Mahalla ta’limi – noyob institut
Oila tinchligi mahallaning tinchligi, mahallaning tinchligi xalqimizning, yurtimizning osoyishtaligi bilan bog‘liq ekanligi bugungi kunda oynadek ravshan. SHuning uchun ham oila, mahalla, ta’lim muassasasi uch birligiga e’tibor respublika miqyosida nihoyatda muhim ijtimoiy hodisaga aylangani rost.
Mana, bir necha yildirki, mahalla o‘quvi sistemali ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Unda respublikamiz viloyatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan mahallalarning raislari, diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy masalalar bo‘yicha xalq maslahatchilari, posbonlari va kotiblari muntazam ravishda ta’lim olmoqdalar. Bugungi davr muammolariga faol munosabat, davlat siyosati, iqtisodiyoti, ma’naviy va ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan masalalarga, yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashash va ishlash ularning muqaddas burchi va vazifalariga daxldordir. Bunday fidoyilik va ma’rifiy maqsadni Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish” o‘quv kursi misolida ham ko‘rish mumkin.
Kuni kecha O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Mahalla” telekanali orqali efirga uzatib kelinayotgan “Noyob institut” nomli ko‘rsatuvning navbatdagi soni xuddi shu ta’lim muassasasining o‘quv faoliyatiga bag‘ishlandi. Ko‘rsatuv muallifi va boshlovchisi Hakimjon aka tomonidan tayyorlangan ushbu ko‘rsatuvda Fuqarolik jamiyati shakllanishini montoring qilish mustaqil instituti loyiha rahbari Abdurasul Rahmonov, Fuqarolik jamiyati shakllanishini montoring qilish mustaqil instituti Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasining bosh mutaxassisi Mastura opa SHokirova, TVXTXQTMOI pedagoglaridan katta o‘qituvchi Davlatbek Mamatqulov, filologiya fanlari nomzodi, institut dotsenti, “Antik dunyo” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi Rahimboy Jumaniyozov, “Qo‘shqo‘rg‘on” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Oybek Ikromov, “Qo‘shshukur” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Turg‘unboy Quttiboevlar o‘z intervyulari bilan ishtirok etishdi.
Bugungi kunda, tahlikali zamonda, turli axborot xurujlari avj olgan bir paytda, globallashuv davrida butun dunyoga qutqu va xavf solayotgan makon, chegara bilmas, millat tanlamas illatlar – giyohvandlik, terrorizm, odam savdosi, spid, diniy ekstremizmga qarshi kurash olib borish davr talabi. Bu borada ogohlik va hushyorlikni qo‘ldan bermaslik zarur. SHunday ekan, mahallaning barcha faollari, mutasaddilari o‘zi istiqomat qilayotgan joyning ko‘zi, qulog‘i, yuragi, boshqacha aytganda, vijdoni va qo‘rg‘oni bo‘lishini zamonning o‘zi taqozo qilmoqda. Ahillik, uyushqoqlik va ta’lim jarayoni bilan bog‘liq muhim masalalarni hal etishdagi yakdillik va jipslik ish unumini oshirish bilan bir qatorda, do‘stona munosabatlarning qaror topishida ham muhim o‘rin tutadi. SHu bois mahalla o‘quvi noyob va nodir institut sifatida e’tirof etilishi bejiz emas. Vatan ostonadan boshlanar ekan, bizning faoliyatimiz oiladan, mahalladan boshlanadi. Qo‘shning tinch sen tinch degan xalq naqli ham bejiz aytilmagan. Bebaho boyligimiz hisoblangan yurt tinchligi va xalq osoyishtaligi masalasi doimo diqqatimiz markazida bo‘lishi lozim.