Kasblarning sharaflisi
Bu kasb barcha kasbu hunarlarning doyasi ham, moyasi ham. Undan bahramand bo‘lmasdan, inson buyuk ham bo‘la olmaydi, suyuk ham. Ta’lim orqali buyuklikni, tarbiya orqali suyuklikning mohiyatini faqat o‘sha kasb egalarigina anglatishadi. Beg‘ubor bolalikning murg‘ak qalbiga, ongu shuuriga ilm uchqunini tashlab uni alangalantira oladigan ham o‘sha kasb egalaridir. Sizga qanot bo‘luvchi, ruhan quvvatlantiruvchi zoti shariflar ham ulardir. Olam va odamning mohiyat-mazmunini anglatuvchi insonlardir ular. Ular o‘z umr mazmunini, o‘z taqdirini ta’limiy va tarbiyaviy mehrga baxshida etib, savod va saboq orqali o‘quvchilarining ko‘ngliga yo‘l topa oladigan, jamiyatimizning tayanchi va quvonchiga sabab bo‘la oladigan insonlar o‘qituvchilardir. Muallim, murabbiy, ustoz deganda hamma o‘rnidan bir qalqib turadi, yuzidan nur balqib turadi. SHuning chun ham prezidentimiz “Agarki imoratlarning ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi murabbiylik va o‘qituvchilikdir” — deb bejiz aytmaganlar. SHuning uchun ham 1 oktyabrni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” — deb e’lon qilinishining o‘ziyoq, shu kasb egalariga bildirilgan katta hurmat va ehtiromning belgisidir. Istiqbol imoratining me’mori, tarrohi ham o‘qituvchilardir.
Ana shu sana munosabati bilan TVXTXQTMO instituti jamoasi rektor tashabbusi bilan bayramni tantanali tarzda nishonlashni niyat qilishdi. Soat 18.00. Muhtasham “Tabassum” restorani nufuzli mehmonlar va kasbdoshlar bilan gavjum bo‘ldi. Tadbir boshlangunga qadar xushovoz xonanda Sanobar Rahmonovaning “Mehr nuri yog‘ar doim yuzingizdan ustozlar” qo‘shig‘i yangrab turdi.
So‘ng tantanavor ravishda davra ochildi. Sahnaga O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining ustoz diktorlari, “Diydor shirin”ko‘rsatuvining mohir boshlovchilari Nasibaxon Maqsudova va Muslimbek Yo‘ldoshevlar chiqib kelgach, hamma quvonchdan qarsak chalib yuborishdi. Ular davraning fayzli, mazmunli, quvnoq va samimiy o‘tishini oldindan his etgandilar. So‘ngra ikkala boshlovchimiz kasbdoshlarimizni, o‘qituvchi va murabbiylarni bayramlari bilan qizg‘in tabriklashdi. Institut rektori Ro‘zimurod CHoriev jamoani samimiy tabriklab, ilmiy va o‘quv jarayondagi yutuqlarini e’tirof eta turib, ta’limiy jarayonda o‘rnak bo‘lgan bo‘lganlarga, darslik va o‘quv qo‘llanmalari mualliflariga faxriy yorliq, tashakkurnoma va sovg‘alarni in’om etdilar.
O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligining pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi mas’ul xodimi Ibrohimjon Ismatov “Xalq maorifi a’lochisi” ko‘krak nishoniga ega bo‘lgan fidoyi o‘qituvchilarni davraga taklif etib ularni qutladi.
So‘ngra davraga ko‘rk va mazmun baxsh etib o‘tirgan ustozlardan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Saidahror G‘ulomov so‘zga chiqib, o‘qituvchilarga o‘z tabrigi va minnatdorchiligini izhor qila turib, “rektorlaringiz mening shogirdim, tashkilotchi, yaxshi olim, ham pedagog, ham yaxshi iqtisodchidir” — deya ta’kidladilar.
Keyin esa o‘z san’ati bilan davraga fayz kiritish, ustozlarga musiqiy guldastalari bilan kelgan san’atkorlar O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozov, Respublikada xizmat ko‘rsatgan artistlar Gulsanam Mamazoitova, Dilfuza Rahimova, umidli san’atkorlardan Mehribon va Mehribonular, Dilroz, Ulug‘bek Azimov, “Nihol” mukofotining sovrindorlari Mashhurbek va Sirojiddin Fayzievlarning chiqishlarida yurt ishqi, vatan tuyg‘usi, ustozlarga ta’zim ruhi nashidasi baralla yangrab turdi. “Iqtidor” videostudiyasi tomonidan suratga olingan ushbu bayram bazmida institut o‘qituvchilarning o‘zaro samimiy tabriklari ham tasvirga muhrlandi.
Har qanday qushning parvozini uning qo‘sh qanotisiz tasavvur qilish qiyin. SHunday ekan, har qanday jamiyatning iqboli ham istiqboli ham yosh avlodga beriladigan ta’lim va tarbiyaga, aniqrog‘i, uning sifati va samarasiga bog‘liqligi ayon. Ma’naviyat mezonlarining biri kitob bo‘lsa, ikkinchisi muallim va murabbiy so‘zi, uchinchisi olimu shoir fikru zikridir. Bular jamlangan holda ma’naviyat sarchashmalarini, ma’rifat ummonini tashkil etadi. Ana shu ummondan bir qultum suv ichga har qanday inson ustoz so‘zini eshitsa o‘rinlaridan turib ta’zim ifoda etishi aniq. SHoir yozganidek,
Nega she’r yozmayin yurakdan yonib,
Nega ta’zim etmay sizga bu mahal,
Nega xizmatingiz qilmay quvonib,
Ey aziz muallim, ustodi avval.
Sizning ta’limingiz olmagan kim bor?
Siz-ku yuraklarda ilk ziyo yoqqan.
Olimmi, shoirmi va yo san’atkor,
Ilk bor sizga tomon ustoz deb boqqan.
Buyuk Alisherbek lutf etgan misol,
Savod o‘rgatdingiz qancha ranj bilan.
Qoplab bo‘larmikan bu qarzni, alhol.
Uzib bo‘larmikan yuzta ganj bilan.
SHafqat ham, mehr ham qalbingizda but,
Na ranju na horish, ohu volalar.
Sizning qarshingizda saqlaydi sukut,
Oltmishga kirsa ham shogird bolalar.
Dilda ziyo borki, umr sarafroz.
Mayli, u hamisha baxt bilan to‘lsin.
Ey aziz muallim, ey aziz ustoz,
Bu kun bayramingiz muborak bo‘lsin!
Bayram dasturxonidagi turli noz-ne’matlarni bahramand bo‘lish asnosida murabbiy burchi borasidagi ushbu xayollar bir-bir xayolimdan kechdi. Tabiiyki, sifat va samara mezoni esa bilim va tushunchalarni o‘quvchi ongu shuuriga aniq, to‘g‘ri, to‘la, tezkor va eng muhimi, ta’sirli etkazish omili bilan bog‘liqdir. Ta’lim va tarbiya o‘zaro uyg‘un tushunchalar. Ular aslida, ajralmas. Bamisoli insonning vena va arterial qon aylanish tizimiga o‘xshaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ularni bir tanganing orqa va oldi yoki et va tirnoqqa qiyos qilish mumkin. SHunday ekan, ana shu uzviy birlik barkamollikning belgisi hamdir. “Inson qalbiga yo‘l ta’lim va tarbiyadan boshlanadi”, deydi Islom Karimov. Ta’lim va tarbiyaning ajralmas ekani ta’kidlanib, “bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasidir” degan mulohazalar keltiriladi “YUksak ma’naviyat — engilmas kuch” asarida.
Qaysi fan, qanday o‘quv predmeti bo‘lmasin, o‘qituvchi oldida muhim bir muammo turadi. Bu o‘z fanini o‘quvchiga etkazish aniqrog‘i, uning ongu shuuriga singdirishidir. Xoh tabiiy, xoh ijtimoiy fan bo‘lsin, o‘qituvchi o‘z sohasining etuk bilimdoni va mohir ustasi bo‘lishi zarur. Fan haqidagi nazariy ma’lumotlarni qiziqarli yo‘sinda etkazish jarayonida bir qancha muammolar borligini inkor etib bo‘lmaydi. Tasavvur qiling, o‘qituvchi o‘z fanini, o‘quv predmetini to‘la o‘zlashtirgan bilimli shaxs ham deylik, lekin unda bilimlarini, fikrini o‘quvchilarga etkazish borasida malaka, tajriba, ko‘nikma hosil qilinmagan bo‘lsa, maqsad to‘la amalga oshmaydi. SHuning uchun ham o‘qituvchidan bu borada tinimsiz mehnat, mashaqqatli mashq va izlanish, tashabbus va tashkilotchilik talab etiladi. Zamon bilan hamnafas va hamqadam odimlash o‘qituvchidan yuksak mas’uliyatni va majburiyatni talab etadi.
Bugungi bayram bazmida o‘zining qobiliyatlarini to‘la namoyish etish mumkin bo‘lgan davrada bizning jamoamiz o‘qituvchilarini kuzatarkanman, ular o‘zlarining ahilligi, mehr-oqibatliligi bilan rektorimiz atrofida jipslashganligi e’tiborlidir.