«Kitoblar olami»da
Poytaxtimizdagi oldingi “Bolalar dunyosi”dan qayrilib Darxon yo‘nalishi bo‘yicha 200 metrlar chamasi yurilsa, o‘ng tomonda o‘zgacha bir dunyoning guvohi bo‘lasiz. Bu yaqindagina ochilib ishga tushirilgan “Kitob olami” maxzanidir. Kitob bilan oshno tutingan, ko‘p yillar kitob mutolaasi bilan shug‘ullanib kelayotgan oddiy bir kitobxon sifatida, ochig‘i, rosa shodlandim. Har xil kiyim-kechak va oziq-ovqat do‘konlariga har qadamda ko‘zimiz tushaverib, o‘zimiz ham, ko‘zimiz ham ko‘nikib qolganmi, bilmadim. Kitob do‘koniga nigohim tushgani hamonoq, “tillo topgan qulday” sevinib ketdim, rosti. Kiyim-kechak magazinini qisqa muddatda aylanib chiqa olaman. Lekin kitoblar rastasida bo‘lsam, bir soatsiz u erdan chiqolmayman. Sinchiklab ko‘raman, didimga, dilimga, ruhiyatimga yaqin kitoblarni soatlab saralayman. Biri-biridan mazmundor kitoblar, buning ustiga dizayni ham go‘zal. Birini olib, ikkinchisini qoldirsam mendan xafa bo‘ladigandek, go‘yo. Faqat do‘konning birinchi qavatini ko‘rib chiqoldim, xolos. Nihoyat o‘nga yaqin kitob oldim. Qolganlariga tag‘in kelaman, degandek “kelishuv”ni qilgan bo‘ldim. Xarid qilgan kitoblarim orasida Nizomiddin Mahmudovning “Tilimizning tilla sandig‘i”, Rahimjon Rahmatning “Adabiyotdan chiqish”, K.S.Stanislavskiyning “Aktyorning o‘z ustida ishlashi”, M. Quronovning “Ogohlik: tarix va zamon saboqlari” hamda tibbiyotga oid “Sog‘lom ko‘zlar uchun 36 va yana 6 qoida”kabi bir nechta kitoblar bor edi. YAna bir qancha kitoblarni olgandim qayta joyiga qo‘yishga majbur bo‘ldim. Ochig‘i, cho‘ntagim ko‘tarmadi. SHu payt ushbu magazinning rahbari SHuhratjon kassa tomonga yaqinlashdi, so‘rashgandek bo‘ldik. Qorbobodan sovg‘a kutgan yosh boladek unga mo‘ltirab qarab turdim. SHu payt yodimga O‘zMUning jurnalistika fakultetida o‘qigan paytlarida unga, ya’ni shogirdim -SHuhratjonga yuqori baho qo‘yishimni iltimos qilganida bajarmaganimga ko‘p afsus qildim. Aks holda, u “Domlajon, mayli, kitoblarni hozircha olib ketavering, keyin, erta-indin pulini tashlab ketarsiz” — degan bo‘larmidi, — deb o‘kindim. Lekin uning ancha ulg‘ayganini, bo‘y-bastini ko‘rib, men rahbarman, — demasdan, xaridorlarga sistematik tarzda joylashtirilgan kitoblarni qaysi rastadan izlash kerakligini tushuntirib, xushmuomalalik bilan elib-yugurishlarini ko‘rib ich-ichimdan quvondim. Ma’naviyat xazinasi – kitoblar olamiga xayrixohlikning o‘zi ulkan fidoyilik va ma’rifatparvarlikdir. SHogirdimdan cheksiz shodman. “Kitoblar olami”ga keling. U erda siz g‘amgin va shod damlaringizda hamdard bo‘luvchi beozor, samimiy, beminnat do‘st – KITOBingizni topasiz.
Kitobxonlik ma’rifatga oshnolik bo‘lsa, kitobsevarlik tashnalikdir. Mustaqim va mustaqil yo‘l KITOB bilan, qadrdonlarim! Hazrat Navoiy aytganlaridek, “Yigitlikda yig‘ ilmning maxzanin, qarilik chog‘ida xarj qilg‘il ani”.