Ziyorat zavqi
O‘tgan ulug‘larning ruhi shod bo‘lsin degan maqsadda ziyoratni amalga oshiramiz. Ziyoratda ibrat, saboq, anglash, xulosa va burchdorlik hissi bor. Pahlavon Mahmud o‘z ruboiylaridan birida shunday yozgandi:
Kim qilur bu vayron dilim imorat
Kim gunohim uchun berur kaforat?
Men ziyorat qildim ko‘p qabristonni
Bilmadim, kim qilur qabrim ziyorat?
Hammaning ham qabri ziyorat qilinavermaydi. Hammaning ham mozori qadamjoga aylanmaydi. El-u yurtning ishonchini qozongan, o‘zidan xalq manfaati uchun yodgorlik qoldirganlargina bunday e’zozga munosib. Farg‘ona viloyatining xushhavo Chimyon sihatgohida dam olish asnosida o‘zbek adabiyoti tarixida o‘chmas iz qoldirgan Huvaydo taxallusi bilan ijod etgan Xo‘janazar G‘oyibnazar o‘g‘lining maqbarasini ziyorat qildik. Bizga Farg‘ona davlat universitetining ingliz tili o‘qituvchilari To‘lqinjon, Erkinjon va Dilshodbeklar hamrohlik qilishdi. Bir paytlari diniy-mistik shoir, -deya e’tirof etilib ijodi o‘rganilmay kelingan shoir bugungi kunda mustaqillik sharofati bilan dunyo yuzini ko‘rdi deyish mumkin. Uning mumtoz merosimizning turli she’riy janrlaridan tarkib topgan mukammal “Devon”i chop etildi. Huvaydoning shajarasi tiklandi, avlodlari aniqlandi. Nihoyatda did bilan bezatilgan, muhtasham, hafsala bilan terilgan naqshlar kishini hayratga soladi. Maqbaraga borgunga qadar qilingan zinapoya va uning atrofidagi gulzor va daraxtlar ruhiyatingizga iliqlik baxsh etadi. YOshi etmishlarga borgan bir chol bizni qarshi oldi. O‘zini shoirning oltinchi avlod ekanini aytib, Huvaydo g‘azallaridan o‘qib bizni lol qoldirdi. Hatto, undan ta’sirlanib yozgan o‘zlarining vatan haqidagi she’rlari ham mazmundor edi. Gulzorga suv tarayotgan cholning quvvai hofizasi bizni hayratga soldi. Biz otaxon bilan xayrlashib qaytarkanmiz, mabodo ta’mirlash zarurati tug‘ilsa, devordagi arab alifbosidagi ayrim bitiklardagi imloviy xatolarni to‘g‘rilab qo‘yish foydadan xoli bo‘lmaydi degan fikrga keldik. Arab alifbosining nasx, nasta’liq va suls xat turlari aralash holda yozilgan. Uni qilqalam xattot yozib berganda, boshqacha bo‘larmidi. YAqindagina shoirning g‘azallarini o‘qib ohanrabo tasmaga yozdirgandim. Bu g‘azallarda shoir ruhiyatining nozik tovlanishlari, hissiy kechinmalari aks etibgina qolmay, balki olam va odam muammosi, o‘tkinchi va boqiy dunyo mohiyati haqidagi ibratli hikmatomuz misralarni to‘lqinlanib o‘qidim.