9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

«Kamolot»ning kamoloti

notiq.uz > Arxiv  > «Kamolot»ning kamoloti

«Kamolot»ning kamoloti

“Tayanch va suyanch, ertangi kunning hal qiluvchi kuchi” – deya e’tirof etilayotgan yoshlarga yurtimizning, yurtboshimizning ishonchi va e’tiborlari katta. Har qanday davlatning, jamiyatning kelajagi, shubhasizki, yoshlar bilan bog‘liq. Aniqrog‘i, ularning ertaga kim bo‘lib voyaga etishi bugun berilayotgan ta’lim va tarbiyaning sifati, salmog‘i va samarasi bilandir. YOshlarning ongu shuuri, saviyasi, dunyoqarashi, bilim darajasining yuqori bo‘lishi mustaqil davlatimizning istiqboli va xalqimiz iqbolining porloqligidan dalolat beradi. SHuning uchun ham, yuksak bilimli, intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti ekani davlatimizning ustuvor siyosatiga aylangani bejiz emas.

YOshlikka xos jasorat va jur’at, g‘ayrat va matonat, qalb qaynoqligi etuk bilim va axloqiy tarbiya bilan uyg‘unlashsagina chinakam kamolotning mohiyati ochiladi. Kamolotchi yoshlar va ularning etakchilarida ayniqsa, ana shu xususiyatlar bo‘lishi shart. “Vatan ravnaqi yo‘lida birlashaylik” shiori ostida ish olib borayotgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining  o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilot etakchilarining 3 — respublika forumida ma’ruzachi sifatida ishtirok eta turib, yuqoridagi fikrlarga ishonch hosil qildim. Qoraqalpog‘iston va respublikamizning turli viloyat, shahar va tumanlaridan kelgan kamolot etakchilari o‘zlarining nutqiy va xulqiy madaniyati va tashabbuskorligi bilan ajralib turishdi. Ularga notiqlik san’ati va nutq madaniyati borasida ma’ruza o‘qirkanman, o‘z fikrlarini ravon va aniq ifoda etishga qodir bo‘lgan (namanganlik Ulug‘bek Abdullaev kabi) iqtidorli o‘quvchilarning qiziqishi, atroflicha bilimga tashnaligi meni hayratga soldi. Bilimga chanqoq, fidoyi farzandlarimizni tarbiyalash borasidagi fikrlar bejiz emasligini, ularga qo‘shqanot bo‘lishimiz kerakligini yana bir bor uqdim. Uch kun mobaynida Xumsondagi “Kamolot yoshlar oromgohi”da davom etgan forum ko‘plab iste’dodlarni kashf etdi, desak, mubolag‘a bo‘lmas. Oromgoh rahbari Nuriddin akaning tashabbuskorligi va tashkilotchiligi sabab ular uchun yaratilgan sharoitlar tahsinga loyiqdir. Dam olish xonalari, ma’naviy hordiq chiqarish uchun faoliyat ko‘rsatib kelayotgan to‘garaklar, yuksak gigiena qoidalariga muvofiq ovqatlanish shoxobchalari diqqatga sazovordir. Saranjom-sarishtalik, ozodalik, e’tiboru talab bor bo‘lgan joyda madaniyat va ma’naviyat, iste’dod va iqtidor o‘z qanotlarini yoyishi muqarrar.

Forum qatnashchilariga iste’dodli olim va jurnalistlardan Ahmadjon Meliboev, “Jahon adabiyoti” jurnalining bosh muharriri, filologiya fanlari nomzodi SHuhrat Rizaev, filologiya fanlari doktori, professor Saodat Boymirzaeva, filologiya fanlari nomzodi, “Antik dunyo” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi Rahimboy Jumaniyozovlar turli xil ilmiy-ommabop va qiziqarli mavzularda ma’ruzalar o‘qib o‘quvchi-yoshlarda iliq taassurotlar qoldirishdi. Forum o‘z ishini muvaffaqiyatli yakunladi. YOshlar olam-olam quvonch va bilim zahirasi bilan o‘z joylariga qaytishdi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.