Kerak bo‘lib yashash baxt
Har bir san’atkorning ixtirosi dilidagi ehtirosi bilan ayni paytda qalbidagi alami va qo’lidagi qalami bilan paydo bo‘lshi aniq. Lekin unga ilhom va turtki ta’sir etmasa yuzaga kelmasdan yillab ham yurishi mumkin. Kimningdir mehri ham, qahri ham turtki bo‘lishi mumkin. Saboq berayotganimiz TVXTXQTMOIning “Ona tili va adabiyot” guruhi tinglovchisi pedagog-shoira Rozaxon Ostonova saytingizga shu she’rimni qo‘ya olmaysizmi deya iltimos qildi. Bajonidil qabul qildim. 18 – noyabr mustaqil davlatimizning bayrog‘I qabul qilingan kuni yozilgan she’rini qanday ta’sirli turtkidan so’ng paydo bo’lganini so‘ramadim. Zangiota tumanidagi 18- maktab o’qituvchisi Rozaxon qalamiga mansub bo‘lgan ushbu she’rni keltirayapman. Marhamat qabul aylang.
Orzusiga yetgan kim bor armoni yo`q
Armoni bor kimsa borki , imkoni yo`q.
Hurmat bilan so`roqlashib turgani baxt.
Kerak bo`lmay qolishingdan yomoni yo`q.
Bo`lar-bo`lmas qo`ng`iroqqa hushim yo`q deb,
Ming tashvishga, mening o`nta boshim yo`q deb.
Noliyvermang charchadim deb, ishim ko`p deb.
Kerak bo`lmay qolishingdan yomoni yo`q.
Sochma do`stim bo`lar bo`lmas asabingni,
Kimdir ko`zlab turgan bo`lsa mansabingni.
Ichingga yut jahl kelsa g`azabingni.
Kerak bo`lmay qolishingdan yomoni yo`q.
Puli boru, do`sti yo`qlar nima qilsin?
Ko`zi och-u qorni to`qlar nima qilsin?
Yillab zanglab yotgan o`qlar nima qilsin?
Kerak bo`lmay qolishingdan yomoni yo`q.
Sendan yoshmi yoki keksa ish buyursa,
Xizmatin qil ishi bitib qandin ursa,
Ikki qo`ling shu ko`ksingda doim tursin,
Kerak bo`lmay qolishingdan yomoni yo`q.
Sakson, to`qson yoshingda ham o`rning bo`lsin,
Yaqinlaring siz keraksiz menga,- desin,
Shunday yasha yoshu keksa g`aming yesin,
Kerak bo`lmay qolishingdan yomoni yo`q.
Ishi bitgach, rahmat aytib ketmasa ham,
Qayg`urmagin Rozaxonim chekmagin g`am.
Barin ko`rib turibdiki qodir egam,
Kerak bo`lmay qolishingdan yomoni yo`q.
Orzusiga yetgan kim bor, armoni yo`q.
Armoni bor inson borki, imkoni yo`q.
Hurmat bilan so`roqlashib turgani baxt,
Kerak bo`lmay qolishingdan yomoni yo`q.