida nashr etilgan kitoblaridan ayrimlarini o‘qituvchilarga taqdim etdi. O‘qituvchilar orasida o‘zining topqirligi bilan ajralib turgan pedagoglardan Habibaxon va Zahroxonlar topag‘on tinglovchilardan sanalganliklari uchun rag‘batlantirildi.
Farang olimi Eduard Labule “Taraqqiyotning umumiy ko‘lamida har bir millatning o‘rni o‘sha millat o‘qiyotgan kitoblarning soni bilan belgilanadi” deyishi bejiz emas. Fikrimizning davomi va asosi sifatida “Huquq” gazetasidan keltirilgan ushbu ma’lumotlar ham ahamiyatlidir.
Hozir dunyo tajribasida mutolaaga o‘rgatishning yangicha yo‘nalishi mavjud. Masalan, Finlyandiya yoki ba’zi Evropa mamlakatlari maktablarida boshlang‘ich sinfdan yuqori sinflargacha maxsus mutolaa kurslari o‘qitiladi. O‘quvchilar bu kurslarda kitob o‘qish san’atini egallaydilar. SHu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, mutolaa ham, mutolaaga o‘rgatish ham o‘ziga xos san’at. Agar bolaga kitob o‘qish metodikasini o‘rgatmas ekanmiz, u mutolaa san’atini o‘zlashtira olmaydi. Oqibatda o‘qigan narsasini tushunmaganidan keyin bolada kitobga nisbatan o‘z-o‘zidan qiziqish susayadi.
Qaysi kasb egasi bo‘lishimizdan qat’i nazar har birimiz kitob bilan muayyan darajada muloqotda bo‘lamiz. Ammo qanday kitob o‘qish, uning ta’siri va oqibatlari, umuman, nega kitob o‘qiymiz, shular haqida barchamiz ham chuqurroq o‘ylab ko‘rmaymiz.
Kitob nafaqat ziyo maskanlarini yorituvchi nur, balki insonlarni kamolot sari etaklovchi muhim ma’naviy xazina hamdir. Kitob insonga ma’naviy ozuqa beribgina qolmay, uning tafakkurini teranlashtirib, sog‘lom mulohaza yuritishga o‘rgatadi, kelajakka aniq maqsadlar bilan odimlashda mustahkam pillapoya vazifasini bajaradi. SHu boisdan u insonning eng yaqin do‘sti hisoblanadi.
Har doim kishi ko‘zini quvontiradigan bir manzara bor. Bu kitob o‘qiyotgan inson qiyofasidir. E’tibor berganmisiz, mutolaa qilayotgan odam chehrasida hamisha halovat va ayni paytda bilimga tashnalik zuhur bo‘ladi. Kitob sehriga berilgan odam atrof-borliqni unutadi, mayda-chuyda tashvishlar bir chetda qoladi. Zero, bu paytda eng sodiq do‘sti — kitob bilan suhbatlashayotgan bo‘ladi. Ayniqsa, mag‘zi to‘q, yuksak saviyali, mazmunan puxta va chiroyli bezatilgan kitob har qanday odamni o‘ziga tortadi.
XXI asrda axborot texnologiyasi taraqqiy etdi. Natijada endi birovning kitob mutolaa qilishi amrimahol, degan qarashlar paydo bo‘ldi. Bu holat ko‘pchilik adabiyot ixlosmandlari va zabardast adabiyotshunoslarni ham o‘ylantirib qo‘ydi. Uzoq bahs-munozaralardan so‘ng esa keng jamoatchilik: “Har qanday aqlni shoshiradigan kashfiyot kitob mutolaasiga to‘sqinlik qilolmaydi, aksincha o‘zgarishlarning sir-sinoatini anglashda kitob asqotadi”, degan qat’iy qarorga keldi.
Mutolaaning nozik jihati shundaki, dunyodagi mavjud kitoblarning hammasini o‘qib bo‘lmaydi. Buning imkoni yo‘q, qolaversa, umr ham etmaydi. Afsuski, ko‘pchilik kitob o‘qishni bilmaydi va nimani o‘qiyotganini tuzukroq tushunib ham etmaydi. Ba’zi birovlar uchun esa o‘qish bu — dam olish, shunchaki vaqtni o‘tkazish va ularga nimani (maqola, roman, she’r, xabar va hokazo) o‘qish baribir, zerikarli bo‘lmasa bas.
Demak, kitob o‘qilishining o‘zi kitobxonlik masalasini ijobiy baholash uchun etarli emas. Bunda kitobxonning didi alohida ahamiyatga molik.