9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Twitter

 

TIL BILAN DILLASHUV

TIL BILAN DILLASHUV

So‘zda ma’no, gapda mazmun bo‘ladi. Inson ularning mazmun-mohiyatini anglasa zavq oladi. So‘z ma’nolarini bilmagan o‘rinsiz qo‘llaydi. Bu tilga ham, elga ham nopisandlikdir. Adabiy tilimizda va shevalarimizda ma’nodor so’zlar talaygina. Ana shular borasida so‘z sinchisi bo’lgan kursdosh do’stim shoir Eshqobil Shukurga murojaat qilaylik.

So‘zlar bilan so‘zlashuv

Eshqobil Shukur Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidagi Boymoqli qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini bitirgan (1984). Ilk she’rlar to‘plami — «Yurakni o‘rganish» (1984). Shundan so‘ng uning «Sochlari sumbul-sumbul» (1988), «Tungi gullar» (1989), «Yashil qushlar» (1995), «Hamal ayvoni» (2003) she’riy kitoblari va 2005-yilda «Ko‘hna bog‘ rivoyatlari» nasriy kitobi nashr etilgan. «Naqshband», «Ibtido xatosi» kabi dostonlari, «Nasoyim ul-muhabbatga sayr» turkumi, shuningdek, «Oqibat oqshomi», «Dunyoning ko‘chishi» kabi qissalari ham bor.

“O‘ZIM”DAGI “O‘Z”IM

“O‘z” so‘zi katta tarixga ega so‘zlarimizdan biri sanaladi. Bu so‘zda insonning mohiyati namoyon bo‘ladi. Hazrat Navoiy aytganlar:

Bulbullar olur nolani ta’lim, agar etsa

Bog‘ ichra Navoiy o‘z-o‘zi birla tarannum.

Xo‘sh, Navoiy o‘z-o‘zi bilan qanday uchrashadi va qanday kuylashadi, bunday vaziyatda Navoiy qoshida turgan “o‘z” kim yo nima bo‘ladi?

“Qadimgi turkiy til” kitobida: “Üz asli ot bo‘lib, u “nafs” va “jon” ma’nolarida ishlatilgan” deyiladi. Mahmud Koshg‘ariyda öz so‘zi yurak, o‘zak, ruh ma’nolarida keladi va “Devon”da öz qonuqї iborasi “gavda ichida harakat qiladigan narsa, ruh” deb izohlanadi. Qadimgi sanskritchadan turkiy tilga X asrda tarjima qilingan “Oltin yoruq” asarida “isig özumin tidgulik” – “issiq jonimni fido qiladigan” degan gap keladi. Bunda “o‘z” so‘zi “jon” ma’nosida ko‘rinish beradi. “Issiq jon” iborasi hozir ham tilimizda harakatda.

Xullas, “o‘z” so‘zining tub ma’nosi “o‘zak”, “negiz”, “mohiyat”, “mag‘iz” ma’nolarini anglatishini boshqa turkologlar ham ta’kidlaganlar. Demak, odam “o‘zim” deyotganda nafs va jonini, o‘zagi va butun mohiyatini pesh qilishini his etmog‘i lozim. Uning “o‘zim”i “o‘z”iga munosib bo‘lishi kerak.

KO‘LIK VA AVTOMOBIL

“Ko‘lik” so‘zi menga bolaligimdan yaxshi tanish. “Uyda bir ko‘lik bo‘lishi shart”, “Ko‘liging bo‘lmasa qiyin”, “Bir ko‘lik olishim kerak” kabi gaplarni ko‘p eshitib qolardim. Odamlarimiz ot, eshak qatori kajavali mototsiklni, avtomashinani, traktorni ham “ko‘lik” deyishardi. Hozirgi paytda bu so‘z tilimizda juda kam qo‘llanadi. Aslida “ko‘lik” so‘zi juda qadimiy so‘z. Ming yillar davomida bu so‘z ot-ulov, yuk tortuvchi hayvon ma’nosini anglatib kelgan. XX asrga kelib, “ko‘lik” transport ma’nosini ham anglata boshlagan.

Mahmud Koshg‘ariy bu so‘zni “kölyk” – yuk ortish mumkin bo‘lgan hayvon orqasi deb izohlagan. Yuk ortiladigan va miniladigan tuyasi bor odamni “kölӱklӱk ӭr” deb atagan. Bu iboraga juda hamohang “köliklїk jӭr” degan birikma ham qadimgi tilimizda bo‘lgan va u “soya joy” ma’nosini anglatgan. Shundan kelib chiqibmi, A.Vamberi “ko‘lik” so‘zining paydo bo‘lishini ko‘lanka ma’nosidagi “kölik” so‘zi bilan bog‘laydi. Balki bu taxmin ko‘likli odam panasi bor, soyali odam degan ma’noda mulohaza qilishga undar, lekin undan ko‘ra boshqa olimlarning “ko‘lik” so‘zining o‘zagi “ko‘l” (“köl”) “qo‘shmoq”, “ortmoq” ma’nosida keladi degan farazi asosliroq tuyuladi. Menda yana bir taxmin paydo bo‘ldi. “Ko‘lik” dastlab yuk ko‘taradigan hayvonga nisbatan qo‘llangan ekan, unda “ko‘tarmoq” fe’lidagi “ko‘” bilan “ko‘lik”dagi “ko‘” o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi ham mumkin.

Nima bo‘lgandayam, har kun avtomobilda yuradigan odam onda-sonda ota-bobolaridan qolgan “ko‘lik” so‘zini eslab qo‘ysa yomon bo‘lmaydi.

“KATTA” SO‘ZINING KATTALIGI

“Katta” so‘zi o‘z oti bilan katta. U hamma so‘zlarga kattalik qiladi.

Men bolalik yillarimdan qishloqdagi odamlar rahbar va amaldorlarni “katta” deyishlarini eshitganman. Hozirgacha bu rusum bor. Hech kim rais yo hokimning ismini aytmaydi, faqat “katta” deydi. Amma-xolalar “Kattajon” deyishadi. El orasida hurmat-izzati baland kishilarni ham “katta” deyishadi. Odamlar bunday kishilarga murojaat qilayotganlarida ham hurmat bilan “Katta!” deb murojaat qilishadi. Xo‘sh, katta so‘zining tildagi o‘rni nechog‘liq katta? Uning ildizi qayerlardan suv ichadi?

Ozarbayjon olimi Roza Eyvazova “Afg‘onistonda turk manshali toponimlar” nomli kitobida “katta” so‘zi qadim xett tilida shoh, xoqon, hukmdor ma’nosini anglatadi degan ma’lumotni keltiradi va M.Ch. Tahmazovning fikricha, “katta” so‘zi “suv”, “ko‘l”, “dengiz” ma’nolarini anglatishini ta’kidlab o‘tadi. Holbuki, bu so‘zning “buyuk”, “qudratli”, “muqaddas” degan ma’nolari ham bor ekan. Taniqli olim Mirali Seyidov Vasiliy Radlov qarashlariga tayangan holda “xeta”, “xetayi” qabilasi nomini “katta” so‘ziga olib borib taqaydi. “Xetay” so‘zining ildizi “xet” – mahkam, kuchli, asosli ma’nolarida, “ay” so‘zi esa, yaratmoq, tangri mazmunida kelishini ta’kidlaydi. “Xetay” so‘zi asosida “katta” so‘zi bor degan faraz o‘rtaga tashlanadi. Bizda ham Xitoy qishloq degan qishloqlar bor. Lekin bu biz o‘ylaganday Xitoy davlati bilan aloqador emas ekan-da. Ozarbayjon tilida kuchlini “gatы” deyishadi. Ba’zi turkiy tillarda “katta” so‘zining “kede” shakli ham bor.

Mulohaza uchun yana bir ma’lumot: qadimgi turk tillarida tog‘ning kun tushish tarafi, kungay “kat” deyilgan.

SOY VA SAYRAM

Ikki adir yo tog‘ oralig‘idagi suv yo‘lini soy deymiz. Tilimizda “Boy boyga boqar, suv soyga oqar”, “Choy to‘kilib soy bo‘lmas, yulduz yig‘ilib oy bo‘lmas” kabi maqollar ham bor. Turkistonda Sayram degan qutlug‘ bir joy bor. Xo‘ja Ahmad Yassaviyning onasi Qorasoch ona va otasi Ibrohim ota shu manzilda yotibdilar. Xo‘sh, soy va Sayram so‘zlarini nima bog‘lab turadi? “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da soy (say) so‘zining tub ildizi “toshloq tekislik” ma’nosini anglatgan va hozirgi ma’nosi keyin yuzaga kelgan, deb izoh beriladi. Mahmud Koshg‘ariyda say – qoratoshli yer deb izohlangan. Ochig‘i, bu ikki izoh ham meni qoniqtirmadi. Mening nazarimda, negadir “soy” so‘zining tarkibida “suv” so‘zining qisqargan shakli borday tuyuladi. Fin lingvisti Gustav Ramsted “say” so‘zini mo‘g‘ul tilidagi toshli daryo, daryo o‘zani ma’nolarini anglatgan “sayir — sajir ” (“sayirgal”-saijirgal) so‘zlari bilan bog‘laydi.

Endi Sayram so‘ziga kelsak, Mahmud Koshg‘ariy “Sayram suv” so‘ziga “to‘piqdan past oqadigan suv” deb izoh bergan. “Turkiy tillar etimologik lug‘ati”ga ko‘ra, tuvaliklar tilida daryo o‘zanida shag‘al bilan qoplangan joylar “sayыram” so‘zi bilan ifodalanadi. Tilimizda faol ishlatiladigan chuqur emas mazmunidagi “sayoz” – “sayoz” so‘zining tarkibida ham “soy” so‘zi bor.

“BIZ” SO‘ZI QANDAY PAYDO BO‘LGAN?

Har kuni, har qadamda biz “biz” so‘zini ishlatamiz. Tilimizdagi eng faol so‘z bu. “Biz” so‘zining paydo bo‘lishi haqida turli farazlar bor. “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da qadimgi tilimizda “bi” so‘zi “so‘zlovchi” ma’nosini bildirgan va unga “ikki” (“ko‘p”) ma’nosini ifodalovchi -z qo‘shimchasi qo‘shilib, “biz” so‘zi hosil bo‘lgan deyilgan. Tilimizda bu usulda yasalgan so‘zlar bor. Xuddi “egiz” (“ikki+z”) so‘zidagi kabi.

Mahmud Koshg‘ariy “biz”ning “miz” shakli borligini ham ta’kidlagan. Darhaqiqat “biz”ning “miz” shakli hozirgacha saqlanib qolgan va faol ishlatiladi. Masalan, boramiz, aslida u borabiz bo‘lgan. Xuddi boramen, borasendagi kabi. Faqat “boramiz” fe’lidagi “miz”ning “biz” ekaniga e’tibor qilmaymiz.

Oljas Sulaymonov S.Ye Malovning fikriga asoslanib, “biz”ning tub ma’nosini izlaydi va bu so‘zning ildizi haqida “bi” – “men” degani, “si” esa, “sen” degani, “bi”+”si” qo‘shiluvidan dastlab “bisi” so‘zi paydo bo‘ladi va u “biz”ga aylanadi, degan. “Turkiy tillarda “men”ning “ben” shakli ham bor. Darhaqiqat, men va sen birlashsa “biz” bo‘ladi. Bunda mantiq bor.

Taniqli olimimiz Qosimjon Sodiqov ham “biz” so‘ziga batafsil to‘xtalgan va bu so‘zni “biz” – so‘zlovchining ko‘pligi, “siz” – tinglovchining ko‘pligi deya izohlagan. Bu ham e’tiborga loyiq talqin.

TOVUQ TUVDI

“Tovuq tuvdi” degan gapda tovushlar uyqashligi meni ajablantirdi. Shunda xayolimga “tovuq” so‘zining o‘zi “tug‘ish” ma’nosidagi “tuv” so‘zidan kelib chiqmaganmikan, degan fikr keldi va bu so‘zning izidan tushdim. Mahmud Koshg‘ariy bu so‘zni “taquq” shaklida qo‘llagan va “taquq – turkman tilida tovuq” deb izoh bergan. Tug‘ish ma’nosidagi “tuv” so‘zi juda qadimiy so‘z. Turkiylar tilida, shumerlar tilida ham bu so‘z azaldan bor. “Tovuq”dagi “-uq” qo‘shimcha, xuddi “yozuq” (gunoh), “qiliq” so‘zlaridagi kabi qo‘shimcha. Ya’ni, “yozuq” so‘zi ildizi “yaz” – “yomonlik qil” degan fe’liga va “qiliq” so‘zidagi “qil” fe’liga “-q” (“-uq”) qo‘shimchasi qo‘shilib, ot yasalyapti. Shundan kelib chiqsak, “tovuq ” ham dastlab “tuvuq” bo‘lgandir, ehtimol. Shu o‘rinda tilshunos D.Bozorovaning bir fikrini keltirib o‘tish joyiz deb bilaman. Unga ko‘ra, “tovuq” so‘zi asli “taquq” bo‘lgan va bu so‘z “taq” tovushiga taqliddan paydo bo‘lgan. Bu ham asosli faraz. Chunki, tovuq donlayotganda “taq-tuq” qilib donlaydi. Qolaversa, bu Koshg‘ariyda kelgan “taquq” so‘ziga yaqin. Koshg‘ariy xo‘rozni “erkak taqag‘u” deb yozgan.

Tilimizda tovuq bilan bog‘liq iboralar ko‘proq kinoya va dakki pardasida keladi. Masalan: tovuq miya, dumi yulingan tovuqday, oyog‘i kuygan tovuqday kabilar. Navoiy ham “Tovuqning ta’madan og‘zi tinmagani uchun uning maskani katak zindonidir” degan.

KATAK, XATAK VA UKRAINCHA XATA

Tovuqlar yashaydigan uychani katak deymiz. Bu so‘zning boshqa ma’nolari ham bor-ku, lekin hozircha parrandalar yashaydigan joy mazmunidagi ma’nosi ustida to‘xtalamiz. Tilimizda “katak” so‘zi “xatak” shaklida ham qo‘llanadi. “Alpomish” dostonida Qalmoqdan qaytgan Alpomish Qultoy ko‘rinishida kelib, Ultontozning enasi Bodom Bikach bilan aytishuv qilganida shunday degan ekan:

Mendaylarni sen olmasang

Patagingga, yor-yor,

Sakkiz xo‘roz birdan qamay

Xatagingga, yor-yor.

Bolaligimizda kattalar bolalarni “Uyingga jo‘na” deb emas, “Qani, katagingga jo‘na” deb urishishardi.

Tilimizda “katak” so‘zi “xatak” shaklida ham qo‘llanadi. “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da izohlanishicha, bu so‘z “o‘tirish”, “yotish” ma’nosini anglatadigan tojikcha “kat” otiga kichraytirish mazmunidagi -ak qo‘shimchasi qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Lekin O‘zbek tilining izohli lug‘atiga ko‘ra, forsiyda “kat”ning “taxt”, “keng yog‘och kursi”, “keng yog‘och karavot” degan ma’nolari ham bor. Baribir, bunda ham o‘tirish yoki yotish mazmuni yashiringan.

Meni ko‘proq boshqa narsa qizqitiradi. Ya’ni, o‘zbek tilidagi “xatak” so‘zlining ukraincha “xata” so‘ziga shakl jihatdan juda yaqinligi… Bu so‘zlar faqatgina shakl jihatdan emas, ma’no jihatdan ham yaqin. “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”da “xata” so‘ziga “xata, kulba (Ukraina, Belorusiya va RSFSRning janubida: dehqon uyi) deb izoh berilgan.

Qizig‘i shundaki, manbalar asosan, “xata” so‘zini qadimgi hungar tilidan kelgan deb izohlashadi. Bu so‘z qadimgi hungar tilidan polyak tiliga “chata” bo‘lib o‘tgan, keyinroq ukrain tiliga ham o‘tgan. Hungarlar turkiy xalq. Chukchilar tilida ham xatani “xatuyun” deyishadi. Ba’zi manbalar “Avesto”da “kata” so‘zi uy, yerto‘la ma’nolarini anglatishi haqida xabar beradilar. Men ko‘p yillar burun Kitob tumanida adirdagi tepalik bag‘rida odamlar yashaydigan yerto‘lalar qilinganini ko‘rganman.

Xullas, “katak”, “xatak” va “xata” so‘zlari bitta ildizga ega bo‘lishi mumkin.

No Comments

Leave a Comment