Kasbdosh tashrifi
Viloyatlarimizda so‘z san’atini sevadigan, teran anglaydigan ijodkorlarimiz ko‘p. Ularning aksariyati tobora ravnaq topib borayotgan mamlakatimiz hududidagi yaxshilik va yangiliklarni o‘z vaqtida idrok etib televidenie orqali etkazishni niyat qilishadi. O‘tgan kuni Buxoro viloyati teleradiokompaniyasida faoliyat yurituvchi, “Diyor yangiliklari” ko‘rsatuvining boshlovchisi Hayotjon SHaripov menga qo‘ng‘iroq qilib, notiq.uz saytiga kirib xabar topganini, nutq mahoratini oshirish sir-sinoatlarini o‘rganish istagini bildirdilar. Kuni kecha kelib, “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasida bo‘lib, o‘qish va o‘qitish jarayoni bilan qiziqdilar. Notiqlik, xuddi badan tarbiya singari kundalik mashq ekanligini, tinimsiz o‘qish va izlanish, tajriba orttirish orqali maqsadga erishish mumkinligini yana bir bor his etganlarini qayd etdilar. Mikrofon, minbar, videokamera mas’uliyatini anglash talabi jurnalist, sharhlovchi yoki suxandon bo‘lsin, har birining kasbiy etikasi va majburiyatiga daxldordir. Adabiy til me’yorlariga rioya etish, fikrni ta’sirli va yorqin ifoda etish orqali muxlis orttirish diktorlik san’atining muhim omillaridan biri. Hayotjon SHaripov o‘z faoliyati mobaynida bu masalalarga doimiy e’tibor qilishini uqtirib o‘tdi. Bizning istagimiz esa ushbu nazmiy dil izhorda.
YAxshi do‘st, yaxshi harif, so‘zda zarofatlik, zarif,
Kasbida kamol topsin, xushsuxan Hayotjon SHarif.
Buxorodan poytaxtga muborak bo‘lsin tashrif.