Keksa pedagog mamnun
Muborak 80 yoshni oqlagan va haqlagan keksa pedagog rosa shod. YArim asr Xatirchi tumanidagi Oybek nomli maktabda geografiyadan dars bergan Namoz bobo farzandlaridan kenjasi Eldorbekning nikoh kechasida barcha do‘stu yoronlarini jamlab to‘y berdi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ va turli viloyatlardan kelgan mehmonlarning samimiy qutlovlaridan Namoz bobo va Melixol momoning boshi ko‘kka etdi. Narpaydan kelgan tog‘alaridan “O‘zDon mahsulotlari” AKda salkam o‘ttiz yil mehnat qilgan Azimjon aka va jiyanlari Samadbek, o‘g‘li SHohruhbek bilan o‘z tabriklarini izhor qilishdi. Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi huzuridagi “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasida rahbar o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan o‘g‘illardan kattasi SHoyimjon To‘xtaev otasi yonida turib ukasi Eldorbekning to‘yini tartibli va mazmunli o‘tishiga o‘z hissasini qo‘shdi. Ayniqsa, “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasining mas’ul xodimi, iqtidorli shoir va jurnalist Nasriddin Botirovning nazmiy tabrigi davraga fayz kiritdi. U kelin kuyov uchun o‘zi tayyorlab kelgan to‘yxat tabrigini o‘qib berdi va “Ona yurt saodati” deb nomlangan, she’rlari asosidagi audiodiskni ularga armug‘on qildi. Ma’lumki, u ko‘p yillardan beri Davoiy taxallusi bilan ijod qilib keladi. Bugungi kunda xalqimizning taniqli va mashhur san’atkorlarining repertuarlaridan o‘rin olgan ko‘plab qo‘shiqlarning matni muallifi Davoiydir. Audiojamlanmada shoirning vatanga, ona-yurtga mehru sadoqat ruhi ufurib turgan she’rlari jo bo‘lib, ularni taniqli voiz Rahim Jumaniyozov o‘qigan. Hamdamov imom bobo, Aktam Rahmonov, Abdurauf O‘sarovlarning tabriklarida ham ikki yosh qalbga baxt-saodat, mazmundor umr tilash hissi yaqqol sezilib turdi. Eng ajoyibi shu bo‘ldiki, Toshkent shahridan “Neksiya” rusumli avtomobilda bizlarni 4 soatga etar-etmas, eldek uchirib kelgan Odilbekning xorazmcha surnay lazgisiga raqsga tushgani ko‘pchilikni lol qoldirdi. Taniqli mahalliy san’atkorlardan Abdulaziz rahbarligidagi ansambl o‘z san’ati, dilbar, sho‘x, o‘ynoqi kuy va yallalari bilan to‘yni fayzli va tarovatli o‘tishiga sababchi bo‘ldilar. To‘y o‘tkazilgan “Afsona” restorani juda chiroyli qilib qurilgan bo‘lib, xalqimiz uchun to‘y o‘tkazishga rosa qulayligi va shinamligi bilan e’tiborimizni tortdi. Bunday yo‘sindagi to‘yxonalarning ko‘payishi ham xalqimizning yanada farovon bo‘lib borayotganidan dalolat beradi. To‘kin-sochinlik, shukru qanoat tuyg‘usi ustuvor bo‘lgan yurtda doimo rizqu nasiba mo‘l bo‘lishi tayin.
Biz Eldorbek va Ma’muraxonlarga o‘z tabriklarimizni aytib, ota-onalariga biri-biridan shirin-shakar nevarayu chevaralar ato etishdek baxtga sababchi bo‘lib yurishlarini tilab, poytaxtimiz Toshkentga qaytib keldik.