DAVRA BOSHQARISH MADANIYATI
Diktor – so‘z ustalari borligini inkor etmoqchi emasmiz. Diktorlarning suxandonlik mahoratini egallashga bo‘lgan harakatlari ibratlidir. Ta’bir joiz bo‘lsa, «matn quli bo‘lgan diktor misli bog‘lab qo‘yilgan quyondir». Hatto, matn o‘qiyotgan paytda, yanglishib ketib, o‘zini o‘nglab olishning uddasidan chiqolmaydigan diktorlar ham yo‘q emas. Matn mazmunini to‘la anglab ololmagan diktor yo‘l tadorikini ko‘rmasdan safarga chiqqan musofirdir. SHunisi achinarliki, ba’zilari diktorlikning oddiy talablariga xam rioya etishmaydi. Bu haqda E.Emelyanovaning mulohazalari e’tiborlidir. “Tinglovchi yoki tomoshabin bilan munosabatda soddalik va tabiiylik bo‘lishi lozim. O‘qiyotganda so‘zlayotgandek taassurot uyg‘ota olish maqsadga muvofiqdir.”
Matnni to‘la o‘zlashtirish, boshqacha aytganda, «o‘ziga ko‘chirish», matn mazmunini, muallif maqsadini anglab etish asnosida ish tutish lozim. Qanday vaziyatda kimga, nima haqda aytib berayotganini his etish kerak. O‘zingni o‘zgaga, o‘zgani o‘zingga ko‘chira olsang, seni tinglovchi «quloq» bilan emas, balki «yurak» bilan qabul qiladi. Bu qoidalar so‘z va nutq vositasida yakka shaxs yoki jamoa bilan munosabatda bo‘lishga qaratilgan barcha san’atlarga taalluqlidir. Mumtoz adabiy merosimizning bilimdonlaridan Nusratullo Jumaev suxandonlikning o‘tmishdagi va hozirdagi ahvoloti borasida fikr yuritib, uning rasmiy va norasmiy davralardagi talablari bilan bog‘liq mulohazalarni ilgari suradi.
«Suxandonlikning quyidagi asosiy shartlari bor: birinchidan, u ma’naviy-axloqiy etuk, ma’rifatli zot bo‘lsin, ikkinchidan – yoshi ulug‘rok, hayotiy tajriba ko‘rgan bo‘lsin, uchinchidan – el taniydigan va elni taniydigan bo‘lsin, to‘rtinchidan – nutqiy kamchiligi bo‘lmasin, beshinchidan – ko‘rinishi ko‘rkam, nuroniy va yoqimtoy bo‘lsin, oltinchidan – davra tashqilotchisi yoki to‘y-ma’raka egasiga yaqin bo‘lsin, ettinchidan – davra qatnashchilari, xonadon ahli, mehmonu mezbonlarning asosiy qismini taniydigan kishi bo‘lsin.
To‘g‘ri, ma’naviyatli suxandon uyda ham, to‘yda ham, ko‘cha-ko‘yda ham ma’rifat tarqatadi. SHunday ekan, har bir davraning tosh-tarozisi, talabi bor. Didli suxandon buni his etgan holda ish tutadi. To‘y davrasini olib boruvchilar so‘zga chechan, vaziyatga mos va xos so‘z aytadigan bo‘lishi kerak. Ular turli hududlarda, turlicha nomlar bilan yuritiladi: davraboshi, davra raisi, o‘rtakash, boshlovchi, tamada, boshqaruvchi va hokazo.
Tuy davrasini boshqarish aslida, g‘oyat murakkab. Uni mohir so‘z ustalari ham ba’zan eplasha olmaydi. Hatto, yuqoridagi talablarga ega bo‘lgan so‘z ustalari ham talmovsirab qolishadi. CHunki, to‘yga tashrif buyurganlar har xil tabiatli, turli kayfiyatdagi mehmonlar bo‘lishadi. Har birining ko‘ngliga yo‘l topish, so‘zni o‘tkazish, fikrni etkazish, yoqish mushkul. To‘y o‘rtasida, ayniqsa, yakunida davra boshqarish qiyinlashadi. CHunki shirakayf mehmonlar bilan yuzlashasiz, ularning ko‘ngliga malol kelmaydigan so‘zni topib aytishingiz kerak. Aks holda, sizni ranjitishlari tayin. Ba’zilari shirakayf bo‘lib, guyo to‘yda o‘zidan o‘zga yo‘q qabilida hofizlarga xiralik qilishi, san’atkorlar tili bilan aytganda, “egov” bo‘lishiga toqat qilishingiz kerak. Ko‘plab davralarni ko‘rgan, so‘z, nutq malakasiga ega bo‘lgan so‘z ustalari to‘yning chiroyli o‘tishini ta’minlaydilar. Serso‘zlikdan qochib, ta’sirli, to‘yga mos va xos so‘zlarni topib ayta bilish davra raisiga sharaf keltiradi. Mehmonlarning kayfiyatini chog‘lash, to‘y egalari bilan ular orasidagi mehr rishtalarini bog‘lash, “ko‘prik” bo‘lish, umuman aytganda, to‘yda yoqimli «iqlim» yarata olish ko‘p jihatdan boshlovchi mahoratiga bog‘liq. Noto‘g‘ri ishlatilgan bir so‘z bilan noqulay vaziyat tug‘dirib qolmasdan, kishi dilini ranjitish ham mumkin. SHoirlarning to‘rt-beshta she’rlarini yod olib, u to‘ydan bu to‘yga o‘tkazish, vaziyatga to‘g‘ri kelish-kelmasligiga qarab o‘qiyverish “to‘tiqush”ning holatini eslatadi. Bir to‘yda yaxshi qabul qilingan she’r yoki askiya ikkinchi to‘yga, umuman mos kelmasligi, davra qatnashchilari tomonidan yaxshi qabul qilinmasligi mumkin.
SHuning uchun ham davraboshi – boshlovchini butun boshli orkestrni yo‘lga solib turuvchi dirijyorga o‘xshatishlari bejiz emas. Mehmonlarning kasbi, yoshi, jinsi bilan qiziqmasdan kuldiraman deb, bachkana qiliqlar qilish, har xil so‘zlar aytish o‘rinsizdir. Bu bilan olqish olib bo‘lmaydi. Ommaning nazari bir zumda hazarga aylanib qolishi hech gap emas. O‘rinsiz so‘z, xatti-harakat yoki qiliq, kishini xijolatlikka olib keladi. Davraboshi va san’atkorlar guruhini tanlash muhim. CHunki, farzand yoki biron yakinlaringiz bois o‘tkazilayotgan orzu-umid tuy marosimining chiroyli o‘tishi, mehmonlar ko‘ngli shod bo‘lib qaytishi sizning asosiy niyatingizdir. Aqiqa, beshik, sunnat, farz, yubiley kabi to‘y marosimlarining har biri o‘ziga xos. Davraboshilar ularning xususiyatlarini yaxshi bilibgina qolmay, to‘y egalarining “ahvoloti va maqomoti” haqida ham to‘la ma’lumotga ega bo‘lsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Ko‘p hayotiy tajribaga ega bo‘lmasdan, o‘zi yosh bo‘la turib, keksalarning nasihatu maslahatlarini davra ahliga va’z qiluvchi davraboshi “ukaxon”larimiz ustoz ko‘rib, maktab o‘tab, so‘ng jamoaga yuzlansalar chakki bo‘lmasdi. CHunki jamoada yurt qadri, yurtdoshlar izzati, urf-odat, xalq, millat, ulug‘ allomalar, avlod-ajdodlar haqida so‘z aytib, fikr uyg‘otiladi. SHunday ekan, to‘yda boshqaruvchi so‘z ustalariga ta’lim beradigan, malakasini oshiradigan o‘quv-amaliy kurslar joriy etilishi zarur emasmikin, deb o‘ylab qolasan kishi. CHunki, ular ham qaysidir ma’noda ma’naviyat targ‘ibotchilari hamdir. Uy, ko‘cha-ko‘y, to‘y, oila, mahalla ham ma’naviyat mezonlaridan ekanini unutish yaramaydi.
Xoh murabbiy, xoh aktyor, xoh diktor, xoh boshka kasb egasi bo‘lsin, davrada boshlovchilikni, suxandonlikni o‘z zimmasiga olganlar ana shu haqiqatni to‘g‘ri tushunishlari shart.
Anglashilayaptiki, suxandonlik o‘z talabu mezonlariga ega bo‘lgan, ijtimoiy hayotimizning barcha jabhalarida rasmiy va norasmiy anjumanlarda so‘z va nutq orqali aniq fikrni ta’sirchan etkazuvchi, elektron ommaviy axborot vositalarida va jamoa oldida o‘z vazifasini ado etuvchi so‘z san’atidir.