9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Jamoa jamuljam – demak, dillarda bayram

notiq.uz > Arxiv  > Jamoa jamuljam – demak, dillarda bayram

Jamoa jamuljam – demak, dillarda bayram

Yаngi yil oldi ezgu istaklarni qalblarga jo etish, o‘zaro tabriklar bayram dasturxonlarida o‘z tarovatini namoyon etadi. Tinchlik va osoyishtalik hukmron bo‘lgan jamiyatda to‘y ham, bayram ham tatiydi. Xursandchilik, shodu xurramlik yarashadi. Ta’limiy va tarbiyaviy mehrini yoshlar diliga singdirishdek sharafli kasb egalari, ya’ni o‘qituvchilarning orzui el koriga yaraydigan, xalq uchun manfaatli, fidoyi va vatanparvar yoshlarni tarbiyalashdir. Istiqbol imoratining poydevori pedagoglar jam bo‘lgan davrada ziyo va nur, qalblarga g‘urur va xursandchilik ayricha bo‘ladi.

Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti jamoasi ham yangi yil oldidan jam bo‘lishdi. “SHuhrat” restorani ular sabab yanada ko‘rkli va shukuhli bo‘ldi desak, mubolag‘a emas. O‘qituvchilarga zamonaviy bilimlar berish, axborot kompyuter texnologiyalari va interfaol metodlarning ta’lim jarayonidagi o‘rni, innovatsion texnologiyalar bilan dars mashg‘ulotlari olib borishga intilishi ularning bugungi davr ruhi va talabini his etishlariga kafolatdir. YAngi yil oldi bayram dasturxoni ularning keyingi yilda yanada yuqori darajada faoliyat yuritishlariga zamin hozirladi desak o‘rinli bo‘ladi.

Institut rektori Tayloqov Norbek Isaqulovich o‘zi rahbarlik qilayotgan jamoani samimiy qutlay turib, har birlarining oilasida quvonchli kunlar ko‘p bo‘lishini, keyingi yilda ham g‘ayrat va shijoat, omad va muvaffaqiyatlar ularga yor bo‘lishini tiladilar. So‘ngra barchani bayram dasturxonidagi nozu ne’matlarga chorladilar. Jamoa o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirib, jozibador qo‘shiqlar va tansiq taomlardan bahramand bo‘lishdi. 2014 yilda o‘tkazilgan “Yil qo‘shig‘i” tanlovining mutloq g‘olibi, “Fantaziya” guruhining rahbari Fazliddin Rahmonov va Gulhayolarning diltortar qo‘shiqlari pedagoglar jamoasini raqsga chorladi. Pedagogika kafedrasining katta o‘qituvchisi, “Xalq ta’limi a’lochisi” nishondori Anora opa jo‘shqin ravishda o‘z kasbdoshlarini qizg‘in tabrikladi. Glier nomidagi litseyning o‘qituvchisi Musulmonqul akaning xorazmcha yallalari davraga yanada fayz kiritdi. So‘ngra Abdulatif aka va Tohirjonlarning jonli ijrodagi chiqishlari ham ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari nomidan Vera Mixaylovnaning tabrigi ham barcha jamoadoshlarning dillariga xushnudlik baxsh etdi. Samimiy tabrik va jozibador qo‘shiqlar, totli taomlar bilan ziynatlangan davra ishtirokchilarning kayfiyatiga kayfiyat qo‘shdi. YAngi 2016 yil “Sog‘lom ona va bola” yili yurtimizga yanada farovonlik va baraka, tinchlik va totuvlikni olib kelsin! Ushbu qutlug‘ ayyomda biz ham mazkur nazmiy izhorlarimizni ularga baxsh etgimiz keldi.

YAngi yil keltirsin, baxt hamda shodlik,

Elu yurtimizga doim obodlik.

Qalbimizda ushbadir tilak,

YAngi yilingiz bo‘lsin muborak!

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.