9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Jamoamiz “Diydor shirin”da

notiq.uz > Arxiv  > Jamoamiz “Diydor shirin”da

Jamoamiz “Diydor shirin”da

Ushbu ko‘rsatuvning navbatdagi soni “Ustoz va murabbiylar kuni”ga bag‘ishlandi. Ko‘rsatuv Qoraqamish mavzeidagi “Oltin qayiq”(hozirgi “Parus”) restoranida yozib olindi. Unda turli kasb egalari, fan, san’at va madaniyat xodimlari o‘z ustozlari borasida, ularning bergan saboqlari sabab ulug‘ martabaga erishganlari haqida minnatdorlik izhorlarini bildirdilar. Ko‘rsatuv boshlovchilari “Oltin qalam” mukofotining sovrindori Nasiba Maqsudova va Anvarjon Azimovlar suhbatdoshlarini vaqtini chog‘ qilib, mazmunli va shirin suhbatlar uyushtirdilar. O‘zlarining boshlovchilik mahoratlari bilan ishtirokchilarining ustozlariga bo‘lgan mehrini ayta olishlariga imkoniyat tug‘dirishdi.  Dunyodagi hamma narsa-hodisaning o‘z tayanch nuqtasi bor. Tayanch nuqtasi bor bo‘lmagan barcha narsa omonat. Imoratning ko‘kka bo‘y cho‘zishi va hashamatiga uning poydevori, daraxtning kurtak tugishi, meva berishi va soyasiga uning teran tomiri bois ekan, har qanday jamiyatning tayanchi va iqboliga esa murabbiyning ta’lim va tarbiyasi asosdir. SHu munosabat bilan yozib olingan ko‘rsatuvning navbatdagi soni ham e’tiborga molik bo‘libgina qolmay, balki ustoz va o‘qituvchilar sharafiga bildirilgan ehtirom va e’zozning timsoli ham bo‘ldi desak, yanglishmaymiz.

Jumladan, ko‘rsatuvda qatnashayotgan TVXTXQTMO institutimizning professor o‘qituvchilari ham rosa xursand bo‘lishdi. Ayniqsa, O‘g‘iloyning maftunkor raqslari, hatto san’atkorlarni ham lol qoldirdi. “Ko‘pchilik mendan xorazmlikmisiz, deb so‘rashadi, — deydi u, — san’at mening jonu dilim bo‘lgan, afsus san’at yo‘lidan ketolmaganman, deb xo‘rsinib qo‘yadilar ba’zan. SHahrixon Mirzaxmedova, Muhabbat Musaeva, Maryam Abdullaeva, Tarmiza Hurvalieva, Azizaxon Sanaqulovalar bilan institutimiz pedagoglari nomidan ishtirok etarkanmiz, qalbimizda cheksiz g‘urur va nafosatni tuydik.  “Ko‘rsatuvni bemalol ko‘raverarkanmiz-u, lekin uning yozib olinishi juda azob ekan,” – deydi institutimiz ma’naviy va ma’rifiy, ilmiy  ishlar bo‘yicha prorektori Muhabbat Musaeva.

Ko‘rsatuv kun bo‘yi yozib olindi, oldinda montaj ishlari turibdi, undan so‘ngra esa “Ko‘rik”dan o‘tadi va efir yuzini ko‘radi. Mana, ko‘rsatuv ijodkorlarining mashaqqatli mehnati. Ko‘rsatuv efir yuzini ko‘rgach, ijodkorlarning barchasi chekkan zahmatlarini bir damda unutishadi. Ular ana shu “rohatbaxsh” mehnatdan huzurlanib yashashadi. Biz ularga bunday mashaqqatli faoliyatlarida omad, kuch-quvvat, bayramona kayfiyat hamroh bo‘lishini tilab qolamiz.

Hamkasabalarimizning ustozlar borasidagi fikrlarini keltiramiz.

Gulbahor Qo‘ldosheva: O‘qituvchi – quyosh, u o‘z nurlari bilan barcha shogirdlarini qalbiga iliqlik baxsh etib, kelajagi yulduz kabi porloq bo‘lishiga zamin hozirlaydi.

Muhabbat Musaeva: Ilmu fan maskanining, bilimlar xazinasining kaliti o‘qituvchi qo‘lida.

O‘g‘iloy Ergasheva: O‘qituvchi – aql muhandisi.

Maryam Abdullaeva: Jamiyatning qon tomiri tarbiya bo‘lsa, jon tomiri tarbiyadir. Har ikkalasini o‘qituvchi mehnatisiz tasavvur qilish mushkul.

Aziza Sanaqulova: O‘qituvchi istiqbol imoratining poydevorini quruvchi me’mordir.

Tarmiza Hurvalieva: Parvoz qiluvchi samolyotni shatakka olishadi, keyin u ko‘kka o‘rlaydi. O‘qituvchi zahmati ham shunga monand.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.