9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Do‘stlik rishtasi

notiq.uz > Arxiv  > Do‘stlik rishtasi

Do‘stlik rishtasi

O‘zbekistonni “Ota vatan” — deya e’tirof etgan, teran ildizlarida qardoshlik va do‘stlik rishtalari bo‘lgan Turkiya davlati bilan madaniy, adabiy, ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarning tobora mustahkamlanib borishi tarixiy ildizlari bir bo‘lgan xalqning qarashlarida mushtaraklik borligidan nishondir. Urf-odat va udumlari o‘xshash bo‘lgan har ikkala davlatning birligini shundan ham anglash mumkinki, O‘zbekistonning davlat mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlat bu Turkiyadir.

Turkiya respublikasining tashkil topganiga 92 yil to‘lishi munosabati bilan “Grand mir hotel” mehmonxonasining sakkizinchi qavatida ana shu qutlug‘ sanaga bag‘ishlangan katta tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistondagi turli davlatlarning elchilari, elchixona va diplomatik korpus vakillari, nufuzli mehmonlar ishtirokida o‘tgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining mas’ul rahbarlari ham qatnashishdi. Dastavval, har ikkala davlatning madhiyalari yangradi. So‘ngra Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi so‘z olib davlatlararo munosabatlardagi ijobiy siljishlar, xalqaro munosabatlarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi borasida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi. Bu esa har ikkala davlatning istiqboliga tegishli harakatlarning samarasiga, do‘stlik va qardoshlikning yanada mustahkamlashuviga mezon bo‘lishini uqtirib o‘tdi. O‘zaro hamkorlikning amaliy jihatlari borasida ham so‘z bordi.

So‘ngra mehmonlar uchun Turkiya va O‘zbekistonda sevilib tanovul qilinadigan turli xil taomlar, shirinliklar tortildi. Nozu ne’matlarning totliligi va qandolat mahsulotlarining ajabtovur tami tantanali kecha ishtirokchilarining kayfiyatiga yanada ko‘tarinkilik baxsh etdi. Bizni ushbu tantanada ishtirok etishimiz uchun taklifnoma berib kutib olgan O‘zbekistonda istiqaomat qiluvchi Turkiya fuqarosi qadrdon do‘stimiz Ismoilbey Kozan va ularning rafiqalari SHukriyaxonimga o‘z minnatdorchiligimizni bildirdik. Tadbir barchada iliq taassurot qoldirdi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.