Yоshlar tarbiyasi kelajak mevasi
Jamiyatning kelajagini, davlatning istiqbolini, xalqning iqbolini yoshlarga berilayotgan ta’lim va tarbiyaning samarasi, sifati bilan bog‘liqligini his etmaslik mumkin emas. SHunday ekan, bolalarimizning yurish-turishi, dunyoqarashi va qiziqishi bilan qiziqmaslik ham loqaydlikdir. Mudhish illatlarning ibtidosi esa loqaydlikdan boshlanadi. SHunday ekan, har birimiz ota-onamizmi yoki biron kasb egasimizmi hammamiz uyda ham, ko‘chada, mahalla-ko‘yda, ishxonada ham bolalar tarbiyasiga mas’ul ekanligimizni unutmasligimiz kerak.
YOshlar har xil ta’sirlarga beriluvchan bo‘lishini ularni yot va yov g‘oyalar oqimiga qo‘shilib ketmasligi uchun hammamiz javobgarmiz. Xuddi shu maqsad bilan O‘zbekiston Respublikasi IIV qorovul qo‘shinlari Bosh boshqarmasiga qarashli 75/31 – harbiy qismda “Ta’lim jarayonida yoshlar tarbiyasi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha harbiy qismga mas’ul rahbarlardan podpolkovnik Do‘latov Botir Bahromovich yoshlarning tarbiyasi masalasi ta’lim jarayonida, bugungi tahlikali, globallashuv zamonida ayniqsa, katta mohiyat kasb etayotgani borasida so‘z yuritdi.
So‘ngra TVXTXQTMO institutining dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, Xalqaro “Antik dunyo” ilmiy akademiyasining akademigi Rahimboy Jumaniyozovni mikrofon qarshisiga taklif etdilar. R. Jumaniyozov ushbu harbiy qismda ma’naviyat va ma’rifat ishlariga e’tibor yuksak darajada ekani, har gal kelganida zal qiziquvchan xodimlar bilan liq to‘la bo‘lishini e’tirof etdi. Bu esa harbiy qismda o‘z kasb xizmatiga vijdonan yondoshuvchi, vatanparvar ofitserlarning faoliyati bilan bog‘liqligini ta’kidlay turib mavzudan so‘z ochdi.
Bugungi yoshlar axborot asrida yashayotgani uchun ham turli xil informatsiyalar ularning dunyoqarashiga ta’sir etishi mumkinligi borasida so‘zladi. Ta’lim va tarbiyaning omixtaligi sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi ekan, biz har ikkalasini uyg‘un holda olib borishimiz kerakligini uqtirib o‘tdi. Internet, mobil telefonlar, turli xil kinofilm va kliplar orqali kelayotgan har xil ma’lumotlarning saragini-sarakka, puchagini-puchakka ajrata olish uchun yuksak bilim va intellektual qobiliyat bo‘lishi zarurligini aytib o‘tdi. 2012 yil 17 fevralda Respublikamiz poytaxtida o‘tkazilgan Xalqaro konferensiyada ham ana shu masalalarga e’tibor qilingani bejiz emas. “YUksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim yo‘li” mavzuida o‘tkazilgan konferensiyada 48 ta davlatdan kelgan yirik dunyo banklari rahbarlari, ilm-fan va ta’lim sohasining etuk mutaxassislari ishtirok etishib O‘zbekistondagi ta’lim modeliga havas bilan qarashganliklari sir emas. Har qanday ta’limning mohiyati tarbiya bilan, tarbiyaning kuchi esa ta’lim bilan bog‘liqligini idrok etishdi. Xorijda faqat bilim beriladi, tarbiya masalasi ular uchun muhim emas. Bu esa har qanday jamiyatni boshi berk ko‘chaga olib borishi muqarrarligidan nishondir. YOshlarga e’tibor masalasi davlatimiz va hukumatimizning ustuvor vazifalaridan biridir. Buning asosi O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni talablaridan kelib chiqqan holda ish tutish va uni og‘ishmay amalga oshirish bilan chambarchas bog‘liqdir.
Huquqbuzarlikka moyil bo‘lgan ayrim yoshlarning qilmish-qidirmishlariga daxldor bo‘lgan Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasining matbuot xizmati va “Iqtidor” videostudiyasi bilan hamkorlikda tayyorlangan “Beboshlik – umr zavoli” nomli hujjatli film namoyishi ham ularda yaxshi taassurot qoldirdi. YOshlarning foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmasdan, ko‘cha-ko‘yda sang‘ib yurishi, maxsus kasb-hunar to‘garaklariga bormasdan vaqtlarini behuda o‘tkazishlari xunuk oqibatlarga olib kelishi mumkin. G‘oyaviy bo‘shliq bor bo‘lgan joyda turli illatlar, jinoyatlar urchiydi. YOshlarni millat tanlamas illatlar – giyohvandlik, odam savdosi, spid, diniy ekstremizm, terrorizm kabi ofat-balolardan saqlash burch va vazifamizdir.