ELI E’ZOZLAGAN BAXSHI (2004 yil)
S O‘ Z A V V A L I
Xalq terma va dostonlariga umr baxsh etaturib, o‘z umrini ham asrlarga tatigulik qila olish chinakam iste’dodlarga nasib bo‘ladi.
Ma’lumki, ko‘p asrlik o‘zbek xalq og‘zaki ijodiyotining katta qismini dostonlar tashkil etadi. Tildan tilga, og‘izdan-og‘izga o‘tib yashab kelgan dostonlarning “umri” odatda ana shu baxshilarning quvvai hofizasi va san’atkorlik iqtidoriga bog‘liq.
Ozarbayjonlarda “oshig‘”, qozoqlarda “oqin”, qoraqalpoqlarda “jirov”, o‘zbeklarda “baxshi” va hokazo. Qaysi tilda qanday aytilmasin, mohiyati bir xil, ammo ijro tarzi va usuli, sozlari bilan farqlanuvchi baxshichilik san’atiga xos xususiyatlar ayrim baxshilarning hayotiy va ijodiy faoliyatida o‘z aksini topadi.
SHunday baxshilar borki, ular o‘zlari kuylagan dostonlarning qahramonlari ramziga aylanib, ular ruhidan quvvat olib, ommaga ham shu quvvatni baxsh etib yuradi. Bu ishni sharaf, umrining mazmuni deb biladi. Ko‘cha-kuyda ko‘rib qolishsa, ismingizni yoddan chiqazib, oshiq G‘arib, Go‘ro‘g‘li yoki Bozirgon og‘a deb chaqirishsa, har qanday baxshi ruhlanadi, faxrlanadi. Tinglovchi qalbiga doston qahramonlari bo‘lib kirib borishda hikmatu xizmat, himmatu hurmat bor.
Ana shunday baxt sohibi Ro‘zimbek og‘a Murodov haqida yozish, hamkasblari va shogirdlarining mulohazalarini sizga etkazish istagi qo‘limizga qalam tutqazdi. Huquq va ekologiya fanining yirik bilimdoni, yuridik fanlari doktori, professor Muhammadi Usmonov san’atsevar, ayni paytda Ro‘zimbek Murodovning ixlosmand do‘sti ushbu xayrli ishga bosh qo‘shdi. Oqibatda qo‘lingizdagi kitobcha dunyo yuzini ko‘rdi.
Ushbu risola xalq og‘zaki ijodiyoti, baxshichilik san’ati, xususan Ro‘zimbek Murodov ijodi bilan qiziquvchi barcha dostonsevar muxlislar ko‘nglini shod etsa, murodimiz hosil. Boqiylikka yo‘g‘rilgan baxshichilik san’atiga mehr qo‘ygan har bir kitobxon do‘stimizning umrini yaratganning o‘zi boqiy qilsin. Risolani varaqlang, serqirra iste’dod egasi Ro‘zimbek og‘aning ko‘ngil mulkiga sayohat qiling.
Kamoli ehtirom ila muallif
ASLI NASLIDA
Tabiatda ham, jamiyatda ham hech bir narsa-hodisa o‘z-o‘zidan ro‘yobga kelmas. Uning uchun muhit, ta’sir, turtki bo‘lishi muqarrar. To‘g‘ri, o‘zi ulug‘, so‘zi qutlug‘ bo‘lib el e’zoziga tushgan, mashhuru manzur bo‘lganlarga bolalikdan ta’sir o‘tkazgan, uni ezgu maqsadlar sari yo‘llovchi, har damda, har qadamda qo‘llovchi insonlari bo‘ladi. Bular avvalo, ota-ona va ustozlaridir. Har qanday kishi umri davomida ular oldidagi farzni, qarzni his etib yashaydi. Yetmish besh yoshni qarshilayotgan shu yoshga xos donolik va o‘ychanlik, ayni paytda ichki bir kuch, shijoat sezilib turgan nuroniy asta odimlab ketmoqda. Bir qo‘lida tor, bir qo‘lida tugun. Biroz uringan tor g‘ilofi va tugun ichidagi xorazmcha cho‘girma va to‘n, uni muxlislari bilan navbatdagi uchrashuvga borayotganini bildirib turardi. Avvalombor, bu yoshga kirish qiyin, kirganda ham obro‘ bilan, e’tibor bilan bu muborak yoshni haqlashning, oqlashning o‘zi bo‘lmaydi. Umr mobaynida kimgadir yoqasiz, kimgadir yoqmaysiz. Aslida, shunday bo‘lgani ham durust. Aks holda, insonning o‘zligi qaerda qolardi. YAxshiga ham, yomonga ham bir xil yoqadigan odamdan xudo saqlasin, u xavflidir,- deydi ahli donishlar. El ichida tilga tushish, hurmat bilan e’tirof etilishning o‘zi oson emas. To‘g‘ri, hayotda kimlar bilan kim, nimalar bilan nima bo‘lib o‘tadiganlar, birovning soyasi bo‘lib umrguzaronlik etadiganlar yo‘q emas. O‘zi yiqilib, o‘zi turib birovning yordamiga, minnatiga zoriqmasdan o‘rin tutish asl iste’dodlarga engil kechmagan. Kimning kimligi kimga va nimaga qanday munosabatiga bog‘liq. O‘zida bor bo‘lgan tug‘ma iste’dodning yalt etgan uchquni bo‘lsa, bas. U erta- indin alangaga aylanadi. Buning uchun vaqt, tinimsiz izlanish, harakat va mashaqqat kerak.
SHular Ro‘zimbek og‘ani ham chetlab o‘tgan emas. Kimdir keksalikni sabab qilib, o‘z huzur-halovatini o‘ylab, o‘y-tashvishlardan chetga chiqqisi keladi. Kimdir esa sevgan kasbiga sadoqatini, mehrini olloh bergan umri poyonigacha to‘xtatmaydi, izlanadi shogirdlar orttiradi. SHogird ustozning ikkinchi umri ekanini yaxshi tushunadi.
Hozirda ham Abdula Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat Madaniyat institutining Xalq badiiy ijodiyoti fakulteti talabalariga Xorazm dostonchilik sirlari va ijro yo‘llarini o‘rgatishdan charchamagan Ro‘zimbek og‘aga kishining havasi keladi. “So‘z, soz va ovoz birligi san’atkorning borligi, boyligi va baxtiyorligidan nishondir,- deydi u- bizni bu dunyoga bog‘lab qo‘ymagan, hozir ko‘zimiz ochiqligida, kuch-qudratimiz borligida shogirdlarga nimadir o‘rgatsak, xizmatlarimizning samarasini ularda ko‘rsak, baxtimiz shu emasmi? Dehqon sochgan urug‘ining hosilini yig‘ishtirib zavqlansa, biz shogirdlarga bergan ta’limimizning samarasidan zavqlanamiz. SHogirdiga har tomonlama ibrat va saboq maktabi bo‘lolmagan ustod harakati puch yong‘oq kabidir.”
o‘zimbek og‘a asta-asta odimlamoqda… Hozirda ham u kuylagan dostonlariga talabgorlar borligi, muxlislarining kamaymagani baxshini ich-ichidan quvontiradi. Kimgadir zarur, kerak bo‘lib yashashning o‘zi baxt ekanini u yaxshi his etadi. SHu tobda uning bolalik yillari, etimlikda kechirgan damlari tasvir tasmasi singari bir-bir ko‘z o‘ngidan o‘ta boshladi…
Navro‘z arafasida tug‘ilgan farzandni ko‘rib otasi Murod baxshi, onasi Safargul opaning xursandchiligi cheksiz. Tavalludi ulug‘ ayyomga to‘g‘ri kelganidan otasi Murod baxshi ayniqsa, shod. Navro‘z o‘z rizq-ro‘zini, ne’matini tabiatga ham, bizning oilaga ham sochdi deb, yaratganga shukronalar bildirdi. Ulug‘ kunlarda tug‘ilganlar xosiyatli bo‘ladi degan gaplar huda-behuda aytilmaganini Murod baxshi yaxshi tushunadi. Nadomatlar bo‘lsinki, farzandini o‘zi kuylagan dostonlardagi qahramonlardek bo‘lishini orzu qilgan Murod baxshiga o‘g‘lining istiqbolini ko‘rish o‘ziga ham, ayoliga ham nasib etmadi. O‘n yoshida onasidan, ko‘p o‘tmay otasidan judo bo‘lish yosh Ro‘zimbekni ruhan cho‘ktirdi. Etimlikning iztirobli damlari, g‘am-alamlariga chidam berish, ota-onasining “bolaginam, qo‘zichog‘im”,- deb boshlarini siypalashlariga, erkalatishlariga ilhaq bo‘lgan Ro‘zimbek og‘aning achinarli ahvolini anglash qiyin emas. Bobomeros baxshichilikka ixlos va sozga, so‘zga mehr bolalik damlaridayoq, uning murg‘ak qalbiga o‘rinlashishga ulgurgan edi.
Uning bobosi Amin baxshi va otasi Murod baxshi O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘istonda mashhur va manzur bo‘lgandi. “Huriliqo va Hamro”, “Oshiq Mahmud”, “Oshiq Elvand”, “Bozirgon”, “Oshiq G‘arib va Shohsanam” kabi o‘ttizdan ziyod dostonlar ularning ijrosida ayricha jaranglagani haq. Amin baxshi shogirdi Murod baxshidagi dostonlarga zavq-shavqni ko‘rib, “mendan keyin dostonlarga umr baxsh etuvchi izdoshimni topdim deb suyungan. Hatto, shogirdiga o‘z qizi Safargulni berib kuyov ham qilgan. Ota ham ona tomondan baxshichilik nasliy meros bo‘lib o‘tgan Ro‘zimbek og‘a dilida otalari ruhini shod etish, ular kuylagan dostonlarni yod etish muhim va muqim o‘rin tutdi. O‘tmishni eslay turib Ro‘zimbek og‘a shunday deydi: “Kuy va qo‘shiqlarni ilk bor otamdan o‘rgandim. Ota-onam vafotidan so‘ng SHobboz, Xo‘jayli, Qo‘ng‘irot bolalar uyida tarbiya ko‘rdim. O‘rta maktabda havaskorlik to‘garaklarida dutor, g‘ijjak va mandalina chalishga havas cheksiz edi. Mening iqbolimni 1948 yil aniqladi. Toshkentda maktab o‘quvchilari olimpiadasiga qatnashib, sovrin egasi bo‘ldim. Talabchan hakamlar hay’ati va tengdoshlarimga navqiron san’atim manzur bo‘lganidan benihoya baxtiyor edim. Musiqa san’ati uning odamlarga quvonch keltirish qudrati butun vujudimni qamrab oldi. Kelajakda haqiqiy san’atkor bo‘lib, qo‘shiq va kuylarim bilan mehnatkash xalqimga xizmat qila olsam degan orzu qalbimda tug‘yon urardi. Ijrochilik mahorati sirlarini, murakkab musiqa janrlarini o‘zlashtirish ishtiyoqi meni Hamza nomidagi Toshkent muzika bilim yurtiga etakladi. Bu erda iste’dodli kursdoshlarim orasida bo‘lajak mashhur san’atkorlar Fozil Xarratov, Sayfi Jalil kabilar bor edi. Menga mashhur g‘ijjakchi S.N. Gabrielyans ijrochilik mahorati bo‘yicha ustozlik qilgan bo‘lsa, muziqa nazariyasini qunt bilan o‘zlashtirishda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ibrohim Hamroev ko‘mak berdi. CHolg‘ushunoslikka doir bilimlarni esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Sobir Boboev rahbarligida atroflicha o‘rgandim. Bilimlarimni yanada mukammallashtirish va chuqurlashtirish istagi menga tinchlik bermadi. Toshkent Davlat konservatoriyasining Xalq cholg‘ulari fakultetiga o‘qishga kirdim. Bu erda professorlar A. Petrosyans, F. Nazarov, B. Gyanko, G. Sobitov, dotsent I.P. Blagoveshcheskiy va M. Asilovlarning e’tiboriga tushdim. Talabalik yillarimdanoq, M. Qoriyoqubov nomidagi O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Xalq cholg‘u asboblari orkestrida g‘ijjakchi-sozanda sifatida xizmat qildim. Keyinchalik esa bir necha yillar davomida O‘zbekiston radiosi va televideniesi xalq cholg‘u asboblari orkestriga dirijyorlik qildim. O‘zbekiston bastakorlari yaratgan qator kuy va qo‘shiqlarni magnit lentalariga yozdirdim, oynai jahon orqali o‘zbek kuy va qo‘shiqlarini bastakorlar ijodini etkazishda hamkorlik qildim.”
Xalq dostonlarida ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alabasi muqarrarligi kuylanadi. Baxshiga horg‘in damlarida, tushkunlik paytlarida ana shu hissiyot hamroh bo‘ldi. Har bir narsa- hodisaning mohiyatida, zamirida ulug‘ haqiqat bo‘ladi. Bu ajdod va avlodlarni bog‘lovchi ko‘rinmas halqadir. SHajara suyangan, kuylab quvongan dostonlar ota-bobolariga qanday shodlik baxsh etgan bo‘lsa, Ro‘zimbek og‘aning ham umriga ziynat, hayotiga bezak bo‘ldi. Aslida, naslida va umr faslida ezgulikka hamroh bo‘lish yozilgan ekan unday insonlardan yomonlik chiqmasligi haq. Tajribali murabbiy, fidoyi inson SHukurjon opadek umr yo‘ldoshiga ega, turli sohalarda xizmat qilayotgan to‘rtta farzandi-uchta o‘g‘il va bir qizi hamda nevaralari bilan faxrlanib yurgan Ro‘zimbek og‘a chin baxt ular bilan ekanini yaxshi his etadi.
Ayniqsa, 25 yildan beri musiqa nazariyasidan, fortopianadan yoshlarga saboq berib kelayotgan, ota kasbini tutgan qizi Diloromdan mamnun.
UYQUDAN KECHIB
Esini tanibdiki, otasi aytgan dostonlar uning fikri zikrida. Kun botgach, turli joylardan kelgan mehmonlar, dostonsevarlar Murod baxshining dostonlarini zavq-shavq bilan tinglashga jamlanishardi. Deyarlik har oqshom takrorlanadigan bu holatdan baxshi hech zerikmasdi. Hatto, toliqqan, kasalga chalingan paytlarida ham uzoq – yovuqdan kelgan mehmonlarning ra’yini qaytarmasdi. Ba’zan tong otguncha doston aytib charchamasdi. Bu Murod baxshiga zavq-shavq beribgina qolmay, balki kuch va ilhom ham baxsh etardi.
Ana shunday oqshomlarda yosh Ro‘zimbekning ham uxlamasdan, doston tinglab tong ottirishini ancha paytlargacha na otasi, na onasi sezgandi. Safargul opa “Uxla, bolam, erta yotib, erta turishni odat qil. Hali sening doston eshitishingga vaqt bor” — deb o‘g‘lining ustiga ko‘rpani tortib uni uxlatib qo‘ygan bo‘lardi. U o‘zini uxlaganga solib, butun vujudi quloqqa aylanib otasining doston aytishini maroq bilan tinglar, o‘zi ham otasiga taqlid qilib lablari pichirlab chiqardi. Otasining dam past, dam baland ohangda aytishlari, doston qahramonlarining vujudiga kirib keta olishi, san’atkorlik mahorati, o‘tkir nafas, o‘ktam ovozi yig‘ilganlarni dam yig‘latar, dam kuldirardi. Ro‘zimbek ko‘rpani boshiga tortgancha doston qahramonlari bilan xayolan so‘zlashar, ular bilan “bir jon, bir tan” bo‘lardi. Ularning ba’zilariga achinsa, ba’zilarining qilmishidan kuyunar, nafratlanardi. Dunyoda bir-biriga qarshi ikki kuchning yaxshi-yomon va oq-qoraning mavjudligi, kurashi abadiy ekani haqidagi ilk taassurotlar ham ana shu paytlardayoq, uning shuuriga jo bo‘lgandi. Hali o‘qish-yozishni puxta bilmagan Ro‘zimbek dostonlarning she’rlarini eshitish asnosida allaqachon yod olgandi. Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asarini yosh Alisher Navoiy yod olib, qushlar olami bilan sirlashgani singari, Ro‘zimbek ham otasi ijro etadigan aksariyat dostonlarning matnini yodlab olgandi. Keyinchalik, baxshi uchun quvvai hofiza nihoyatda zarur ekanini, yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan yozuv kabi o‘chmas ekanini u anglab etgan edi.
Bir oqshom dostonsevarlarning iltimosiga binoan Murod baxshi “Bozirgon” dostonini ijro etishga tutindi. Odatdagidek, Safargul opa yosh Ro‘zimbekni joyiga yotqizib uxlatishga chog‘landi. Ro‘zimbek o‘zini uxlaganga solib, boshiga ko‘rpani tortdi. Qur solib o‘tirganlar dostonni diqqat bilan tinglashardi. Voqealar, qahramonlar ularning ko‘z o‘ngidan bir-bir o‘tardi. Baxshining so‘z va sozni bog‘lab, ustalik bilan tinglovchilarni doston ichiga olib kirish mahorati shu erda ham o‘z samarasini berdi. Birozdan so‘ng qimir etmasdan jim tinglayotganlardagi hayajon achinish, kuyunish, suyunish holati “eh, oh, voy-bo‘, essiz” kabi hissiy ifodalar bilan almashindi. Ro‘zimbek dostonni tinglar, doston eshituvchilarning munosabatini ham jim yotib kuzatardi.
SHu payt baxshi Maston kampirning Go‘ro‘g‘li bilan Bozirgon orasiga nifoq solish uchun qilgan harakatlarini ayta boshlagandi. Go‘ro‘g‘li ayyor kampirning so‘ziga kirib, aldanib Bozirgonga o‘q uzadi. Bozirgon “oh” tortib yiqiladi. SHu payt Bozirgon jon talvasasida “Go‘ro‘g‘libek og‘am bordir, Oysultondek singlim qoldi” mazmunidagi g‘azalni aytib bo‘zlay boshlaydi. Go‘ro‘g‘libek dushman so‘ziga kirib aldanganini bilib, afsus-nadomatlar chekadi. Baxshi shu erga kelganida, kimdir boshini quyi qilgancha bukchayib o‘tirar, kimdir engi bilan ko‘z yoshlarini artardi. Ko‘rpa tagida yotgan Ro‘zimbek oldiniga burnini tortib piq-piq yig‘ladi. Bu holat yig‘ilganlarning diqqatini tortdi. Ko‘rpani chegirib qarashsa, Ro‘zimbekning ko‘zlari jiqqa yosh “uni nega o‘ldirishdi?”- deya battar yig‘lay boshladi. Murod baxshi doston aytishdan to‘xtadi. Hamma bir zum angrayib qoldi. Baxshi o‘shanda ilk bor o‘z farzandining izidan borishiga to‘la ishongan, baxshi bo‘lishiga bashorat bildirgandi.
Murod baxshi bir kuni o‘g‘lini chaqirib dedi: “Ro‘zimbek, o‘sha kungi holating meni ko‘p ta’sirlantirdi. Seni baxshilikka ixlosing bo‘lmasa kerak, deb o‘ylardim. San’atdan ta’sirlangan odamning qahridan ko‘ra mehri ko‘p bo‘ladi. Bugundan boshlab senga doston so‘zlarini o‘rgataman.” Itoatgo‘y farzand “mayli” deganday boshini qimirlatib, otasi yoniga kelib, tizza bukib o‘tirdi.
— “G‘arib-SHohsanam”dan boshlaymizmi? — so‘radi otasi.
— Siz nima desangiz shu,- dedi Ro‘zimbek.
Avval she’rlarini yodlaymiz, chunki, baxshining xotirasi kuchli bo‘lishi kerak, uqdingmi?
Siz nima desangiz shu? — dedi Ro‘zimbek yana.
Kattaning so‘zini eshitishing durust. YAnada aqlli bola bo‘lib qolibsanmi? Bir donishmanddan qanday qilib dono bo‘ldingiz deyishsa, “Tinglab, tinglab va yana tinglab”-deb javob bergan ekan. Kam gapirib, ko‘p tinglash odamga sharaf va yaxshilik keltiradi. SHuning uchun ham odamzotga kam so‘zlab, ko‘p eshitsin degan ma’noda bitta og‘iz, ikkita quloq bergan, parvardigorim.
Murod baxshi dostondagi ilk she’rni birinchi baytini endi aytishga ulgurgan edi, yosh Ro‘zimbek davom ettirib, to‘rt bandni bir zumda aytib qo‘ydi. Baxshi oldiniga hayron bo‘ldi. Dostonning qaysi joyidagi she’rni birinchi misrasini boshlab bersa, o‘g‘li davom ettirib ketardi. Ba’zi so‘zlarning o‘rniga boshqa so‘z qo‘shib qo‘yardi, xolos. Murod baxshi sehrlangandek, o‘g‘liga bir zum tikilib qoldi. Hech nima demadi. Birozdan so‘ng ko‘zlarida yosh qalqdi. Bu hayrat va sevinch yoshlari edi.
O‘z farzandi uyqudan kechib, bedor tunlarni o‘tkazmasa, har oqshom doston tinglamasa, she’rlarni yodlashi amri mahol ekanligini baxshi bilardi. Dostonga ixlos, bedorlik baxshilikka qo‘ygan ilk qadam ekanini fahmlagan Murod baxshi farzandiga ayricha e’tibor bilan qaray boshladi. Tor, dutor va doira chalishni ham o‘rgatishga kirishdi.
G‘ARAZ VA ARAZ
Murod baxshi “menga doston o‘rgating, soz o‘rgating”- deb shogirdlik ilinjida keluvchilarga xuddi o‘z farzandiga qaragandek mehr bilan qarardi. Qo‘lidan kelgan yordamini ayamas, beminnat maslahatlar berardi.
Dunyoda kimdir havas bilan, kimdir hasad bilan umrguzaronlik etadi. Hayotda har kimning o‘z yo‘l-yo‘rig‘i, yashashi, qarashi, kurashi bor. Qisqa qilib aytganda, “yashash falsafasi” bor. Kim nimaga baho bersa, o‘z “qalb qarichi” bilan o‘lchaydi, shu asnoda o‘zini baholaydi. Birovda tasdiq ko‘zi, yana birovda inkor ko‘zi bor. Birov yaxshilik axtarsa, birov yomonlik. Kimdir hamma narsadan ayb izlashni, kimdir esa ezgulik izlashni xush ko‘radi. Narsa-hodisaga qanday ko‘z bilan qarash muhim. Kishida ijobiy fazilatni ko‘ra olmagan odamda na tasdiq ko‘zi, na mehr ko‘zi bo‘ladi. U faqat inkor ko‘zi bilan yashab o‘tib ketadi.
SHoir aytganidek,
Inkor ko‘zi-la qaragan kishiga
YUsufning yuzi ham xunuk ko‘rinar.
Agar muhabbat-la qarasa devga,
Dev ham farishtadek suluv ko‘rinar.
Birov diliga ozor etkazish, aybsitish katta gunoh ekanini bilgan Murod baxshi hayoti silliq kechmagan. Unga yaxshiligi evaziga yomonlik ham qaytgan. SHunda ham o‘kinmagan, barini ollohga soldim deya ish tutgan. YUrsa ham, tursa ham shiori yaxshilik bo‘lgan. U bir shoirning ushbu to‘rtligini doim takrorlashni xush ko‘rgan.
YAxshilik qil, zamon yaxshilik olsin,
YAxshilik boshiga yaxshilik solsin,
Mol-dunyo sendan ham, undan ham o‘tar.
YAxshisi, dunyoda yaxshilik qolsin.
“Otam birovga biron narsa o‘rgatadigan bo‘lsalar, jon dili bilan kirishar edilar, — deydi Ro‘zimbek Murodov otasi haqida so‘zlay turib, — muhimi, birovdan tama’ qilmas, savob, xayrli ishni katta boylik deb bilar, “mulk egasi bo‘lma, ko‘ngullar egasi bo‘l”, deya ko‘p takrorlaguvchi edilar.”
Otasi unga hayotda ham, ijodda ham, ijroda ham ibrat bo‘lgani rost. Otasining ilmi amali bir umr baxshining yo‘lida mayoq bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmas..
To‘xtamurod, Oltivoy, Qadamboy, Quronboy, SHarifboy, Boltavoy, Ro‘zmat….. Bu qatorni ancha davom ettirish mumkin. Bular Murod baxshidan ta’lim olgan shogirdlar edi. Ko‘rinishi, xarakteri, layoqati bilan har bir shogird o‘ziga xos olam. Ular bilan muomala qilish, baxshichilikning past-baland so‘qmoqlarini tushuntirishning o‘zi bo‘lmaydi. SHogirdlarining ayrimlari manfaattalab bo‘lsa, ba’zilari shuhrattalab, ayrimlari esa mehrtalab edi. Baxshichilikni har xil maqsad bilan egallashni niyat qilgan bo‘lg‘usi baxshilarni bir joyga jamlab, avvaliga niyatlarini to‘g‘rilash oson kechmasligi aniq.
Murod baxshi “haqiqiy ilm va chinakam san’at xalqning boyligi, siz shunga sababchi bo‘lsangiz elning faxri, g‘ururisiz”-deb shogirdlariga ko‘p bor aytgan. SHogirdlari orasida behafsala, soz mashqiga qo‘li kelishmagan, lekin mashhur bo‘lishni niyat qilgan, shu yo‘sinda boylik orttirishni istagan bir shogird borligini sezib yurgan Murod baxshi uni yoniga chaqiradi va deydi:
-Senga eshitgan rivoyatlarimdan birini aytaman, o‘zing xulosa chiqazarsan.
“Ko‘p hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, umrini ilm-fanga, san’atga bag‘ishlagan, shu orqali urilgan, surilgan, nimagadir erishgan, peshonasi tirishgan, yuzlari burishgan, adoyi tamom bo‘lgan, hayotining so‘nggi damlaridagina ro‘shnolikka chiqqan, obro‘lik alloma yoniga uning qo‘lida bir paytlari ta’lim olgan shogirdlaridan biri kelib deydi:
-Ustoz, men sizning yo‘lingizni tanlamoqchiman. Siz singari izzat — hurmatli, obro‘li bo‘lsam, armonim yo‘q. Sizga havas qilaman. Meni o‘z yo‘lingizga boshlasangiz, ilm-fan va san’at ketidan bormoqchiman.
-Mening yo‘lim xatarli yo‘l, bo‘tam. YAxshisi, bu mashaqqatni o‘zingga ravo ko‘rmaganing bo‘lsin,- dedi ustoz.
-Men harna mushkullik bo‘lsa tayyorman, faqat sizning yo‘lingizni ixtiyor aylasam, bas.
-O‘g‘lim, sen mening bu holimga qarama. Ichim dardga to‘la. Ko‘p narsa bilsang, yashashing qiyinlashib borarkan. Bu yo‘lning yozilganidan ko‘ra, yozilmagan qonunlari ko‘p. Obdon o‘ylab ko‘r. Bu tariqatning to‘rtta bosqichi bor. CHidaming, irodang, sabr-toqating etisharmikin?
-Ayting, ustoz,-debdi shogird.
-Birinchisi-shaydoyilik. O‘z kasbingni nihoyatda sevishing, ardoqlashing lozim.
— Sevaman, tayyorman!!!
-Ikkinchisi-fidoyilik. Ilmingga, san’atga, elingga joningni ham qurbon etishga tayyor bo‘lmog‘ing zarur.
-Bunga ham tayyorman!
-SHoshma, uchinchisi bor. Bu-adoyilik.
-Mayli, bunga ham rozi bo‘larman.
-Bo‘tam, oshiqma. So‘nggisini ham eshit. To‘rtinchisi-gadoyilikdir. Bunga ham tayyormisan?
SHogird taraddudlandi, bir zum o‘ylanib turdi-da, dedi:
— Ustoz, ma’zur tutasiz, boshqa payt bir kelarman,-deb eshikka tomon yo‘naldi. SHogirdining maqsadini anglagan alloma unga dedi:
-Bolam, nima qilib boyisang boyigin. Lekin ilmni, san’atni sabab qila ko‘rma! Navoiy hazratlari ne demishlar, tingla!
Ilmnikim vositai joh etar,
O‘zini-yu xalqini gumroh etar. (“Joh” mansab, boylik demakdir.)
SHogird ustozning so‘nggi so‘zlarini eshitgisi ham kelmasdan ketib qolgan ekan. Uqdingmi?”
SHu-shu bo‘ldiyu, Murod baxshi maslahatlarini eshitgan shogird qorasini ko‘rsatmasdan ketib qolibdi. Aqlsiz do‘stdan ko‘ra, aqlli dushman yaxshi deb bejiz aytmaganlar. Noqobil shogird ham ustodga isnod keltiradi. SHogirdning ketishi bir jihatdan Murod baxshini xursand ham etdi.
Murod baxshi shogirdlari ichida yana birini xush ko‘rmasa ham, kattaroq bir kishining yuzidan o‘tolmasdan, unga ham mehrini berib saboq o‘rgatardi. Uning harakatlarida tengdoshlariga hasad borligini sezar, ularni g‘iybat qilishini bilardi. Bir necha bor tanbeh bersa ham shu odatni kanda qilmas edi. Lekin uning soz mashqini boshqa shogirdlariga qaraganda, ziyoda egallaganiga Murod baxshi tan berardi. Faqat uning tabiatidagi nuqsondan dili ranjirdi, xolos. Bir kuni o‘zini yolg‘iz chaqirib, “Bolam, araz va g‘araz, hasad va g‘iybat kishini o‘stirmaydi. Bular odamni beobro‘ qiladi, oyog‘iga tushov bo‘ladi. G‘iybatchi g‘iybat qilib semiradi, hasadgo‘y ich-etini kemiradi”- deya ko‘p bor nasihat qilgan.
SHogird dilidagi g‘araz, manmanlik endilikda ta’lim bergan ustoziga qaratilgan edi. Uzoq joylardan kelib to‘y-hashamlarga, sayil va bayramlarga ustozini olib ketishlaridan g‘ijinardi. Ustozi biladigan dostonlarni egallagan shogird to‘y-hashamlarda sherik bo‘lishni istardi. Uning xatti-harakatlaridan dili ranjigan Murod baxshi boshqa shogirdlarini hamroh qilar, unga aslo, ”yurgin”, demasdi. Ustozini ko‘rolmaslik, g‘arazgo‘ylik illati shogird dilida tobora ildiz otib borardi. Ustozining o‘zbek, turkman va qoraqalpoqlar orasidagi izzat-obro‘siga rahna solishning iloji bo‘lmasa-da, uning o‘tkir nafasi, o‘ktam ovozi yuragiga g‘ulg‘ula solardi. Noqobil shogird ularni kutib, mijja qoqmasdan o‘tirar, har xil o‘y-xayollar miyasini parmalardi. Bir kuni to‘ydan toliqib kelgan Murod baxshi o‘sha shogirdiga choy keltirib berishni iltimos qildi. SHogird zum o‘tmay ustoziga choy tutdi. Ustoz shod bo‘lib, “umring ziyoda bo‘lsin, suvdek serob bo‘lgin”,- deb duo qildi.
Ertasiga tumanda bo‘ladigan katta bir tadbirda ustoz dostonxonlikni boshlab beradigan, shogirdlar esa davom ettiradigan edi. Ular ana shu niyat bilan ertaroq turishdi. Bu mas’uliyatli tadbir Murod baxshining yuzi-ko‘zi bo‘lgan shogirdlarning chiqishi bilan respublika miqyosidagi tadbirga tayyorgarlik ham edi. Hamma bu sayilni intizorlik bilan kutardi. Tumonat odam yig‘ilgan. Hatto, markazdan, Madaniyat vazirligidan ham mehmonlar bor edi.
Murod baxshi boshidagi cho‘girmasini to‘g‘rilagan bo‘lib, jamoaga ta’zim qilib, qarsaklar sadosi ostida o‘z o‘rnini egalladi. SHogirdlari ham garmon, doira, bulamon va dutor bilan unga jo‘r bo‘lish uchun yonlaridan joy olishdi. “Xonchiqar” kuyi tarala boshladi. Hammaning yuz-ko‘zida zavq-shavq ifodasi. Murod baxshi asta dostonga o‘tdi. “Qadim o‘tgan zamonda, elu yurti omonda, Diyorbakir degan tomonda SHohabbos degan xon o‘tgan ekan. Uning bir sadoqatli Hasan otli vaziri bor ekan. Ikkalasining ayoli homilador ekan. Ikkalamiz o‘g‘il va qiz ko‘rsak, quda bo‘lamiz, deb ahdu paymon qilishibdi…..”
Murod baxshi dostonni kuylashda davom etarkan, oldingi shijoati yo‘qday edi. Qo‘shiq avjlarida lohaslik sezar, ovoz pardalarida qaltirash, pand berishni his etardi. Bo‘g‘iq xo‘rozga o‘xshash ovoz qo‘shilib ketardi. Avvaliga bu charchaganimdan bo‘lsa kerak, -deb o‘yladi. Keyin peshonasigacha ter bosdi. Tumonat odam oldida shu noqulaylikni engish uchun har qancha harakat qilsa ham eplash qiyin bo‘ldi, shekilli, uni har damda tushunadigan, jo‘rovoz bo‘lib qo‘shiladigan shogirdiga ilojsiz, iltijoli ko‘zlar bilan boqdi. Tezfahm shogird qo‘shiq aytiladigan joylarni o‘zi ijro etar, bog‘lovchi so‘zlarni esa ustoz aytardi. Ustoz shogird dostonni bir amallab nihoyasiga etkazishdi. Gulduros qarsaklar yangrasa ham, Murod baxshining ko‘ngli joyiga tushmasdi. Bu qarsaklar go‘yoki, uni so‘nggi yo‘lga kuzatayotgan olomonning uvvos solib yig‘lab, chapak chalayotganini eslatgandek bo‘lardi. SHogirdlari xushchaqchaq ustozning hech qachon bunday mungli qiyofada unsiz yig‘laganini ko‘rishmagandi. Bu holat Murod baxshini ancha cho‘ktirdi. Uch kun tuz totmasdan yotdi. YUragining bir parchasi uzilgandek edi. Mang‘itdan nomdor tabibni keltirishdi. SHogirdlari atrofida girdi kapalak, hammasini vahm bosgandi. Tabib har xil giyohlardan tayyorlangan sharbatlarni ichirib ko‘rdi. U yog‘, bu yog‘ini ko‘rib muolaja qilgan bo‘ldi. Qandaydir bir dori berib, terlab uxlashi zarurligini aytdi. SHogirdlardan biri “shamollabdilarmi?”-deb so‘radi. Tabib: “yo‘q”,- deb qo‘ya qoldi. Narsalarni yig‘ishtira turib, “ertaga natijaga qarab, javob aytaman, hech kim bezovta qilmasin, dam olishlari kerak”- dedi. Hamma mijja qoqmasdan, tong otishini sabrsizlik bilan kutdi.
Nihoyat, kutilgan «zalvorli» tong ham otdi. Tabib og‘izni ochib, tomoq va tanglayni tekshirib nimadir ichirdi-da, qayt qilishga majbur qildi. So‘ngra, “endi yaxshisi, doston aytmaganingiz ma’qul”-dedi yumshoq ohangda. SHogirdlar savol nazari bilan tabibga qarashdi. Tabib boshini chayqab dedi: “Ming afsus, ustozlaringizga surma berilgan.” Murod baxshi o‘zi gumon qilgan noqobil shogirdiga horg‘in ko‘zlarini tikdi va og‘ir xo‘rsindi. SHogird esa qilgan ishidan, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrardi. Murod baxshi esa unga hech narsa demadi.
Oradan yillar o‘tdi. Ustozda oldingiday shijoat, g‘ayrat sezilmasdi. Iltimos bo‘lgan davralardagina dostondan parchalar aytardi. SHoir haqli e’tirof etgan: YAxshiga qilsang yaxshilik, ham aytadir, ham qaytadir, YOmonga qilsang yaxshilik na aytadur, na qaytadur” Qaytadi, lekin yomonlik bo‘lib. SHunisi achinarlida!
Murod baxshi dunyodan o‘tganda, yostig‘i tagidan bir parcha qog‘ozga yozilgan arab yozuvidagi ushbu bitik chiqdi.
Ustoz qilardi hasrat,
Nasihat ham maslahat.
Uch xil shogirdni ko‘rdim,
Kelar biri qoshimga,
Biri etar yoshimga,
Noqobil chiqib biri,
SHerik bo‘lib oshimga,
Axiyri, etdi boshimga.
SHogirdlardan bironta
Ega chiqarmi loshimga?!
Gina-kudrat qilmadim,
Qarang, sabr, bardoshimga.
Otaga xos bag‘rikenglik, mehridaryolik Ro‘zimbek og‘ani ham el-yurt orasida mashhur qilgan bo‘lsa ajab emas.
EMAS OSON…
Ota-onadan etim qolgan farzand bir og‘iz shirin so‘zga ilhaq bo‘ladi. Boshqa bolalarning otam, onam deb talpinishi etimning yurak-bag‘rini ezadi, dilini o‘ksitadi. Ro‘zimbek og‘a shunday eslaydi: “YAxshi odamlar hamma zamonlarda ham bo‘lishgan. O‘shalarning ko‘magida avval, Xo‘jayli, keyin SHobboz va Qo‘ng‘irotdagi bolalar uyida tarbiyalandim. U paytlari o‘qimishli bo‘lish ko‘p narsani belgilardi. Agar boshqa bir kasb izidan ketsam, yuqori kursilarga o‘tirishim ham mumkin edi. Lekin otamning nasihatlari bir umr qulog‘imdan ketmaydi. Baxshilar xalq dilidagini kuylaydilar. Bunday odamlar hech zamonda ham xor bo‘lishmaydi. Xalq ko‘nglidagini aytgan odam har doim ardoqda, hurmatda. Baxshilikni qadrla o‘g‘lim, ko‘zimning oqu qorasi o‘zing.”
Ota o‘giti unga ilhom baxsh etdi. Har qanday qiyinchiliklarga qaramay, elga tanilishni niyat qildi. Maqsadiga etdi.
Bolalar uyida tarbiyalanayotganning aksariyati bezori bolalar edi. Bir burda non uchun har xil nomaqbul ishlarni qilishga tayyor edilar. Ular yosh Ro‘zimbekni ham avrashga, o‘g‘rilik qilishga, nasha chekishga, spirtli ichimliklar iste’mol qilishga undashardi. Unga do‘q-po‘pisa qilishar, qo‘lidagi nonini tortib olishar, hech tinch yurishlariga qo‘yishmasdi. U bezori bolalarning sitamlariga chidar, ularning qilmishlarini tarbiyachilarga aytishni chaqimchilik deb bilardi. Bir-ikki kun och qolsa ham tishini tishiga qo‘yib ochiqqan holda jim yurardi. Uni boshqalarga, xususan tarbiyachilarga yomon ko‘rsatish uchun o‘g‘irlangan narsalarni Ro‘zimbekning yostig‘i ostiga qo‘yib qo‘yishardi. U bezori bolalarning bunday ta’na-dashnomlariga, xo‘rlashlariga bardosh berdi. Otasining bergan nasihatlari doimo yodida, unga bergan va’dasiga xiyonat qilishni ep ko‘rmasdi.
Ro‘zimbek og‘a o‘sha damlarni eslab, deydi: “Bezori bolalar o‘z domiga tortishi hech gap emas edi. Meni soz, ya’ni skripka, tor va dutor chalishim ulardan uzoqlashtirdi. Soz ohanglarida otamning nafasini his etardim. Otam ruhi menga hamroh edi. Go‘yo uning qo‘llari qo‘limga, ko‘zlari ko‘zimga, ovozi ovozimga, nasihatlari yuragimga ko‘chgan edi. Tarbiyachilar musiqiy asboblarni yaxshi chalishimni bilgach, ular menga alohida e’tibor bilan qarasha boshladi. To‘garaklarda bolalarga soz chalishni, qo‘shiq aytishni o‘rgatishni menga yuklashdi. SHu asnoda, ular mendan ko‘z-quloq bo‘lib turishar va mehr bilan qarashardi. Nimaga erishgan bo‘lsam, balo-qazolardan omon qolgan bo‘lsam, bariga soz orqali erishganman, u mening bir umrlik ovunchog‘im, hamrozim desam mubolag‘a bo‘lmas. CHunki, soz ushlagan kishining niyati xayrlik, chunki kasbi nuqtai nazaridan u xursandchilik kuningizda sherik bo‘ladi.”
Iroda qat’iyligi, e’tiqoddagi sobitlik Ro‘zimbek og‘ani ulug‘ va qutlug‘ maqsadlarga etaklardi.
YILLAR VA YO‘LLAR
1947 yil. CHorjo‘y – Qo‘ng‘irot temir yo‘lini qurish ishlari jadallik bilan bormoqda. Barcha kuch shunga safarbar qilingan. YUragida o‘ti, bilagida kuchi bor deganlarning aksariyati eng shimarib temir yo‘l qurilishida kamarbasta edi. YOsh Ro‘zimbekka uch-to‘rtta echkini boqish vazifasi yuklangandi. U temir yo‘l qurilishidagi ishchilar tushlikka chiqqanlarida, dam olish paytlarida dostonlardan parchalar kuylab ularni xursand qilardi. Ular hordiq chiqazib ishga otlanganda, u ham echkilarni o‘tlatishga olib ketardi. U ba’zan keng yastanib yotgan cho‘l uzra tortilgan temir yo‘llarga soatlab tikilib o‘tirardi. Yo‘llar manzillarni manzillarga bog‘laydi. Inson umr yo‘llarida esa murakkabliklar mavjud. Temir yo‘l uzoq manzillarga tortilgan. SHaharlarni bir-biriga tutashtiradi. Ba’zida inson qalbini bir-biriga bog‘lash oson emas. Ularning bir-birini anglamasligi, aniqrog‘i, anglashga intilmasligi ajabtovur. Inson hayoti davomida tekis, ravon yo‘llardan ko‘ra, ko‘proq o‘nqir-cho‘nqirlardan o‘tib, so‘qmoqlardan yurishiga to‘g‘ri keladi. Inson umrini dovonlar osha ilgarilanma harakatga qiyos qilgan Ro‘zimbek og‘a ko‘pincha Furqat Nasrulloning ushbu bitiklarini bot-bot o‘qib turardi.
Inson o‘tib borar, uzundir yo‘llar,
Gohida qoqilar, goh taqdir qo‘llar.
Ortinga razm sol, fikr qil, inson,
Sendan nima qoldi, bog‘larmi, cho‘llar?
Ana shunday o‘y –xayollar, otasidan eshitgan dostonlardagi qahramonlarning hayoti haqida mulohazalarga chorlardi uni.
“G‘arib va SHohsanam” dostonidan qattiq ta’sirlangan Ro‘zimbek bir kuni o‘zini G‘aribsifat his etib, cho‘lga chiqib ketadi. So‘ng horib charchab, yontoq tagida uxlab qoladi. Qum to‘zonlari uni ko‘mib tashlagan edi. Qazuvchilar qum barxanlaridan o‘tib ketishayotganida, qum ostidan chiqib yotgan to‘nning bariga ulardan birining ko‘zi tushadi. “Hoy, buyona galinglar, birovni go‘mib getibdilar.”- deya chorlaydi. Qum tagidan zo‘rg‘a tortib olishadi. Qarashsa, Ro‘zimbek yuzlari qum aralash muzlagan kuyi dong qotib yotardi. YAxlagan yuz–qo‘llarini uqalab bir amallab o‘ziga keltirishadi. Uyg‘otishganida alahsirab, “G‘arib-SHohsanamni topmadingizlarmi?” dermish. Hamma birdaniga kulib yuboribdi. Hazilkash qazuvchilardan biri esa, “Yo‘q, hozircha G‘aribni topdik, SHohsanamni izlayapmiz”- deb hammani yana kuldiribdi.
Eti uvushayotgan Ro‘zimbekning lablari pichirlardi:
Musofirman bo‘ldim G‘arib,
Mizg‘ib qoldim, charchab, horib,
Qum ostida qolib ketdim,
G‘aribni axtarib borib.
SHu payt bobosi ko‘p bor takrorlaguvchi Qul xoja Ahmad YAssaviyning “G‘ariblig‘da G‘arib bo‘lgan g‘ariblar, G‘ariblar holini bilg‘on g‘ariblar- degan misralari yodiga tushdi.
Keyinchalik, bu holatdan ta’sirlangan ma’naviyat fidoyisi, shoir Safo Ochil baxshiga shunday bag‘ishlov qilgandi.
Bepoyon sahroda, qumning ostida,
CHoponning bir cheti turar ko‘rinib,
Xo‘rsinib-xo‘rsinib, kimdir daf’atan,
YOtar o‘zi bilan o‘zi urinib.
Sahro kuylar sanam ishqida chekkan,
Bechora G‘aribning nochor dardini.
Ko‘k uzra bulutlar qovog‘in uygan,
Namoyish qilganday zamon gardini.
Qum ostida yotgan kim bo‘ldi, kim u,
Qanday kuyga tushdi inson bolasi?
Ozor berar, uni ezg‘ilab qayg‘u,
Saksovulni yalar o‘tli nolasi.
Qum ostidan uni olishdi shu tob,
Tirik ekan bul zot, qandayin yaxshi!
SHu-shu bo‘ldi G‘arib, Sanamni yodlab,
Kuylab yurar bizning Ro‘zimbek baxshi!
Yil va yo‘l. Bu ikkala tushunchaning bog‘liqlik nuqtalari ko‘p. Insonning har bir yoshi, yili yangi yo‘lga qadam demakdir. Yilning fasllari, oy va kunlari bor. Issiq va sovuq, bulutli, yomg‘irli, qorli… Insonning umr yo‘lida ham ana shunday “iqlim” hamroh. U bir kun shod, bir kun g‘amgin. Biriga bardosh beradi, biriga sabr toqati etmaydi. Bir kun suyunadi, bir kun kuyunadi va hokazo. Ro‘zimbek og‘aga dostondagi nazm va nasr doimiy qurol bo‘ldi. U bilan so‘zladi, u bilan bo‘zladi, bilan davra tuzdi, u bilan do‘st orttirdi, muxlis ko‘paytirdi. SHu asnoda el ishonchining qozondi.
SHoir SHuhratning ushbu misralarini shu o‘rinda ilova qilgim keldi.
Nasru nazm ikki ko‘zim, Ikkisiga bir yurak,
Temir yo‘ldek qo‘sha izim, Parovozi men o‘zim.
Uzoq yillar Xorazm dostonchilik maktabini tortib yurishga qudrati, g‘ayrati bor hali Ro‘zimbek og‘aning.
MINNATDORLIK
Ro‘zimbek og‘a hamon odimlamoqda… Xayollar girdobiga sho‘ng‘iydi. Kim ediku kim bo‘ldik? O‘z ishidan, umridan mamnun. Ba’zan beg‘araz, beminnat yordam qo‘lini cho‘zgan insonlar oldidagi qarzini uza olmaganidan afsuslanardi, xolos. Qaniydi, ular tirik bo‘lsa, xuddi shu damlarda unga sherik bo‘lsa…
— 1948 yili Toshkentga kelishimga ikkita sabab bo‘ldi. Biri san’atni va san’atkorni qadrlaydigan iqtidorli shoir va dramaturg Sulton Akbariy bo‘lsa, ikkinchisi dutor va mandalina chalishda Qoraqalpog‘iston bo‘yicha e’tiborli o‘rin va sovringa ega bo‘lishim edi. Respublika miqyosida o‘tkaziladigan musiqiy ijro bo‘yicha olimpiadaga tayyorgarlik jarayonlari ketayotgan paytlar edi. Hamma viloyatlardan, jumladan, musiqa san’atiga layoqati kuchli bo‘lgan yoshlarni poytaxtga jalb etish boshlangandi. Qoraqalpog‘iston yoshlari bo‘yicha mutasaddilik qilgan Sulton Akbariy Nukus, Qo‘ng‘irot va Xo‘jayli yoshlari orasida soz chalish uquviga ega, muhimi, sozni yaxshi ko‘radigani shu ekan deb meni samolyotda Toshkentga olib kelgan. Samolyotdan tushganimda, mening isitmam baland edi. Bolalar seni qoldirishlari mumkin, deb termometrni silkib-silkib 36 gradusga keltirib qo‘yishardi. Qo‘ltig‘imga tiqqan zahoti yana 39 gradusga chiqib ketardi. Haroratim balandligidan xabar topishgach, meni Taxtapuldagi kasalxonaga olib borishdi. Dori-darmon berib. ukol qilishdi. Ularni topishim kerak degan o‘y bilan o‘rnimdan turib,, ularga sezdirmasdan tramvayga chiqdim. Tramvay oldingi Turkman bozoriga olib bordi. Tushib bozor atrofini aylandim. YAqin oradagi raykomsomol idorasiga boshlab borishdi. Komsomol biletimni ko‘rsatib maqsadimni anglatgach, ular SHahar pionerlar saroyiga kuzatib qo‘yishdi. Etib borsam, hamroh bo‘lib kelgan bolalar hammasi o‘sha erda ekan. Birdan isitmam ham tushib ketdi. Ularni topganimdan quvonib ketdim.
Sulton Akbariy beminnat yordamlar ko‘rsatgan, olijanob fazilatlarga ega inson edilar rahmatlik. U menga o‘z farzandlaridek mehr bilan qarardi. (Ularning yagona o‘g‘illari bo‘lib yoshligida qazo qilgan ekan.) Ularning uyida turganimda, ayollari hazillashib meni “Xo‘rozvoy”-deb chaqirardilar. Uy yumushlariga yordam berib yurardim, bo‘sh qoldim degancha, soz mashqini qilardim. Toshkent shevasiga, ayrim so‘zlarga oldiniga tushunmasdan qiynaldim. Kulgili holatlarga ham tushganman. Ulardan biri shunday. Ko‘proq xorazmcha shevada gaplashganimiz uchun adabiy tilni ham unchalik bilmasligimni sezdim. Sulton akaning ayollari meni chorlab pul berdig‘da, -Xo‘rozvoy, pamildori olib kelgin, dedi. Men, xo‘p, dedimda ko‘chaga otlandim. Oldiniga pamildori nima ekan deb taajjubga tushdim. Hoynahoy qandaydir dori bo‘lsa kerak deb o‘yladim-da, dorixonaga yo‘naldim. Oq xalatda turgan bir juvondan so‘radim.
-Sizda pamildori bormi?
-Tushunmadim, qanaqa dori deding?
-Pamildori, dedim taajjublanib.
-Unaqasi bu erda bo‘lmaydi, men bilan hazillashayapsan, shekilli?
-Hazillashayotganim yo‘q, pamildoringiz bo‘lsa baringda, nishatasiz mani qiynab, dedim cho‘rt kesib.
U shevamdan shaharlik emasligimni bildi-da, jilmaygan kuyi yumshoq ohangda “Pamildori bu pomidor degani, uka. Uni bozordan, oziq-ovqat do‘konlaridan sotib olasan”, dedi yotig‘i bilan tushuntirib. Men qizarib ketdim. Oziq-ovqat degan yozuvli do‘konni izlay boshladim.
Bir payt ne ko‘z bilan ko‘rayki, bir do‘kon peshtog‘iga “Oziq-ovqat mollari” deb yozib qo‘yilgan ekan. Xorazmda mol deganda, sigir tushuniladi. Men yana qovun tushirib qo‘ymay deganday xavotir bilan magazin derazasidan ichkariga nazar tashladim. Hech qanday sigirga ko‘zim tushmagach, xotirjam bo‘lib ichkariga kirdim va pomidor xarid qilib uyga qaytdim. Bo‘lgan gapni aytib bersam, Sulton aka va ayoli rosa miriqib kulishdi.
Sulton aka uyiga kelganlarida negadir xomush bo‘lib qolardilar. Dardini hammaga doston etishni xush ko‘rmaydigan, hamma narsani ichiga yutib yuradigan odatlari bor edi. Bir kuni hazin bir kuyni chalishimni so‘rab, xonamga kirdilar. Ranglari siniqqan, yuzlari oqargan, horg‘in kayfiyatda edi. Kuyni ko‘zlarini yumgancha, berilib tinglardilar. Qoshlarining chimirilishi, onda sonda qoshlari orasidagi ajinlarning quyuqlashib ketishi ko‘proq dardmand odamni eslatardi. Kuy nihoyasiga etgach, lablari pichirladi:
Hayot bu aslida borliq, tiriklik,
G‘am hamda shodlikka bo‘lgan sheriklik.
YOringning dardiga malham bo‘lmasang,
Aytilarmi, bunday hayot keraklik?
U xo‘rsindi, bir “uh” tortib qo‘ydi. Uning xo‘rsinishida negadir ilojsizlik holati sezilib turardi. Unga monand tarzda men ham ushbu misralarni xirgoyi qilgan bo‘ldim. “Hayot bir daryodur, to‘lqini bordur, Unga bardosh, sabru toqat darkordur”.
U ko‘zini ochdi va dedi: Daryo to‘lqiniki, doimiy mavjkor…
Unga shu onda hamroz bo‘ldimmi, yuragini ocha boshladi. Suqrot degan o‘tgan YUnon tomonda, eshitganmisan? – so‘radi mendan.
-Ha, donishmand, faylasuf bo‘lgan,- dedim unga savolomiz boqib… U davom etdi.
-O‘sha shunday yozganlar. “Ayoling yaxshi bo‘lsa, senga kuf-suf, YOmon bo‘lsa, bo‘larsan faylasuf”.
Men ham qo‘shildim, uni Xorazmda boshqachasi bor.
-Xo‘sh, xo‘sh, dedi qiziqsinib. Xotining yaxshi bo‘lsa xudoy bergani, yomon bo‘lsa xudoy urgani. U miriqib kuldi, so‘ng davom etdi. -Ayoli Ksantippaning “g‘idi-bidi”laridan bezor bo‘lgan Suqrot bir kuni dili xufton bo‘lib, janjaldan bezib, xomush holda uyidan chiqib ketayotsa, ittifoqo, biron aybi sabab daraxtga belidan bog‘lab qo‘yilgan ayolning jasadiga ko‘zi tushib shunday degan: «Ey tangrim, qaniydi, hamma daraxtlar ham shunday hosil bersa?!»
Kulishdik. YAna davom etdi. -SHarqda ham bir donishmandga shu masalada oson bo‘lmagan ekan. U shunday yozgan:
Odam dar behisht yoft nuqson az zan,
Vayron sho‘dani taxti Sulaymon az zan,
YUsuf dar baloyi chohi zindon az zan,
Simurg‘ki, dar Ko‘hiqof nolon az zan.
Angladingmi, o‘tmishda uchta payg‘ambarning falokatu halokatiga ayol sababchi bo‘lgan ekan. Odam alayhissalomga Hovva onamiz, Sulaymon payg‘ambarga Bilqis, YUsuf payg‘ambarga Zulayho.
-Nega eslayapsiz, ularni, -dedim. Sulton aka shunchaki, aytdim, qo‘ydim-da, -deb qo‘ya qoldi. Keyin bilsam, Sulton aka O‘zbekiston madhiyasini yozishga kirishgan, unga “Sallamno” deb nom qo‘ygan, lekin afsus u tasdiqdan o‘tmagan ekan.
Sulton aka menga ijodiy imkoniyatlar yaratib bergan, og‘ir damlarda qo‘llagan, yo‘llagan bebaho inson edilar. Ruhlari shod bo‘lsin.
Toshkentga kelib ikkinchi bir uchratgan olijanob inson, yozuvchi, shoir Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek edi.
Ulug‘ kishining o‘zi ham, so‘zi ham qutlug‘ bo‘ladi, deganlari rost. Atoqli yozuvchi Oybek bilan uchrashuvim, qo‘shni bo‘lib turganim, hikmatomiz suhbatlaridan bahramand bo‘lganim hech yodimdan chiqmaydi. Oybek umrining oxirgi paytlarida qattiq kasallikka chalingan bo‘lib, duduqlanib gapirardi. Juda qisqa, dekin donishmandona so‘zlardi. Ayrim so‘zlarni anglash qiyin bo‘lib qolsa, ayollari Zarifa opa nima deyayotganlarini lab qimirlashlaridanoq anglab, aytib berardilar. Ayniqsa, Zarifa opaning Oybekka bo‘lgan mehrlari ziyoda edi. Ko‘ngli tusagan narsani muhayyo qilar, yonlarida andarmon bo‘lardilar. Bir kuni Oybek “Sozchi yigitni chaqiring”,- deb Zarifa opa orqali meni yo‘qlatibdilar. Borsam, doston kuylaridan chalib berishimni aytdilar. Men dostonlar so‘zi va kuylaridan ijro qildim. So‘ng yana bir iltimosim bor, dedi. Men quloq tutgan bo‘ldim.
— O‘g‘limga skripka chalishni o‘rgating, dedi siniqqan ovozda. Men “jonim bilan”- dedim. Oybekning ko‘zlarida yosh qalqdi. Kasallik to‘shakka bog‘lab qo‘ymaganida, u ko‘p xayrli ishlarni amalga oshirishini, ushalmagan orzu-armonlari borligini nigohlaridan anglab olish qiyin emas edi. Ana shunday holda ham Zarifa opaning ko‘magida qanchadan qancha roman va she’riy asarlar bitdiki, aql lol qoladi. Mubolag‘asiz aytishim mumkinki, u kishidagi iroda, sabot va matonatni men hech kimda ko‘rmaganman. Oybek va Zarifa opaga qarab turib, bir-birlariga bog‘langan ikkala insonning mehri, muruvvati haqida asarlar yaratilsa ekan derdim. Ba’zan baxshi bo‘lib doston yaratmaganimga afsuslanaman.
Har bir insonda iste’dod uchqunlari bor. Uni o‘zi sezmaydi, sezsa ham vaziyatni bahona qilib alangalatmaydi, yondirmaydi degan donishmandlardan biri. Oybek aka betob bo‘lishiga qaramasdan, yozuvchi sifatida nimadir qoldirish kerakligini anglab tinimsiz mehnat qilar, zahmat chekardi. YOzuvchining yozishi, yonishi, san’atkorning xonishi bilan uyg‘un bo‘lishini xush ko‘rardilar. Doston kuylari va qo‘shiqlarini tinglash joni dili edi. Oybek yozuv-chizuvdan charchasa, yoki mehmonlar, yoru birodarlari keladigan bo‘lsa, albatta meni chaqirtirib mehmonlarga skripkada kuy chalib berishimni iltimos qilardi. Skripkaning g‘ilofi oddiy panerdan yasalgan va qizil rangga bo‘yalgan edi. Hozirgidek dermanten qoplatish qayoqda deysiz. Tramvayda ham, ko‘cha kuyda ham uni qo‘ltiqlagancha yurardim, ishga borib kelardim. Deyarlik kunora Oybekning uyiga borib turishimni, yozuvchiga qo‘shni yashashimni bilgan hamqishloqlarim “Oybekning o‘g‘liga aylanibdi, kuyovi bo‘libdi” degan mish-mishlar ham tarqalibdi. Qishloqqa borganimda shundan xabar topdim.
Bir kuni Oybekning o‘zi men bilan bog‘liq bir voqeani aytib berdi. Oybek o‘smoqchilab gap boshladi. “Kelinning nasl-nasabini, kuyovning kasb-korini so‘rash ular balog‘atga etgandan keyin boshlanardi. Seni kuyov qilmoqchi bo‘lganlar chiqayapti. O‘tgan kuni yaxshi yigitmi deb sen bilan qiziqsinib ketishdi. Men baxshi yigit, yigitlarning naqshi yigit, demak, albatta yaxshi yigitda, dedim. YAxshi bilan, baxshi bilan yursang etarsan murodga, deb maqtab yubordim. U yoq, bu yog‘ingga qarab yur, muxlislaring xaridoringga aylandi, tag‘in meni uyaltirib qo‘yma” dedi hazilomuz ohangda. Men Oybek singari ulug‘ yozuvchi bilan suhbatlashganimdan, u kishining e’tiboriga tushganimdan hanuz faxrlanib yuraman.
MALHAM
Baxshi haqida kitobchani tayyorlashga kirisharkanman, bu xayrli ishga turtki bo‘lgan yana bir voqea haqida gapirmasam bo‘lmas, ko‘nglim ham to‘lmas.
Buvim-Roziyajon Masharif qizining ko‘zlari nobino edi. Ular tug‘ma ko‘zi ojiz emas edilar. Buning tarixi uzoq. Ular urushga ketgan bolasini umrining eng so‘nggi damlarigacha kutib yashadi. “Balog‘at yoshiga etmagan bolamni yoshini katta qilib ko‘rsatib o‘zlarining bolalarini o‘rniga urushga jo‘natishdi. Arzimni kimga aytay”, deb nolai zor qilardilar. Yig‘idan, ko‘z yoshining yo‘qolishidan shunday holga kelgan deyishganmish shifokorlar. Ulardan nolinib, bir ko‘zim ko‘rar edi, uni davolash uchun buni ham operatsiya qilishimiz kerak, deb ikkala ko‘zimni ham nobino qilib qo‘ydilar, deganlarini ko‘p bor eshitganman.
Umid umrni uzaytiradi degan gap behuda aytilmagan ekan. To‘qson yoshlarida, dunyodan ko‘z yumayotganda ham, o‘g‘lini eslab “Nuridiydam, bolam Xolmurod kelmadimi?”- deya jon berganlari hamon yodimda. O‘g‘lining bedarak yo‘qolgani haqidagi shumxabar uni umri mobaynida qiynoqqa solib keldi. Qirq besh yil yorug‘ dunyoni ko‘rmaslik, o‘zi yashagan uy, bog‘u rog‘larni, farzand va nevaralar, qarindosh-urug‘lari diydorini yana bir ko‘rarmikanman, degan ilinj bilan yashash mashaqqatini his etish mumkin, xolos. Ba’zan bu iztiroblarga tog‘u toshlargina bardosh beroladi- deb o‘ylayman buvimning ko‘zlaridagi yoshlarini ko‘rib. Yig‘lay-yig‘lay ko‘zlari ojiz bo‘lib, tamomila ko‘rmay qolgan buvimga oson bo‘lmaganini bilganlar biladi. Dardni chekkan tabib, ondin davosini so‘rang. Bejiz aytilmagan bu gap. Uning g‘amiga malham bo‘ladigan ikkala qizidan boshqa farzandi yo‘q edi. Buvim bir kuni menga dedi: Masharifning umri uzoq bo‘lgay, dizi oxtiq sevgay ko‘p xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lib yuradi. Masharif aka kolxoz radiouzelida ishlar, hammani simyog‘ochga o‘rnatilgan radiokarnay orqali taraladigan dil tortar navolar bilan uyg‘otardi. Subhidam Ro‘zimbek Murodov ijrosidagi “Oshiq G‘arib va SHohsanam” dostonini qo‘yardi. Dostonning ta’sirli ijrosi har bir radiotinglovchini o‘ziga rom etmasdan qo‘ymasdi. Men ham buvim bilan birgalikda erta uyg‘onardim. Doston voqealari, qahramonlari barchasi ko‘z o‘ngimdan bir-bir o‘tardi. Buvim esa dostonning ayrim joylarini ko‘z yoshi qilib eshitardi. Ena, yig‘layapsizmi, desam, -yuragim bardosh bermaydi bolam, deb qo‘yardi. Aslida dostondagi G‘aribning onasi bilan uning qismati orasida uyqashlik bor edi. Bolasidan ayro tushgan onaning ayanchli taqdirini tasavvur etish qiyin emasdi. Ona-bolaning diydorlashuv jarayonlaridagi suhbatlari unga malham bo‘lardi. Xuddi o‘zlari ham uzoq muddatli ayroliqdan so‘ng o‘z farzandini bag‘riga bosgandek bo‘lardi. Maktabdan qaytganimda buvimga sezdirmasdan, uyga kirib kelardim. Bunday holda ular odatda uxlayotgan bo‘lardilar. YOnlariga yaqinlashsam, kimdir kelganini sezganday quloq tutib turardilar. So‘ng boshlarini yostiqqa qo‘ygan kezi pinakka ketardilar. Ba’zi paytlarda esa G‘aribning onasi tilidan aytiladigan qo‘shiqlarni xirgoyi qilayotganlarini ko‘p kuzatganman. Hatto, ushbu qo‘shiq menga ham yod bo‘lib ketgandi.
Uzoq eldan kelgan aziz, mehmonim,
O‘g‘limga o‘xshaydi ovozing sening,
Tez xabarin bergil chiqmasdan burun,
Bolamga o‘xshaydi ovozing sening.
Bir bolam ketibdur, holim ketibdur,
Davlatim ketibdur,borim ketibdur.
G‘aribjonim mening o‘g‘lim ketibdur,
O‘g‘limga o‘xshaydi ovozing sening.
Buvimning xotirasi nihoyatda kuchli ekaniga o‘shanda amin bo‘lganman. Dostonchining ta’sirida u allaqachon G‘aribning onasi qiyofasiga aylangandilar. Go‘yo G‘arib va SHohsanamni “murodu maqsadiga etkazgan” baxshi uning o‘g‘li haqida ham xushxabar beradigandek edi. YOshi to‘qsonlarga yaqinlashgan buvimning mungli, kirtaygan ko‘zlariga tikilaman. Unda sabotni, umidni, o‘g‘liga talpingan qalbning entikishini tuyaman. Ular ko‘pincha, ushbu misralarni xirgoyi qilgancha, uyquga ketardilar. “Ko‘zim yo‘q yuzing ko‘rmakka, Majolim yo‘qdur yurmakka, Qarorim bo‘lmas so‘rmoqqa, Nolishing o‘g‘lima mangzar, Kelishing bolama mangzar…” “YO jabbor, yo sattor, sizda karomat dildor, Bandalaringiz ko‘zi uyquga ketganda, kelgan baloni qaytar. Kuf-suf. YOtgaymiz imon bilan, turgaymiz azon bilan”.
Hanuzgacha ushbu dostonni tinglasam, buvim ko‘z oldimga kelaveradi. U menga “bedarak ketgan bolam kelsa, yonimga olib bor, kutayapman”, degandek bo‘laveradi.
O‘ziga xos ijro uslubi, mahorati bilan dostonni maromiga etkazib ijro etgan baxshining qudratiga ich-ichdan tan beraman. “So‘zda sehr, she’rda hikmat bor” degan hadisi sharif huda-behuda aytilmaganligiga amin bo‘lasiz.
Buvim singari farzandi firoqida iztiroblar tortgan yuzlab onalarning faryodi qulog‘im ostida jaranglagandek bo‘ladi. O‘z sozi va so‘zi bilan ezilgan dillarga taskin, qalblarga malham bo‘lgan Ro‘zimbek og‘aga mehrimiz oshib, onalarning jigarbandlari bilan oralariga ayroliq solgan urush va qirg‘inbarot harakatlarga nafrat va qahrimiz kuchayadi.
DOSTONLARIM-BO‘STONLARIM…
YAratgan har kimga nimadandir rizq-ro‘z beradi. Har kimning kasbi, hunari uni undiradi. SHuning uchun ham “kasbingdan kamol top”- deyishadi. Kimdir toparman, kimdir tutarman bo‘lib yashaydi hayotda. Tirikchilikni bois qilib kasb-hunarini boshqa bir moylirog‘iga almashtiradiganlar qancha. E’tiqodda sobit, o‘z kasbiga sadoqatlilar har qanday sharoitda ham o‘z sevgan mashg‘ulotini tark etmaydilar. Boshqa yumush qo‘lidan kelgan taqdirda ham uni o‘ziga ep ko‘rmaydilar. Xalq dostonlarini ko‘ngil bo‘stoni deya bilgan Ro‘zimbek og‘aning zavq-shavqi, umr mazmuni baxshichilik bilan bog‘langan. Buning boisi nimada ekan degan savolga javob bor. Javob u kuylagan dostonlarda. Uning ijodiy barnomasidagi turli mavzudagi dostonlar tahliliga bir nazar tashlasangiz, ana shunga amin bo‘lasiz.
BO‘LMASA ISHQ IKKI JAHON BO‘LMASUN…
Kundalik hayotimizda sevgi, muhabbat, ishq tushunchalariga ko‘p bor qo‘llaymiz. Nazarimizda, bu tushunchalarning qadri pasayib ketayotgandek. Endi “uning qadri ham avvalgilarga o‘xshamas”, desa shoir fikriga qo‘shilgingiz keladi.
O‘tmish bitiklarda kuylangan Zariadr va Odatida, Farhod va SHirin, Layli va Majnun, Romeo va Juletta, Otabek va Kumushlar sevgisi afsonaga aylangan haqiqat ekanini bilamiz.
Oshiq G‘arib va SHohsanamlarning sevgisi qanchadan-qancha avlodlarga ibrat bo‘lib kelgani haq. Ne-ne yigitlar o‘zini G‘aribga, qizlar esa SHohsanamga qiyos qilib nomalar bitishgan. Ular muhabbatidek sevgini niyat qilishgan. Davrlar almashinishi bilan bu tushunchalar o‘zgacha libosga burkandi.
Oshiq G‘arib, SHohsanam,
Bo‘ldi dillarga malham,
Uni kuylab baxshilar,
El ichinda yaxshilar,
Elni qilganlar xurram,
Ketkazib qayg‘u alam.
“Oshiq G‘arib va SHohsanam” dostoni sof muhabbatga, ezgulikka yo‘g‘rilgan dostondir. Oshiqona hissiyot ustuvor unda.
Uni chin ma’noda ishqnoma deyish mumkin. Alisher Navoiy hazratlarining “Bo‘lmasa ishq ikki jahon bo‘lmasun, ikki jahon demaki jon bo‘lmasun”, degan fikrlarida insonlararo sevgi- muhabbat oliy cho‘qqisi — yaratganga bo‘lgan ishqqa aylanmasa, u o‘tkinchilikka yuz tutadi. Aks holda, olam va odamning mohiyati ham yo‘q. Riyozat, mashaqqat chekmaguncha haqiqat visoliga etib bo‘lmas. Sof muhabbat manzili ham haqiqat manziliga yaqin. Unga tirik etganlar va o‘lim bilan etganlar ham bor.
Bu doston sevishgan ikki qalbning iztiroblari hosilasi, murodlari tantanasi. Ushbu doston syujeti sayyor xarakterga ega. U o‘zbek xalqi orasida qay darajada mashhur bo‘lgan bo‘lsa, turkman, qoraqalpoq va ozarbayjon xalqlari o‘rtasida ham ana shunday qiymatga ega. Tabiiyki, muayyan bir doston qancha variant va versiyalariga ega bo‘lsa, u mavzu, shakl jihatidan xalqlarni yaqinlashtiradi yoxud ularning dunyoqarashi orasidagi mushtaraklikni bildiradi. Xalqlardan xalqlarga ko‘chib o‘z umrini qaysi elda, qaysi tilda bo‘lsa-da, kechirayotgan ekan, unda qandaydir hikmat bor.
“Oshiq G‘arib va SHohsanam” dostoni zamirida ikki qalbning bir-biriga bo‘lgan otashin muhabbbati yotadi. Ular orasidagi sof sevgining har qanday qiyinchiliklarni engib o‘tishi, oxir oqibatdagi g‘alabasi tarannum etiladi. Umidbaxsh, murodbaxsh xalq ideali boshqacha ham bo‘lishi mumkin emas.
Dostonning nomlanishidayoq, asar syujetiga ishora bor. Hasan vazirning o‘g‘li G‘arib deb nomlanadi. G‘arib yuqori tabaqali kishining farzandi. Lekin uning aynan shunday deyilishiga bois dostonda u xuddi nomi aks ettirgani kabi voqea-hodisotlarni g‘ariblikda boshidan kechiradi. Demak, ismi jismiga monandlik ma’nosi xalq dahosining muhim xususiyatlaridan biridir. Otasining o‘limi uning xor-zor bo‘lishiga, boshini olib o‘zga yurtlarga ketishiga sabab bo‘ladi. O‘z so‘zi, o‘z martabasiga ega bo‘lgan Hasan vazirning o‘limidan so‘ng uning oilasiga e’tibor avvalgidek bo‘lmaydi. Tirikligida soyasiga salom berib yurganlar o‘tgandan so‘ng, uning oilasidan xabar ham olishmaydi, balki ta’na-dashnomlar qilishadi. Bu bilan xalq ulug‘ bir haqiqatni inson uchun o‘tkinchilikka yuz tutadigan narsa bu amal va boylik ekanini uqtirmoqchi bo‘ladi. Dunyo omonat, lekin unda g‘animat bo‘lguvchi narsalarni eslatish orqali odamzotning foniy va boqiy narsalarni bir-biridan ajratolmasligi ojizligi ekani aytiladi.
Adashmasam, yozuvchi Tohir Malikda o‘qigandim shunga o‘xshash parchani. Mening uyim, mening mulkim, mening xazinam demang, ularning hech biri sizniki emas, sizga sodiq emas. Uni orqalab ketolmaysizku. Qo‘ling ochiq kelmish, ketgung shu holat. Hatto, mening qo‘lim, mening ko‘zim, mening burnim, mening qulog‘im, mening og‘zim, mening oyog‘im deyishga ham haqqingiz yo‘q. U ham sizniki emas. Uning haqiqiy egalari lahad qurtlaridir. Unday bo‘lsa biz nimaga keldigu, nimaga ketamiz? Bizga bog‘liq hech narsa yo‘q ekanda?! Bor. Sizni bu dunyoda ham, u dunyoda ham asraydigan narsa bor. Bu iymondir.
Hasan vazirning vafotidan so‘ng, farzandlariga etim tamg‘asi bosiladi, yurtdan haydab chiqariladi. Musofirchilik, g‘ariblik asarning bosh qahramonlaridan birini ne kuylarga solmaganini dostonni eshitish yoki o‘qish orqali bilib olasiz.
SHohsanam ismi esa aslzodalardan ekaniga ishorat bor. Lekin shoir tili bilan aytganda, sevgi shunday kuchki, u shohni ham gado qilur deganlaridek, G‘aribga ruhan bog‘langan. U SHohvaladni rad etadi. Vafo, sadoqatning ramziga aylanadi. Ikkala qahramonning bir-biriga bo‘lgan talpinishi orqali nasl-nasab, chegara, makin-makon bilmas muhabbatning mohiyatini ifodalashga qaratilgani, xalq zakosida sof sevgini tarannum etilgani aniq.
Dostonning bosh qahramonlari dono xalqning o‘zligi, orzu-umidlari, maqsad — intilishlarining ifodasi sifatida harakatlanadi. Uni o‘tga ham, cho‘g‘ga ham, suvga ham solib oladi. Omon saqlaydi. Muhabbatga sadoqat haqiqatga erishish yo‘lidagi muhim dovon. Ishqiy dostonlarda ana shu liniya qizil ip bo‘lib o‘tadi. Ezgulikni alqab, yovuzlikni qarg‘ab o‘tuvchi xalq doston qahramonlari orqali ana shu tushunchalarga o‘zining munosabatini bildirib o‘tadi.
Har qanday iztirobning orqasida rohati borligini, haddan ziyod shodlik ketidan g‘am kelishi mumkinligini eslatish xalq donoligining belgisi. “Oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘” degan xalq naqlida ham ana shu maqsad yotibdi. Bu orqali dunyo muvozanatga qurilganini, har narsa-hodisa o‘z me’yori, o‘lchoviga ega ekani haqidagi haqiqatni anglab olish qiyin emas.
Mirzo Abdulqodir Bedilning ushbu to‘rtligi shu boradagi fikrimizga oydinlik kiritsa ajab emas.
Uzluksiz shodlik ham keltiradi g‘am,
Haddan ortiq bazm misoli motam,
Har narsa me’yordan oshmasa yaxshi,
Haddan oshsa, o‘tdan battarroq suv ham.
Anglashilayaptiki, kajraftor falakning o‘yinlariga bo‘yin bo‘lgan inson omonat dunyoda g‘animat bo‘lguvchi narsalarni bilishi, shunga yarasha amal qilishi ta’kidlanmoqda. Falak charxi sizni o‘z izmiga bo‘ysundirishi haq.
G‘arib va SHohsanamning iztirobli hayotini doston nihoyasida xursandchilik bilan almashinishi ham shu fikrni tasdiqlaydi.
Muhabbatni tarannum etuvchi dostonlar ko‘p. Aslida, har bir asarda ana shu tuyg‘uni yo u shaklda, yo bu shaklda aks etishini sezish mumkin. “Bilsang, dunyoda yashaydi shoir, olamda muhabbat borligi uchun”-deydi shoir. Hodi Toqtosh “Muhabat o‘zi eski narsa, lekin uni har bir qalb yangilaydi”-deydi. Ishqiy dostonlarda har xil usulda, har xil shaklda, har xil qahramonlar qiyofasida boqiylikka yo‘g‘rilgan muhabbatning tantanasini ko‘rish mumkin.
Dostonning Ro‘zimbek baxshi Murodov kuylagan varianti misolida ba’zi bir mulohazalarni bildirib o‘tishni maqsadga muvofiq ko‘rdik.
Doston an’anaviy zachin bilan boshlanadi. Zamon, makon va inson ta’rifi bilan davom etadi. Dostonning xalq kitobi variantlarida sal boshqacharoq. Unda ta’rif etiladigan joy va xon haqida bir muncha kengroq to‘xatiladi. Dostonning baxshi variantida esa aniqlik va qisqalik bor. Boshqacha ham bo‘lishi mumkin emas. CHunki, og‘zaki nutq lo‘nda va ixchamlikka, tinglovchini zeriktirmaslikka qaratilgan bo‘lsa, yozma nutq esa o‘z mohiyatiga ko‘ra, bir muncha kengroq tafsilotlarga, fikrni oborotli jumlalar izohlash va mumtoz adabiyotga xos kitobiy jumla va arabcha, forscha so‘z va iboralarni qo‘llash bilan izohlanadi.
Baxshi varianti ikki yarim soat ijro etiladi. Unda jami 35 ta qo‘shiq bor. Og‘zaki variantning ommaga ta’siri, albatta baxshining ijrosi, improvizatsion iqtidori va tinglovchilar bilan iliq muloqotiga bog‘liq.
Dostonda bir necha an’anaviy motivlar mavjud. Unda xalq ertaklariga xos totem hayvonga duch kelish, uni ilohiylashtirish va shu asosda niyatlarni bog‘lash, ahdi paymon qilish kabi motivlar orqali voqealar jonlanadi.
Podshoh va vazirning ovga chiqishi va har ikkalasining bo‘g‘oz kiyikka duch kelishi, ikkalasining ham xotini homilador bo‘lgani bois uni otmaganligi niyat va maqsadlarning birligini anglatadi. Natijada SHohabbos bu holatni tasodifiy emasligini anglab Hasan vazirga shunday deydi: -Ey, Hasan vazir, ikkalamiz tilakdosh ekanmiz. Menga ham shu kiyik uchragan edi. Men ham otmadim, kel ikkalamiz quda bo‘laylik, mening qizim bo‘lsa, sening o‘g‘ling bo‘lsa, ikkovi juft bo‘lsinlar. Agar ikkovi o‘g‘il yoki qiz bo‘lsa, do‘st bo‘lsinlar, deb shu erning o‘zida ahdnoma yozdirdi”.
Ahdnoma ishonch va lafz demakdir. Odamzot lafzi bilan ahamiyatli, ahdi borning baxti bor deyishadi. Xotini so‘ziga kirib, lafzidan tongan, ahdnomani buzgan SHohabbosning G‘aribga qilgan adolatsizligi xalq tomonidan qoralanadi. Doston nihoyasida adolatning qaror topishi epizodlarida xuddi shu hukmni sezish mumkin. E’tiqoddagi sobitlik va iroda qat’iyligining buzilishi ikki sevishgan qalb boshiga keltirgan kulfatlarga SHohabbos va uning xotini bois qilib ko‘rsatilsa-da, kajrav zamonaning adolatsizliklaridan shikoyat anglashilib turadi. Insonlararo munosabatdagi ahd, lafz, vasiyat, ishonch, va’da, vafo kabi tushunchalarning qadr-qiymati ulug‘lanadi. Ularning barqarorligi adolat va tinchlik tantasi ekani uqtiriladi.
Badiiy asar nuqtai nazaridan olganda esa ahdnomaning buzilishi dostondagi tugun sifatida ziddiyatning paydo bo‘lishi, keyingi voqealarning rivojida muhim o‘rin tutadi. Ahdnomadan tongandan so‘ng SHohsanamni maktabga yubormay qo‘yishi va G‘aribning onasini singlisi bilan haydab yuborishi, sargardon kezishlar, onaning nobino bo‘lib qolishi kabi epizodlar bir-biriga bog‘lanib ketadi. Dostonda tasavvufiy mazmundagi ishqqa ham ishora bor. SHohsanam kelishgan shartimizga binoan mendan bo‘sani ol deganida G‘arib unga shunday deydi: “Ey sevdigim, avvalo, bizning ishqimiz shunday yuzaki edi. Endi haqiqiy sevgiga aylandi. Seni bu erda o‘pish yaxshi emas. Keyinroq bir-birimiz bilan murodimizga etsak, hamma bo‘sani jam’ qilib olurman, deb unga tasali berdi”. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, unda ishqi majoziy va ishqi haqiqiy haqida so‘z ketayapti. Odamlararo bo‘ladigan sevgi-muhabbat uning oddiy ko‘rinishi, ya’ni u bandaning bandaga muhabbatidir. Bu majoziy ishqdir. Bandaning yaratgan bo‘lgan ishqi esa haqiqiy ishqdir. Majoziy ishqsiz haqiqiy ishqqa etish mumkin emas. Haqiqiy ishq dard-alam va mashaqqatlar ila erishiladigan ishqdir. Bunga aksariyat asarlarda o‘lim orqali erishiladi. Farhod va SHirin, Layli va Majnun dostonlarida ana shu fikrning tasdig‘ini ko‘ramiz. Ishqi haqiqiy asar qahramonining dashtu sahrolarga chiqib ketishi, o‘z yurtidan bosh olib ketib sargardon kezishi, cho‘ponlik qilishi kabilar bilan belgilanadi. YOr xayoli, visol dardi, yor yodi va diydori oshiqqa tinchlik bermaydi. Uni qiynoqli kuylarga soladi. Albatta, xalq dostonlarida tasavvufiy falsafa to‘la aks etgan deyish qiyin. Sababi, baxshilar uni kuylash jarayonida tinglovchilar ommasining diqqatiga, kayfiyatiga qarab ish tutadi, qisqartiradi, kengaytiradi va hokazo.
Dostonda xalqqa va haqqa da’vat ishqiy munosabatlar fonida aks etadi. Sevishganlarning murod — maqsadiga etishuvida haqning xohish — irodasi va xalq talabi va hukmining o‘rni alohida ta’kidlanadi. SHohsanamga tinchlik bermagani uchun podshoh g‘azabiga uchragan G‘arib SHohabbos tomonidan dorga osishga amri farmon beriladi. G‘arib dorning tagiga olib kelganlarida, SHohabbos tomonga qarab shunday deydi.
Namak kabi har qozonda qaynadim,
Tushib ishqning daryosini bo‘yladim.
SHamor kabi ganch ustida o‘ynadim,
Xalq men bilan bo‘lsa, dor manga naylar.
Doston ushbu jumlalar bilan nihoyasiga etadi.
“G‘arib qo‘shig‘ini tugatishi bilan xalq dorni ag‘darib, oshiq G‘aribni o‘rab oldi. Podshohga qarab G‘arib bilan Sanamning shuncha tortgan azobi etar, ularni bir-biriga qovushtir, deb talab qildi. SHohabbos xalq g‘azabidan qo‘rqib, noiloj SHohsanamni G‘aribga berishga rozi bo‘ldi.” SHoirning “xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir” degan misralari zamirida ham ana shu haqiqat bor.
El ishqi, dil ishqi, yurt muhabbati borliqning, barqarorlikning belgisi, tayanchi ekani uqtiriladi.
Doston ko‘p asrlik tarixiy taraqqiyotning hosilasi ekani bois unda turli xil qarashlar, g‘oyalar aks etgan.
Unda xalq ertaklariga xos motivlar va detallar borligini kuzatish mumkin. Bu bir tomondan, asarning doston sifatida shakllanuviga qadar u ertak, rivoyat shaklida xalq orasida tarqalganini anglatsa, ikkinchi tomondan, xalq ibtidoiy qarashlari, fetishizm bilan bog‘liq degan fikrga asos bo‘ladi.
Bozirgonxo‘ja SHohsanamning kanizi Oqchani yaxshi ko‘rardi. SHohsanam unga Oqcha kanizni berishni va’da qilib G‘aribni izlab topishini iltimos qiladi. Bozirgonxo‘ja iltimosni qabul qilib, G‘aribni izlab Halab SHirvonga boradi. G‘aribni topish maqsadida katta to‘y boshlab yuboradi. Jamiki sozanda — go‘yandalarni chorlaydi. Bir payt burchakda xomush o‘tirgan G‘aribga ko‘zi tushgan Bozirgonxo‘ja uning yoniga borib deydi: Ey yigit to‘yda kulib, o‘ynab o‘tirish kerak. Sen esa xafasan. Kel, bo‘lmasa, go‘sht to‘g‘rashga yordamlash. So‘ngra G‘aribga SHohsanam berib yuborgan pichoq bilan ro‘molni beradi. G‘arib uni tanib o‘zini bilmaslikka solib o‘tirdi. Piyolaga uzukni solib, sharob quydi va dedi: “Kim SHohsanamni sevsa, kelib shu sharobni ichsin!” Uchinchi marta chaqirganda G‘arib kelib, sharobni sipqordi. Uzuk G‘aribning og‘ziga keldi. G‘arib uzukni tanib, SHohsanam uni chorlayotganini fahmlaydi.
Ana shu epizodda pichoq, ro‘mol va uzuk ramzlari bor. Uning xalq dunyoqarashida o‘ziga xos talqini mavjud.
Xorazm xalq qo‘shiqlarida ro‘mol ko‘p bor takrorlanadi. U aslida oila ramzi bo‘lib, unga munosabat oilaga munosabat sifatida anglashiladi.
Ro‘molim tushdi yopa, Olib bering jonim opa, Dod alimnan getdi ro‘mol” misralari bilan davom etuvchi qo‘shiqda ham oilaning buzilishi, oraga tushgan ayroliq haqida so‘z ketayapti. Ro‘mol ramzi ko‘plab xalq terma va dostonlarida ham oila muqaddasligining belgisi bo‘lib keladi.
Pichoq esa yigitlik, o‘tkirlik timsolida keladi. Er yigitning yonida pichog‘i, belida belbog‘i bo‘lishi ta’kidlanadi.
Uzuk ham birlik, ahillik, bog‘liqlik belgisidir.
Ana shu timsollarning ushbu dostonda keltirilishi, Oshiq G‘arib va SHohsanam o‘rtasidagi sadoqat, ahdga vafodorlikni bildiradi. Bozirgonxo‘ja keltirgan, SHohsanam berib yuborgan anjomlar G‘aribga shunchaki berilmasdan oila mas’uliyatiga daxldor mazmun yuklanadi unga. Ramzlar, timsollar asosan tilsimli ertak va qo‘shiqlarda uchrasada, ularning dostonda ham uchrashi dostonning ertak varianti ham mavjudligini anglatadi.
Ro‘zimbek baxshi variantida ularning jozibador talqini bor. Dostondan olinadigan zavq mutolaa etish bilan emas, balki baxshi ijrosidagi talqinni ko‘rib, eshitish bilandir. Baxshi dostondagi obrazlarning qiyofasiga kiradi, ularning tilidan, dilidan so‘zlaydi, bo‘zlaydi, shu asnoda asarning ta’sir kuchini oshiradi.
Baxshi ijrosi ham aslida, amaliy tadqiqot, tahlil demakdir. Siz doston voqealaridan tortib, toki qahramonlarning xatti-harakatigacha bo‘lgan tasviriy holatni baxshi so‘zi, ko‘zi bilan ko‘rasiz. Xursand bo‘lasiz, ezilasiz, qiynalasiz, qahramonlar olami bilan birga yashaysiz. Har bir qahramonga bo‘lgan munosabatingiz baxshi bahosidan o‘zgacha bo‘lishi mushkul. SHu nuqtai nazardan olganda, Baxshi Ro‘zimbek Murodov o‘z oldiga qo‘ygan maqsadini amalga oshira olgan.
Ro‘zimbek Murodov oshiq turkumidagi dostonlarni kuylar ekan, ularni maromiga etkazadi. Doston ijrosida qalb qo‘rini baxsh etadi. SHuning uchun ham bu ijro zavqli-shavqli. Uning repertuaridan o‘rin olgan qahramonlik va diniy yo‘sindagi dostonlar ijrosida ham shu xususiyatni sezish mumkin.
MARDLIK MADHIDA
Jasoratni, qahramonlikni ulug‘lash, jismoniy kuch qudratga ega bo‘lgan pahlavonlarni madh etish, aqliy qobiliyatga ega tengsiz qahramonlarni sharaflash dono xalqning tabiatiga xosdir. Ezgulik haqidagi qarashlarini alp pahlavonlar hayoti bilan bog‘lash va shu asnoda yaxshilikka da’vat etish, el-yurtga sadoqat ruhida vatanparvarlikka chorlash uning asl muddaosi bo‘lgan. Ana shunday dostonlardan biri “Go‘ro‘g‘li va Bozirgon” dostonidir. Turkman va qoraqalpoqlar orasida mashhur bo‘lgan ushbu doston boshdan oxirigacha qahramonlik ruhi bilan sug‘orilmagan bo‘lsa-da, unda asar qahramonlari kuch-qudratda tengsiz etib tasvirlanadi. Ular orasida bo‘lib o‘tadigan anglashilmovchiliklar bois tushgan falokat va halokatlar haqida so‘z ketadi. Asarda fisqu fasodga ishonib sadoqatli do‘stidan ayrilgan Go‘ro‘g‘lining, tuhmat va bo‘hton qurboni bo‘lgan Bozirgonning, o‘z og‘asidan ayrilgan Oysultonning iztiroblari tasvirlanadi.
Doston yolg‘on so‘z va firibning inson hayotiga solgan qutqusi haqida. Dushman so‘ziga kirib aldangan insonning yo‘l qo‘ygan xatosi tuzalmas dil og‘rig‘iga sabab bo‘ladi. Go‘ro‘g‘li va Bozirgon munosabatlari fonida ana shu masalaga javob izlanadi.
Dostonda so‘z qudrati, uning mohiyati insonlararo munosabatlar mezoniga daxldorligi uqtiriladi. So‘z buzadi, so‘z tuzadi, obodlik ham so‘z bilan, barbodlik ham so‘z bilan, omonlik ham, yomonlik ham so‘zdan, olqish ham, qarg‘ish ham so‘z bilan. Aytilgan so‘zning o‘z nishoni, aytuvchining maqsadi bor. U har xil kuyda, har xil damda, har xil vaziyatda aytilishi mumkin. Xunxorshoh tomonidan yollangan xuddi ertaklarda ta’riflanganidek, jodugar kampir ikki do‘st orasiga nifoq solishga intiladi. Baxshi variantida jodugar kampir “ikki tizzasi qulog‘iga etgan, burni erga tekkan, og‘zida tishi yo‘q, yaxshilikka hushi yo‘q” deb ta’riflanadi. SHu fikrning o‘zidayoq, aldov, sehr-jodu bilan kun kechiruvchi, ko‘plarga ajal sharobin ichiruvchi g‘araz maqsadli jodugarga nisbatan xalqning g‘azabnok qarashini sezish qiyin emas.
Doston oddiy maishiy turmush tasviridan boshlanadi. Qirqta yigitini yoniga olib, may ichib o‘ziga o‘zi ta’rif berib g‘ururlanib o‘tirgan Go‘ro‘g‘lining og‘a YUnus paridan eshitgan tanbehi doston voqealariga rivoj beradi. “Urdim, surdim armonim qolmadi deb o‘tirgandan ko‘ra, Bozirgon degan nomdor pahlavon bilan kuch sinash, do‘st tutin, u necha yillardan beri ustingdan o‘tib boj to‘lamasdan o‘tib yuribdi deydi. Bu gap Go‘ro‘g‘liga ta’sir qiladi, Bozirgon bilan uchrashishga oshiqadi. O‘z kuchiga ishongan, mendan zo‘ri bormikan degan mazmunda Go‘ro‘g‘li Bozirgonnning izidan ketadi.
Baxshi Bozirgonni mubolag‘aviy yo‘sinda ta’riflaydi. “Go‘ro‘g‘li toqqa chiqib qarasa, Bozirgon bir oyog‘ini daryoning bir yoqasida, ikkinchi oyog‘ini daryoning ikkinchi qirg‘og‘iga qo‘ygancha tuyalarni yuklari bilan birga o‘tkazayapti”. Bu ta’rifning keltirilishi aslida, unga bas keladigan Go‘ro‘g‘lini madh etishdir.
Hiyla bilan o‘zini Go‘ro‘g‘libekning otboqari Ravshanman deb tanishtirgan Go‘ro‘g‘li Bozirgonning kuch-qudratini yoyini egiltirish orqali sinab ko‘radi. Jang tasviri shunday beriladi: “Qirq yigiti bilan har tomondan yigirmadan ikkiga bo‘linib, Bozirgon ustiga yopirilishdi. Bozirgon ham darg‘azab bo‘lib,tuyadan sakrab tushib, ularning qo‘llaridan nayzalarini olib, sindirib tashlayverdi. Keyin yigitlarni bir chetdan yiqitib, Go‘ro‘g‘lining qarshisiga kelib, qo‘njidan xanjarini olib, unga yopishdi. Go‘ro‘g‘li payt poylab, bor kuchini yig‘ib, Bozirgonning belidan olib bir otdiki, Bozirgon fil yiqilgandek sakkiz yumalab nariga tushdi”.
Dostonning turkmancha variantlarida boshqacha holat kuzatiladi. Unda Go‘ro‘g‘li emas, Bozirgon zo‘r chiqadi. Minglab dushmanlarning dodini bergan, yuzlab shohlarni enggan Go‘ro‘g‘li zo‘rdan zo‘r ko‘pligini anglaydi. Yiqilib yotgan joyida Bozirgon xanjarini sug‘urib olib endi o‘ldiraman deganida, u bir yig‘lab bir kuladi. Bozirgon: o‘liming oldidan ham kulganing, ham yig‘laganing sababini ayt, deydi. Go‘ro‘g‘li: kulganimning boisi yurt so‘radim, necha-necha nomdor pahlavonlarni er tishlatdim, kuch-g‘ayrat o‘tkinchiligini bilib, sendan yiqilganim uchun kulayapman. Yig‘laganimning sababi esa yolg‘izman, zurriyotim yo‘q, o‘lib ketsam, izimda qolar hech kimim, aza ochar kishim yo‘qligidir.
Buni eshitgan Bozirgonning qo‘lidan xanjari tushib, ko‘ngli erib, o‘zi singari yolg‘izligini anglab Go‘ro‘g‘li bilan qiyomatlik do‘st tutinishadi.
Xalq o‘z idealidagi qahramonlarini o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas qilib tasvirlashi ma’lum. Lekin turkmancha variantda Go‘ro‘g‘lini hiyla bilan enguvchi qilib tasvirlanishida ham o‘ziga yarasha ma’no bor. Zamonlar zamon bilan, makonlar makon bilan, insonlar insonlar bilan almashinishi hayot va taqdirning azaliy qonuni ekanini eslatish bor unda. Bir zamon Go‘ro‘g‘lilar zamoni bo‘lsa, ikkinchisi Bozirgonlarning zamoni. SHoirning “kotibi davri raqam avvalgilarg‘a o‘xshamas” deyishida ham ana shunga ishora mavjud.
Hadisi sharifda shunday mazmunda fikr bor: Ummatlar uch narsani tark qila bilmagaylar-yulduzlar bilan fol ochishni, o‘likka dod-voy solib yig‘lashni, zoti nasabi bilan faxrlanishni.
Ma’lumki, islomda sehr-joduga ishonish, folbinlik qilish, kishi taqdirini oldindan aytish ollohga shirk keltirishning bir ko‘rinishidir. Fol ko‘pincha, odamlar orasiga adovat urug‘ini sochish, ularni bir-biriga qarshi qo‘yish uchun vosita bo‘lgan. Bu esa islomga zid. Asarga ham ana shuni asos qilib olinishi bejiz emas. U qolaversa, doston konfliktining namoyon bo‘lishi uchun ham zamin hozirlagan.
Maston kampirning fol ochib beraymi, degan so‘ziga ishongan Go‘ro‘g‘li keyinchalik, adashganini bilib, pushaymon qilib, “Nomard Go‘ro‘g‘li men bo‘ldim, Qonxo‘r Go‘ro‘g‘li men bo‘ldim”- deb zorlanadi. Bozirgonni o‘ldirib qo‘ygach, unga gumbazli mozor qurdirib, singlisi Oysultonga ham og‘alik qiladi. Bozirgonning vasiyatiga binoan Oysultonning dushmanlaridan qasd oladi, o‘z sevgan yigitiga turmushga chiqarib, to‘ylar qilib, hashamatli uylar qurib beradi. Doston ana shu to‘y tantanalari bilan nihoyasiga etadi.
Dostonda bir necha obrazlar ishtirok etadi. Og‘a YUnus pari yoriga sadoqatli ayol sifatida dostonda gavdalanadi. O‘zini maqtagan kishini yoqtirmaydigan asosli maqtov kishiga sharaf keltirilishini biladi. Doimo Go‘ro‘g‘liga maslahat berib yuradi. O‘rinsiz maqtanish uning g‘ashini keltiradi. Har qanday yutuq o‘sha insonning o‘ziga tegishli ekanini, uning uchun maqtanish zarur emasligini biladi. Bu jihatdan u “Sab’ai sayyor” dostonidagi Dilorom obrazini eslatadi. Bahrom bir o‘q bilan kiyikning ham tuyog‘i va boshini mo‘ljalga ola bilganda, Diloromning maqtashini kutadi. Dilorom esa, unga beparvogina Hammasi mashqning samarasi deb qo‘ya qoladi. SHu o‘rinda shoirning ushbu to‘rtligi yodga keldi. “Dono so‘zin maqtar aqlli kishi, Ahmoqni maqtamas donishmand odam, Maqtov bilan echki qo‘ydek semirmas, Maqtov bilan mumsik bo‘lmagay hotam”.
Bozirgon ismiga monand kasbiga ega. U bozor, tijorat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan, sofdil, kuch-qudratda tengsiz pahlavon. Do‘stiga muruvvatli, yurtiga muhabbatli. Kuchli, mard yigitlarga doimo tan beradi, har qanday vaziyatda ham tan oladi. Adolat va haq qaror topishini savdoda ham, g‘avg‘oda ham istaydi. Go‘ro‘g‘li bilan tezda do‘st tutinishiga bois qismatlaridagi o‘xshashlik, yolg‘izlik va befarzandlikdir. U jon berar holatda ham Go‘ro‘g‘lini chorlaydi. O‘lim oldidan bo‘lgan ishlarga yaratganning xohish irodasi deya yolg‘iz singlisi Oysultonga yordam berishini o‘tinadi. Ushbu dostonning turkmancha variantlarida Bozirgon bosh qahramon sifatida gavdalanadi. Doston nomi ham uning uning ismi bilan bog‘lanadi. Go‘ro‘g‘li esa ikkinchi planda tasvirlanadi. Qaysi nom bilan atalishidan qat’iy nazar, doston bir-biriga bog‘langan ikkala do‘st orasidagi munosabatlar zamiriga qurilgan. Do‘st ikki badandagi bir jon deyilishi rost bo‘lsa, bu Bozirgon va Go‘ro‘g‘lidir. Xalq idealidagi qahramonlik va do‘stlik tushunchasi har ikkalasining qiyofatida namoyon bo‘libgina qolmay, balki ular bir-birini to‘ldiradi, boyitadi.
Baxshining davradagi tinglovchilar bilan iliq munosabati, ayniqsa bir obraz orqali ro‘yobga chiqadi. Bu Safar mahram obrazidir. U ko‘sa deb ham yuritiladi. Safar ko‘sa Go‘ro‘g‘lining sodiq safdoshi va navkari. Dostonda hajv va yumor qo‘zg‘atishda uning o‘rni bor. Jumladan, Bozirgonga ko‘zi tushib aqlini yitirib qo‘yishi bilan bog‘liq epizodlar ancha tabiiy va jonli chiqqan.
Oysulton jasur sohibjamol qiz obrazidir. Baxshi ta’rifidan uning To‘marislarga xos g‘ayrat-shijoat egasi ekanini anglab olasiz. Oysulton ham og‘asi Bozirgon singari o‘zgani emas, kishi o‘zini enga bilishi mardlik ekanini yaxshi tushunadi. SHoir e’tiroficha, “O‘z nafsini mag‘lub etolgan marddir, G‘iybatlardan uzoq keta olgan marddir, Nomard tepib o‘tar yiqilganlarni, Ojizlar qo‘lini tutolgan marddir”. Oysulton tabiatida qahrdan ko‘ra, mehr ustuvorligini ko‘rish mumkin. O‘limga o‘lim, zulmga zulm javob bo‘lmasligi haqidagi haqiqat unga xos. SHuning uchun ham og‘asining xunini talab etib, Go‘ro‘g‘lini o‘ldirishga borganda, g‘anim gapiga kirib aldangan Go‘ro‘g‘lining ezilishini ko‘rib, Bozirgon uchun qurilgan maqbaraga nazar tashlab ko‘ngli yumshaydi, Go‘ro‘g‘lining gunohidan o‘tadi.
Baxshi doston voqealarini tinglovchilarning qalb prizmasidan o‘tkazarkan, qahramonlar tilidan aytiladigan g‘azallarga mos kuylarni ustalik bilan tanlab ijro etadi. Qayg‘uli onlardagi hazin kuy va so‘z shodlik damlardagi jo‘shqin va ko‘tarinki, o‘ynoqi kuylar bilan almashinib turadi. Tinglovchi zerikmasdan diqqati bir maromda turadi.
Ro‘zimbek baxshi variantidagi ushbu o‘rinlarni misol qilib keltirish mumkin. “Bozirgon o‘qlarning zarbi bilan nordan yiqilib tushdi va yigitlarni chaqirib, “tezdan borib Go‘ro‘g‘li og‘amni olib keling, men uning diydorini yana bir ko‘rib o‘lay” dedi. Go‘ro‘g‘li Bozirgonning bu so‘zini eshitib, dushman so‘ziga aldanganini bilib, o‘zini otdan tik tashlab, ko‘zini yoshlab, Bozirgonnning yoniga kelib yig‘layverdi. Bozirgon qonga bo‘yalib yotgan erida jon achchig‘ida falakdan shikoyat qilib bir g‘azal aytdi:
Bemahal kelding yonima, har bir boshda o‘lim bordir,
Bo‘yading qizil qonima, yolg‘iz boshda zulm bordir.
YUlduz tog‘da quvib etgan, yoqa bir yon chalib tutgan,
Do‘g‘onlik va’dasin etgan, Go‘ro‘g‘libek og‘am bordir.
Mard bo‘lib maydonda o‘lsang, g‘o‘ch yigitning qadrin bilsang,
Ajal etib cho‘lda qolsang, yig‘lab kelar kimim bordir.
Go‘zallar ichra oy bo‘lgan, oti, asbobi shay bo‘lgan,
Urushda mingga toy bo‘lgan, Oysultondek singlim bordur.
Armonli o‘lding Bozirgon, to‘g‘ri kelsang, o‘tarman qon,
Dushmanlarga oxir zamon, o‘rta yo‘lda qazom bordur”
Ushbu g‘azalni ijro etayotgan paytda baxshining ko‘zlarida yosh qalqir, davom ettirishga qiynalgan paytlarini ko‘p bor kuzatganman. Ayniqsa, kuylagining uzun va keng englari bilan ko‘z yoshlarini artayotgan, yuragi ezilib ketgan onalarning ikki tizzasiga boshini qo‘ygan kezi o‘tirgan damlarini ko‘p bor shohidi bo‘lganman. Dostonchiyu doston qaharmonlari bilan bir jon, bir tan bo‘lib ketish tinglovchiga ruhiy qudrat baxsh etibgina qolmay, mehr-oqibat va shafqatni kuchaytiradi.
Oshpaz qozonga masalliqlarni solib, qovurib totli taom tayyorlagani singari baxshi ijrosida ham shunga monand holatni kuzatish mumkin edi. Baxshi doston qozonida tinglovchilarni birga qaynatar, birga qovurar, birga kuydirar, birga suydirardi, hech kim bu hissiyotdan chetda qolmas edi. Ijro ham tobida bo‘lardi. Hech kim buni ertak yoki afsona deb o‘ylamas, haqiqat deb qabul qilar, qahramonlarni esa baxshining yaqinlaridan biri deb o‘ylardi. Baxshi o‘z ijrosi bilan ularda ana shunday taassurot uyg‘ota olardi.
Dostondagi mahzuniy holatlardan yana biri Oysulton bilan uchrashib Go‘ro‘g‘lining aka-singil tutinishidir. Go‘ro‘g‘li Bozirgon vasiyatini yodga olib Oysultonga shu g‘azalni o‘qiydi.
Qurboning bo‘layin singlim, Oysulton,
San yig‘lama, saning og‘ang bo‘lurman.
Maning bu jonima solma ko‘p armon,
San yig‘lama, saning og‘ang bo‘lurman.
Jayhun daryo kabi toshdim suv bo‘ldim,
SHum raqib dastidan unga g‘ov bo‘ldiim.
O‘lim haq buyrug‘i sabab man bo‘ldim,
San yig‘lama saning og‘ang bo‘lurman.
Raqib so‘zi bilan og‘ang o‘ldirdim,
O‘q otib o‘z ko‘zim yoo‘a to‘ldirdim,
Pushmon etib oltin gumbaz soldirdim,
San yig‘lama, saning og‘ang bo‘lurman.
Go‘ro‘g‘li der men ham kechdim jonimdan,
Qilich urg‘il, erlar to‘ysin qonimdan,
Jonimni chiqarg‘il, nozik tanimdan,
San yig‘lama, saning og‘ang bo‘lurman.
Ushbu g‘azal baxshi ijrosida o‘z jozibasiga ega bo‘lgan. Dostonlardagi an’anaviy kuydan boshqacharoq kuy yaratib ijro etgan baxshi qahramonlarning ruhiyati va holatiga mos musiqani tanlaydiki, siz uning san’atkorlik iqtidoriga tan berasiz.
Dostonlarning optimistik ruh bilan tugashi sizga ma’lum. Qahramonlarning chekkan iztiroblari rohat-farog‘at bilan almashinadi. Murod-maqsadlariga etishi bilan bog‘liq shodiyonali tasvirlarda baxshi sho‘x, o‘ynoqi kuy va so‘zlarni tanlaydi. Bu jihatdan Oysultonning to‘yi munosabati bilan botir Hamdamga unashtirilayotgan paytda aytiladigan g‘azal e’tiborli.
Oysultonim, surgil davron, to‘yingiz muborak bo‘lsin,
Zarafshonli ko‘shki ayvon uyingiz muborak bo‘lsin.
Dushmanlaring barbod etdim, CHambil yurtin obod etdim,
G‘amgin ko‘nglingni shod etdim, to‘yingiz muborak bo‘lsin.
YOring bo‘ldi botir Hamdam, iqbolingiz kulsin hardam,
Mudom yiroq bo‘ling g‘amdan, To‘yingiz muborak bo‘lsin.
Go‘ro‘g‘li der asli zotim, O‘lguncha yitmasin otim,
Bo‘lmadi mening zurriyodim, farzand sizga ato bo‘lsin!
Bu dostondan o‘rin olgan eng so‘nggi qo‘shiq. Doston ana
shunday ko‘tarinki ohangda yakuniga etadi. Xalq qarashlaridagi nekbinlik, ertaga umid ko‘zi bilan boqish hissi uning aqlu irodasi, ongu shuuri bilan yaratilgan deyarlik barcha dostonlarida o‘z ifodasini topgan.
Ushbu dostonda ayrim qahramonlik dostonlari kabi urush va jangu jadallar tasviri keng o‘rin tutmaydi. Qahramonlarning mahobatli kurashi manzaralari va kurashlari batafsil tasvirlanmaydi. Lekin undagi mardlik madhi jismoniy kuch bilan emas, balki qahramon e’tiqodi, bir-birovni o‘zaro tushunish, aql-idrok bilan namoyon bo‘ladi.
FARZ VA QARZ
Xalq zakosi, dunyoqarashi shartli ravishda ikkita yo‘l bilan tasnif etilgan, izohlangan, o‘rganilgan. Biri dunyoviy yo‘nalish bo‘lsa, ikkinchisi diniydir. Aslida, bu tasnif nisbiy xarakterga ega. Xalq og‘zaki ijodiyotida diniy shaxslarning, payg‘ambarlar va avliyolar, sahobalar va chahoryorlarning hayoti aks etishi bilan ularni diniy asarlar deyish nojoiz. Ular shunchaki, badiiy vosita bo‘lib, ular tasvirida xalq milliy qahramonlariga xos xususiyatlar umumlashadi, xalq o‘zining olam va odam haqidagi qarashlarini ular siymosida gavdalantirgan.
Ro‘zimbek baxshi repertuaridan o‘rin olgan “Payg‘ambar Ibrohim xalilulloh haqidagi doston” ham yuqoridagi fikrimizga asos bo‘ladi. Baxshi uni videofilm shaklida ham tayyorlanishida jonbozlik ko‘rsatdi. Ushbu film dunyo yuzini ko‘rganga qadar Ro‘zimbek Murodov dam O‘zbekistonda, dam Hindistonda safarda bo‘ldi. Filmdagi qo‘shiq matnlari asosan Toshkentdagi Abulqosim madrasasida tasvirga olingan bo‘lsada, uning voqeaband o‘rinlari Agra va Dehlida, Tojmahal ziyoratgohlari yaqinida suratga olingan. Qo‘liga tor ushlagan baxshining goh Ibrohim, goh Ismoil, goh Oxun bo‘lib, misli Jayhun bo‘lib Hindistondagi muqaddas joylarda bo‘lishi filmning ta’sir kuchi va mohiyatini yanada oshirgan.
Dostonda “Allohning do‘sti, habibi” degan nom olgan, yahudiylarda Abram deb yuritiladigan, miloddin oldingi 2180 yilda tug‘ilib, 2005 yilda 175 yoshida vafot etgan Ibrohim alayhissalomning o‘zi va farzandi bilan bog‘liq voqealar aks etgan. Ibrohim yahudiycha Ibrom so‘zining arabcha shaklidir.
Qomusiy olim Abdulhay Abdurahmonov “Saodatga eltuvchi bilim” nomli kitobida yozishicha, Ibrohim alayhissalom 99 yoshga kirganda, Xudovandi karim unga zohir bo‘lib dedi: “Men sen bmlan ahd qilib, seni ko‘pdan ko‘p xalqlarning otasi qilaman. Sening isming endi Ibrom emas, balki Abrohom-Ibrohim bo‘ladi, zero, seni ko‘pdan–ko‘p xalqlarning otasi qilib tayinladim”. (Ibrohimning ma’nosi–“xalqlar otasi”) Ibrohim xalilullohga “Abul anbiyo”, ya’ni “Payg‘ambarlar otasi” deb nom berilgan.
YAhudiylar, xristianlar va musulmonlar, ya’ni uchala din ahllari payg‘ambarlari nuqtai nazaridan, Ibrohim xalilulloh shajarasiga borib bog‘lanadi.
Ibrohim alayhissalom Bobil xalqini Allohning yagonaligiga da’vat qilgan hola, but-sanamlarni sindirib tashlaydi. Uning bu harakatidan xabar topganlarda katta norozilik bo‘ladi. Bundan shoh Namrudni xabardor qilishadi. Bir oy davomida to‘plangan o‘tin natijasida sodir bo‘luvchi yong‘inga Ibrohim alayhissalomning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab o‘tga irg‘itishadi. U yaratganning shafoati, lutfu marhamati bilan omon qoladi.
Ibrohim alayhissalom Hozarning qizi Soraga uylanadi. Sora go‘zal, sarviqomat bo‘lib, aybi tug‘mas edi. Soraning Hojar ismlik misrlik cho‘risi bor edi. Ibrohim dunyodan befarzand o‘tmasin deya, o‘sha cho‘rini Ibrohimga xotinlikka olib beradi. Ko‘p o‘tmay Hojarning homilador bo‘lganini sezib Sora kundoshlik g‘azabi kuchayadi. Ular janjallashib, Ibrohimning ham ta’bini tirriq qilishadi. Ibrohim ikkalasining ham ko‘nglini olishga harakat qiladi. Kundoshlik nizosi tinchimaydi. Sora unga homilador Hojarni kimsasiz bir joyga tashlab kelishni talab etadi. Bir necha kundan keyin Ibrohim Hojarni bir joyga olib borib, oziq-ovqat va suv qo‘yib tashlab ketishga majbur bo‘ladi. Hojar o‘g‘il tug‘adi. Hojar suv izlab Safo tog‘i bilan Marva tog‘i o‘rtasida bir necha marotaba yuguradi. Bu holat hozirgacha hojilar uchun sunnat bo‘lib kelmoqda. Hojar parvardigordan suv so‘rab nola qiladi. Ismoil o‘sha onda oyoqlari bilan er tepinib yotardi. Jabroil alayhissalom qanotlari bilan Ismoil yotgan joyni teshib suv chiqaradi. Muqaddas Zamzam bulog‘i o‘sha buloqdir. Hojar Allohga: “Isma’, ya Ilu” deb murojaat qilgan. Tangri eshitib, suv chiqargani uchun o‘g‘lining otini Ismoil deb qo‘ygan. Ma’nosi “tangri eshitgil” deganidir.
Alloh taolo kashfu karomati bilan Ibrohim 100 yoshga etganida, Soraga ham o‘g‘il ato etadi. Uning nomini Ishoq deb qo‘yishni buyuradi. Uning ma’nosi esa “kulgan” demakdir. Kimning qurbonlik qilinishi masalasida “Tavrot” va “Qur’on”da tafovut bor. Birinchisida Ishoq, ikkinchisida Ismoil nomi qayd etilgan. SHu haqda fikr yuritaturib, A. Abdurahmonov shunday yozadi:”YAhudiylar va xristianlar ishoq alayhissalom urug‘idan bo‘lganliklari va diniy martabalarini ko‘tarish uchun ular shunday deydilar. Ba’zilar esa qurbonlik ikkalovi deb shahodat beradilar. Bizga ma’lumki, Muhammad payg‘ambar Ismoil urug‘idandir. Bir hadisda Rasuli akram aytadilar: “Ana ibnu zabihayni”(ya’ni, “Ikki bo‘g‘izlanuvchining o‘g‘liman”) Ikki bo‘g‘izlanuvchi qurbonlik-hazrati Ismoil alayshissalom va payg‘ambarimizning otalari Abdulloh bo‘lganliklari uchun yuqorida aytilgan hadis keltirilgandir.” (O‘sha kitob, 64-bet.)
Xullas, to‘rt ilohiy kitob nozil qilingan to‘rt buyuk va suyuk payg‘ambar – Muso, Dovud, Iyso va Muhammad alayhissalomlarning shajaralari Ibrohim xalilullohga borib bog‘lanadi.
Ismoil alayhissalom (2094-1957) Muhammad payg‘ambarning bobokalonidir. U “Tavrot”da Izmail tarzida zikr etiladi.
Ona-bola sahroda yolg‘iz qolganda, makka tomondan SHom viloyati tomon arablarning jurhum qabilasi katta karvon bilan o‘tayotgan edi. Barchasi kelishib, tangrining Ismoilga ko‘rsatgan inoyati bos paydo bo‘lgan suvdan qonib ichishadi. Hojardan shu erda qolishlariga ijozat so‘rashadi. U rozilik beradi. Jurhumiylarning aksariyati o‘sha erda turg‘un bo‘lib qolishadi. Uylar va bozorlar vujudga keladi. Jurhumiylar har yili yilqi va podadan hamda barcha mol-mulklaridan o‘ndan birini bu o‘g‘longa berishlarini aytishdi. Yil tugaganda, 200 qo‘y, 3000 tuya va 7000 bosh sigir berishdi. Hojar va Ismoil boyib ketishdi.
Ismoil voyaga etgach, 21 yoshida arablarning Jurhum qabilasidan Ammora binti Sa’d ibn Usoma degan qizga uylandi va yangi qarindoshlardan arab tilini o‘rgandi.
Ismoil ulg‘aygach, ovchi bo‘ldi. Ovga juda ishqiboz edi. Bir kuni ibrohim alayhissalom uni ko‘rgani keldi va Sora Ibrohimga tuyadan tushmaysan deb ont ichirgani uchun tuyadan tushmay kelinidan Ismoilni so‘radi. Ammora Ismoilni ovga ketganini aytdi. Qachon kelishini so‘raganida, kelini juda ko‘p gapirar ekansiz, deb uyga ham taklif qilmay qo‘rs va sovuq javob berdi.
SHunda Ibrohim alayhissalom: “Unga aytib qo‘y, bir muysafid seni ko‘rgani keldi va salom aytdi, uyingning ostonasi yaramas ekan, uni boshqasiga almashtir”, dedi-da, qaytib ketdi.
Ismoil kirganida xotini unga hamma gapni aytib berdi. Ismoil aytdi: “U kishi otamdir, uning hurmatini o‘rniga qo‘ymabsan. Uyingning ostonasini o‘zgartirgin deganida, seni nazarda tutgan. Endi sening menga hojating yo‘q”, deb taloq berdi. Bir yildan keyin Ismoil boshqa bir Jurhumiy-harim qabilasining boshlig‘ining qizi SHomma binti Muhalhilga uylandi.
Ismoil tez-tez ovga chiqib turar edi. U ovga ketganida otasi uni yana ko‘rgani keldi va kelini SHommadan uni so‘radi. Kelini Ibrohimni tanimasada, “Ismoil kelgunicha tushing, uyga kiring, mehmon bo‘ling”, dedi. Ibrohim alayhissalom: “Meni tuyadan tushmaslikka ontim bor. Tuyadan tusha olmayman”, dedi. Kelini darrov uydan ayron olib chiqib, ibrohimga ichirdi. Tuyadan tushmagan qaynotasining ikki oyog‘ini ham yuvdi.
Ibrohim alayhissalom bu kelinini ko‘p duolar qildi va aytdi: “ Ismoil kelsa, aytgin, Ibrohim degan odam senga ko‘p salom aytdi. Endi bu uy ostonasini mahkam tutsin deb aytdi degin”, dedida qaytib ketdi.
Ismoil kelganida, xotini SHomma hamma gapni eriga aytib berdi. Ismoil: “U kishi mening otamdir, u eshik deb seni aytgan, deb xotiniga chandon mehr qo‘ydi. Ular birgalikda ko‘p yillar rohat-farog‘atda umr ko‘rib o‘tishdi.
Ismoil alayhissalom YAmandagi Amolika qavmiga payg‘ambar qilib yuborildi, qavmini ellik yil iymonga chaqirib yurdi. Qaerga borsa, tolei baland, zo‘r bo‘ldi. Amolika halqining iymon keltirmaganlarini turgan erlaridan quvib chiqardi.
Ibrohim alayhissalom Makkai mukarramaga kelib, Ismoil alayhissalom bilan diydor ko‘rishgach, unga olloh taolo bir muhim vazifa yuklaganligini u ham bo‘lsa, mo‘miynlar Allohga ibodat qilishlari uchun bir uy qurish buyurilganini, bu bo‘lajak uy Baytulloh ekanini, uning o‘rni shu erdaligini aytdi. Ka’ba erida Odam Safiyulloh Baytul-ma’murni bino qilgan edi. Nuh to‘foni vaqtigacha odamlar uni ziyorat qilib turdilar. To‘fon bo‘lgach, azob suvi tegmasin deb, hazrati Jabroil uni hozirgi Ka’ba qarshisiga to‘rtinchi osmonga ko‘tarib qo‘ygan edi. O‘sha uy andozasida Baytul-ma’mur o‘rnida Baytulloh uyini qurish haqida Ibrohim xalilullohga vahiy keldi. Ota-bola Baytulloh poydevorini qurishga kirishdilar va odamlar uchun nishona sifatida hazrati Jabroil amriga binoan, o‘sha erda turgan, osmondan tushgan “Hajarul-asvad” toshini Ka’ba burchagiga o‘rnatdilar. Ka’ba devori odam bo‘yidan yuqori bo‘lgach, Ibrohim alayhissalom kattaroq bir toshni oyog‘i ostiga qo‘yib, devor qurilishini davom ettirdi. Bu toshda Allohning amri bilan Ibrohim alayhissalomning oyoqlarining izi qoldi. Bu tosh Ka’ba yonida turardi. Buyuk xalifa hazrati Umar ibni Abdulaziz davrida u Ka’ba devoridan sal beriga surib qo‘yildi. Hozirda bu tosh “Maqomi Ibrohim” deb ataladi. Ismoil alayhissalom 137 yil umr ko‘rgan va Falastinda vafot etgan. Arab tarixchilarining fikricha, u Makkai mukarramada vafot etgan va onasi Hojar yoniga dafn qilingan. (Qaralsin. A. Abdurahmonov. “Saodatga eltuvchi bilim” Toshkent, “Movarounnahr” nashriyoti, 2002 y. 75,76-betlar.)
Ismoil alayhissalom bilan bog‘liq ma’lumotlar asosan shulardan iborat.
Ro‘zimbek baxshi kuylagan dostonga jo bo‘lgan voqealar asosida ham ushbu rivoyatning ma’lum qismi aks etganligini ko‘rish mumkin.
“Ibrohim alayhissalom tush ko‘rsalar, tushlarida bir ovoz keldi: “Tur, qurbonlik qil”. Ibrohim alayhissalom tongda turib, yuz qo‘yni qurbon qildi. Ikkinchi kecha tushida yana shu so‘zni eshitdi, tongda turib yuz tuyani qurbon qildi. Uchinchit kun yana shunday tush ko‘rdilar. Ibrohim alayhissalom (tushida): “Mening qurbonim nima?”, dedilar. Nido keldi: “Bizdan boshqa kimni ko‘proq sevsang, shuni menga qurbon qil”. Ibrohim alayhissalom bildiki, bittayu bitta o‘g‘li Ismoilni qurbon qilishi kerak. Ibrohim alayhissalom bu tushning ilohiy vahiy ekanligini bilar edi. Ibrohim alayhissalom turib xotini Hojarning oldiga keldi va dedi: Ismoilni yuvintir, kiyintir, do‘sning oldiga olib boraman”. Bibi Hojar Ismoil alayhissalomni yuvintirdi, yangi liboslarini kiydirdi va ko‘ngli g‘ashlanib dedi: Ey, parvardigoro, o‘g‘limni senga omonat topshirdim. Omonatga xiyonat qilma, o‘zing uni o‘z dargohingda asra, o‘z qudrati ilohing bilan menga yana sog‘-salomat qaytar”. Bu munojot Ismoil alayhissalomni tig‘dan (pichoqdan) xalos qildi. Alloh omonatga xiyonat qilmadi.
Ota-bola tangri taoloning amrini bajarish uchun bir joyga keldilar. Ibrohim alayhissalom o‘g‘li Ismoil alayhissalomning bo‘g‘ziga tig‘ tortdi. Lekin pichoq amri ilohiyga itoat etib, Ismoil alayhissalomning bo‘ynini kesmadi.
SHunday nido keldi: “Ey, Ibrohim! Farzandingni so‘yishdan to‘xtat, sen sinovdan o‘tding. Ixlosli va itoatli ekaning sinaldi. Farzanding evaziga ana u qo‘chqorni qurbon qilgin”. YAna osmondan ovoz keldi: “Allohu akbar, Allohu akbaru”. Ibrohim alayhissalom tepaga qaragan edi hazrati Jabroil jannatdan bir semiz qo‘chqor olib kelayapti. Sevinchidan: La ilaha illalohu Allohu akbaru” dedi. Ismoil alayhissalom ham qo‘chqorni ko‘rib aytdi: “Allohu akbaru va lillahi al-hamdu”. Ibrohim alayhissalom qo‘chqorni qurbon qildi.”
Ushbu rivoyat dostonga ta’sirli tarzda ko‘chgan, sayqallangan, badiiy yo‘sinda ishlangan. Dostonda ota–ona va bolaning o‘zaro mehri, farzu qarzlari borasida ibratomuz lavhalar bor. SHu ma’noda uni “Ibratnamo” deyish mumkin. Unda johiliyat davridan Islom diniga o‘tish paytlaridagi ayrim urf-odatlarning ta’siri ham o‘z ifodasini topgan. Musulmonlik qoidalari, shariat va tariqat asoslari bir oila fonida ochib beriladi.
YAratganga muhabbat oliy darajadagi ishq. Hayotdagi boshqa narsa-hodisalarga muhabbatning paydo bo‘lishi parvardigorga bo‘lgan boqiy ishqning bo‘linishidir Doston boshidayoq, ana shu fikrga ishora bor. Ibrohim payg‘ambar ko‘z ochib ko‘rgan farzandi Ismoilni eru ko‘kka ishonmaydi. Tabiiyki, bu holat yaratganga bo‘lgan ishqni so‘nishiga zamin yaratadi. SHuning uchun ham tushida unga qurbonlik qilish topshiriladi. Kimni sevsang, o‘shani qurbonliq qilishing kerak. Jabroil orqali etkazilgan bu xabar Ismoil bilan bog‘liqligi angalashilgach, Ibrohim payg‘ambar iztiroblar alangasida qovuriladi. Sevgan farzandidan ayrilish, buning ustiga uni o‘z qo‘li bilan so‘yish dahshatiga chidash qiyin.
Farzandiga bo‘lgan xabarni aytolmagan otaning qiynalishi, Ismoilga saboq bergan ustozi Oxunning ilojsizligi, ustozi va otasiga telmurib turgan farzand orasidagi suhbatlar ancha jonli chiqqan. Baxshi ular orasidagi nazmiy suhbatlarni ishonarli tarzda jonli ijro etgan.
Oqil farzandning otasiga, onasiga va ustoziga bo‘lgan mehru muhabbati doston syujetiga jo bo‘lgan.
Ana shu uch liniya bir nuqtaga qurbonlik masalasiga borib tutashadi. Insonni qurbon qilinishi parvardigor tomonidan rad etilishi va ko‘kdan yuborilgan qo‘chqorning qurbonlikka so‘yilishi ularning xursandligiga sabab bo‘ladi. Qadimgi arab qabilalarida mavjud bo‘lgan odamning odam tomonidan qurbon etilishi bekor qilinadi.
Afsuski, jahonda xiradmandlarning
Farzandlari boru emas xiradmand.
Otada odobu bilim bo‘lsa ham,
Undan nasibasiz qolibdur farzand, — deydi shoir.
Otaning yuziga tik qarash, uni ranjitish oqil va itoatkor farzandga yot. Bu aqida Ismoil siymosida aks etadi. Ustozi va otasining so‘zini ikki qilishni xayoliga ham keltirmagan Ismoil ularning har bir so‘zini amri vojib deb biladi.
Otaning aytolmay qiynalayotgan qurbonlik haqidagi xabarini ziyrak farzand tezda fahmlab unga bo‘yin egadi.
Nechun bugun yuzni g‘amga solarsiz,
Boshinggizga ne tashvishni olarsiz,
Nechun bilmay mendan sirni saqlarsiz,
Man sizni xush ko‘rdim butun, jon otam.
Ismoil der, bugun o‘n to‘rt yoshimda,
Bo‘ynim burib ta’zimdaman qoshingda,
Parvonadek men aylanay boshingdan,
Man sizni xush ko‘rdim butun, jon otam.
Qobil farzandning otaga e’tibori va ehtiromi ustoziga bo‘lgan mehri bilan uyg‘unlashadi. Saboq bergan ustoz qadri baland ekani Ismoil tilidan ko‘p bor tilga olinadi. SHu o‘rinda ushbu rivoyatdagi mazmun mohiyatli.
Sulton Salim Misrni zabt etib kelayotgandi. Uning o‘ng tomonida ustozi SHayxulislom, so‘l qanotida amiru umaro, vaziru vuzarolar, orqada esa ko‘p sonli lashkar saf tortib kelardi. SHu tobda qozonilgan g‘alaba sharafiga musiqa-dovul chalinadi. Ustozning oti hurkib, Sulton Salimning oppoq libosiga loy sachratadi. A’yonlar endi shohning jahli chiqadi hammamizni koyiydi deb sarosimaga tushib qolishadi. Ular kutganidan boshqacha manzara ro‘y beradi. SHoh loy sachragan oq xil’atini egnidan echib, otustiga chiqib hammaga qarata shunday deydi:
“Birodarlar, egnimdagi shohlik libosimga loy sachradi, buni loyi bilan saqlab qo‘ying. Bu shunchaki loy emas, menga saboq bergan ustozim otining oyog‘i tagidan sachragan loydir. Bu bizning sharafimiz va oxiratda vasiqai barotimiz bo‘lg‘uvsidir”.
Bundan anglashilib turibdiki, ustoz otadek ulug‘ va azizdir. SHuning uchun ham “otam meni erga tushishimga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ustozim ilm-tahsil berib, meni ko‘kka chiqishimga bois bo‘ldi” deyilish bejiz emas.
Ismoil dostonda otasi va ustoziga bir xil nazar bilan qaraydi. SHoirning ushbu bitiki ham ana shu fikrni tasdiqlaydi.
SHoh bo‘lganin qutlamoq uchun
Ta’zim bilan etmoqqa e’zoz.
Iskandarning oldiga bir kun,
Qadam qo‘ymish ota va ustoz,
Ikki zotni qarshilarkan shoh,
Vujudini bosibdi bir yuk.
Kimni oldin quchayin evoh,
Qay biridan qay biri buyuk?
SHoh xayolan o‘ylabdi otam,
Hayot berdi , bo‘yga etkazdi.
Xat o‘rgatib, tanitib olam,
Ushbu taxtga ustoz o‘tqazdi.
Mendaku shoh ishtiyoqi yo‘q,
Qilmagayman shohlikni havas,
Mendan ona xalqim va ulug‘
Ustozlarim rozi bo‘lsa bas.
“Ustoz otadek ulug‘” degan hikmat ular munosabati fonida o‘zining yorqin ifodasini topgan. Otasidan mudhish xabarni, aslida olloh roziliginii eshitgach, ustozi va do‘stu yoronlari bilan vidolashib shu so‘zlarni aytadi.
Otamga teng bo‘lgan, aziz ustozim,
Rozi bo‘ling mendan qaytib kelmasam,
Madadkoriz bo‘lsin qodir xudoyim,
Rozi bo‘ling mendan qaytib kelmasam.
Ismoil der, ko‘zim ochib ko‘rganim,
O‘n to‘rt yoshga qadar ilm olganim,
Birga ta’lim olgan do‘stu yoronim,
Rozi bo‘ling mendan qaytib kelmasam.
Ota – ona izmi va xizmatida bo‘lish farzand qarzi va farzi.
Ismoil nomi bilan bog‘langan boshqa bir rivoyat bor. Bir kuni Ismoil islomning besh arkonidan biri haj ziyoratini ado etish maqsadida ziyorat sari yuz tutadi. Uzoq yo‘llarni bosib o‘tib Makkaga yaqinlashganda, bir masjidga kirib namoz o‘qishga tutinadi. Namoz tugagach, oldinda o‘tirgan bir chol unga o‘giriladi. U salom beradi. CHol alik ola turib, deydi: O‘g‘lim, bu erlikka o‘xshamaysan, asli qaerdansan?
Bag‘doddanman, haj ziyoratini ixtiyor aylaganman, bobo, deydi u.
Ota-onang bormi?
Bor, xudoga shukur.
Mening ota-onalarim bolalik paytimdanoq, dunyodan o‘tib ketishgan. Hozir sakson besh yoshdaman, oltmish yil haj safarini qildim. O‘tinaman, bolam, ortingga qayt, ular xizmatiga bor, oltmish yillik haj savobini senga baxsh etdim, sen ota-onang ko‘ngil shodligini menga baxsh et!
Ushbu rivoyat keyin yaratilgan bo‘lsa-da, asrlarga tatigulik mazmunni o‘ziga jo etgan.
Onang rozi etolsang, zamon seniki,
Ne zamon, zaminu osmon seniki,
Agar otangni ham rozi etolsang.
O‘n sakkiz ming olam jahon seniki.
Ha, shoir haqli e’tirof etganidek, ota-onaning duosi mustajob bo‘lishi haqidagi hadisi sharifga ishorat bor unda.
Hatto, Ismoil alayhissalomning bo‘g‘ziga pichoq o‘tmay qolishiga ham onaning duosi, iltijosi sabab bo‘ladi.
Ushbu dostonda farzandning ota, ona va ustoz oldidagi farzi, yaratganga bo‘lgan mehru muhabbati aks etgan. SHu ma’noda u ibratnoma deyilishi ham behuda emas.
ZAR QADRINI ZARGAR BILAR
Dono xalqimizning shu hikmatida ma’no ko‘p. Har qanday sohaning nozik tomonlarini, o‘ziga xos murakkabliklarini yaxshi tushunadigan, his etadigan, qadrlaydigan kishilarning fikri- zikri, bahosi doimo qiymatli va asosli bo‘lib kelgan. SHu sababmi yoki boshqami, bilmadimu, Ro‘zimbek baxshi misolida baxshichilik san’ati xususan, dostonchilikning xalq og‘zaki ijodiyotidagi o‘rni haqida mulohaza bildirish istagimizdan xabar topgan ko‘plab ilm va san’at ahllari ushbu xayrli ishga bosh qo‘shishdi. Ulardan ko‘p va xo‘b minnatdormiz.
E’TIBOR VA E’TIROF
Taniqli san’atkor O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov 55 yoshlik tavalludlarini bois qilib qo‘limga “taklifnoma” tutqazdi-da, “Madaniyat institutidagi domlalarni, hamkasblarni, oshna-og‘aynilarni boshlab kelsangiz, shod bo‘laman”- dedilar. Jumladan, Ro‘zimbek aka ham eshitib xursand bo‘ldilar. O‘sha kuni hammamiz oshga bordik. Ortiq aka, odatdagidek, hazil-huzullar bilan mehmonnavozlik qilib hammani kutib olar va kuzatib qolardi. Oshni eb chiqqanimiz hamonoq, Ortiq aka Ro‘zimbek akani quchib, samimiy mulozimat bilan egnilariga to‘n yopdilar-da, so‘ngra “baxshi bovo, bir fotiha bering”,-dedilar. Ro‘zimbek og‘a, “Ilohim, parvardigor siza Go‘ro‘g‘lining yoshini bersin”- deb duo qildi. To‘ylarda ko‘plab to‘nlarni kiygan Ro‘zimbek og‘a o‘shanda bolalardek suyunib ketdi. Anchagacha Ortiq akani alqab, maqtab yurdi. “Rahimboy, meni Ortiq ham yaxshi ko‘rarkan-a”, deb faxrlandi. “Siz o‘zingizni yaxshi ko‘radiganlarni hali ko‘pini bilmaysiz,”- deb hazillashgan bo‘ldim. Insonga mehr va muruvvatdan ziyoda narsa zarur emasligini o‘shanda angladim. Ba’zan shu bir og‘izgina shirin so‘zni ham bir-birimizga ravo ko‘rmasligimizga afsuslandim.
Ortiq aka bir kuni menga qo‘ng‘iroq qilib “Vaqtingiz bormi, Baxmalga to‘yga borib kelamiz, davraboshilik qilasiz,-dedi. Men rozi bo‘ldim. Yo‘lda ketayotganimzda, Ro‘zimbek baxshi haqida bir kitobcha tayyorlash niyatida ekanimni aytdim. U xursand bo‘ldi. Baxshining o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, xususan Xorazm xalq dostonlarining mohir ijrochisi ekanini aytib ketdi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, “Ro‘zimbek og‘a haqidagi ushbu fikrlarni ham kitobchaga ilova qilarsiz”- deb ikki varaq qog‘oz berdilar. Mana o‘sha mulohazalar.
— San’atda “unday qildim, bunday qildim”- deb yurgan san’atkorning yoshi bir zumda bir joyga borib qolishi hech gap emas. Inson u davrada aytgan qo‘shiqlarini, bu davradagi chiqishini aytib g‘ururlanib yurishi mumkin. Ularning hammasi o‘tkinchilikka yuz tutadi. Eng muhimi, o‘zidan keyin qoladigan fundamental ish uni mangulikka muhrlaydi. San’atkor uchun ikki omil uning san’atdagi o‘rnini belgilaydi. Biri u haqda yozilgan yoki o‘zi yozgan kitoblar, aytgan qo‘shiqlarini audio va video tasmalar, grammplastinkalar orqali chiqazish bo‘lsa, ikkinchisi, ta’lim berib voyaga etkazgan shogirdlaridir. O‘zbekiston xalq artisti Ro‘zimbek Murodovda har ikkalasining ham borligi kishini xursand etadi. Uning yo‘lida doston o‘rganib baxshi bo‘lganlar qancha. U aytgan dostonlardan parchalarni qo‘shiq qilib aytib o‘zicha “mashhuri zamon” bo‘lganlar soni ancha. Hozir ham doston qo‘shiqlarini o‘ziniki qilib, so‘zini o‘zgartirib aytib yurganlarga nima deysiz.
Ro‘zimbek akadagi harakat, tinimsiz faoliyat meni hamon hayratlantiradi. Kasallikni bahona qilib o‘tirmaydi. Doston kuylab doston bo‘lish u kishiga xos. U kishining eng katta xizmatlari Xorazm xalq dostonlarining eng sara variantlarini kuylab grammplastinkaga yozdirganidir.
Adashmasam, o‘rta maktabni endigina tugatish yoshlarida edik. “Oshiq G‘arib va SHohsanam” dostoni chiqqanda, qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgandi. Do‘konlardan uni topolmay so‘rab-surishtirib yurganlar soni ziyoda edi. Ko‘pchilik o‘sha dostonning grammplastinkasini eshitamiz deb, grammofon sotib olganlaridan ham xabardorman. Qanchadan-qancha sotuvchilar grammplastinkani pullash orqali boyiganini o‘zlari aytib yurgan. Ashaddiy muxlislaridan biri doston grammplastinkasini bitta “Zaporojets” avtomobiliga alishtirganligini, chakana narxi yigirma besh ming so‘mga chiqib ketganini ham eshitganmiz. O‘sha paytlarda butun bir dostonnni ovoz bilan tushish, grammplastinka sifatida chiqazish gapirishga oson. Uning orqasida ancha mashaqqat, qanchadan-qancha bedor tunlar yotishini shu ishga unnagan odam biladi, xolos. YAxshiyamki, “Kuntug‘mish”, “Go‘ro‘g‘li va Bozirgon”, “Najab o‘g‘lon” singari dostonlar Ro‘zimbek og‘aning mehnati, chekkan zahmati samarasi sifatida grammplastinka holatida el aro tarqaldi. Dostonchilikdan tashqari, u bastakor sifatida ham talaygina shogirdlar etishtirgan. Qadimdan sinashta bo‘lib kelayotgan doston kuylariga yangicha yo‘nalish va sayqal bergan.
Biz ba’zan bir ashula tayyorlaydigan bo‘lsak, qancha ter to‘kamiz. So‘ziga mos kuyni topish, tanlashda qiynalamiz. Ro‘zimbek og‘aning dostonlaridagi qahramonlar ruhiga, fe’l-atvoriga moslab qo‘shiqlarni ayta olish iqtidoriga tan beramiz. Bir dostonni ijrosi davomida o‘zlikni saqlash asnosida o‘ttizga yaqin qahramonning qiyofati va holatiga tushishning o‘zi bo‘lmaydi. Tor ham u kishining qo‘lida ayricha o‘ynaydi. Xorazmda “bir necha kuylakni oldin to‘zdirgan odamni o‘zingga ustoz bil” degan gap yuradi. Bizdan oldin tor ushlagan, qo‘shiq aytgan Ro‘zimbek Murodovning bolalik paytlarimizdanoq, e’tiborimizni tortib kelganini tan olmaslik insofdan emas. Ro‘zimbek og‘ada kuch-g‘ayrat, xalq dostonlariga bo‘lgan ilhombaxsh zavq nihoyatda kuchli. U hali ham ijoddan to‘xtagan emas. Ayni zamonda doston eshituvchilar sonining kamayishi unga bo‘lgan e’tiborni, o‘zbek folklorini targ‘ib va tashviq etishdagi xizmatlarini pasaytirmaydi. Tirikligidayoq, o‘ziga haykal qo‘ya olgan baxshi og‘aga hamisha olqish va tahsinlar baxshida bo‘laversin.
***
O‘zbekiston xalq hofizi Faxriddin Umarov bilan konsert dasturlarida, to‘y-hashamlarda necha bor uchrashgan bo‘lsamda, san’atkor va san’at haqidagi fikrlaridan xabardor emasligimni angladim. Ehtimol, o‘zlarining qalamlariga mansub asarida ham ko‘p qarashlarini bildira olmagandir. Ro‘zimbek baxshi haqida tayyorlab qo‘ygan uch-to‘rt varaq mulohazalari sabab ancha fikrlashdik.
— Rus yozuvchilaridan birining so‘z san’atining boshlanishi folklordadir, degan fikri bejiz emas, deb so‘z boshladilar Faxriddin aka, o‘ychan holatda. -Xalq og‘zaki ijodini bilmagan, doston qo‘shiqlaridan zavqlanmagan san’atkor chin san’atkor emas. Tong otguncha doston aytib charchamagan baxshining qudratiga qoyil qolmasdan bo‘ladimi, Hammaning qo‘lidan kelmaydi bu san’at. Xorazm baxshilaridan Qurbonnazir Abdullaev, Bolta baxshi, Jumavoy baxshi, Qalandar baxshilarning san’atini el-yurt bilganidek, Surxondaryo-Qashqadaryo dostonchilik maktabining etuk namoyandalaridan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Po‘lkan shoir, Hazratqul baxshi, Qodir baxshi, SHoberdi baxshilarning ham o‘zbek dostonchiligining targ‘ibida o‘rni beqiyos. Ayniqsa, yaxshi bilganimiz, taniganimiz Ro‘zimbek og‘aning Xorazm dostonlarini umrboqiylikka muhrlashdagi xizmatlarini ta’kidlamasdan o‘tib bo‘lmaydi. Bu borada u insonning chekkan zahmatlari ko‘p.
Katta avlod san’atkorlarning ibratli jihatlari ko‘p ekan. Balki, men ular bilan yaqindan ijodiy muloqotda bo‘lganim uchunmi, bilmadim. Hoynahoy, so‘z va soz ustida tinimsiz ter to‘kish bor edi ularda. Ba’zan ayrim xonandalarning nomini aytishga til bormaydi, ijrosini, qo‘shiqlar matnini buzib aytishlarini eshitib taajjubdan yoqa ushlaysan, kishi.
San’atkorning savodsizligi, o‘zi ijro etayotgan qo‘shiqlarning matnini, so‘zlarini tushunmasdan kuylaydigan xonandalarning soni ko‘payib ketayotganidan cho‘chiyman, mullo Rahimboy, — dedilar mulohazakorlik bilan Faxriddin aka. -Bu holda o‘zbek musiqa san’atining ravnaqi qay tomonga bo‘ladi. Balki, o‘zimiz shunga yo‘l qo‘yayotgandirmiz. Xalqning didsizlanishiga sabab bo‘luvchi “san’atkordan” shunga ergashib qarsak chalayotgan bir guruh tinglovchilardan achinib ketaman.
Hozir bir “an’ana” paydo bo‘layapti. Engil-elpi, mazmunan sayoz so‘zlar yig‘imidan iborat bo‘lgan “she’r”ni san’atkor amal-taqal qilib aytadi, kimdir unga sayqal bergan bo‘ladi. SHu bilan to‘y-hashamlarga yo‘l oladi. YOmon narsaga ham quloq o‘rgansa, kishining o‘zi unga mehr qo‘yishini ba’zan sezmay qoladi. Tayyor chet el musiqalariga milliy cholg‘u sozlarini qo‘shib yangi kuy yaratgandek bo‘ladi. SHunga so‘z tushirib berishni o‘zini olamda yakto deb yurgan “shoirvachcha”dan iltimos qiladi. Qarabsizki, “o‘ldim, yorim, kuydim, jonim” qabilidagi qo‘shiq to‘ydan to‘yga o‘tib qanot yozib yuribdi. Unga sakrab-sakrab o‘yinga tushayotganlar qancha. Ustoz san’atkorlardan biri “Hali ko‘rasan, bu borishda so‘zning qadri yo‘qolib, hamma joyda ohang, ritm etakchilik qiladi. Kim qanday so‘z qo‘yib, qanday qo‘shiq aytadi, hech kimning ishi yo‘q. Sakrab o‘ynashga mos kuy, ohang eshitilib tursa, bas”-degandilar. SHu fikr ifodasini ayrim to‘ylarda ko‘rayapmiz, endi.
Bir paytlari so‘z uchun soz, kuy tanlanardi. Hozir esa aksini ko‘rayapmiz. Kuyga moslangan, maza-matrasiz so‘z qo‘yib aytadiganlar, buning ustiga uyalmay-netmay o‘zini muallif ataydiganlarga nima deysiz. Ijrochisi, bastakori, she’r muallifi ham o‘zi. Oxir-oqibat tinglovchisi ham o‘zi bo‘lib qolsa ajab emas. Davr sinovlaridan o‘ta oladigan qo‘shiqlarninng kamligi ham shundan. Mavsumiylik tabiatga, hosilga yarashadi, qo‘shiqqa emas. O‘zlariga mos bo‘lmagan qiliqlar bilan qo‘shiqlar aytadiganlar san’atkor san’at xalq minbari ekanini unutmasa bo‘lardi.
Xorazmda ko‘p bo‘lganman. Noziktab’ shoir Bolta Davlatov(Bodil), dutor mashqini obdon egallagan Nurmuhammad aka, SHeroziy, Hojixon Boltaevlar menga qadrdon, dilkash insonlar edi. Xorazmliklar uncha-muncha san’atkorni ham, qo‘shiqni ham tan olmaydilar. Avj pardalariga chiqib ijro etolmagan san’atkorlar u erda obro‘ olishi qiyin. O‘ziga xos to‘y madaniyati ham bor ularda. Bir to‘yga aytilgan san’atkor ustiga boshqasining, ya’ni Toshkentdagidek “birrov”chilarning kelishi o‘ta hurmatsizlik hisoblanadi. Hozirgi to‘ylarimizda ba’zan “mashhur bir san’atkorni to‘yona qilib keltirdim”, degan gaplar quloqqa chalinib qoladi. Insonni to‘yona qilish mumkinmi? To‘yga to‘yona qilingan narsa, shu xonadonda qolishi kerak. U qo‘y emaski, to‘yona qilib keltirilsa. Uch-to‘rt so‘m ishlash ilinjida kelgan xonandaga buning ahamiyati yo‘q, garchi hamiyatiga tegsa ham. To‘yona qilib keltirgan odamning qo‘liga qarab kelgani aniq, yoki boshqa bir ishni bitkazish ilinjida. “Birrovchi”lar to‘yning fayzli, mazmunli o‘tishiga, “kompozitsiyasi”ga putur etkazadi. To‘y bahona davomli xizmatga kelgan, boshqacha aytganda “dejurnыy” bo‘lib turgan san’atkorlar guruhi ochilib-sochilib xizmat qilmaydi. Ular ham ilojini qilib, boshqa bir to‘yga birrovga borib kelish harakatiga tushishadi. Bunda qanday mantiq bor? Aksariyat to‘ylarda so‘zga ham, sozga ham e’tibor susayib ketgan. Kim nima haqda gapirayapti, qiziqish yo‘q. Onda-sonda o‘yinga chorlovchi bir o‘ynoqi musiqa eshitilsa, bas, chiqib o‘ynash uchun.
Xorazmda sobiq viloyat rahbari bo‘lib ishlagan Bektosh Rahmonov madaniy-ma’rifiy tadbirlarga bosh-qosh, tashkilotchi, tashabbuskor inson edilar. Ular poytaxtdagi mashhur san’atkorlarni chorlab turar, bu esa mehnatkashlarning ma’naviy hordiq chiqazishi ko‘p jihatdan ish unumdorligiga, ko‘tarinki kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini yaxshi bilardilar.
O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Rahimovalar (ruhlari shod bo‘lsin) bilan birgalikda konsertlar uyushtirardik. Xorazmning deyarlik barcha tumanlarida mehnatkash aholi orasida konsert berganmiz. Ular bizni alohida qarshilashar, ba’zi qo‘shiqlarni qayta-qayta aytishimizni iltimos qilishardi. Ularning olqishi biz uchun katta sinov va unvon edi. El rag‘bati uning da’vati hamdir. Xalq dili va didiga yaqin qo‘shiqlarni tayyorlash, ularga munosib tuhfa bilan yuzlashishga oshiqish, yangi dasturlar ustida zavq-shavq bilan ishlash bizga katta quvonch va kuch bag‘ishlardi.
Qo‘shiqchilikka “kompyuter”ning qo‘shilishi o‘zida iste’dod uchquni bo‘lmaganlar uchun ham qo‘l keldi. Soz va ovozning turli xil maromga burish oson bo‘lib qoldi.”
SHu tobda Faxriddin akaning fikrini isboti o‘rnida Qalandar Normatovning bir gapini keltirdim. Miriqib kuldilar. “Xorazmdan charchab kelgan Qalandar akaga shu kuni ovoz yozish studiyasi bo‘sh ekani, yozib olish mumkinligini aytishibdi. Horigan bo‘lsam ham mayli imkoniyatdan foydalanaylik, deb ohanrabo tasmaga tushibdi. SHunda u ovoz operatoriga bir joyidan ko‘ngli xijil bo‘lganini, maromiga etkaza olmaganini aytibdi. Ertasiga kelib avjini qayta yozishlarini so‘rabdi. Ovoz operatori esa miyig‘ida kulimsirab xavotir olmang degan mazmunda qarab qo‘yibdi. Qalandar akaga kecha aytgan qo‘shig‘ini qo‘yib berishibdi. U taajjubda qolibdi. “Bu ne mo‘‘jiza? Kecha avj nuqtasiga chiqolmaganim aniq ediku, debdi soddalik bilan. Ovoz yozuvchi esa “Qalandar og‘a, siqilmang, kompyuter degan narsa bor. Hammasini joyiga qo‘ya oladi, debdi.
SHunda taajjubdan yoqa ushlagan Qalandar aka, -YOpiray, endi ovozi bo‘lmasada, maymunni ham qo‘shiqchi qilsa bo‘ladigan zamon kelibdi, dermish.
Faxriddin aka bilan kulishdik. So‘ng u bir pas tin oldi-da, so‘zlarida davom etdi.
— SHular haqda o‘ylasam, keksa san’atkorlarning qo‘shiq ustidagi mehnatlari yodimga keladi. So‘zimizga bois bo‘layotgan Ro‘zimbek Murodov ham alohida mehrga sazovor san’atkorlardan. Ularning yaxshi iborasi bor: “YAxshi qo‘shiq tayyorlash, tinglovchiga maqbul qildirish ming o‘lib, ming tirilishdir”.
— Ba’zi san’atkorlarga hayron qolaman. Bir qo‘shig‘i bilan darrov elga tanilishni, mashhur bo‘lishni niyat qiladi. San’at yo‘li ravon emasligini, o‘ziga xos dovonlari borligini bilishsa yomon bo‘lmaydi.
Umr davomida ko‘pdir dovonlar,
Undan ustun kelar mardu maydonlar,
Hali ko‘pdir ushamag‘on armonlar,
Bardosh ila engar oqil insonlar, — deyishi bilan
shoir haqli. Dovonlardan mardonavor oshib kelgan Ro‘zimbek Murodovga havasimiz keladi.
Men Ro‘zimbek Murodovni uzoq yillardan beri bilaman. U dostonchilik san’atida o‘ziga xos maktab yaratgan san’atkordir. R. Murodov bilan O‘zbek Davlat filarmoniyasida birgalikda ishlash jarayonida bir necha viloyat va shaharlarda birgalikda konsert qo‘yganmiz.
SHu vaqtlarda R. Murodovning ovozini eshitish va mahoratini ko‘rishga musharraf bo‘lganman. U o‘zi ijro etgan dostonlarni, shunchalik mahorat bilan ijro etardiki, har bir dostonning mazmunini tinglovchiga etkazishda o‘ziga yarasha badiiy va betakror so‘zlar bilan tomoshabinlar dilini rom etardi. Masalan, “Go‘ro‘g‘li va Bozirgon” dostoniga alohida, “G‘arib va SHohsanam” dostoniga alohida, shuningdek boshqa dostonlarga ham o‘ziga mos yoqimli musiqa jo‘rligida va betakror ovoz bilan estetik jilolar berardi. SHu noyob san’ati bilan xalq olqishiga sazovor bo‘lib, qayta-qayta sahnalarga taklif qilinardi. YAna bir yaxshi xislati borki, o‘z hamkasblariga mehribon, tinglovchilariga s adoqatli, bir necha shogirdlariga ustoz, oilada dono boshliq va ajoyib sozandadir. San’atkorni xalq sevsagina, u yaxshidir. R. Murodovni xalq sevdi va o‘z farzandidek bag‘riga oldi. SHu boisdan davlatimiz uni hurmatlab, murakkab dostonchilik san’atining mohir ijrochisi ekanini nazarda tutib, unga “O‘zbekiston xalq artisti” degan buyuk unvon berdi. Bu unvonga R. Murodov munosib va loyiqdir.
- Murodov hozir ham o‘z san’atini yoshlarga o‘rgatish maqsadida bir necha yillardan beri Toshkent Davlat madaniyat institutida o‘qituvchi-dotsent lavozimida ishlamoqda. Men R. Murodovga mustahkam sog‘liq va uzoq yillar xalq nazarida bo‘lishlarini tilayman, deb qo‘ydilar.
Faxriddin akaga minnatdorchilik bildirib xayrlashdim.
***
Dostonlar ijrosini sinchiklab kuzatarkan, baxshi va baxshichilikning ildizlariga ilmiy tanqidiy nazar bilan boqaturib, musiqa san’atining yirik bilimdoni, nazariyotshunos va amaliyotchi olim, yirik tadqiqotchi O‘zbekiston Respublikasi Bastakorlar uyushmasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi San’at arbobi, Davlat mukofoti sovrindori Rustam Abdullaevning mulohazalari alohida ahamiyat kasb etadi.
Ustoz baxshi Ro‘zimbek Murodov bilan 1965 yillarning boshlarida Toshkentdagi Hamza nomidagi musiqa bilim yurtida tanishganman. U kishi bilan suhbatlashganimdayoq, Xorazm dostonchilik san’atining ulkan namoyandalaridan biri ekanini anglaganman. Ro‘zimbek Murodov dostonchilik san’atiga nafaqat ixlosmand, balki bu yo‘nalishdagi ijro yo‘llarini maromiga etkazib, aytadigan ustoz san’atkorlardan deb bilaman. Baxshining quroli sozi va uning ovozidir. Baxshining ijrosidagi dostonlarni tinglagan har bir shinavanda uning san’atiga yuqori baho beradi. Men ustoz baxshi haqida o‘ylaganimda, beixtiyor yuqoridagi fikrlar xayolimdan o‘tdi. Bu bejiz emas. Opera san’ati deganda, jahonning Italiya opera san’ati ko‘z oldimizga keladi. Opera singari o‘zbek dostonchilik san’atining negizi ham uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Unda opera san’atiga xos bo‘lgan barcha ijro xususiyatlari mavjud. Kirish qismi qahramonlarning holatini, ichki dunyosini ochib beradigan rechitativlar, monologlar va areyalarga xos xususiyatlarni dostonda ham kuzatamiz. Baxshi dostonlarni kuylayotganda, operaga o‘xshash san’at turining o‘zimizda ham mavjudligidan faxrlanaman.
Ro‘zimbek Murodov ijodining yana bir yorqin qirrasi murabbiylik iqtidoridir. U dostonchilik ijodini yosh avlodga o‘rgatishda tashabbuskorlik ko‘rsatib kelmoqda. Zikr etilgan mulohazalar Xoramz dostonchilik tarixida Ro‘zimbek Murodovning mustaqil o‘rnini kamsitmaydi. Alohida olinganda, Ro‘zimbek Murodov shubhasiz, dostonchilik san’atining yirik ustasi. Ustoz Ro‘zimbek Murodovga ustozlik gashtini surib yurishida mustahkam sog‘lik tilayman.
***
Oradan ko‘p o‘tmay, xalqaro konkurs laureati, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasining dotsenti Qahramon Nazirovdan baxshi haqidagi mulohazalari bitilgan nomani oldim. Mana u.
— O‘zbekiston ensiklopediyasini varaqlab o‘tirardim. San’atkor bo‘lganim uchunmi, shu sohaga daxldor ustoz va hamkasblarning nomlari o‘rin tutgan sahifalar meni befarq qoldirmaydi, g‘ururlantiradi. Ular orasida baxshi-bastakor, xonanda, sozanda, mehribon ustoz, dirijyor O‘zbekiston xalq artisti Ro‘zimbek Murodovni alohida o‘rni bor. Qadimdan xalqimiz musiqa san’atining fidoyi namoyandalarini qadrlab kelgan. Ana shunday e’zozga sazovor bo‘lgan Ro‘zimbek Murodov haqida to‘lqinlanmasdan so‘zlab bo‘lmaydi. Uning serqirra ijodiga nazar solarkanmiz, bir necha o‘nlab xalq dostonlarining mahoratli ijrochisi, Xorazm maqomlarining bilimdoni, yuzlab shogirdlarning ustozi, musiqa san’atining professional pedagog-dirijyori ekanligining guvohi bo‘lamiz. Ro‘zimbek Murodov Hamza Hakimzoda Niyoziy nomidagi Toshkent Davlat musiqa bilim yurtidagi mehnat faoliyati davrida va shuningdek, O‘zbekiston teleradiosi qoshidagi O‘zbek xalq cholg‘ulari orkestrida (hozirgi kunda Doni Zokirov nomi bilan ataladi) dirijyor bo‘lib xizmat qilgan davrlarida o‘zining yuqorida qayd etildgan serqirra ijodini namoyon qildi. Musiqa bilim yurtida g‘ijjak sinfi bo‘yicha dars berish bilan bir qatorda jirijyorlik, o‘zbek xalq cholg‘ulari orkestri uchun cholg‘ulashtirish va O‘zbek xalq cholg‘ulari ansambli fanlaridan yoshlarga hormay-tolmay saboq berdi. Ayniqsa, xalq og‘zaki ijodiga mansub o‘zbek folklor musiqa san’atidagi noyob janr bo‘lgan dostonchilik borasida keng ko‘lamda izlanishlar olib bordi, katta muvaffaqiyatlarga erishdi va hozirgi kungacha O‘zbekistonda dostonchilik san’atining peshqadam vakillaridan bo‘lib kelmoqda.
SHuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, baxshilik san’ati ham boshqa san’at turlari kabi o‘ta murakkab, mashaqqatli ijodkordan tinimsiz mehnat talab qiladigan kasb. Ijrochi sahnada ham sozanda, ham xonanda, ham shoir, qolaversa ham aktyorlik mahoratini namoyon etishi kerak. Baxshi dostonni ijro etayotganida avvalombor, voqelikni hikoya qiladi. Demak, u so‘z boyligiga ega bo‘lishi zarur. Doston personajlarining so‘zini kuy orqali ohangga sozlab ijro etishi kerak. Musiqa usullarining hissalariga va ohanglariga bo‘ysunmaydigan so‘zlarni kezi kelganda, ma’no va mohiyatini buzmaydigan boshqa ma’nodosh so‘zlarga almashtira bilish salohiyatiga ham ega bo‘lishi lozim. SHu bilan birga asar qahramonlarining xarakterini, ruhiyatini ko‘rsata bilishi zarur. Ijrochining shunday xususiyatlari mujassamlanganligi sababli pirovardida, ijro etilayotgan dostonni tinglab bahramand bo‘lamiz. Ustoz san’atkor Ro‘zimbek Murodov shu tarzda bir necha dostonlarni yod oldi, ko‘plariga kuylar bastaladi, ba’zilarini qayta ishlab, ularga sayqpal berib yangicha tusda xalqqa in’om etib kelmoqda. Uning ijrosidagi “Kuntug‘mish”, “Go‘ro‘g‘li va Bozirgon”, “Oshiq G‘arib va SHohsanam”, “Tohir va Zuhra”, “Ibrohim Xalilluloh” kabi mashhur dostonlarni san’atsevar xalqimiz yaxshi biladi va ko‘p martaba miriqib tinglash baxtiga muyassar bo‘lgan. Kamina Ro‘zimbek Murodovning yuzlab shogirdlaridan biri sifatida ustozning ko‘rsatmalariga tayanib “Go‘ro‘g‘li va Bozirgon” dostonidan lirik qo‘shiq kuyini g‘ijjakda ijro etishga erishdim. U kuyni, hattoki, fortepiano jo‘rligi partiyasini ham musiqa san’atining serqirra ilmiga ega bo‘lganligi bois ustozning o‘zi ijro etdi. Mazkur kuy ko‘p marotaba tanlovlarda, konsertlarda ijro etildi.
Hozirgi kunda nafaqat, lirik qo‘shiq, balki, ustozning boshqa kuylari ham g‘ijjakchilar dasturidan munosib o‘rin olib kelmoqda. El sevgan san’atkor, ustoz Ro‘zimbek Murodovning o‘zbek musiqa san’ati ravnaqi yo‘lida qilayotgan tinimsiz ijodiy ishlariga baraka tilab qolamiz”.
Qahramon akaning qisqa ammo, samimiy mulohazalari bitilgan xatda hamkasbning hamkasbga bo‘lgan mehrini tuyish mumkin edi.
***
Navbatdagi suhbatdoshimiz Xalq ta’limi a’lochisi, O‘zbekiston teleradiokompaniyasining Doni Zokirov nomidagi xalq cholg‘u orkestrining sozandasi Saidjon Kadaboev. Dastavval, ular hamkasbi, shogirdi SHarofiddindan tahrir uchun bergan “E’zoz” nomli she’rlarini oldilar-da, so‘ngra o‘qishga tutindilar. Mana o‘sha she’r.
Ko‘ngullarning sarafrozi, necha dilga hamrozdursiz,
San’at qadrin baland tutgan yuraklarda e’zozdursiz.
CHaman bulbullarini lol aylagan xushovozdursiz,
Olam uzra taralgan kuy, qo‘shiqlari mumtozdursiz.
Nomi elda baxshi, doston bo‘lgan aziz ustozdursiz.
Mehnat qilib sidqidildan ma’rifatni o‘yladingiz,
Har holatda mag‘rur turib adolatga bo‘yladingiz,
Muxlislarga Bozirgonu Go‘ro‘g‘lidan so‘yladingiz,
Oshiq G‘arib-SHohsanamninng muhabbatin kuyladingiz,
Xonishlari otashzabon bo‘lgan aziz ustozdursiz.
Ko‘hna, mumtoz meroslarni dunyolarga taratdingiz,
Jaranglatib toringizni, bulbul kabi sayratdingiz,
Bu gulshanda dostonchilik maktabini yaratdingiz.
SHogirdingiz Sayyidiyni ziyolarga qaratdingiz,
Ko‘ksim ichra o‘tli tug‘yon bo‘lgan aziz ustozdursiz.
Saidjon aka she’rni qiroat bilan o‘qib bo‘lgach, ohista gap boshladilar — Kechagidek yodimda, men 1955-59 yillar davomida Hamza nomidagi musiqa bilim yurtida ustoz Ro‘zimbek Murodov sinfida g‘ijjak ijrosi bo‘limida tahsil olgan edim. SHu yillar davomida ustoz menga bor bilimlarini berib san’atsirlarini o‘rgatdilar. Domla kasbiy ta’limlardan tashqari biz o‘quvchilarga otalarcha munosabatda bo‘lib, odob-axloq namunalarini ham ko‘rsatar edilar.
1957-60 yillar davomida ustozimiz O‘zbekiston teleradiosi qoshidagi Doni Zokirov nomidagi xalq cholg‘u orkestrida ham murabbiy, ham dirijyor sifatida xalq ichida mashhur, lekin notadan sabog‘i bo‘lmagan ko‘plab san’atkorlarga musiqiy notadan dars berdilar. Musiqa sirlarini egallash dunyoda ham qiyin, ham quvonchli. Har ikkalasiga ham oshni bo‘lgan sobitqadam inson Ro‘zimbek Murodovdan doim shodmiz, -deb so‘zini yakunladilar Saidjon aka.
***
— Ro‘zimbek Murodovning shogirdlari, u haqda to‘lqinlanib, soatlab gapiradigan do‘stlari ko‘p, degandim, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasining dotsenti Fayzullo Ibragimov so‘zni ilib ketdi.
-Musiqaga bo‘lgan ishtiyoqim, o‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlarimda uyg‘ongandi. Maktab musiqa to‘garagiga qatnashib yurib, doira ijrochilik sirlarini o‘rgana boshladim. Orzularim meni 1956 yili Hamza nomidagi Musiqa bilim yurtiga etakladi. G‘ijjak mo‘‘jizakor kuchga ega. Bu sehrli sozda ovoz chiqarish, kamon bilan sirli tovushlarni ijro etish san’atini o‘rganishda birinchi ustozim Ro‘zimbek Murodov edilar. Talabchan, qat’iyatli va shu bilan bir qatorda ochiqko‘ngilli ustozim nafaqat Ovrupo, rus, qardosh xalqlari kompozitorlari asarlarini ijro etishni o‘rgatibgina qolmay, mumtoz o‘zbek xalq kuylarini , shashmaqom qismlarini ham mukammal o‘rgatib keldilar.
Belgilangan asar ustida ishlashda texnik jihatdan etuk ijro etish, uchraydigan barcha musiqiy holatlarni to‘la amalga oshirish uchun sinchkovlik va bilim bilan dars olib borardilar. Domla Ro‘zimbek Murodov o‘z pedagogik faoliyati mobaynida ko‘plab shogirdlarni tayyorlab chiqardilar. Ular hozirda o‘quv muassasalarida, orkestr jamoalarida, ansambllarda, san’at va musiqa kolleji, litseylarida samarali mehnat qilib kelmoqdalar”.
SHogird ustozidan ta’limiy mehrni qanchalik qabul qilib shod bo‘lsa, Fayzullo akaning mulohazalarini tinglarkanman, u kishi ham Ro‘zimbek akadan shu qadar minnatdorligini tuydim.
***
Ahli donishlarga xos bosiqlik, o‘ychanlik va mulohazakorlik bilan fikr aytadigan xokisor inson, tajribali san’atkor, malakali murabbiy, Rahmatjon akani bir necha yillardan beri bilaman. Hozirda Abdulla Qodiriy nomidagi toshkent Davlat Madaniyat institutining “Xalq ashula va raqs ansambliga rahbarlik” kafedrasining mudiri vazifasida ishlab kelayotgan professor Rahmatjon Tursunov huzurlariga borganimda, odatdagidek, “siz aruz vaznidagi g‘azallarni ko‘proq o‘qing, birinchidan tushunib o‘qiysiz, arabiy-forsiy so‘zlarning ma’nosini bilasiz, ikkinchidan, tanbur ohangiga ovozingiz tushadi” deydigan gaplarini kutgandim. Bu gal unday demadilar.
-Xayrli ishga bosh qo‘shib yurganingizdan xabardorman. Xorazm baxshichilik san’atining timsoliga aylangan Ro‘zimbek og‘a haqida yozish, u ijro etgan dostonlarni tahlil etish folklorshunos sifatida sizga yarashadi ham dedilarda, qo‘limga ikki sahifalik maqolani tutdilar. Hech qanday tahrirsiz, tuzatishlarsiz o‘zingizga havola qilishni maqbul ko‘rdim.
Xorazm dostonchilik ijodiyoti janr rang-barangligi, yaratilishi jihatidan qadimiyligi, g‘oyaviy-badiiy yuksakligi, dunyo xalqlari adabiy merosiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiluvchi go‘zal asarlarga boyligi bilan alohida ajralib turadi. Qadimiy ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan bu bebaho og‘zaki, badiiy meros, mumtoz adabiyot, musiqa san’ati kabi bebaho va ardoqlidir.
Xorazm dostonchiligi xazinasida g‘oyaviy-badiiy jihatdan xilma-xil bo‘lgan uslub va janriga ko‘ra, ham turli xil dostonlarni ko‘rish mumkin.
Xorazmda doston aytuvchilarni “go‘yanda”, ular ijro qiladigan yo‘llar ”noma” deb yuritiladi. Xorazm doston nomalari yirik hajmi, kuy yo‘nalishi, parda lad va avjlari o‘ziga xos yorqin uslubi bilan ajralib turadi.
Xorazm dostonchilik maktabida ikkita yirik uslub mavjud. Ular baxshilarning ifodasi bilan SHirvoniy va Eroniy Xorazm uslublari deb yuritiladi.
Mana shu ikki uslubni mukammal egallagan, Xorazm dostonchilarning ulkan namoyandalaridan biri Ro‘zimbek Murodov o‘zining g‘oyat yuksak ijrochilik mahorati bilan ajralib turadi.
U dostonchilik san’atini dastlab otasidan o‘rgangan. Xorazm dostonchilik maktabining yirik namoyondasi Bola baxshidan, ijrochilik sir-asrorlarini puxta o‘rganadi.
Ro‘zimbek Murodov “Oshiq G‘arib va SHohsanam” ““Go‘ro‘g‘li va Bozirgon” “Najab o‘g‘lon”, “Xirmondali” kabi dostonlarni yoddan ochiq ovoz uslubida mahorat bilan ijro qilib, hozirgacha shinavandalar ko‘nglini to‘lqinlantirib kelmoqda.
Xorazm dostonchilik ijro san’atidaso‘z ustasi, qo‘shiq kuylovchisi va kichik sozandalar ansambli birlashgan bo‘ladi. Ro‘zimbek Murodov dostonlarining nasriy qismlarini mahorat bilan yoddan so‘zlab, hikoya etsa, she’riy bo‘laklarini qo‘shiq shaklida jozibali kuylaydi va bundan tor sozidan mahorat bilan foydalanadi. U o‘zbek dostonchilik maktabida yagona oliy ma’lumotli mutaxassis dostonchi hisoblanadi.
Ro‘zimbek Murodov professor Muxtor Ashrafiy tavsiyasi bilan 1957 yilgacha O‘zbekiston davdat radiosi qoshidagi xalq, cholg‘ulari orkestrida dirijyor va nota savodidan o‘qituvchi bo‘lib ishladi. 1952 yildan 1992 yilgacha Hamza nomidagi musiqa bilim yurtida o‘qituvchi bo‘lib ishladi. 2000 yildan to hozirgi kunga qadar A. Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat Madaniyat instituti “Xalq ijodiyoti” kafedrasi dotsenti lavozimida ishlab kelmoqda. U tarbiyachi pedagog sifatida Hamza nomidagi musiqa kolleji va Madaniyat institutida ishlash jarayonida malakali kadrlarni tayyorlab etishtirdi.
Biz O‘zbekiston xalq artisti mashhur dostonchi, baxshi Ro‘zimbek Murodov ijodiga nazar solarkanmiz, ko‘z o‘ngimizda o‘tmish Xorazm dostonchilik an’analarining davomchisini ko‘ramiz. Uning ellik yil oralig‘ida ijro etgan dostonlari shuningdek, samarali murabbiylik faoliyati uchun davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U uzoq yillar ustozlik gashtini surib yurishiga orzumandmiz.
***
SHogirdlari bilan faxrlanib, ularga berilgan unvonlardan g‘ururlanib yuruvchi kamtarin inson, Xorazm maqomlarining etuk bilimdoni, iqtidorli hofiz, Toshkent Davlat madaniyat institutining Ashula va raqs ansambliga rahbarlik kafedrasi dotsenti Matnazar Xudoynazarov hamkasb do‘st sifatida samimiy istaklarini bildirib, Xorazm baxshichilik yo‘llari haqidagi maqolasini taqdim etdilar.
— Mumtoz merosga ixlosi baland bo‘lgan, ham amaliyotchi, ham nazariyotchi sifatida Xorazm folklori bo‘yicha ibratli ishlarni amalga oshirgan Ro‘zimbek Murodov misolida baxshichilik yo‘llari va dostonchilik maktablari borasida ancha mulohazalar bildirishga imkon tug‘iladi. Uning ijodida ishqiy, qahramonlik va diniy yo‘sindagi dostonlar ham borki, hammasida o‘ziga xos uslub, ijro yo‘li tanlangan.
San’atkorning san’atga kirib kelishi, ijro usuli va yo‘li har xil bo‘lganidek, ularning san’atga munosabati ham turlicha. Ba’zilar san’atni tirikchilik vositasi deb bilsa, ikkinchi birovlar unga mas’uliyat hissi bilan qaraydilar. Engil — elpi, so‘zi o‘zbekcha, kuyi boshqa xalq musiqalaridan olib yasalgan tijoratbop qo‘shiqlarni aytib xalqning didsizlanishiga yo‘l qo‘ymaydilar, bu ishni o‘ziga ep ham ko‘rmaydilar. San’at taraqqiyotiga xizmat qilishni, serjilo, boy an’analariga ega bo‘lgan mumtoz musiqiy merosning ravnaqiga hissa qo‘shishni sharaf va vijdon amri deb biladilar.
Hayot rubob hamma cholg‘uvchi,
Har kim o‘z kuyini chaladi.
Kimning kuyi bir lahzalikdir,
Kimning kuyi mangu qoladi.
Ha, shoir haqli e’tirof etganidek, bugun bor bo‘lib, erta-indin izsiz yo‘qoluvchi san’atkorning mangulikka daxldor bo‘lgan qo‘shiq namunalarini yaratishiga ishonish qiyin.
YAna bir toifa san’atkorlar borki, ustoz san’atkorlarning qo‘shiqlariga, mumtoz merosga ixlos bilan qarab, unga umr baxsh etishni afzal ko‘radilar. SHu asnoda o‘zlari ham yangi qo‘shiqlar yaratishadi. Ohanglari bilan kishini o‘ziga rom etuvchi mumtoz ashulalarni aytishga intilish xayrli. Lekin hamma ham uning uddasidan chiqavermaydi.
Ro‘zimbek og‘a “so‘zga soz bog‘lansa, keyin ikkalasi jonu jasaddek bir butun bo‘lsa, u hayot bo‘ladi, barhayot bo‘ladi, dostondagi nazmu nasr qoliplarini shunga o‘xshataman”- deydilar. Doston ijrosi bo‘yicha tinimsiz ravishda izlanadi. Tayyor kuyga mos so‘z yozdirib o‘zini va o‘zgani aldayotgan hamkasblari bilan chiqisha olmaydi. Dard bilan dona-dona qilib aytilgan qo‘shiqning umri ziyoda bo‘lishini, zahmat chekib, ishonib, anglab, bilib aytgan san’atkorning qadri bo‘lishini u yaxshi tushunadi. SHuning uchun ham, u klassik shoirlarimizning g‘azal va muxammaslariga murojaat qiladigan bo‘lsa, yonida, albatta, lug‘at kitoblari borligini ko‘rasiz. U har bir so‘zning matndagi o‘rni va ma’nolarini sinchiklab o‘rganib yoki mutaxassislardan so‘rab bilib olgach, unga mos kuy tanlashga kirishadi. Bu borada u lug‘at kitoblarini titkilashdan aslo charchamaydi. U o‘ziga, so‘ziga, soziga, ovoziga katta mas’uliyat bilan qaraydi. So‘z, soz, ovoz uyg‘unligi, ya’ni “uch birlik” qonuniyati san’atkorni bor qilishini ham, xor qilishini ham yaxshi tushunadi, shogirdlariga ham shu aqidani bot-bot eslatib turadi.
Hatto, haqiqat bobida katta — kichikni ham ayab o‘tirmas ekan. Maxtumqulining she’rlar to‘plamini o‘zbekchaga o‘girib kitobxonlarga taqdim qilgan taniqli yozuvchi va adabiyotshunos, tarjimon Jumaniyoz SHaripov bilan uchrashib qoladi va tarjimada xatolik sodir bo‘lganini aytadi.
-Ko‘pchilik san’atkorlar sizning tarjimangiz asosida “Kunlarim” she’rini noto‘g‘ri aytishayapti, deb o‘sha joyini o‘qib beribdi.
YUz yoshga etarman, olarlar joning,
Uzatib qo‘yarlar, bicharlar to‘ning,
Maxtumquli, hamroh bo‘lsin iymoning,
Jon-jasaddan ayri tushgan kunlarim.
-Turkmanchada o‘sha joyi “yuzga etirmani olarlar joning” deb yozilgan. Bu “yuz yoshga etkazmasdan” deganidir, deb Ro‘zimbek og‘a tuzatish qilibdilar.
Jumaniyoz aka esa tarjimadagi nuqsonni sezganday, hech nima demasdan, miyig‘ida kulimsirab qo‘yibdilar.
SHu tobda Aflotun bilan uning haqgo‘y shogirdi haqidagi rivoyat yodga keldi. Bolaligidan oqni oq, qorani qora deb aytish o‘rgatilgan shogird umri davomida shu aqidaga bo‘ysunib yashabdi. SHuning uchun ham uning hayoti silliq kechmagan, urilish-surilish, asossiz qasosga uchrash, beayb mayib bo‘lish uning qismatiga ko‘p yozilganmish. Bir masala to‘g‘risida fikr aytish zarur bo‘lsa, istihola qilmasdan bor haqiqatni aytar va dakki-dashnomga qolarkan. “Dunyo yolg‘onchi bo‘lsa, men haqgo‘yman” deyishni kanda qilmas ekan. SHoir aytganidek, “yaxshidur achchiq haqiqat, lek shirin yolg‘on yomon” uning hayot tarziga aylangan. Hatto, bu borada ta’lim bergan ustozini ayab o‘tirmas ekan. Buni ko‘rgan xaloyiq, bir kun to‘planib, unga maslahat bergan bo‘lishibdi.
-Ustozingning dilini ranjitish yaxshi emas. Sening katta olim bo‘lishingda uning xizmatlari yo‘qmi?
U shunday javob beribdi: “To‘g‘ri, ustozim va uning ilmi bo‘lmaganda, men bu darajaga etmagan bo‘lardim. Ustozim mehnati va chekka zahmatini unutish ko‘rlikdir. Ustozim buyuk va el aro suyuk inson. Lekin, ne qilayki, haqiqat undan ham buyuk. Haq gapni shu damda aytmasam, keyin aytishning nima zarurati bor. U ko‘zbo‘yamachilik, o‘zni oqlash-ku. O‘z vaqtida aytilmagan haq so‘z katta illat va jinoyat uchun imkoniyatdir”.
Ro‘zimbek akaning Xorazm dostonchiligi taraqqiyotiga a’lo darajada xizmati singgan. O‘zi bilan birga shu sohada unga hamroz va hamkor bo‘luvchi safdoshlar haqiqiy san’atkorga qanot bag‘ishlaydi. SHu ma’noda Ro‘zimbek aka o‘zidan yoshi ulug‘ baxshilarga e’tibor va ehtirom bilan qarab keladi, ularning shajarasi va xizmatini qadrlaydi.
“Baxshi” so‘zi forscha “bag‘ishlamoq” so‘zidan kelib chiqib, bag‘ishlov degan ma’noni bildiradi. CHunki, baxshi vaziyatga qarab o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda termalar to‘qiydi. Ushbu so‘z o‘zbek va turkmanlarda baxshi, qoraqalpoqlarda jirov, qozoq va qirg‘izlarda oqin, ozarbayjon bilan eronda oshiq deb yuritiladi. Baxshi, albatta qo‘lida soz bilan ijro etadi. Surxondaryo, Qashqadaryo va Pomirda yashovchi tojiklar, qozoq hamda qirg‘izlar shu bilan birga Oltoy tomonlardagi xalqlar ham do‘mbira yordamida terma aytadilar. Ozarbayjon va Eron esa, soz bilan kuylaydilar. Turkman baxshilari o‘z san’atlarini dutorda namoyish etadilar. Qoraqalpoqistonda ikkita oqim mavjud bo‘lib, birinchisi jirovlar deb ataladi. U yopiq ovozda qo‘biz kuylanadi. Ikkinchi oqim ovozda dutor, g‘ijjak va bulamon jo‘rligida ijro etiladi va Xorazm uslubiga o‘xshash joylari ko‘pdir. Ikkinchi oqim ochiq ovozda dutor, g‘ijjak va bulamon jo‘rligida ijro qiladi.
Masalan: «ilg‘or», «eshvoy», «nolish» kuylarining ohang va usul jihati bir-biriga juda o‘xshaydi. Xorazm baxshichilik uslubi ochiq ovozda kuylanishi kuylarning xilma-xilligi va har bir kuy muayyan o‘zining uslubiga egaligi bilan ajralib turadi. Bizgacha etib kelgan qadimiy va mashhur dostonlardan «Go‘ro‘g‘li» turkumida yigirmatacha doston bo‘lgan. Bulardan keng tarqalgani «Go‘ro‘g‘li» va «Xirmondali», «Go‘ro‘g‘li va Bozirgon» va «Avazxon» dostonlaridir. SHu bilan birga «Oshiq G‘arib SHohsanam», «Oshiq Mahmud va Nigorxon», «Sayyotxon Hamro», «Tohir va Zuhra», «Qirqqiz» dostonlari ham xalqchil dostonlar sirasiga kiradi.
Dostonlar odamlar tinglab zerikmasliklari uchun to‘y —hashamlarga moslashtirilib, uch-to‘rt soat mobaynida kuylanadi. Baxshining imkoniyatiga qarab dostonlarni xohlagancha davom ettirish mumkin. XX asr boshlarida Xorazm baxshinomalari to‘qson oltita bo‘lib, bizgacha ularning qirqqa yaqini etib kelgan. Bular «Naylarman», «SHirvoni», «Ilg‘or», «Nolish» va “Rahm ayla”lardir. Bulardan tashqari, XIX asrda yashagan Eshvoy baxshi nomi bilan bog‘liq kuy mavjud. Negaki, Xorazm baxshichilik san’ati ham Xorazm maqomlari kabi xonlik muhofazasida bo‘lgan. Muhammad Rahimxon Feruz davridagi saroy baxshilaridan Siyav baxshi, Ibrohim baxshilarni misol sifatida aytishimiz mumkin. Bu paytlarda dostonlar bitta dutor, ikkita bulamon jo‘rligida ijro qilingan. Xorazmda hozirgi paytda doira, tor, dutor, g‘ijjak, bo‘lamon jo‘rligida, kichik ansambl shaklida ijro qilinadi. Hamma sohada bo‘lgani kabi bu san’at ham inqilobdan keyin, ayniqsa o‘ttiz yillardan keyin ma’lum darajada tazyiqqa uchragan. YA’ni munosabatdagi syujetlar o‘zgartirilib olib tashlangan. Bu narsa dostonlarning an’analari tarbiyaviy mazmuniga katta putur etkazgan. Dostonlarning mohir ijrochilari o‘tgan asrlardagi Eshvoy baxshi, Ibrohim baxshi, Bola baxshi—Qurbonnazar Abdullaevlarning izdoshlari hozirda folklor-etnografik ansambllar tuzib faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Bola baxshining dostonchilik bobidagi faoliyati bolaligidanoq boshlangan. U besh yoshidan boshlab termalar ijro qila boshlagan. Etti yoshida xalq o‘rtasida “Bola baxshi” nomi bilan mashhur bo‘lgan. O‘n yoshiga etganda, saroy bazmlarining birida yuksak mahorati uchun, xon Feruzning maxsus yorlig‘i va sovriniga ega bo‘lgan. Inqilobdan keyingi davrda u kishining mehnatlari qadrlanib 1928 yilda O‘zbekiston xalq dostonchisi unvoni berilgan. 1986 yilda Xivada vafot etdi.
Bulardan O‘zbekiston xalq baxshisi va Xiva bola baxshi dostonchilik maktabi asoschisi Norbek Abdullaev, katta o‘qituvchisi Matyoqub Abdullaev, o‘g‘illari Etmishvoy, shogirdlari Qalandar baxshi Normatov, O‘zbekistonda hizmat ko‘rsatgan artist Otaxon Matyoqubov, Xorazmda «Nurum» baxshi nomi bilan mashhur bo‘lgan Nurmamat baxshilar ham dostonchilik rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shganlar.
Xalqimizning etuk xonandalari Komiljon Otaniyozov, Otajon Xudoyshukurov, Jumanazar Bekjonov, Rahmatjon Qurbonovlar Xorazm baxshichilik san’ati asosida o‘z ijodlarini rivojlantirganlar. Istiqlolimiz sharofati bilan yurtimiz va hukumatimiz tomonidan bu milliy san’atimizga katta e’tibor ko‘rsatilib, “O‘zbekiston xalq baxshisi” unvoni qayta tiklandi. Maktablar tashkil qilinib, baxshichilik san’ati asarlaridan yosh avlodga chuqur ta’lim berilmoqda. SHu bilan birgalikda xorijiy mamlakatlar san’at ihlosmandlari bu san’atimizdan bahramand bo‘lmoqdalar. YA’ni, 2000 yilda Matyoqub Abdullaev boshchiligidagi Xiva bola baxshi dostonchilik maktab o‘quvchilarning Germaniyaga qilgan safari, Xorazm “Doston” ansamblining Norbek baxshi Abdullaev rahbarligida YAponiya, Belgiyaga qilgan safari fikrimizga dalildir.
Ro‘zimbek og‘aning Hindiston va Pokiston bo‘ylab safari, “Ibrohim payg‘ambar” haqidagi dostonni videotasmaga tushirib kelishi Xorazm dostonchiligining kelajagi porloq ekanini bildiradi. Xorazm dostonchiligi endilikda katta ijodiy kuchga ega. Uning buguni, ertasi ishonchli shogirdlar qo‘lida ekanini his etgan Ro‘zimbek og‘a shod, o‘z ishidan mamnun. Biz unutilayozgan dostonlarning videofilmlarini ham, Ro‘zimbek og‘aning ijrosida ko‘rishni istaymiz.
***
YAxshi inson sharaflanadi, taraflanadi. Haq gap. Ro‘zimbek og‘a haqida kimdan fikr so‘rasangiz, u G‘arib, SHohsanamdan, Go‘ro‘g‘li yoki Bozirgondan so‘z ochadi. Demak, xalq qalbiga o‘sha dostonlarni jo etishda hissasi katta bo‘lgan Ro‘zimbek Murodov dostonlar bois elaro o‘zi ham dostonga aylangani rost. Xalq og‘zaki ijodiyotining teran tadqiqotchilaridan biri, folklorshunos olim, Toshkent Davlat madaniyat instituti dotsenti Nozim Qosimovning mulohazalari ham shu boradagi fikrimizni quvvatlaydi.
San’at insonlar qalbiga nur, surur bag‘ishlaydi, chunki haqiqiy san’atkor Olloh nazari tushgan iqtidor egalaridir. Bunday iste’dod sohiblari tabiatan nozik didli, qalbi pok, o‘zgalar dardu hasratini o‘zinikiday chuqur his etuvchi insonlardir. O‘zining ongli hayotini sehrbaxsh navolar yaratish, ana shu navolar bilan odamlar yuragiga ezgulik, mehr-oqibat, Vatanga, bashariyatga muhabbat uyg‘otish ishtiyoqi bilan tinmay izlanishlar olib borayotgan sevimli san’atkorlarimizdan biri, O‘zbekiston xalq artisti Ro‘zimbek baxshi Murodovdir.
Har bir insonga yaratganning o‘zi bir xislat ato etar ekan. Kimgadir so‘zdan, kimgadir sozdan, kimgadir bilakdan, kimgadir yurakdan. Olloh taolo bergan ana shu xislat esa o‘z sohibining qismatiga aylanadi. Ruzimbek baxshiga esa jozibali ovozdan bergan. SHu bois u butun umrini baxshichilik san’atiga baxshida qildi. Uning goh sho‘x, goh hazin, goh sokin, goh shiddatkor xonishlari tinglovchi qalbiga surur soladi, ruhini allalaydi va bir umr jozibasi bilan o‘ziga maftun etadi.
Fransuz adibi O. Balzak aytganidek, «doimiy mehnat san’atning ham, hayotning ham qonunidir». Ro‘zimbek og‘a baxshichilik va cholg‘uchilik san’atini mukammal egallab olguncha tinib-tinchimadi: qancha ranju alam tortdi, qancha zahmatu mashaqqat chekdi. Mana shu o‘tgan davrlarda u hozirgi mustaqil Davlatlar Hamdustligi tarkibiga kirgan qator davlatlarda gastrol safarlarida bo‘lib, o‘zbek san’atini targ‘ib qilishda o‘zining samarali hissasini qo‘shdi. Ushbu dargohlardagi mehnat faoliyatlari ham besamar ketmadi. Uning ham baxshichilik, ham sozandalik iste’dodi kamol topdi. SHuningdek, baxshichilik san’ati borasida bir qator iste’dodlarni etishtirdi.
-Darhaqiqat, baxshichilik san’atining eng qadimiy, eng ibtidoiy turi desam mubolag‘a bo‘lmas,-deydi baxshi. -Xomer ham ibtidoiy dunyoning bosh dostonchisi edi. Hozirgi turli-tuman ashulachilik, qo‘shiqchilik, kuylash turi borki, bari baxshichilikdan unib chiqqan”.
U 20 dan ortiq xalq dostonlarini qariyb ellik yildirki, san’at ixlosmandlari orasida va efirda kuylab kelmoqda. Ayniqsa, nuroniy otaxonlar, tabarruk onaxonlar uning ovozini berilib tinglaydilar. Xalqimizning ming yillar davomida baxshilar tilidan tushmay bizgacha etib kelgan bu madaniy merosi Ruzimbek baxshining ijrochilik san’ati evaziga uzbek dostonchiligi ixlosmandlarining yana mehrini qozondi, qalbini zabt etdi. Muxlislar o‘shanday hayajonli damlarda shunday san’atni, shunday san’atkorlarni yaratgan oshyoniga shukronalar aytishadi. SHu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Ro‘zimbek baxshi shoira E’tibor Oxunova bilan hamkorlikda «Fidoyilik» nomli doston yaratib, unga o‘zi kuy bastalagan. SHuningdek, o‘tgan davrdagi ijodiy faoliyati davomida u bir qator xalq dostonlarini magnit tasmalariga muhrlashga muyassar bo‘ldi.
Ro‘zimbek Murodov hozir ayni kamolga etgan pallada. U Xorazm ijrochilik maktabi asosida ansambl tuzib, yosh ijrochilarga Xorazm qo‘shiqchilik san’ati va baxshichilik ijodidan saboq berib kelmoqda.
San’atkor bo‘lish, san’atkor sifatida tanilish, shogirdlar va muxlislar tomonidan e’tirof etilish har kimga ham nasib etavermaydi. Bunday baxt faqat san’atni o‘ziga qismat deb bilgan kishilargagina nasib etadi.
O‘zining etmish besh bahori arafasida turgan zalvorli ovoz sohibi, O‘zbekiston xalq artisti Ro‘zimbek baxshi Murodov san’atkorlikni o‘ziga qismat deb bilgan ana shunday insonlardan. Biz muxlislar uning san’atda topgan baxti umrboqiy bo‘lishini va u tanlagan sermashaqqat yul unga abadiy sharaf keltirishini Ollohdan so‘rab qolamiz.
***
Ro‘zimbek Murodovning ashaddiy muxlislari turli kasb egalari. Ular injener, ishchi, bog‘bon, quruvchi, olim, shifokor va hokazo. Bu qatorni istagancha davom ettirish mumkin. Ularning dil izhorlari bitilgan maktublar orasidan bittasini tanlab oldim.
Toshkent shahar “Huquq himoyachisi” advokatlik firmasi direktori Ne’mat Rahmatovning nomasi ekan. Mana u.
“Hali men yosh bola edim. Biz yashagan Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Poykent qishlog‘ida, dala shiyponi oldida katta bir simyog‘och bo‘lib, unga katta karnay o‘rnatilgandi. O‘sha karnay ertalab sahardan yoshu qarini uyg‘otar, undan taralayotgan kuy-qo‘shiqlarning sadosi uzoq-uzoqlarga eshitilardi.
1963 yilning yoz kunlaridan birida simyog‘ochdagi karnaydan Ro‘zimbek Murodov ijrosida birinchi marotaba “Oshiq G‘arib va SHohsanam” dostonini tinglagandim. SHundan beri u kishining muxlisiman. Yillar o‘tibdiki, hamon o‘sha doston sadosi qulog‘im ostida jaranglagandek bo‘laveradi.
Rahmatlik otam ham dostonsevar kishilardan biri edi. Biz otam bilan ovga chiqardik. Doimo Ro‘zimbek baxshining dostonlarini xirgoyi qilardi. Hatto, qo‘lidagi xilacho‘pni soz qilib, dostonni maqomiga etkazib chin dildan kuylashga intilardi. Otam menga Amudaryo bo‘yida yashab, dostonchilik bilan mashhur bo‘lgan Amin baxshi va Murod baxshilar to‘g‘risida ko‘p gapirar edilar. Ayniqsa, Amin baxshi bizning Poykent qishlog‘imizga ko‘p bor kelib to‘ylarda tongotargacha doston kuylaganini odamlar mijja qoqmay, berilib tinglashganlarini aytib berganlar.
Ro‘zimbek aka bilan uchrashish menga 1972 yilda nasib qildi. Marhum ustozim advokat Murod aka Matyoqubov uyiga, to‘yga taklif qildi. SHu kishining to‘yida birinchi marta Ro‘zimbek aka bilan uchrashganman. Ota-bobolarimning Ro‘zimbek akaning ota-bobolari bilan bordi-keldisi bo‘lganini ularga aytib berdim. Ro‘zimbek aka rosa xursand bo‘ldilar. SHu kundan boshlab Ro‘zimbek baxshi bilan do‘stlik rishtalari bog‘lanib, hozirgi kunga qadar ixlosmand sifatida baxshining dostonlarini eshitib kelmoqdaman”.
***
Ro‘zimbek aka ijodiga muxlis bo‘lganlar turli kasb egalari. Ulardan biri san’atkor bilan ilk uchrashuv paytlarini xotirlab, qadimda “amri farmonlar” bitiladigan o‘rama qog‘ozni tutqazdi. Qarasam, u Adhamjon Hasanovning Ro‘zimbek og‘aga bo‘lgan mehr muhri ekan. Mana u:
1965 yili 15 yoshimda Toshkentga keldim. Markaziy universal magazinida navbatga turib ustozning “Oshiq G‘arib va SHohsanam” dostonining gramplastinkasini sotib oldim. Eshitdim. YAna eshitdim, yana… Uning sehrli kuchi menga ta’sir qildimi bilmayman. Har oqshom eshitmasam uyqum kelmasdi.
O‘shandan boshlab, mening san’atga qiziqishim va o‘rganish hissi qalbimda qo‘zg‘aldi. Etim bo‘lganim uchun musiqa bilim yurtiga kira olmadim. Rostini aytsam. O‘shanda menga mensimasdan qarashdi. Radio, magnitafonlar qo‘yib o‘rgandim. Havaskorlik to‘garagida o‘rgandim. Bolalar chalsa, qarab esda saqlab qolib, keyin mashq qilardim. Oradan yillar o‘tdi. Haydovchilik kasbini egallab, dastlab avtobuslarda keyin engil taksi mashinalarida taksist bo‘lib ishladim. Uchinchi avtoparkda 1980 yillarda birinchi marta ustoz Ro‘zimbek aka bilan uchrashdim. Mening mashinamga o‘tirgan edi. Oloy bozoridan YUnusobodga ketayotgan ekan. Olib bordim. “Meni shogirdlikka olasizmi”, deb savobrdim. Kulib, albatta, dedilar. SHundan keyin ancha muddat ustoz shogird bo‘lib yurdik. Men ustozdan tor chalish sirlarini o‘rgandim. Hozirgi kunda ustozdan doston yo‘llaridan tashqari, “Feruz-1”, “Feruz-2”,”Dilxiroj”, “Dugoh” kabi mumtoz qo‘shiqlarni ham o‘rganayapman. Ustozdagi kuch-g‘ayrat, san’atga fidoyilik, kasbiga e’tiqod yosh san’atkorlar uchun ibratlidir.
***
San’atda birlashtiruvchilik kuchi bor. Qanday kasb, qanday yoshda bo‘lmasin, san’at inson tuyg‘ularini o‘zaro yaqinlashtiradi.
Ro‘zimbek Murodovdan ijod va ijro mahorati sirlarini o‘rganganlar orasida matematiklar ham bor. Ulardan biri bugungi kunda Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetida talabalarga riyoziyot va iqtisod fani borasida mukammal bilimlar berib kelayotgan murabbiy, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Olimboy Rahmatullaevdir.
Ularning ustoz haqidagi dilgir so‘zlaridan bahramand bo‘lsangiz, foydadan xoli bo‘lmaydi.
Talabalik paytlarimda, kasbim musiqa san’atiga yaqin bo‘lmasada, qo‘shiqqa mehr qo‘yib ancha-muncha kuy va ashulalarni o‘rgangandim.
1981-1982 yillarda kichik davralarda, so‘ngra hatto, to‘ylarda ham uncha-muncha qo‘shiq aytadigan bo‘lib qoldim. Unda albatta, 1979 yildan boshlab Ro‘zimbek baxshi Murodov bilan tanishganimizning, u kishi bergan saboqlarning ham ta’siri bor edi. U kishi mega dostonlardan, mumtoz san’atdan ko‘p narsalarni o‘rgatib yurardilar. Bir so‘z bilan aytganda, menga ustozlik qilganlar. Ro‘zimbek akadan o‘rgangan ashula va kuylar bilan odamlar e’tiborini torta olar edim, o‘zimga yarasha muhlislarim ham ko‘payib borardi.
O‘zim matematika ilm tekshirish institutida aspirant va kichik ilmiy xodim bo‘lib ishlasamda shanba, yakshanba kunlarida turli davralarda qo‘shiq aytib turardim, ham dam olardim. Mening qo‘shiqlarim qarindosh urug‘larga ham ma’qul kelib qolddi. Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. 1982 yil kuzida tog‘am to‘y qiladigan va yolg‘iz men borib unda xizmat qiladigan bo‘lib qoldim. To‘y juda chiroyli o‘tdi, hamma xursand. Mumtoz qo‘shiqlar ham, sho‘x-shodon qo‘shiqlar ham aytildi. Xorazmdagi odat bo‘yicha to‘ydan so‘ng yaqin qarindoshlar, oshna-og‘aynilar (asosan erkaklar) uyga kirib qaytadan bazm uyushtiriladi va uni “uy bazmi” deb aytishadi. O‘shanda men bilmaydigan bir xolat meni o‘ng‘aysizlikka tushirib qo‘ydi. Xorazmda san’atkorlar udumiga ko‘ra avvalo bitta kuy (qo‘shiqsiz), masalan, “Aliqambar”, “Peshravi dugoh” yoki shunga o‘xshash biror navo ijro etilar ekan. “Uy bazmi”da mendan ashila aytishimni so‘rashdi. Mne torni endi qo‘limga olganimda kimdir “Aliqambar”ni chalib berishimni so‘radi. Afsuski, men uni bilmas edim va bilmasligimni aytdim. SHunda haligi odamning hafsalasi pir bo‘lib, jahli chiqib, “SHu kuyniyam bilmasang, nima deb tor ko‘tarib ashulachi bo‘lib yuribsan? Undan ko‘ra qo‘y torni”, deb qoldi.
Men ham bo‘sh kelmadim, o‘zimni san’atkor hisoblamasligimni, men matematikligimni, bo‘lg‘usi olimligimni aytdim va darhol torni g‘ilofiga solib qo‘ydim. Biroq, davradagilar qo‘yarda qo‘ymay, har domla bilganini o‘qishini aytib, meni ashula aytishga ko‘ndirishdi.
Ammo bo‘lib o‘tgan voqea menga juda qattiq ta’sir ko‘rsatdi va Toshkentga qaytib kelgan kunimning ertasiga Ro‘zimbek akaning oldiga bordim va voqeani aytdim. U kishi menga bir hafta davomida erinmay “Aliqambar”ni o‘rgatdilar. Keyingi yili Xorazmga borganimdaboshqa bir davrada yana shu odam uchrab qoldi. Men “Aliqambar”ni bekamuko‘st ijro qilib berdim va hamma meni olqishlab, “otangga rahmat, ustozingga rahmat” deb lutf qilishdi (chunki oldingi yilgi voqeadan habardor odamlar ham davrada bor edi).
Ro‘zimbek baxshi Murodov ana shunday bag‘ri keng, beg‘araz ustoz ekanligidan va menga ustozlik qilganidan fahrlanaman. Ilohim umrlari uzoq bo‘lsin, tanlari sihat bo‘lsin.”
Ro‘zimbek Murodov ta’lim olgan shogirdlarining ro‘yxati aks etgan qog‘ozga ko‘z yugurtirdi. Har biri o‘ziga xos olam edi ular. Hozirda ularning aksariyati el-yurtga taniqli san’atkorlar, san’atshunoslar. Mana ular.
- Azizov, N. Alimaxsumov, X. Axmedov, T. Azimov, B. Botirov, B.Babanov, SH. Berdiev, J. Rasultoev, V. Ibragimov, F. Ibragimov, T.Timirov, M. Qarabekov, T. Hasanov, N. Rahimjonov, M. Teshaboev, Q. Nazirov, N. Xoliboev, S. Kadaboev, Z. Ochilova, A. Ergashev, M. Ermatov, M. Mirsoatov, X. Nosirov, A. YOdgorov, K. Komilov, O. Rahmatullaev, M. Mahkamova, S. SHavkatov, J. SHaripov, D. Rajabov, X. Samadov, K. Mirzaev, . YUsupov, T. Sobirov, O. Qurbonov, M. Tursunov, K. Nurullaeva, S. Xudoyberdieva, J. Eshmatov, E. Umarov, A. Kamolov, A. YUnusov, K. YUnusov, S.Iskandarov.
Ro‘zimbek og‘aning umriga, hayotiy va ijodiy faoliyatiga o‘zlari baxshiyona uslubda bitgan ushbu termasi muvofiq keladi.
Bugun bizda to‘yu bayram,
Bo‘ldi armonim qolmadi.
Do‘stlar bilan davru davron,
Surdim armonim qolmadi.
YOshligimda etim qoldim,
YAxshilardan ta’lim oldim.
Baxshilik yo‘lidan bordim,
Dilda armonim qolmadi.
Sevgan dostonim SHosanam,
G‘arib bo‘lib yurdim manam,
Doston kuylab hamin zamon
YUrdim armonim qolmadi.
Muhannaslar bo‘ldi vayron,
Bizga ham etishdi davron,
Qadrdonlar yuksak unvon,
Oldim armonim qolmadi.
Oylar o‘tdi, yillar o‘tdi,
YOshim etmish beshga etdi.
Elu yurtim tabrik etdi,
Endi armonim qolmadi.
Ro‘zimbek, dunyoga keldim,
Dunyo o‘tarini bildim,
Jafou jabrini ko‘rdim,
Ko‘rdim armonim qolmadi.
****
Ro‘zimbek baxshi Murodov kuylagan dostonlarning ayrimlarini havola qilarkanmiz, san’atkorning ushbu to‘rtligini keltirishni joiz deb bildik.
Ustoz ketsa shogird qolur dunyoda,
Umr, martabasi bo‘lsin ziyoda.
Ushbu dostonlarni o‘qib yuringda,
Duo qilinglar Ro‘zimbek Muroda.
***
“N A J A B O‘ G‘ L O N”
Eshiting aytayin ajib bir doston,
Ko‘nglingiz bo‘lsin hamisha guliston.
O‘tgan zamonda, Xorazm yurtida Elband degan bir baxshi bor edi. Sulton Hasan podshoning bazmi usiz o‘tmas edi. SHuning uchun u juda baxil, o‘zidan boshqa baxshilarni ko‘rolmas edi.
Bir kuni Elband baxshi tush ko‘rdi. Tushida So‘na degan bir go‘zal kelinchakni ko‘rib, unga g‘oyibona oshiq bo‘lib qoldi.
So‘na Ganja Qorabog‘ zaifasi bo‘lib, qo‘lida Najab degan chaqalog‘i bilan beva qolgan edi. Bahshi So‘na ishqida yo‘lga otlanib, oxiri So‘na kelinni topib, unga uylandi. Oydan-oy, yildan-yil o‘tib, Najab 7 yoshga etdi. U juda sho‘x bo‘lib, o‘sdi. Elband baxshi Najabga ish buyursa, u o‘yindan bosh ko‘tarmadi. Baxshining jahli chiqib, mening bolam bo‘lsang, qaysarlik qilmas eding — deb, uni savalab ketdi. Najab yig‘lab-yig‘lab onasining oldiga keldi.
— Ey ona, shu mening otammi? Otam bo‘lsa, shuncha meni xo‘rlaydimi, — dedi.
SHunda onasi: -U sening otang bo‘lganida xo‘rlarmidi. Qo‘y xafa bo‘lma, o‘ynayver, deb uni ko‘chaga yo‘lladi.
Sozandalarning ustozi mashhur baxshi Oshiq Oydinni huzuriga yubordi. Bo‘lgan voqeani Oshiq Oydinga aytib, boshpana so‘radi. Oshiq Oydin rozi bo‘lib unga joy berib, yuvintirib, kiyintirdi. Keyin uni gapga solib bilsaki, bola soz va qo‘shiq shaydosi ekan. Buni payqagan Oshiq Oydin Najabjonga o‘zi bilgan hamma san’at sirlarini o‘rgata boshladi.
Xushovoz Najab 7 yil deganda soz-ashula o‘rganib, yaxshigina baxshi bo‘lib etishdi. Bir kuni Najab onasini juda sog‘inib, ustozidan ruxsat olib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Oshiq Oydin Najab o‘g‘longa yaxshi bir qora dutorni berib, sen zo‘r sozanda baxshi bo‘lib etishding, ammo, zinhor o‘zingni katta olma, deb unga oq yo‘l tilab, besh kalima so‘z aytdi:
Sen borgan so‘ng shoh eslaydi Elbandni
Nasihatim senga takabbur bo‘lma.
Takabburlik mard yigitni xor etar,
Nasihatim senga takabbur bo‘lma.
Bundan borsang Hasan shohning qoshiga,
Oltin jig‘a sanchar aziz boshingga,
O‘zingdan kattaga tengu to‘shingga,
Nasihatim senga takabbur bo‘lma.
Zamona-zamona, ajab zamona,
Zamona naylasin, fasli yomona,
O‘zingdan o‘zgaga yaxshi-yomona,
Nasihatim senga takabbur bo‘lma.
Oshiq Oydin aytar, ma’rifat shuldir,
Ma’rifat-haqiqat bir to‘g‘ri yo‘ldir.
Mendan senga so‘nggi nasihat shuldir,
Nasihatim senga takabbur bo‘lma.
Oshiq Oydindan oq fotiha olgan Najab o‘g‘lon ko‘p yo‘l yurib, sahar chog‘ida bir Bog‘i Eramga etib keldi. Qarasa bir ajoyib bir guliston, mevalar pishgan, tagiga tushgan, qumrilar suhbat qurib, bulbullar chaq-chaq urib sayramoqda.
Najab o‘g‘lon shu erda bir rohatlanib olay deb, yarmi pishgan, yarmi xom kulchasini eb, sarhovuz yonida yonboshlab, yon atrofiga nazar tashlasa, uzoqdan o‘tov ko‘rindi. O‘sha o‘tovdan ko‘za ko‘targan bir go‘zal hovuz tomon kelaverdi.
U sarhovuz bo‘yiga yaqinlashganda ko‘ziga kokili parang yigitning suvdagi aksi ko‘rinib, xushi boshidan uchib, ko‘zasini suvga tushirib yubordi. Yigit uyalib yuzini o‘ngga burgan edi, go‘zal uni chap yonog‘idan o‘pib oldi.
Bunday holni ko‘rmagan Najabxon dovdirab qoldi va qochmoqchi bo‘ldi. Buni sezgan go‘zal unga yopishdi, lekin oyog‘i toyib, ikkovi ham suvga yiqildilar. Najab bir amallab suvdan chiqdi-yu, nariroq borib «itdan qochgan buzoqdek» bezrayib turaverdi. Bir pasdan keyin usti boshi liqqa ho‘l, go‘zal ham suvdan chiqdi. Najabxon uning bu ahvoliga hazil qilib kulgan edi, go‘zalning qahri kelib quvib qoldi.
SHunda Najab: «Kel, ustozim Oshiq-Oydin aytganiday takabburlik qilmay, shu sohibjamolning ham ko‘nglini ovlay deb, sozini qo‘liga olib go‘zalni ta’riflay ketdi.
Ta’rifing desam o‘zinga,
Aytishga imkon ko‘rindi.
Maning bu jallod ko‘zima,
Xumor ko‘zli yor ko‘rindi.
Qalqona o‘xshar qoshlari,
Pista bodomdur tishlari,
O‘n sakkiz o‘rim sochlari,
Siyoh zulfli yor ko‘rindi.
Olmadim yorning pandini,
So‘rmadim labing qandini
Ochsam yoqangning bandini.
Qo‘sha-qo‘sha nor ko‘rindi.
Gullar shoxasini egdi,
Oshiqlikning vaqti keldi.
YOr siynang siynamga tegdi,
Ko‘ngling menga bir bor ko‘rindi.
Najab bir doston bog‘ladi,
Kesib jigarin dog‘ladi,
Zor chekib, pinhon yig‘ladi,
Dunyo ko‘za tor ko‘rindi.
Alqissa, go‘zal Najabxonning g‘azaliga mehri qonib, jahlidan tushib, uyalganicha ko‘zasiga ham qaramay yaqin oradagi o‘tovga kirib g‘oyib bo‘ldi. Go‘zal ho‘l kiyimlarini o‘zgartirib, o‘tovdan chiqib qarasa, bir to‘p bolalar tuproq o‘ynab o‘tirishibdi. SHunda u: — shu ham o‘yin bo‘ldimi? Men sizlarga yaxshi o‘yin topib keldim boringlar, sarhovuzning bo‘yida bir sozanda yigit turibdi. Uni darrov bu yoqqa olib kelinglar, men nonushta, CHoy-poy tayyorlab turay»-dedi.
Hovuz tomon kelayotgan bolalarni ko‘rgan Najab o‘g‘lon «Bularni haligi sohibjamol yuborgan, meni mazax qilishmasa edi» deb, ularga peshvoz chiqib salom berib, qo‘l qovushtirib turaverdi. Salomiga alik olmay, uni qurshab olib ketdilar». Najabning bir qo‘ra qo‘yi bordek, eson-omon qutulgayman deb, xudo yo‘liga damba-dam bittadan jonliq atab borayapti.
SHu ahvolda uni o‘tov ichiga qizlar bazmiga olib kirdilar.(Izi bilan ketma-ket chorvaning durkin kelin-qizlari gursillashib ichkari kirib saf tortdilar).
Najabxon qiz-juvonlarga ko‘z yugurtirib qarasa, haligi suvga yiqilgan qizdan go‘zali yo‘q ekan,-deb o‘ylanib qoldi. Keyin kel, shu g‘azalimni shu go‘zalga tegizib ko‘raychi deb, bir kuy boshladi. Eshitaylikchi, nima der ekan.
Sani ko‘rib majlisingda tutildim,
So‘zla nozli dildor, kimning yorisan,
Band qilmoqchi bo‘lding, qochdim qutuldim,
So‘zla nozli dildor, kimning yorisan?
Tomosha aylading sen o‘yinimga.
Odob-ikrom bilan kelgil yonima.
Zulfing kamar aylab solg‘il bo‘ynima,
So‘zla nozli dildor, kimning yorisan?
Ko‘zlaring jalloddur, kipriging xanjar,
Bilmam shum nasibam qaerga tortar,
Sani ko‘rgach dardim kunba-kun ortar,
So‘zla nozli dildor, kimning yorisan?
Man ham oshiq bo‘ldim shu jallod ko‘zga,
Ko‘zimga ko‘rinmas shu ko‘zdan o‘zga.
Najab sen so‘zlasang, o‘z so‘zing so‘zla.
So‘zla nozli dildor, kimning yorisan?
Najabxon so‘zni tamom qilgan edi, go‘zal o‘zicha: E xudoyim, o‘zi yaxshi yigit ekanu ma’raka ko‘rmagan ekan, bo‘lmasa ma’raka orasida kimning yorisan, dermidi, deb o‘zini panaga olgan edi, buni sezib turgan Najab yana to‘lqinlanib, unga o‘z ishqini izhor etib kuylab ketdi:
Senga desam nozli dilbar,
Jonim oldi jallod ko‘zlar,
Kel, yuzingdan bir bo‘sa ber,
Jonim oldi jallod ko‘zlar.
Bilmadim fe’li o‘yingni,
Qachon qilayin to‘yingni,
Ko‘rsatgil chinor bo‘yingni,
Jonim oldi jallod ko‘zlar.
Saning bilan boqqa kirsam,
Dasta-dasta gullar tersam,
Qo‘l olishib birga yursam,
Jonim oldi jallod ko‘zlar.
Bizdan yuzing o‘girarsan,
Bilmam kimni kuldirarsan,
Najabxonni yondirarsan,
Jonim oldi jallod ko‘zlar.
SHu vaqtning o‘zida Sulton Hasan podsho katta bazm boshladi. Bazmga hamma kelib, faqat Elband kelolmadi. SHunda podsho:
-Elband baxshi qarib qoldi, yaxshiroq, yosh baxshi topinglar deb, o‘z yigitlariga buyurdi. Podsho yigitlari el kezib, yurt kezib chorva qishlog‘ida qizlar bazmi ustidan chiqdilar. Ular o‘tovga yaqin borib qarashsa, kelishgan bir bahodir yigit qizlar majlisiga o‘t qalab kuylamoqda.
Podsho yigitlari «uzoqdagi ishimiz yaqindan bitdi»-deyishib, Najabxon tashqariga chiqishi bilan uni otga o‘ngarib, yo‘rg‘aga qamchi bosdilar.
SHunday qilib, esdan og‘ayozgan Najabxon xayolini joyiga qo‘yib qarasa, o‘zini Sulton Hasan podsho huzurida ko‘rdi. SHu vaqtda podsho ishorasi bilan Elband baxshi chaqirildi. Elband baxshi kelsa, bazm to‘rida qo‘lida sozi bilan bir yigit o‘tiribdi. O‘ylab-o‘ylab, o‘tirgan yigitni bir vaqtlar o‘zi quvib yuborgan etim bolaga o‘xshatdi. Uni mensimay etigining tumshug‘i bilan tepib yuborgan edi, podshoning qahri kelib; -Ey bedavo Elband, bizni panoh tortib o‘tirgan bu yigitni nega tepasan! Kuching etsa, uni sozda-so‘zda engib ko‘r-dedi.
Keyin Elband sozini sozlab, Najabxon bilan soz chalishib, so‘z aytishib, bazmda sharmanda bo‘lib engildi.
Podsho:
-Ey, mulozimlar Najab o‘g‘lonning boshiga oltin jig‘a sanchinglar, ikkita zarbof to‘n kiygizinglar-deb buyurdi. Mulozimlar bajo keltirdilar. Elbandning ham ko‘ngli o‘ksimasin deb, telpagiga xo‘rozning patini sanchib, egniga paxtasi chiqqan eski chopon kiygizdilar.
SHunda Elband baxshi qilmishiga afsuslanib, o‘g‘lidan uzr so‘ragan bo‘lib, tilyog‘lamalik qilib, kel jig‘ani alishaylik deb, so‘z boshladi. Najab o‘g‘lon ham unga men jig‘amni alishmasman deb, boblab javob berdi:
Elband: -Sening jig‘ang ikki boshliq,
Kel, jig‘angni alishaylik,
Men bir faqir ko‘zi yoshlik
Kel jig‘angni alishaylik.
Najab: -Bu dunyo ham ikki boshdur,
Men jig‘amni alishmasman,
Ko‘zdan oqqan qonli yoshdur,
Men jig‘amni alishmasman.
Elband: -O‘q kimniki, otganniki,
YOy kimniki, tutganniki,
O‘g‘il moli otaniki,
Kel, jig‘ani alishaylik.
Najab: -Men bir tarso monandiman,
Dinga kirmagan bandaman,
Menki senga o‘g‘ilmasman,
Men jig‘amni alishmasman.
Elband: -Elband der, sozim chalmasman,
O‘g‘il, sen ketsang qolmasman,
Norizo bo‘lsang olmasman,
Rozi bo‘lib alishaylik.
Najab: -Najab aytur, «xo‘p» so‘zim bor.
El-yurtda rasm-rusm bor,
Mening ham o‘z havasim bor,
Men jig‘amni alishmasman.
SHunday qilib Elband baxshi Najab o‘g‘londan engilib, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, uyiga ravona bo‘ldi.
Najab bo‘lsa Sulton Hasan podshoning sevimlm baxshisi degan nomni olib, kunduzi shohona bazmga o‘t qalab, kechalari g‘ariblar ko‘nglini ovlab yuraverdi.
Najabxon soziga sayqal berib yuraversin, endi so‘zni Guloyimdan eshiting.
Najabxonni suvga yiqitgan go‘zalning oti Guloyim bo‘lib podshoning Sanjar degan vazirining singlisi edi.
Guloyim o‘gay onasi bilan alohida saroyda yashar edi. U kanizaklari bilan Bog‘i Eramga sayr qilishga chiqqanda, Najab bilan tanishib, unga oshig‘ bo‘lgan edi. Podsho yigitlari Najabni qizlar bazmidan olib ketgandan keyin Guloyim ko‘p beorom bo‘lib saroyga qaytdi.
Guloyim Najabning saroyida Elbandni engib, bazmni gullatayotganini eshitib, Gulchaman degan kanizini maktub bilan saroyga yo‘lladi. Gulchaman saroyga ayni bazm qizigan bir paytda kirib kelib, Najabxonga “imo” qilaverdi. Najabxon bu “sir” li imoga tushunmay, ashulasidan yanglishaverdi. Najabxon podsho ruxsat olib, tashqariga chiqqan edi, qiz shunday bo‘lishini kutib turganday, Najabning izidan chiqib, Guloyimxon kelsin, dedi, deb, bu so‘zni aytdi:
Ovozing arshga ulashdi,
Guloyimxon kelsin dedi.
Seni, izlashdi, so‘rashdi,
Guloyimxon kelsin dedi.
Sening yo‘llingga boqqandur,
Dog‘u xijroning yoqqandur
Ko‘zdan qonli yosh oqqandur,
Guloyimxon kelsin dedi.
Ovozang tushdi ellara,
Ko‘chibsan tildan tillara,
Bor chulg‘on xipcha bellara
Guloyimxon kelsin dedi.
Mohitobondir yuzlari,
Siyohdan qora ko‘zlari,
Boldan shirindur so‘zlari,
Guloyimxon kelsin dedi.
Oshiq yo‘lidan qolmaydur,
Dunyoga ikki kelmaydur,
Sevganlar gapga solmaydur,
Guloyimxon kelsin dedi.
Gulchaman so‘zini tamomlab Najabga qaragan edi, shunda Najab: Ey, hali “sirli imoning siri shumi, qordan qutulib, yomg‘irga tutilibmanda, bir xondan qutulolmay yursam, yana bir xon chorlabdi deb, o‘zini chetga oldi, SHunda Gulchaman: -Ey, yigit tushunmay chetga burilma, mening xon deganim Bog‘i Eramda o‘zing ko‘rgan qizlarning xoni go‘zal Guloyim qizdur”-dedi.
Guloyim nomini eshitgan Najabxon sevinib, Guloyim qiz huzuriga shom vaqtida etib borurman, deb bazmga qaytib, o‘zini kasalga solib yotaverdi. Bu holni ko‘rgan podsho, mening baxshimga bir nima bo‘ldi-deb tezdan tabib chaqirtirdi. Lekin tabib uning kasalini bilmadi. Qishloq chekkasida 117 ga kirgan bir kampir bo‘lib, u Najabni obdon ko‘rib:
-Ey, shohim, baxshingiz ishq dardiga chalinibdi, endi uni xoli qo‘yinglar-deb o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi. SHunda podsho:
-Ey. Najabxon, yana uch kunlik bazmim qoldi, shunga chidab ber, oladiganing pari bo‘lsa ham olib beray – dedi.
Lekin Najabdan ovoz chiqmadi.
Podsho:
-Ey, xaloyiq, baxshining atrofini bo‘shating deb, qahr bilan bazmdan chiqib ketdi. Bir pasdan keyin Najab ko‘zini ochsa, “sovuq urgan sapchadek sho‘ppayib bir o‘zi qolibdi”. Undan so‘ng Najab Guloyim qizning saroyi tamon yo‘l oldi. Qaysi biri Guloyimning saroyi, qaysi biri onasining saroyi ekanini bilolmay, sozini qo‘liga olib, Guloyimxon eshitib chiqib qolar deb, shu g‘azalni aytdi.
Seni ko‘rishga kelmushman,
Ko‘rmaguncha ketmasdurman,
Qip-qizil nor gullaringdan,
Termaguncha ketmasdurman.
Ajam elindan kelmushman,
Qonli jigarim tilmushman,
Sening ta’rifing bilmushman.
Och jonginam, eshiging och,
Oq yuzingdan olayin boj,
Qilich boshimga noiloj,
Tushmaguncha ketmasdurman.
Nozli yor sevgingga boqib,
Qonli jigarimni yoqib,
To o‘lguncha senga boqib,
YUrmaguncha ketmasdurman.
Meni solding o‘yiningga,
Hamma uvolim bo‘yningga,
Oshiq Najab der ko‘yingda,
YUrmaguncha ketmasdurman.
Alqissa, Najab o‘g‘lon xech kimdan darak bo‘lmadi deb, afsuslanib orqaga qaytmoqchi bo‘lib turganida, Gulchaman kelib “izlaganing shu erda”-deb uni Guloyim huzuriga olib kirdi. Guloyim Najabni izzat-iqrom bilan kutib oldi. Tizzadan ko‘rpa to‘shab, dasturxon yozib, hurmatini bajo keltirdi.
Guloyim etti kecha-kunduz sharob quyib, mehmondozlik qildi. Uyqudan qolgan Najabxon oxiri uyquga ketdi.
U uyquga ketdi-yu, Guloyim o‘ylab qoldi:
-Men o‘zim nima qilayapman; Hech narsadan hech narsa yo‘q, hali to‘y bo‘lmay. Birov ko‘rsa-eshitsa, nima degan odam bo‘laman deb-kel, xech bo‘lmasa uyg‘otay deb, qo‘liga sozini olib Gulchamanni o‘yinga solib, bir lapar boshladi:
Jonim Najab, bolim Najab,
Sahar bo‘ldi turg‘il endi.
Bir bo‘ldi kunduzi-kecham
Sahar bo‘ldi, turg‘il endi.
Og‘am bilsa u o‘ldirar.
Kunim qayg‘uga to‘ldirar,
Sirim olamga bildirar.
Sahar bo‘ldi, turg‘il endi.
Tong otganda qo‘shni yotmas,
Qo‘shni qo‘shnini unutmas,
O‘pishmoqdan bir ish bitmas
Sahar bo‘ldi, turg‘il endi.
Bir og‘am bor oti Sanjar,
Belidadur, kumush xanjar,
Seni so‘yib mani yanchar,
Sahar bo‘ldi, turg‘il endi.
Guloyim der, dardim ko‘pdir,
Do‘stdan-dushmanlarim ko‘pdir,
Sendan o‘zga yorim yo‘qdur,
Sahar bo‘ldi, turg‘ul endi.
Alqissa. Najabxon uyg‘onib qarasa, Guloyim “sahar bo‘ldi, turg‘il endi” deb turibdi. Kel, tursam turay, ketsam ketay deb, uyqu aralash, boqqa kirib sarhovuzning bo‘yida, gullarning orasida, bir to‘nini yostiq qilib, bir to‘nini yopinib yotaverdi.
Bu saylgoh Guloyimning o‘gay onasiniki bo‘lib, goho-goho kampir shu erga chiqib, yalpiz terib ketar edi. Bu gal ham u shu umidda chiqqan edi, yigitni ko‘rib og‘zi aytganini, qulog‘i eshitmay, uyquda yotgan Najabning boshida ayyuhannos solib baqiraverdi.
Baland ko‘shkdan buni kuzatib turgan Guloyim kampirning miyasi aynib, yorimni halok qilib qo‘ymasa edi, deb onasiga qarab bir so‘z aytdi:
Onajon arzim aytayin,
YOrimni hafa qilma.
Yig‘latib qayg‘u bilan,
Ko‘ksini yora qilma.
Ko‘nglim ming g‘ussaga to‘lar,
Xazon urib, rangim so‘lar.
Bilmasang kuyoving bo‘lar,
Sen unga jafo qilma.
Kelibdur mani yor bilib,
Bir umr vafodor bo‘lib,
Quvlama sen ag‘yor bilib
YOrima jafo qilma.
Ne savdo tushdi boshima.
Og‘u qo‘shmagil oshima
Jabr etma, aziz jonina.
YOrima jafo qilma.
Guloyim der mehribonim,
Hasratinda kuydi jonim,
Eshitgil ohu-fig‘onim
YOrima jafo qilma.
SHunda kampir, u “jafo qilma” deyapti bularning bir siri bor ekan deb, Najabni o‘g‘ri gumon qilib, o‘g‘li Sanjarbekka xabar berdi.
Vazir Sanjarbek onasining so‘ziga uchib, Najabni mirshabga topshirdi va podsho nomidan uni darhol dorga osishni buyurdi. Mirshablar Najabni dor tagiga olib borib endi osmoqchi bo‘lib turganlarida uzoqdan “Bu yigit kim?” degan so‘roq keldi. Hamma ovoz chiqqan tomonga qaradi. Bu podshoning yaqin kishilaridan biri Ahmadbek otliq sarkarda edi. U ko‘p aqlli, shinaavanda odam edi. Ahmadbek bu voqeani ko‘rib, men kelguncha sabr qilinglar, deb saroyga ot choptirib ketdi. Ahmadbek qora terga botib shoh huzuriga kirib bordi:
-Ey, shohim, olamga mashhur baxshing bor deb eshitib, uzoq yo‘ldan yurtingga kelgan edim. Ammo hali ovozini eshitmay, uni dor tagida ko‘rdim.
SHunda podsho: -Ey Ahmadbek, qonimni so‘rasang beray, lekin uning qonini so‘rama, u o‘limga mahkum edi.
Ahmadbek boshqa bir tadbir o‘ylab topdi: -SHohim, agar yo‘q demasangiz, uch kun o‘rningizga shoh bo‘lay, keyin, mayli nima qilsangiz roziman, dedi.
Sulton Hasan rozi bo‘ldi. Ahmadbek shohona kiyimlar kiyib, taxtga o‘tirdi. Uch kun to‘yim bor, deb hamma yoqqa jarchi yubordi. To‘yga eshitgan ham keldi, eshitmagan ham. Ana bazm bo‘ldi, mana bazm, chunki to‘yning baxshisi Najab o‘g‘lon edi.
To‘yning uchinchi kuni Guloyimxon ham etib keldi. Najab yorining kelganini ko‘rib, o‘lim bozori qurilgan to‘yimga sen ham keldingmi? — deb nola qila boshladi.
Xush kelibsan yorim, xabar olayin,
Ko‘zlari mastonim, to‘ya keldingmi?
Sevgilim, umrlik yoring bo‘layin,
Ey bog‘u bo‘stonim, to‘ya keldingmi?
Sensiz yorug‘ kunim menga erur shom.
Bechora miskinman, dardlidir siynam.
Ey bog‘u bo‘stonim, ganji xazinam,
Gulim, gulistonim to‘ya keldingmi?
Aqlimni olibdur maston ko‘zlaring
Jonim oldi shirin-shakar so‘zlaring
SHabnam tushgan qizil guldek yuzlaring
Zulfi zarafshonim to‘ya keldingmi.
Hech kelmas dunyoga sen kabi g‘uncha,
Bulbul fig‘on aylar gul ochilguncha.
Najab aytar, ta’rifingni o‘lguncha.
Taxti sulaymonim to‘yga keldingmi?
Najab so‘zini tamomlagandan keyin, Guloyim, ko‘p betoqat bo‘lib, “Ey xaloyiq, qardoshlar!” Men shu o‘g‘lona qurbon bo‘lmoqqa keldim,- deb sozini chalib, shu so‘zni aytdi:
Ey yoronlar, xaloyiqlar,
Najabga qurbona keldim.
Arzim eshit, xonlar, beklar,
Najabga qurbona keldim.
Tog‘alarim-tog‘alarim,
Qon-qarindosh, bobolarim,
Eshiting, bek og‘alarim,
Najabga qurbona keldim.
Ohularim-ohularim
Suvda kezgan mohilarim.
Eshiting, bek dohilarim,
Najabga qurbona keldim.
Saharning tong yulduziman,
Eson vazirning qiziman,
Guloyimxonning o‘ziman,
Najabga qurbona keldim.
Guloyimning so‘zidan o‘tirgan haloyiq hayron bo‘lib qoldi. Ahmadbek o‘rnidan turib shohga yuzlandi. SHohim, siz o‘g‘ri gumon qilganingiz, Sanjar vaziringizning singlisi bilan oshiq-ma’shuq ekan,- dedi. SHunda podsho: -Ikkovini ham o‘ldirarman,- dedi. Ahmadbek bularni xalq ko‘zi oldida o‘limga buyurish yaxshilik keltirmaydi, shohim. Agar ruxsat bersangiz, ularni men tinchitay dedi. SHoh noiloj rozi bo‘ldi.
Ahmadbek bularni o‘z yurtiga olib borib, katta to‘y-tamosha qilib Guloyimni Najab o‘g‘longa nikohlab berdi.
Uch kecha-kunduz davom etgan to‘yning kechasi soz-qo‘shiq bilan tongga ulandi.
Men ham shu to‘yga borib, ularga baxt-saodat tilab, shu g‘azalni aytdim:
Qutlug‘ bo‘lsin, do‘stlar qilgan to‘yingiz,
Oshig‘lar, to‘yingiz muborak bo‘lsin.
Umr bo‘yi g‘am ko‘rmasin ko‘nglingiz,
YOronlar, to‘yingiz muborak bo‘lsin.
Davralarda sozandalar kuydirgan,
Maydonlarda katta qozon qurdirgan,
Bu to‘yga bosh bo‘lib, qo‘ylar so‘ydirgan.
Ahmadbek, to‘yingiz muborak bo‘lsin.
Bu g‘azalni bag‘ishladim sizlarga,
To‘yda xizmat etgan o‘g‘il-qizlarga.
Kulgilar yarashar qizil yuzlarga
YOronlar, to‘yingiz muborak bo‘lsin.
To‘y borini bilib keldik piyoda,
Oshig‘lar umringiz bo‘lsin ziyoda.
Hamma ham etishsin maqsad-muroda
YOronlar, to‘yingiz muborak bo‘lsin!!!
***
«GO‘RO‘G‘LI VA BOZIRGON»
Qadim o‘tgan zamonda, eli yurti omonda, turkman elida, CHambilbelida Go‘ro‘g‘libek xon bo‘lib, elga mehribon bo‘lib, do‘stdan poyini, dushmandan qahrini olib, davrini surib o‘tdi. U ko‘p mashaqqatlarda Ko‘hiqofdan Jahon podshosining qizi Og‘a YUnus pariga uylandi. Vayangan shahridan Avazxonni olib kelib o‘ziga o‘g‘il qilib oldi.
Bir kuni Go‘ro‘g‘libek qirq yigiti bilan shikordan qaytib, damini olib choy, sharob ichib mast bo‘lib, man olganimni oldim, sevganimni topdim, uzoqlarga surdim, yovlarning dodini berdim, endi armonim qolmadi deb, qo‘liga sozini olib, yigitlarga qarab bir so‘z aytdi:
O‘n sakkiz archin ot mindim,
Mindim armonim qolmadi.
Majlis qurib, do‘stlar kutdim,
Kutdim armonim armonim qolmadi.
Sardor bo‘lib yo‘l boshladim,
Darbanddan ilg‘or tashladim,
CHopdim bedov ot ushladim,
Mindim armonim qolmadi.
Man surdim ajib davronlar,
Dilda qolmadi armonlar,
Urushda qirmizi qonlar,
To‘kdim armonim qolmadi.
Ot chopib maydonga yurdim,
Yigitlik mavsumin ko‘rdim,
Go‘ro‘g‘li der, davron surdim,
Surdim armonim qolmadi.
Go‘ro‘g‘li hammani ta’rifladi, lekin YUnus parini ta’riflashni unutdi. Buni parizod ham eshitib turgan ekan, mehmonxona yoniga kelib ko‘p nozi qarashma bilan eshikni qarsillatib ochib;
Ey Go‘ro‘g‘libek, oldim, chopdim, surdim deb, o‘zingga ortiqcha baho berib yurgandan ko‘ra, Gurjiston yurtining botir pahlavoni Bozirgondan xabar olsang bo‘lardi. U necha yildan beri boj to‘lamay ustingdan o‘tib yuribdi. Sen mard bo‘ladigan bo‘lsang, shulardek mardlar bilan kuch sinash, iloji bo‘lsa Bozirgon bilan og‘a-ini tutin. U ham seningdek yolg‘iz yigitdir. U yaqindagina karvonga bosh bo‘lib o‘tdi,- dedi.
Go‘ro‘g‘li YUnus paridan bu gapni eshitib, yigitlarini olib, o‘q-yoylarini ochib, otlanib Bozirgonning izidan ketdi.
Go‘ro‘g‘li bir toqqa chiqib, qarasa, Bozirgon daryoning yoqasida turib, tuyalarni yuklari bilan birma-bir o‘tkazayapti.
Go‘ro‘g‘li bu ahvolni ko‘rib hayron bo‘ldi. Yigitlarini tog‘ning g‘orida qoldirib, piyoda daryoning bo‘yidan o‘tib ketayotgan kishi bo‘lib, Bozirgonnig yoniga kelib unga salom berdi. Bozirgon ham salomiga alik olib:
Ey yigit, qaerga ketayapsan, oting kim? -deb so‘radi.
Go‘ro‘g‘li: -Otim Ravshanbek, o‘zim Go‘ro‘g‘lining otboqariman, Go‘ro‘g‘li og‘amiz o‘tgan-ketganlardan boj-xiroj olib tur deb, tayinlagan, dedi.
Saning Go‘ro‘g‘li og‘ang mendan zo‘r chiqib, boj ola bilarmikin?
Ey Bozirgon, Go‘ro‘g‘lining qo‘lida o‘ynaydigan quroli bor, u senda yo‘q. Uning yosh vaqtida ishlatgan bir o‘q yoyi bor, kuching etsa bir qayiltirchi deb, yoyni Bozirgonga berdi. Bozirgon yoyni aylantirib ikki uchidan ushlab ikki buklab, “bor, og‘angga ta’rif qilib ber”,- deb, yoyni qaytib bermay, qo‘ltig‘iga qisib ketaverdi. Go‘ro‘g‘li Bozirgonning kuchiga qoyil qoldi va unga qarab:
Ey Bozirgon, yigitning qurolini o‘ldirmay olmaslar, men Go‘ro‘g‘li og‘amga na derman, yoyni berib ketgil,- dedi. Anda Bozirgon:
Ey Ravshanbek, bilgil va ogoh bo‘lgil, men umrimda birovga boj bergan emasman deb, yoyni Go‘ro‘g‘liga qaytib berdi. Go‘ro‘g‘li siniq yoyni qo‘ltig‘iga qisib, yigitlarning yoniga kelib, Bozirgonni ta’riflay ketdi:
Og‘alar, daryo bo‘yinda,
Man Bozirgona uchradim.
Bemahal safar oyinda,
Zo‘r Bozirgona uchradim.
Daryodan kechdi oyog‘i,
Qalqona mangzar qulog‘i,
Devlara mangzar siyog‘i,
SHer Bozirgona uchradim.
Bu dunyoda davron surib,
YAxshi, yomon barin ko‘rib,
Zo‘r ko‘rmadim shuncha yurib,
Er Bozirgona uchradim.
Bir maslahat etgan yaxshi,
Obro‘ bilan ketgan yaxshi,
Go‘ro‘g‘li aytar, qaytgan yaxshi,
Zo‘r Bozirgona uchradim.
Alqissa, Go‘ro‘g‘li so‘zini tamom ayladi. Yigitlar buni eshitib hayron bo‘ldilar. Ularning ichida Safar ko‘sa degan mahrami bor edi. U Go‘ro‘g‘liga qarab: — Ey og‘a, sen ko‘p erlarni olding, podsholarning dodini berding? Endi kelib-kelib Bozirgon degan savdogardan qaytadigan bo‘ldingmi? – dedi.
SHunda Go‘ro‘g‘li: — Ey ko‘sa, mening so‘zimga ishonmasang, otlan! Senga Bozirgonni ko‘rsatib qo‘yay deb, Safar ko‘sani u tomon yo‘lladi. Go‘ro‘g‘li ham yigitlari bilan keyinroqda boraverdi. SHu vaqtda Bozirgon to‘rt norning ustida taxtiravon qurib borayotgan edi. Safar ko‘sa uni oldidan ko‘rib, qo‘rqib to‘xtab qoldi.
Go‘ro‘g‘li buni sezib unga kinoya bilan:-
Ha, Safar og‘a, nega to‘xtab qolding? — dedi. Unda Ko‘sa:
Go‘ro‘g‘li og‘a, Bozirgon aytganingdan ham bahaybat zo‘r ekan, qaytaversak, yaxshi bo‘lar edi- dedi.
Bu gaping nomardlik bo‘lar, chunki men unga hiyla ishlatib o‘zimni tanitmay ketgan edim, endi qirq yigit bilan kelib undan qo‘rqib, qaytib ketish mard yigitga yarashmas, u kelasi o‘tganida tuyalarini shaharning ichidan surib, qorningdan bostirib o‘tar deb, Go‘ro‘g‘li Bozirgonning izidan etib, “qayt Bozirgon, yo‘l bundadir”- deb unga siyosat qildi:
Sabodan jo‘nading yo‘la,
Qayt Bozirgon, yo‘l bundadir.
Ot solarman sog‘u so‘la,
Qayt Bozirgon, yo‘l bundadir.
Men shohdurman, tojim bordur,
Etti yillik bojim bordur,
Sanga etar kuchim bordur,
Qayt Bozirgon, yo‘l bundadir.
Maydonda to‘kilar qoning,
Endi o‘girgil iymoning,
Bojin bergil Avazxonning
Qayt Bozirgon, yo‘l bundadir.
Go‘ro‘g‘li yurtda erkadur,
Yigitlar soni qirqtadur,
YUlduz tog‘ning yo‘li berkdur,
Qayt Bozirgon, yo‘l bundadir.
Bozirgon Go‘ro‘g‘lining so‘zlarini nazar-pisand qilmay, tuyalarini surib ketaverdi. SHunda Go‘ro‘g‘li bunga hujum qilmasak, bo‘yin egmaydiganga o‘xshaydi, deb qirq yigiti bilan har tomondan yigirmadan ikkiga bo‘linib, Bozirgon ustiga yopirilishdi. Bozirgon ham darg‘azab bo‘lib, tuyadan sakrab tushib, ularning qo‘llaridan nayzalarini olib sindirib tashlay berdi. Keyin yigitlarni bir chetdan yiqitib, Go‘ro‘g‘lining qarshisiga kelib, qo‘njidan xanjarini olib, unga yopishdi. Go‘ro‘g‘li payt poylab, bor kuchini yig‘ib, Bozirgonning belidan olib, bir otdiki, Bozirgon fil yiqilgandek sakkiz yumalab nariga tushdi. So‘ng qilichini chiqarib g‘azab bilan Bozirgonning ustiga hamla qildi. SHu vaqtda Bozirgon yuzi qizarib, rangi o‘chib, Go‘ro‘g‘liga qarab,
Ey Go‘ro‘g‘li, sening shunchalik pahlavon ekanligingni bilmas ekanman. Men senga o‘z sirimni bayon aylay. Xunxorshoh meni sening qasdingga yubormoqchi bo‘ldi. Lekin seni o‘zimdek yolg‘iz yigit ekaningni eshitib, qasdingga chiqmagan edim. Men sayru sayohat qilib yurishni maqsad qilib olganman. SHuning uchun ham otimni Bozirgon deydilar. Ikkimiz ham otadan yolg‘izmiz, qiyomatlik og‘a-ini bo‘laylik,- dedi.
Go‘ro‘g‘li Bozirgonning bu so‘zini eshitib qahridan tushdi. Og‘a YUnus parining Bozirgon bilan kuch sinashib do‘stlashib qayt, degan gaplari esiga tushib, mayli, Bozirgon men roziman dedi. SHunda ikki pahlavon ahdlashib qiyomatlik og‘a — ini tutindilar. Go‘ro‘g‘li Bozirgonga qarab: —
— Ey Bozirgon, man senga og‘a bo‘ldim, biznikiga tushib mehmon bo‘lib ket, qo‘ldan kelgancha xizmatingda bo‘lay, dedi. SHunda Bozirgon:
Ey Go‘ro‘g‘li og‘a, man yo‘lga chiqdim, yo‘limdan qolmayin, qaytishimda tushib o‘tarman, dedi. Go‘ro‘g‘li Bozirgon bilan xayrlashib, uni yo‘lga solib, ko‘ngli joyiga tushib iziga qaytdi.
Xunxor shoh Go‘ro‘g‘li bilan Bozirgon orasiga rahna solish uchun, bir jodugar kampirni CHambilga yuborgan edi. Jodugar bu voqeadan xabardor bo‘lib, Go‘ro‘g‘lini kelish yo‘lini poylab yotgan edi. Go‘ro‘g‘li kelayotganida oldidan ikki tizzasi qulog‘iga etgan, burni erga tekkan, og‘zida tishi yo‘q, yaxshilikka hushi yo‘q, bu jodugar Go‘ro‘g‘lini to‘xtatib: “Qaerdan kelayapsan o‘g‘lim, kel, bir fol ochib qo‘yay,- dedi.
SHunda Go‘ro‘g‘li:
Ke, ochsang ocha qol, momo,- dedi.
Jodugar fol ochgan bo‘lib:
Ey o‘g‘lim, xato qilibsan kelib-kelib katta dushmaning Bozirgon bilan do‘st bo‘libsan. U seni aldab ketgan. Parizodingni cho‘ri qilib Xunxorshohga olib borib berar,- deb, Go‘ro‘g‘lini chalg‘itib, og‘ziga kelganini vaysab, kelsa yurting xarob aylar Bozirgon deb, unga nasihat qilgan bo‘ldi:
Asli dushman bo‘lsa iqrori bo‘lmas,
Kelsa, yurting xarob aylar Bozirgon.
Oning o‘z so‘zida durori bo‘lmas,
Kelsa, yurting xarob aylar Bozirgon.
Bedoving o‘ynatib izidan borg‘il,
Nasiba taqdirin borgan so‘ng ko‘rgil,
O‘zini o‘ldirib molini olg‘il,
Kelsa, yurting xarob aylar Bozirgon.
CHambilbelga kelsa bo‘lar qiyomat,
Boshingga yog‘dirar turli malomat,
YUbormog‘il oni sog‘u- salomat,
Kelsa, yurting xarob aylar Bozirgon.
Go‘ro‘g‘li kampirdan bu gapni eshitib boshi qotdi. Parizoding olar, yurting xarob aylar, degan so‘zlari Go‘ro‘g‘lining fikrini bo‘ldi. Jodugar Go‘ro‘g‘lining ikkilanib turganini bilib:
— O‘g‘lim, san ko‘p o‘ylama, tez izidan borib Bozirgonning adabini ber, deb, og‘zi-og‘ziga tegmay, iyagi burnini o‘pib, qurbaqaga o‘xshab vaqillayverib, Go‘ro‘g‘lining miyasini qoqib qo‘liga berdi.
Go‘ro‘g‘li kampirning gapiga ishonib g‘azabi qaynab, unday bo‘lsa Bozirgonning dodini beray,- deb, otlanib yigitlarni oldiga olib, Bozirgonning yo‘lini poylab yotdi.
Bozirgon Go‘ro‘g‘li bilan og‘a-ini bo‘ldim, endi menga xavf-xatar yo‘q,- deb, norning ustida manglayini shamolga berib kelayotgandi.
SHunda Go‘ro‘g‘li o‘q — yoyini qo‘liga olib Bozirgonning ko‘kragini mo‘ljallab birin-ketin uch o‘q otdi. YOyning o‘qlari Bozirgonning siynasidin kirib yog‘irnisidan chiqdi.
Bozirgon o‘qlarning zarbi bilan nordan yiqilib tushdi va yigitlarni chaqirib:
Tezdan borib Go‘ro‘g‘li og‘amni chaqirib keling, Men uning diydorini yana ko‘rib o‘layin,- dedi. Go‘ro‘g‘li Bozirgonning bu so‘zini eshitib , dushman so‘ziga aldanganini bilib, o‘zini otdan tik tashlab, ko‘zini yoshlab Bozirgonning yoniga kelib yig‘layverdi.
Bozirgon qonga bo‘yalib yotgan erida jon achchig‘ida falakdan shikoyat qilib bir g‘azal aytdi:
Bemahal kelding yonima,
Har bir boshda o‘lim bordur.
Bo‘yading qizil qonima,
YOlg‘iz boshda zulm bordur.
Ajal etib cho‘lda qolsang.
Yig‘lab kelar kimim bordur.
Urushda mingga toy bo‘lgan,
Oysultondek singlim bordur.
Armonli o‘lding Bozirgon,
To‘g‘ri kelsang, o‘tarman qon,
Dushmanlarga oxir zamon,
O‘rta yo‘lda qazom bordur.
Bozirgon so‘zini tamom qildi va yoniga birov kelganini bilib, – Ey nomard! O‘lmasimdan oldin o‘zingni tanit, maning Go‘ro‘g‘li degan qiyomatli og‘am bordur, agar u mani o‘ldirganingni bilsa teringga somon tiqar,- dedi. SHunda Go‘ro‘g‘li bir terisi kuygandek bo‘lib, oh chekib Bozirgonga qarab, nomard Go‘ro‘g‘li man bo‘ldim,- deb bir so‘z aytdi:
Bozirgon, eshit so‘zimni,
Nomard Go‘ro‘g‘li man bo‘ldim,
Xaq qora qildi yuzimni,
Qonxo‘r Go‘ro‘g‘li man bo‘ldim.
Bilmayin etdim o‘ldirdim,
Ko‘zimni qona to‘ldirdim,
Aldanib, jonim yondirdim,
Nomard Go‘ro‘g‘li man bo‘ldim.
Mard yigitlar suring davron,
Bu foniy dunyo bepoyon.
O‘ldirgan so‘ng chekdim afg‘on,
Nomard Go‘ro‘g‘li man bo‘ldim.
Go‘ro‘g‘li keldim yoninga,
O‘t soldim keldim joninga,
Bo‘yadim qizil qoninga,
Nomard Go‘ro‘g‘li man bo‘ldim.
Go‘ro‘g‘li so‘zini tamom qilib: Ey Bozirgon uka, man dushman so‘ziga kirib sani nohaq otdim, endi bu xatoni tuzatib bo‘lmas.
Bir oz harakat qilib mani o‘ldir, birga o‘laylik,- dedi. SHunda Bozirgon aytdi:
Ey Go‘ro‘g‘li og‘a , san dushman so‘zi bilan mani otibsan, man saning gunohingni kechdim, Endi sandan iltimos, maning Oysulton degan singlim bor. Oysulton urushda mingga teng bo‘lib yurgan botir qiz, maning qonimni talab qilib kelar, U bilan urishmay, aka – singil tutinib qaytarib yubor. Endi oxirgi so‘zim man bu erda azobda yotmayin, san bu o‘qlarni chiqarib ol, man oyog‘imni uzatib jon beray,- dedi. SHunda Go‘ro‘g‘li saning vasiyatlaringni o‘lmasam, o‘n hissa qilib bajarurman deb, o‘qlarni chiqarib oldi. Bozirgon oh deb jon berdi. Go‘ro‘g‘li ko‘p xafa bo‘lib, faryod chekib, falakdan shikoyat qilib bir g‘azal aytdi.
O‘tkinchi dunyosan oxiring qani?
Sudi yo‘q, yolg‘onchi foniy dunyosan.
San naylading Odam bilan Havoni?
Alamli, armonli foniy dunyosan.
CHambilbelga kelding ming armon bilan,
Og‘a-ini bo‘ldik Bozirgon bilan,
Ko‘risha bilmadi Oysulton bilan,
Diydor qiyomatga qo‘ygan dunyosan.
Endi yig‘lab qishim yozim motamdur,
Bozirgon deb tanimda o‘t yongandur,
Hasratingda bag‘rim qonga to‘lgandur,
Har kimga bir alam solgan dunyosan.
Go‘ro‘g‘li ko‘p parishon bo‘lib, Bozirgonni o‘rab — chirmab CHambilbelga olib bordi. YUnus pari Bozirgonning o‘lganini eshitib, qattiq xafa bo‘lib aytdi. –Ey, Go‘ro‘g‘li nega bunday qilding?-dedi. Unda Go‘ro‘g‘li dushman so‘ziga kirib xato qildim, ko‘p armondaman deb, oltin-kumushdan katta bir gumbaz soldirib, Bozirgonni o‘z qo‘li bilan joyladi. Har kim xoinliq qilsa, jazosi shudir deb, jodugar kampirni katta bir yo‘lni yoniga chuqur qazdirib, beligacha tikka ko‘mdirdi. O‘tgan ham, ketgan ham bir toshdan otaverdi. Jodugarning joni jahannam bozoriga fol ochgani ketdi. Go‘ro‘g‘li Safar ko‘sani yigitlarga bosh qilib, Bozirgonning mollarini Oysultonga olib borib bergil deb Gurjistonga yubordi. Oysulton uzoqdan karvon kelayotganini ko‘rib, Bozirgondir deb oldidan chiqdi. Qarasa, Bozirgon og‘asining yigitlari bor, o‘zi yo‘q. SHunda Oysulton yigitlardan Bozirgon og‘asini so‘rab bir so‘z aytdi:
Birga ketgan g‘o‘ch yigitlar,
Bozirgonni nayladinglar.
Tortaram ohu fig‘onlar,
YOlg‘iz og‘am nayladinglar.
Ochilmay guli so‘ldimi?
YO ajal etib o‘ldimi?
YO dushman asir oldimi?
Bozirgonni nayladinglar.
Bunda bo‘sh qoldi qal’asi,
Ko‘zga surmam xok poyasi,
Otam derga yo‘q bolasi,
Zurriyotsizni nayladinglar.
Tortaram ohu fig‘onni,
Ko‘zimdan oqizib qonni,
Ko‘p yig‘latmang Oysultonni,
Bozirgonni nayladinglar.
Alqissa, Oysulton so‘zini tamom qildi. Safar ko‘sa Oysultonga qarab, sen xafa bo‘lma, Bozirgon degan CHambil viloyatiga borib, Go‘ro‘g‘li bilan og‘ayni bo‘lib bir necha kun kasal yotib dunyodan o‘tdi, dedi. Oysulton bu so‘zni eshitib, behush bo‘lib yiqildi. Oysulton so‘zini tamomlab, Safar ko‘sani mollari bilan ergashtirib, katta siylov qilib jo‘natib yubordi.
Bir necha kundan so‘ng Go‘ro‘g‘lining izidan etib o‘ldurgani jahon olamiga ovoza bo‘lib ketdi. Oysulton bu xabarni eshiitib, ko‘p betoqat bo‘lib, erkakcha kiyimlarini kiyib Go‘ro‘g‘lidan Bozirgon og‘amning xunini olayin, yo‘qsa men ham uning yo‘ldi o‘layin -deb, CHambil tomon yo‘l oldi. Endigi so‘zni Go‘ro‘g‘lidan eshiting. Go‘ro‘g‘li o‘zining qadrdon do‘stini nohaq o‘ldirganiga g‘amgin bo‘lib, qirq kun ko‘ksini erga berib yotdi.
Bir kuni Safar ko‘sa Go‘ro‘g‘liga qarab, -Ey Go‘ro‘g‘li, sen bunday xafa bo‘lib yotaverma. Bozirgon endi qaytib kelmas, tog‘larga chiqib, ov-ovlab ko‘ngillarni yozib kelaylik,- dedi.
Bu so‘z Go‘ro‘g‘liga ma’qul kelib, yigitlari bilan shikorga chiqib ov-ovlab yursa, uzoqdan bir otliq yigit kelayotir. Ustiga sovut kiygan, hamma urush asboblari shay. Go‘ro‘g‘li uning oldiga chiqib salomlashib, ey yigit, qaydan kelayapsan, deb so‘radi. SHunda u tanimay Go‘ro‘g‘lidan Go‘ro‘g‘lini so‘rab turibdi.
Qarshim olib turgan yigit,
Go‘ro‘g‘lini bilarmisan?
Maning holim so‘rgan yigit.
SHu zolimni bilarmisan?
YOngan chirog‘im o‘chirgan,
Aqlu hushimni qochirgan,
YOlg‘iz og‘amni o‘ldirgan,
Go‘ro‘g‘lini bilarmisan?
Eshit, maning arzu holim,
O‘ldirmay sovumas jonim,
Go‘ro‘g‘lida bordur qonim,
Qondorimni bilarmisan?
Savash maydoniga kirsam,
Dushmandan o‘chimni olsam,
O‘ldirsam yo o‘zim o‘lsam,
Go‘ro‘g‘lini bilarmisan?
Oysultonni hayron etgan,
YUrak bag‘rin vayron etgan,
Ikki ko‘zin giryon etgan,
Go‘ro‘g‘lini bilarmisan?
Go‘ro‘g‘li uning Oysultonligini bilib otdan tushib, hurmat bilan ko‘rishdi. Ey yigit, bilishimcha, saning Go‘ro‘g‘lida qasding borga o‘xshaydi. Go‘ro‘g‘li bilan yoshlikdan o‘sib katta bo‘lganmiz, bizlar kurash tutar edik, birda u, birda men yiqar edim. Maning bilan kurashib ko‘r, agar mani yiqitsang, Go‘ro‘g‘lini ham yiqitarsan dedi. Oysulton Go‘ro‘g‘li bilan olishib ketdi, Go‘ro‘g‘lining yoqasidan tutib, bir qancha olishgandan so‘ng, ko‘tarib erga urdi. Go‘ro‘g‘li, endi bo‘ldi, bu Go‘ro‘g‘lini enganingdir dedi. SHunda Oysulton:
Go‘ro‘g‘lini tanir ekansiz, o‘zingiz kim bo‘lasiz,- dedi. Man shu erning hokimi bo‘laman, otim Ravshanbek, Go‘ro‘g‘li Usmonaliga ketgan, yana 40 kunlarda kelib qolar,- dedi. Unda Oysulton: — 40 kun emas 40 yilda kelsa ham kutib og‘amning qonini olmay ketmasman,- dedi. Unday bo‘lsa, biznikiga borib damingni olib tur, — deb, Go‘ro‘g‘li Oysultonni Bozirgonning mozori tomon boshladi. Oysulton uzoqdan yaltirab turgan gumbazni ko‘rib, bu kimning qabri deb, so‘radi. Bu Bozirgon og‘angning mozoridur,- dedi Go‘ro‘g‘li.
Oysulton gumbazning ichiga kirib, sochlarini yoyib, qiz holiga kelib, og‘asining mozorini quchoqlab, zor-zor yig‘lab ko‘ngillarni vayron qilaverdi:
YOmon musibatlar tushdi boshima,
Og‘am tuproq bo‘lg‘on joya etishdim.
Xazon eli esdi g‘uncha gulima.
Ochilmayin so‘lg‘on joya etishdim.
Sen ketgali kecha kunduz kulmadim,
Qizil qonga bo‘yalganing ko‘rmadim,
Boshingdan ne jafo kechdi bilmadim,
Armon bilan o‘lgan joya etishdim.
Musofir erlarda g‘arib bo‘ldingmi?
Ochilgan gulzorim shunday so‘ldingmi?
Ajal etib er bilan teng bo‘ldingmi?
Ochilmayin so‘lgan joya etishdim.
Oysulton aytadur, bebaqo dunyo,
Qani mashhur bo‘lgan Iskandar Doro,
Boshim egdim qabring uzra jon og‘a,
Og‘am shahid o‘lgan joya etishdim.
Oysultonning nolishiga Go‘ro‘g‘li ham yigitlar ham ko‘z yosh qildilar. Oysulton Go‘ro‘g‘liga qarab:
Ey og‘a, bu gumbazni kim o‘rnatdi?- dedi. Go‘ro‘g‘li o‘rnatdi,- dedi Go‘ro‘g‘li. SHunda Oysulton: Go‘ro‘g‘lining mardligi ham nomardligi ham bor ekan, og‘amning na gunohi bor ekan, og‘amning na gunohi bor edi, dedi. Go‘ro‘g‘li Oysultonga Bozirgon bilan bo‘lgan voqealarni gapirib, o‘z-o‘ziga dedi:
Sen Xunxorshoning qo‘shinlarini engding, elingni talagan dushmanlarning dodini berding. Endi bir nochordan qo‘rqib turasanmi? — deb.
Ey Oysulton, sen og‘angning qonini olishga chiqqansan, noumid ketma, ma, mani o‘ldir,- deb, qilichini Oysultonga berib, man Go‘ro‘g‘liman,-dedi. «Go‘ro‘g‘liman» degan so‘zni eshitganda, Oysultonning qilichi qo‘lidan tushib, hayron bo‘lib,
Ey og‘a, bu yurtda Go‘ro‘g‘li birmi? YO ikkimi? – dedi. SHunda Go‘ro‘g‘li:
YUrt emas, dunyo yuzida bitta dedi. SHunda Oysulton: Dushman so‘zi bilan og‘amni o‘ldiribsiz, keyin shuncha xurmat bilan joylabsiz, bu ishlaringiz uchun, bir emas o‘nta qonim bo‘lsa ham kechdim, maning ham qiyomatlik og‘am bo‘ling,- dedi.
Go‘ro‘g‘li Bozirgonning o‘lish oldidagi vasiyati ham shu edi deb, Oysulton bilan qayta ko‘rishib u bilan aka- singil tutindi:
Qurboning bo‘layin singlim, Oysulton,
San yig‘lama, saning og‘ang bo‘lurman.
Maning bu jonima solma ko‘p armon,
San yig‘lama, saning og‘ang bo‘lurman.
Jayhun daryo kabi toshdim suv bo‘ldim,
SHum raqib dastidan unga g‘ov bo‘ldiim.
O‘lim haq buyrug‘i sabab man bo‘ldim,
San yig‘lama saning og‘ang bo‘lurman.
Raqib so‘zi bilan og‘ang o‘ldirdim,
O‘q otib o‘z ko‘zim yosha to‘ldirdim,
Pushmon etib oltin gumbaz soldirdim,
San yig‘lama, saning og‘ang bo‘lurman.
Go‘ro‘g‘li der, men ham kechdim jonimdan,
Qilich urg‘il, erlar to‘ysin qonimdan,
Jonimni chiqarg‘il, nozik tanimdan,
San yig‘lama, saning og‘ang bo‘lurman.
Oysulton Go‘ro‘g‘liga qarab: — Menga og‘a bo‘lganingiz yaxshi, maning yurtimga yaqin joyda Qoraxon to‘ra degan bir barzangi bor. U menga ko‘pdan beri oshiq. SHu vaqtgacha Bozirgon og‘amdan dakki eb ketgan edi. Agar og‘amning o‘lganini eshitsa, mani tinch qo‘ymas dedi. SHunda Go‘ro‘g‘li: Ey Oysulton singlim, sen bundan g‘am ema, tanimda jonim boricha, sening yoving bilan kurasharman, seni yolg‘iz qo‘ymasman,-dedi. Go‘ro‘g‘li Oysultonni uyiga olib borib, bir necha kun dam berdi. YUnus pari ham Oysultonga ko‘ngillik berib, uning ko‘nglini ko‘tardi. Go‘ro‘g‘li Bozirgon yurti Gurjistonga ketish oldidan Og‘a YUnus pari, yoru do‘stlari bilan xayrlashib, og‘a — ini do‘st-yoronlar, xo‘sh endi, deb bir so‘z aytdi:
Boqchasi oltindan ko‘shki ayvonli,
Qamar yuzli notavonim, xo‘sh endi.
Xazinasi to‘la tillo ehsonli,
SHakar so‘zli mehribonim, xo‘sh endi.
Men bundan ketarman oh ila voyda,
San bunda qolarsan tillo saroyda.
Sog‘ bo‘lsam kelarman yana uch oyda,
Muhabbatli gulistonim, xo‘sh endi.
Sansiz qorong‘udir yorug‘ jahonim,
Firoqingda yonar tanimda jonim,
Tirikligim sensan ruhi ravonim,
Og‘a YUnus parizodim, xo‘sh endi.
O‘ldi deb eshitsang faryod ayla,
Duo qilib arvohimni shod ayla,
Tengu to‘shim bilan meni yod ayla,
Oq sut bergan onajonim, xo‘sh endi.
Judolik dardidan bag‘rim ezildi,
Umidim rishtasi jondin uzildi,
Biza bugun shunday buyruq yozildi,
Go‘ro‘g‘li aytar, og‘a-ini, xo‘sh endi.
Alqissa, Go‘ro‘g‘li qirq yigiti bilan Oysultonni yoniga olib, uning yurtiga ravona bo‘ldilar. Bir necha manzil yo‘l yurib, Oysultonning qal’asiga etib keldilar. Oysultonning kelganini Qoraxon eshitib, yig‘in tortib, shaharni qamal qilib, Oysultondan urush talab qildi. Oysulton bu xabarni eshitib:
-Ey Go‘ro‘g‘li og‘a, siz bunga ne javob berasiz? -dedi.
-Sen bundan g‘am ema, Qoraxon kirib kelsa, tomoshani bizdan ko‘rsin, — dedi Go‘ro‘g‘li.
Undan so‘ng Oysulton bir mehmonxonani yaxshi bezab, toza liboslarinii kiyib, yasanib beparvo o‘tiraverdi. Qoraxon Oysultondan javob bo‘lmagandan so‘ng, qirq yigitini olib Oysulton saroyiga keldi. Uning yasanib o‘tirganini ko‘rib, “Menda ko‘ngli bor ekan, deb –Ey Oysulton men etti marta keldim, ettisida ham bosqi berib yubording. Endi ne dersan, dedi. SHunda Oysulton, — Etti kelib omon ketibsan, endi omon ketishingga gumonim bor, -dedi. Qoraxonning qahri kelib,
-Endi kimga suyanasan, tush oldimga, deb Oysultonning ustiga bostirib kirib, uni o‘ziga tortaverdi. Bularni ko‘rib turgan Go‘ro‘g‘li sabri chidamay, mehmonxonaga kirib, nochor kishiga zo‘rligingni ko‘rsatguncha, menga ko‘rsat deb, Qoraxon bilan olishib ketdi. Uni ko‘tarib erga urib, boshini tanidan judo qildi. G‘animning yigitlarini ham bir-bir qilichdan o‘tkazib, xumordan chiqdi. Oysulton ham erkakcha kiyinib, qurol-yarog‘larini osib, Go‘ro‘g‘li bilan ikki bo‘lib, qirq yigitni olib qirq ikki bo‘lib, Qoraxonning lashkari ustiga hujumga otlandilar. Uch kun jangdan keyin dushmanning tirik qolgan askarlari tumtaraqay qochib qolishdi. Go‘ro‘g‘li qirq yigiti, Oysulton bilan dushmanni daf qilib, Oysulton shahriga o‘zlaridan hokim qo‘yib, CHambilbel qaydasan? -deb yo‘l oldilar. Go‘ro‘g‘lining Qoraxonni o‘ldirib, Oysultonni ham olib kelayotganini bir chopar kelib YUnus pariga xabar berdi. YUnus pari bu xabarni eshitib, elu yurt bir necha kelin qizlar bilan ularni kutib olishga chiqdilar. Go‘ro‘g‘li bularni uzoqdan ko‘rib, Og‘a YUnus parini tanib, Safar ko‘sani o‘yinga solib, yalla qilib kelaverdi.
Qarshimizdan kelgan qizlar,
Bir mohi tobona mangzar.
Sayrona chiqqan go‘zallar,
Birisi sultona mangzar.
Bari qarchig‘ay boqishli,
Xurshid yuzli, hilol qoshli,
G‘oz yurishli, so‘na boshli,
Biri YUnusxona mangzar.
San omon bo‘lsang jahonda,
Zarra armon qolmas manda,
Lablaring pista dahanda,
Bir guli xandona mangzar.
Go‘ro‘g‘libek xush zamona,
Qirg‘in soldim Qoraxona,
Zulflarin tashlab har yona,
Kelgan YUnusxona mangzar.
Alqissa, Og‘a YUnus pari bilan chiqqan hamma katta-kichik Go‘ro‘g‘li bilan Oysultonni, qirq yigitlarni shodu xurramlik bilan kutib oldilar. Go‘ro‘g‘li “CHamanzor” degan bog‘ini Oysultonga bag‘ishladi. Uni yoniga chaqirib, Ey singlim, endi sening bunday yurishing yaxshi emas, yigitlardan birini tanla, -dedi. Oysultoning ko‘z tagiga olib yurgan Hamdam botir degan yigiti bor edi. Hamdam botir ham Oysultonni sevar edi. Bundan YUnus pari bilan Go‘ro‘g‘li ham xabardor edi.
-Ey og‘a, men Hamdam botirni xohlarman,- dedi.
Go‘ro‘g‘li ko‘p shod bo‘lib, uch kechayu kunduz to‘y qilib, Oysultonni Hamdam botirga berib, ularning to‘ylarini muborakbod etdi.
Oysultonim, surgil davron,
To‘yingiz muborak bo‘lsin,
Zarafshonli ko‘shki ayvon
Uyingiz muborak bo‘lsin.
Dushmanlaring barbod etdim,
CHambil yurtin obod etdim,
G‘amgin ko‘nglingni shod etdim,
To‘yingiz muborak bo‘lsin.
YOring bo‘ldi botir Hamdam,
Iqbolingiz kulsin hardam,
Mudom yiroq bo‘ling g‘amdan,
To‘yingiz muborak bo‘lsin.
Go‘ro‘g‘li der, asli zotim,
O‘lguncha yitmasin otim,
Bo‘lmadi mening zurriyodim,
Farzand sizga ato bo‘lsin!
****
IBROHIM XALILULLOH HAQIDA DOSTON
BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIM
Bu doston payg‘ambar Ibrohim Xalilullohning ibrat dunyosidan bir bo‘lagidir:
Ibrohim Xalilga Alloh tomonidan uch fazilat in’om etildi. Birinchidan — sohibjamollik, ikkinchidan — payg‘ambarlik va uchinchisi — boylik. Qurbon oyining to‘qqizinchi kunida Ibrohim xalil tush ko‘rdi. Tushida Jabroilning ovozi keldi. Aytdiki, -Ey Ibrohim sening qismatingda qurbonlik qilish yozilmishdir. Uni bajarmoq vaqti etdi. Ibrohim tangridan kelgan inoyatni labbay deb bo‘yniga oldi. Qurbon oyining o‘ninchi kuni butun g‘arib bechoralarning etim-esirlarning qornini to‘yg‘azdi Uch kun qurbonlik qildi. Ammo, to‘rtinchi kuni Jabroil alayhissalom kelib aytdi. Ey Ibrohim, sening bu qilg‘on qurbonligingni Alloh qabul qilmadi. Sen bu dunyoda kimni sevsang, o‘shani qurbonlik qilishing darkor. Ibrohim Xalil, fikr etdi. Bu dunyoda aziz ko‘rganim kim ekan? Ayolim Bibi hojarmikan, yoki o‘g‘lim Ismoilmikin? Ismoilmikin,- deganda, ha deb g‘oyib bo‘ldi. Ibrohim Xalil bu so‘zni eshitib, quvvati qochib, issig‘i oshdi.
Ayolining yoniga borib: Ey, Bibihojar, xudoning amri bilan Ismoilni qurbonlik qilurmiz, sen ne dersan, dedi. Bibihojar aytdiki, -Ey payg‘ambarim, xudodan vahiy bo‘lsa bir o‘g‘il ekan, yuz o‘g‘il bo‘lsa ham qurbonlikka berurmiz, dedi. SHundan so‘ng Ibrohim xalilning ko‘ngli taskin topdi. Ismoiljon o‘n to‘rt yoshida edi. U etti yildan beri mulloda o‘qur edi. Ibrohim Xalil Ismoilni olib kelish uchun ketdi. Ismoilni o‘qitayotgan oxund payg‘ambar Ibrohim xalil kelayotganini ko‘rib, unga peshvoz chiqib, salomlashib, sog‘lik omonlikdan so‘ng Oxun nazar solsa, Ibrohim Xalilning ko‘zlarida dard, yuzlarida g‘am.
SHu erda Oxun: Ey payg‘ambarim, sizga ne bo‘ldi?, deb so‘radi. SHunda Ibrohim Xalil Ismoilni o‘qitayotgan Oxunga qarab bir so‘z aytdi:
YOlg‘iz farzandimning aziz ustozi,
Ismoilni qurbon tilar xudoyim,
Menda qolur aning dog‘i firog‘i,
Ismoilni qurbon tilar xudoyim.
Ismoiljon qurbon uchun keladir,
Bu ishlarga aqlim hayron bo‘ladur,
Bu dunyoda kim ham o‘lmay qoladur,
Ismoilni qurbon tilar xudoyim.
Tinglang, endi Ibrohimning so‘zini,
YAratgandan ayro tutmas o‘zini,
Haq yonida qaro qilmang yuzini,
Ismoilni qurbon tilar xudoyim.
Bu so‘zlardan oxun ko‘zini yumdi. Go‘yo, ko‘zining o‘ngida Ismoilning tomog‘i chalinayotgandek bo‘ldi. Oxiri yana o‘zini ushlab:- Ey payg‘ambarim, siz xudoning yaratgan bandasi, olloning eng aziz ko‘rgan odami, xudoning qilgan ishidan rozi bo‘ling, norozi bo‘lmang, deb Oxun payg‘ambarga ko‘ngillik berib bir so‘z aytdi:
Xudoning rasuli Ibrohim xalil,
Haq amriga rizo bo‘ling, azizim,
Har banda qismati olllodan erur,
Haq amriga rizo bo‘ling, azizim.
Dilimizda doim hamdu sanodur,
Payg‘ambarimiz ummatlarga panodur,
Bu ishlar bizlarga amri xuudodur,
Haq amriga rizo bo‘ling, azizim.
Oxun aytar bukun ariliq kuni,
Omonat dunyoda odamning joni,
Rizodurman bugun so‘ysalar meni,
Haq amriga rizo bo‘ling, azizim.
SHundan so‘ng Ibrohim Xalil mayli, oxunim Ismoiljonni chaqiring, dedi. Oxun bolalar o‘qiydigan hujraga kirib Ismoilning chehrasini ko‘rib, unga mehri toblanib, hech narsa aytolmay, u yoqqa yurib, bu yoqqa yurib, axiyri Ismoilning to‘g‘risiga kelib, ey bolam, seni tashqarida otang chorlamoqda, deb besh kalima so‘z aytdi:
Olamning bezagi jahon chirog‘i,
Ismoiljon, otang chorlaydi seni.
YUzi oydek bo‘lgan jannatning nuri,
Ismoiljon, otang chorlaydi seni.
Tez bo‘l, o‘g‘lim, otang giryon bo‘lmasin,
Gul yuzingni hijron o‘tga chaymasin,
Bu ishlarni ko‘rib shayton kulmasin,
Ismoiljon, otang chorlaydi seni.
Oxun aytar, xazon tegdi gulimga,
Bilim berdim quvonibon bo‘yingga,
Xudo jannat gulin sochsin yo‘lingga,
Ismoiljon, otang chorlaydi seni.
Oxun so‘zini tamom qildi. SHunda Ismoil bir sir borligini sezdi. Lekin, hech narsa bilmagandek bo‘lib, domlasiga ta’zim qilib, tashqariga chiqib qarasa, otasining beli bukilgan, yuzlari so‘lgan. SHunda Ismoilning badani titrab ketdi. Lekin hech narsa sezdirmay qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, otasiga salom berib bir so‘z aytdi:
Assalomu alaykum, aziz padarim,
Man sizni xush ko‘rdim butun, jon otam.
Maqsadga etkurgan jannatim, nurim,
Man sizni xush ko‘rdim butun, jon otam.
Nechun bugun yuzni g‘amga solarsiz,
Boshinggizga ne tashvishni olarsiz,
Nechun bilmay mendan sirni saqlarsiz,
Man sizni xush ko‘rdim butun, jon otam.
Ismoil der, bugun o‘n to‘rt yoshimda,
Bo‘ynim burib ta’zimdaman qoshingda,
Parvonadek men aylanay boshingdan,
Man sizni xush ko‘rdim butun, jon otam.
Alqissa, bu so‘zdan so‘ng Ibrohim Xalil o‘g‘lini quchoqlab bag‘riga bosdi. Lekin seni qurbonliqqa so‘yaman deb aytolmadi, ne deyishini bilmay, yur bolam, uyga boraylik, deb Ibrohim Xalil o‘g‘li Ismoilga qarab bir so‘z aytdi:
Bu olamda ko‘rar ko‘zim farzandim,
Ismoiljon, mening bilan yur endi.
Jigarim, suyanchim, jannatim, nurim,
Ismoiljon, mening bilan yur endi.
Voqif bo‘lg‘il, otang etgan ishina,
Rahm aylagil, ko‘zdan oqqan yoshina,
CHarxi falak to‘rin qurmish boshima,
Ismoiljon, mening bilan yur endi.
Kimsa ko‘rar bu dunyoning jafosin,
Oxiringda topar mehri vafosin,
Inshollo, ko‘rarsan zavqi safosin,
Ismoiljon, mening bilan yur endi.
Ibrohim der, kecha kunduz dod etar,
Ul xudoning sanosini yod etar,
Ollohning amriga ne iloj etar,
Ismoiljon, mening bilan yur endi.
Bu so‘zdan so‘ng Ismoil hech narsa sezmagandek yur otam, jonim otam deb, otasining qo‘lidan ushlab yo‘lga tushdilar. O‘n-o‘n besh qadam yurib, Ismoiljon qarasa, etti yil o‘qitgan domlasi ko‘zidan yoshini oqizib, turibdi. YOnida etti yil o‘qigan do‘st-yoronlari hech narsa demay hayron bo‘lib turibdilar. SHu erda Ismoiljoln otasini quchoqlab, ey otam, jonim otam, bir zamon sabr qiling, men Oxunim bilan xayrlashay deb, yugurib borib, ustozining bo‘ynidan osildi. Oxuni ham Ismoiljonni quchoqlab, ko‘tarib oyog‘ini erga tegizmay so‘ngra erga tushirdi. Ismoiljon qarasa, Oxunning ko‘zidan oqqan yosh Ismoilning yuziga tomib turibdi SHu erda Ismoil -Ey, aziz ustozim, etti yil qo‘lingizdan ta’lim oldim, balki yoshlik qilib ko‘nglingizni og‘ritgandirman, agar men qaytib kelmasam, mendan rozi bo‘ling, deb Ismoil Oxunga qarab, xayrlashib besh kalima so‘z aytdi:
Otamga teng bo‘lgan, aziz ustozim,
Rozi bo‘ling mendan qaytib kelmasam,
Madadkoriz bo‘lsin qodir xudoyim,
Rozi bo‘ling mendan qaytib kelmasam.
Bilmam otam nechun obketar meni,
Erga boqib xira, g‘amgin yuzini,
Bilmam ne tashvishga solar o‘zini,
Rozi bo‘ling mendan qaytib kelmasam.
Ismoil der, ko‘zim ochib ko‘rganim,
O‘n to‘rt yoshga qadar ilm olganim,
Birga ta’lim olgan do‘stu yoronim,
Rozi bo‘ling mendan qaytib kelmasam.
SHundan so‘ng Oxun Ismoilning yuziga qaradi, yana bag‘riga bosdi. –Ey bolam, biz sendan ming marta rozimiz. Sen ham bizdan rozi bo‘l, deb ko‘z yoshini oqizib turgan mullosi Ismoilga qarab bir so‘z aytdi:
Bizga qismatdir azaldan,
YAratganning farmoni bu.
Hech bir chora kelmas qo‘ldan,
YAratganning farmoni bu.
CHarxi falak charxin chalgan,
Kimlar qolgan, kimlar o‘lgan,
Seni bizdan ayro solgan,
YAratganning farmoni bu.
Kimsa kelib, qadam otgan,
Kimsa to‘ygan, kimsa totgan,
Seni bizdan olib ketgan,
YAratganning farmoni bu.
Oxun aytar, jonga hamdam,
Ming roziman bolam, sendan,
Sen ham rozi bo‘lg‘il mendan,
YAratganning farmoni bu.
Ustozi Oxun bu so‘zini tamom qilib Ismoiljon bilan rozilashib, xayrlashdi. Ismoiljon otasining yoniga kelib, yo‘lga tushdilar. SHu vaqtda ota-bola oldinma-keyin ketayotganlarida, Iblis shaytoni mal’un ularni Olloh yuborgan yo‘ldan qaytarishga urinib, ko‘ngillariga vasvasa solmoqchi bo‘ldi. Lekin maqsadiga erisha olmadi. Ular tosh otib shaytonni quvladilar. Hajga borgan musulmonlarning shaytonga uch karra tosh otishlari hazrati Ibrohimdan sunnat bo‘lib qoldi.
Yo‘l bo‘yi Ibrohim Xalil nima qilishini bilmay, aytsammikan, seni qurbonliqqa so‘yaymi, deb aytaymi?- deb oxiri bo‘lmadi. Ibrohim Xalil yo‘lning o‘rtasida to‘xtadi.
Ey bolam, sen mening qayoqqa olib borayotganimni bilasanmi, dedi. SHunda Ismoil, ey otam, jonim otam, ayting boshingizga ne savdo tushdi yoki onamga bir gap bo‘ldimi, dedi. SHunda Ibrohim Xalil nima uchun olib borayotganini o‘g‘li Ismoilga bildirib so‘z aytdi.
Bu ishlar bizlarga bo‘ldi xudodan,
Qurbonliqqa olib borurman bolam.
Ikki dunyo rozi bo‘lg‘il sen mendan,
Qurbonliqqa olib borurman bolam.
Na deyarsan otang etgan ishina,
Rahm aylagil, ko‘zdan oqqan yoshina,
CHarxi falak to‘rin qurmish boshina,
Qurbonliqqa olib borurman bolam.
Ibrohim der, sensan ko‘nglimning hushi,
Endi o‘n to‘rtina etganda yoshi,
San bo‘lursan hurilarni yo‘ldoshi,
Qurbonliqqa olib borurman bolam.
Otasidan bu so‘zni eshitgan Ismoil ko‘zlari yoshlanib, tabassum qilib, ey otam, jonim otam, ertalabdan beri g‘amgin bo‘lib yurganingiz shundanmidi? Ey otam, bunga xafa bo‘lmang, xudo bizni siylabdi-xudo yo‘lida qurbon bo‘lsam, ne armon deb, Ismoiljon otasiga qarab bir so‘z dedi:
Budir bizga haqning bergan siylovi,
Haq yo‘linda qurbon bo‘lsam, ne armon.
Qabul bo‘lsin hamma qulning tilagi,
Haq yo‘linda qurbon bo‘lsam, ne armon.
Qurbonliq bo‘layin g‘uncha chog‘imda,
Orom olib turing mening yonimda,
Xudo jannat gshulin sochsin yo‘lingda,
Haq yo‘linda qurbon bo‘lsam, ne armon.
Ismoil der, haqdan bo‘lingiz rizo,
Jannat yo‘lin so‘rab bering fotiha,
O‘g‘lim yo‘q deb otam bo‘lmangiz gumro,
Haq yo‘linda qurbon bo‘lsam, ne armon.
Ismoildan bu so‘zni eshitgan Ibrohim Xalil hayron bo‘lib, Eh-ha.. mening bunday pok, sadoqatli bolam bor ekan deb, o‘g‘lini bag‘riga bosdi. Ey bolam, mening gunohimni o‘tgil, payg‘ambarlik mol qaro bilan bo‘lib, seni bilmabman, meni kechirgil, uyga borguncha mening oldimga tushib yurgil, sening qaddi qomatingni, bo‘yingni ko‘rib mehringga to‘yayin deb ismoilga yolborib, iltijo bilan Ibrohim Xalil bir so‘z aytdi:
Haq amriga rizo bo‘lgin, farzandim,
Oldinda yur, bo‘ying ko‘rayin, bolam.
Tasaddug‘ing bo‘lsin jonu jahonim,
Oldinda yur, bo‘ying ko‘rayin bolam.
Qaddu qomatingga to‘yayin, bolam.
Bu dunyoda kimlar qolar, kim ko‘char,
Sendan qolib mening holim ne kechar,
Qo‘limdagi yongan chirog‘im o‘char,
Oldinda yur, bo‘ying ko‘rayin bolam.
Qaddu qomatingga to‘yayin, bolam.
Ibrohim der, bu ishlar qodir ollodan,
Bizlarga qismatdir azal xudodan,
Jabroildir xabar bergan ollodan,
Oldinda yur, bo‘ying ko‘rayin bolam.
Qaddu qomatingga to‘yayin, bolam.
Alqissa, Ismoiljon umrida birinchi bor marotaba yig‘ladi. Ko‘z yosh qildi. Otasini quchoqlab, ey otam, jonim otam, bu ishni buyurmang, oldinda yur demang, men sizdan oldinda yursam, xalq kular, shayton kular, shaytonni kuldirmaylik dedi, shunda Ibrohim Xalil — mayli, bolam, deb o‘g‘lini chap tomonidan, goh o‘ng tomonidan o‘tib, peshonasidan chsilab yo‘lga tushdilar. Ammo Ibrohim Xalil o‘g‘lini xudo yo‘liga qurbonlik qilarmish degan xabar olam jahonga tarqaldi. Bu xabarni eshitgan xaloyiq toqqa yaqin maydonga to‘plandilar. Ibrohim Xalilulloh o‘g‘li Ismoil bilan keldi. Xaloyiq buni ko‘rib, ko‘z yoshi qilib turdi. Ismoiljon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib xaloyiq bilan vidolashdi. Onasi Bibi Hojar yoniga borib, cho‘kka tushib, -Onajon, men yoshlik qilib sizni ranjitgan bo‘lsam, mendan rozi bo‘ling deb, onasining bag‘riga otildi. Onasi chidolmay, o‘g‘lini quchoqlab, peshonasidan o‘pib, shashqator yoshini to‘kib –roziaman, bolam, deb vidolashib xudoga nolish qilib besh kalima so‘z aytdi:
Barchani yaratgan qudratli xudo,
Ismoil bolamni topshirdim senga.
Meni firoqingda aylading gado,
Sarvi ravonimni topshirdim senga.
Qudrat bilan xalq aylading olamni,
Eshit, bugun fig‘on ila nolamni,
Tar ochilgan g‘uncha kabi lolamni,
Bog‘u bo‘stonimni topshirdim senga.
O‘zing karam aylab bergan mehmonim,
YOlg‘iz farzandimdur jonu jahonim,
Umrim xushvaqtligi, shodu shodmonim,
Qo‘zi-qo‘chqorimni topshirdim senga.
Ismoil otasining yoniga yugurib borib: -Ey otajon, meni qurbonliqqa chalar bo‘lsangiz, mardona turing, ko‘nglingizga qo‘rquv keltirmang, shayton kular, shaytonning bag‘rini dog‘langiz deb, Ismoiljon otasiga qarab bir so‘z dedi:
Jonim otam, qurbon qilar bo‘lsangiz,
Bu ishlarning barin bajo aylangiz,
SHayton kular dilga qo‘rquv keltirsa,
Keltirmangiz, aning bag‘rin dog‘langiz.
G‘amgin yuziz hech bir shikast topmasin,
SHami chirog‘ingiz to‘zon tutmasin,
Bardam bo‘ling falak o‘ynab yutmasin,
Qo‘l-oyog‘im mahkam qilib bog‘langiz.
Ravo bo‘ldi o‘smir chog‘da kelishim,
SHunday yozilgandir mening o‘lishim,
Olloh uchun zarur ekan o‘lishim,
YUzu ko‘zim ko‘rmas qilib bog‘langiz.
Ismoil der, menga nur imon tilang,
Haq yo‘linda aziz jismim xok aylang,
Hanjar bilan yurak-bag‘rim chok aylang,
Pichoq o‘tkir bo‘lsin, yaxshi qayrangiz.
Ismoiljon so‘zini tamom qilib, taqdirga tan berib, xudoni yod etib, bo‘yin egib yotdi. Ibrohim Xalil Ismoilning oyoq-qo‘llarini mahkam bog‘ladi. Ismoilning orqa tomonidan cho‘kka tushib, o‘tkir oq dastali pichoqni qo‘liga olib, Ismoilning boshini sal chapga burib, Ibrohim Xalil “bismillohu akbar” deb Ismoilning tomog‘iga pichoq tortdi.
Pichoq go‘yo muzning ustidan toyib ketgandek qaytdi. Ibrohim hali ikkinchi marotaba pichoq tortdi. Unda ham pichoq kesmadi. SHu erda Ibrohim Xalil, hayratda qolib, pichoqni xarsang toshga urgan edi, pichoq toshni bir yumshoq bag‘ir kesgandek ikkiga bo‘ldi. SHu vaqt osmondan vahiy keldi: Ey, Ibrohim hali, sening qurbonliqingni olloh qabul qildi. Sen o‘g‘lingni kesma. U yoqdan borayotganni kes deb, osmondan sado keldi. SHu vaqtda Olloning karomati bilan jannatdan bir qo‘chqor yuborildi. Ibrohim Xalil bu ne hikmat bo‘ldi deb qarasa, yuqoridan shoxlari buram-buram bir qora qo‘chqor Ismoilning yoniga kelib tushdi. Ibrohim Xalil tezda borib qo‘chqorni qurbonliqqa so‘ydi. YAna tezda borib o‘zini Ismoilning ustiga tashlab ko‘zidan sevinch yoshini oqizib, turg‘il bolam, Olloh ozod ayladi deb, o‘g‘li Ismoilga qarab besh kalima so‘z aytdi:
Haq amriga rizo bo‘lgan farzandim,
Turg‘il bolam, Olloh ozod ayladi.
Sensan nuridiydam, orzu armonim,
Turg‘il bolam, Olloh ozod ayladi.
Qurbon bo‘lmoq uchun maydonga kelding,
YAratgan xizmatin bo‘yningga olding,
Hamma musulmonning duosin olding,
Turg‘il bolam, Olloh ozod ayladi.
Iblis shayton bizni oldijak bo‘ldi,
Ozdira bilmadi, armonda qoldi,
Xudoning saylovi bizga burildi,
Turg‘il bolam, Olloh ozod ayladi.
Ibrohim der, bolam roziman sendan,
Mening uchun kechding shirin joningdan,
Xudo ayirmasin, nur iymoningdan,
Turg‘il bolam, Olloh ozod ayladi.
Aldqissa, maydonga yig‘ilgan xaloyiq xudoning bu karomatiga qoyil qolib, tahsin o‘qidilar. Ibrohim Xalilni, Ismoilni, Bibi Hojarni, Oxunni tabrikladilar.
SHu kundan boshlab qurbonliqqa o‘g‘ilni emas, bir jonlik so‘yish odat bo‘ldi.