9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

DENOVLIK DILKASH DO‘STIM DAVRASIDA

notiq.uz > Yangiliklar  > DENOVLIK DILKASH DO‘STIM DAVRASIDA

DENOVLIK DILKASH DO‘STIM DAVRASIDA

 

 

 

 

 

Hayot mezonlarini har kim har xil tushunadi va o‘z tushunchalari bo‘yicha turmush tarzini quradi. Ular ulug‘ bir haqiqatni yaxshi idrok etishadi. Hayot — dovonlar osha ilgarilanma harakat. Demak, inson dunyoga kelib olam va odamni anglay boshlagach, uning oldida katta-kichik muammolar — dovonlar turadi. Aytish mumkinki, bular tug‘ilish oila, bog‘cha, maktab davri, oliy yoki o‘rta maxsus ta’lim bosqichi davri, ma’lum kasb egasi bo‘lish va muayyan sohada ishlash, turmush qurish, farzand ko‘rish, ularni ulg‘aytirish, ta’lim-tarbiya berish, o‘qitish, o‘g‘ilni uylantirib, qizni turmushga chiqarish, nevara ko‘rish va hokazolardir.

Xo‘sh, bu dovonlardan muvaffaqiyatli oshishning — baxt kalitini qo‘lga kiritishning siri nimada yoxud kimda? Avvalo, ota-onadan olingan to‘g‘ri tarbiya, nasihat bo‘lsa, ikkinchidan, ustozlarning yo‘l-yo‘rig‘i bo‘yicha olingan ta’lim va ularning maslahati, uchinchidan, ayni paytda insonning o‘ziga tabiatan, aslan, naslan berilgan aql-idrok, fahm-farosat va iroda quvvatidir.

SHu haqda so‘z ketsa, qadrdon do‘stlarimni bir-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tkazaman, ular qatorida, avvalo, Abduhakim Mamanazarov gavdalanadi. U dilkash, xokisor do‘st, muhimi, samimiy inson. Uchrashganda ham ochiq chehra bilan kutib oladi, do‘stona beozor hazil-huzullari bilan qalbingizdan joy oladi, kuzatganda ham shunday. Hammaga yaxshilikni ravo ko‘radigan, dilida kiri yo‘q, beg‘ubor, kek saqlamaydigan insonlar aslida, shunday bo‘lishadi.

Bugungi kunda muborak 60 yoshni (shunchaki, qoralab emas) oqlab, haqlab turgan, M.V.Lomonosov nomidagi MDU  Toshkent shaxridagi filialining moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha rahbari o‘rinbosari, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent, Toshkent shaxar Xalq deputatlarining Mirobod tumani Kengashi deputati Mamanazarov Abduhakim Bozorovichning o‘ziga xos ibratli hayot yo‘li, saboq maktabi, tarixi bor. U birdaniga bu mavqe va martabaga erishgani yo‘q. Undagi ilm-ma’rifatga e’tibor, olimona sinchkovlik, etuk intellektual salohiyat, odamiylik, yuksak ma’naviyat uni  ilm qoyasiga, insoniylik g‘oyasiga etaklagani aniq.

Maqsad, niyat — g‘oya bo‘lsa, harakat — qoyaga, cho‘qqiga olib chiquvchi yo‘ldir. YAxshi niyat — bu chin ma’naviyat, buni bilmaslik uyat. Ushbu aqidani anglagan va teran idrok etgan, pok niyatni qalbiga jo etib, ilm va amalni o‘z hayotiy va ilmiy pedagogik faoliyatida uyg‘unlashtira olgan inson bu Abduhakim Mamanazarov, mening dilkash do‘stim. Olam va odamga munosabat bobida u chinakamiga charxlandi, toblandi. O‘zining bag‘rikengligi va mehridaryoligi, yuksak axloqi va ma’naviyati bilan bugungi nufuz va martabaga erishdi, turli g‘ov va to‘siqlardan zafarli o‘tib, boshqacha aytganda, dovonlardan muvaffaqiyatli oshib kelmoqda.

Umr davomida ko‘pdir dovonlar,

Undan ustun kelar mardi maydonlar.

Hali ko‘pdir ushalmagan armonlar,

Aql ila engar oqil insonlar,

Ilm ila engar olim insonlar.

O‘zining ilmiy qobiliyatini, pedagogik salohiyatini mamlakatimiz rivojiga qo‘shishdek xayrli va ma’rifiy maqsadi bilan faoliyat yuritayotgan do‘stimiz Abduhakim Bozorovich ta’lim tizimidagi hamkorlik va integratsiya masalalariga, ularning iqtisodiy asoslariga ijobiy hamda ijodiy nazar bilan qaraydi. O‘z kasbdoshlari va talaba shogirdlariga buni uqtirishdan aslo, charchamaydi.

Ana shu harakatlarning samarasi o‘laroq, hozirgi kunda uning  ilmiy va uslubiy yo‘nalishda 150 dan ortiq ilmiy ishlari nashr etilgan.  4 ta monografiya, 6 ta ilmiy-uslubiy qo‘llanma, 3 ta ommabop risola, 55 ta respublika va xalqaro jurnallarda elon qiingan maqolalari, 85 ta milliy va xalqaro konferensiyalardagi tezislari ham ana shu harakatlarning hosilasidir. Ayni paytda u “Oliy o‘quv yurtlari talabalarining iqtisodiy madaniyatini rivojlantirish (iqtisodga bog‘liq bo‘lmagan sohalarda tahsil olayotgan talabalar misolida)” mavzusida doktorlik tadqiqoti yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borayotgani xarakterlidir.

Bularning hammasi ota-onaning duosi, bergan o‘gitlarining mevasi. Denovda tug‘ilib voyaga etish maktab ta’limidan so‘ng tahsilni yuqori pog‘onada davom ettirish va mehnat faoliyati ham o‘ziga xos. Viloyatda ish jarayonida pishib, chiniqib keyinchalik, respublikamiz poytaxtida toblanish yaxshi mutaxassis va olim bo‘lib etishish ko‘plar orzu qiladigan sharaf.

U Surxondaryo viloyati, Denov tumanlararo “Uzselxoztexnika” birlashmasi chilangari bo‘lib ish boshlaganida ham, harbiy xizmatda, Termiz shaxri moliya bo‘limi iqtisodchisi, Denov shaxar moliya bo‘limi shtatlar bo‘yicha iqtisodchisi, katta inspektori, soliqlar bo‘yicha bosh taftishchi – inspektori, Denov shahar so‘ngra Sariosiyo tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i bo‘lib ishlaganida ham, shuningdek, Surxondaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot-maslahat va o‘quv-servis markazi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Ta’lim tizimi marketingi  bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Marketing xizmati markazi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi moliyaviy nazorat boshqarmasi bosh mutaxassisi bo‘lib faoliyat yuritganida ham bir aqidaga amal qildi. Bu halollik, to‘g‘riso‘zlik, insonlarga yaxshilik qilish, beminnat yordam berish, muruvvat qo‘lini cho‘zish, ilmparvarlik, muhimi, adolatparvarlikdir.

Ko‘ksini “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bezab turgan Abduhakim do‘stim uchun yuksak mukofot eldoshlari, kasbdoshlari va shogirdlarining ishonchi, ehtiromidir. U el e’tiborida bo‘lishni barcha lavozim va mansablardan ustun qo‘yadi. Xalqning nazarini xoliqning nazari deb biladi. O‘z suhbatlaridan birida u shunday degandi. «Prezidentimiz g‘oyalariga sadoqatimiz ularning qalban, ruhan o‘z xalqiga yaqinligi sababdir. Haq roziligini xalq roziligidan topishni niyat qilib o‘z faoliyatini boshlagan davlatimiz rahbari faqat xalqning manfaati uchun islohotchi, tadbirli inson sifatida ish olib borayotganlari hammamizni ruhlantiradi, ilhomlantiradi, kuch-quvvat baxsh etadi.»

Darhaqiqat, Prezidentimizning ilmu ta’limga e’tibori yuksak. CHunki, har qanday jamiyatning istiqboli, xalqning iqboli yosh avlodga berilayotgan ta’lim va tarbiyaning samarasi bilan bog‘liq. SHuning uchun ham Abduhakim Bozorovich ta’limning sifati va samarasini belgilovchi pedagogning kommunikativ kompetensiyasiga alohida e’tibor qilayotgani sir emas. Prezidentimizning joriy yilga «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deya nisbat berishlari ham bejiz emas.

Xuddi shu ma’noda, Abduhakim Mamanazarov ilm, ta’lim, ma’rifat tushunchalarining o‘z umri mazmuniga aylanganidan mamnun. To‘g‘ri, o‘tmishda uning ota-onalariga o‘qish, ziyoli bo‘lish nasib etmadi. Ular oddiy dehqon bo‘lishsa-da jamoaning ko‘nglidan joy ola bilgan qalbi qaynoq, qo‘li qadoq, erning, elning qadriga etgan zahmatkash insonlar bo‘lishgan. To‘g‘ri, ularning bobolari bir paytlari YUrchi, Denov bekliklarida mirzaboshi, o‘lponchi bo‘lib ishlashgan. «Otamizning otasi birinchi kolxozlashtirish boshlangan vaqtlarda bor mol-mulkini davlatga topshirgan, o‘ttiz yil shu  kolxozda rais bo‘lib ishlagan. Bobomerosmi bilmadim, ma’lum muddat biz ham «o‘lponchi» — soliqchi bo‘lib soliq inspeksiyasi tizimida ishlaganmiz. Ajab emas, ularning ruhi, duolari qo‘llagan bo‘lsa», — deydi miyig‘ida kulimsirab Abduhakim do‘stim.

Ba’zan unga zimdan nazar tashlayman olmish yoshga to‘libdi. Undagi dadillik, kasbiga fidoyilik va shijoatni ko‘rib oltmish nisbiy raqam degim keladi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, o‘zbek tilida ikkita raqamga «mish» qo‘shiladi, biri «oltmish», ikkinchisi «etmish». Demak, bu «mish-mish» degani. Oltmish, etmishga kirgan ko‘p do‘stlarimni kuzataman g‘ayrat-shijoatiga qarab qirchillama qirqdan endi oshgandir-ov deyman. Abduhakim do‘stimiz ham ana shular sirasidan.

Bizning Abduhakim do‘stimiz bilan ilk bor tanishishimiz  «keypatib» (kayf qilib) yuradigan beboshroq, san’atkor ham pedagog, Maqsud ismli sho‘xchan bir ukamiz sabab bo‘lgan. Ular tug‘ilib voyaga etgan Denovdagi ota hovlilarida ham bo‘lganmiz. SHu-shu bo‘ldi-yu farzand va nevaralarining to‘ylarida, turli ma’raka-yu tadbirlarda doim birgamiz. Abduhakim Mamanazarovning Abdusaid ismlik ukalari bor bo‘lib, ular bilan ham qadrdonmiz. Ko‘p yillar yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ishlagan fidoyi ichki xizmat xodimi.

Har bir insonning kamolotini belgilaydigan muhim mezonlar bo‘ladi. Biri ta’lim va tarbiya bergan insonlar bo‘lsa, ikkinchisi uni qo‘llab-quvvatlaydigan, faoliyat yuritadigan jonajon jamoasi. Uchinchisi esa eng muhimlaridan biri uning oilasi — turmush o‘rtog‘i, farzand va nevaralari, kelin va kuyovlari. Ana shundagina inson baxt kalitini qo‘lga olgan bo‘ladi.

Abduhakim Mamanazarov turmush o‘rtoqlari — SHarofatxon bilan bugungi kunda uch o‘g‘il, ikki qiz, ya’ni beshta farzandning ota-onasi, biri-biidan shirin jajji nevaralarning bobosi va buvijonisidirlar.

Farzandlar ham ota izidan bormoqda. Mansurbek ta’limning doktorantura bosqichini tugatib, O‘zMU da Marketing bo‘limining boshlig‘i, ayni paytda «Iqtisodiyot nazariyasi» fanidan dars beradi. Manzuraxon Toshkent farmatsevtika institutini bitirgan, hozirda uy bekasi, Ilyosbek O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida, Umarbek Mirobod tumani hokimiyatida bosh mutaxassis sifatida faoliyat yuritsalar, kenja qizlari Nilufar M.V.Lomonosov nomidagi MDU filialida «Psixologiya» kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydilar.

Umr mazmuni, hayot hikmati nimadan iborat ekanini bilish va qiziqish barchaga xos. Mamanazarov Abduhakim Bozorovich o‘z baxtining kaliti va omad mezonini ushbu misralarda ko‘rishni istaydi.

So‘rashdi: umrning mazmuni, hayot  hikmati

Nimadan iborat uning qiymati?

Aytishdi: SHodlik badaliga qurilgan turmush

Ham do‘st-u yorlarning mehr-muhabbati.

Umrning miqdorini tangri beradi, uning mazmuni va sifati bandaga daxldor deyishadi. Demak, sifatli va mazmundor umri bilan faxrlanishga to‘la haqli bo‘lgan do‘stimni chin dildan samimiy tabriklashga kamina ham haqli ekanidan shod. O‘zlari orzu qilgan yosh va martaba ularga peshvoz chiqaversin. Kerak paytda dilkash, o‘rni kelganda, dardkash denovlik do‘stimiz davrasiga doimo oshiqamiz, uning yarim hazil, yarim chin suhbatlarini sog‘inamiz. SHoir haqli e’tirof etganiday,

Mening dardimga darmon do‘stlarimdan,

Hamisha vasl-u hijron do‘stlarimdan,

Agar qassob kelib po‘stimni shilsa,

SHunda ham ajramas jon do‘stlarimdan.

CHin do‘st esa ikki badandagi bir jondir. Uning dilimizga xos, didimizga mos suhbatlarini qo‘msadikmi, demak, u chin do‘st. Do‘stlar davrasida do‘stlarning tilagi yagona: do‘stimizni baxt-u omad, zavq-u shavq aslo tark etmasin.

Ushbu qutlov maqolasini yozib o‘tirganimda, tasodifan telegramm kanalimga ushbu bitik keldi.

«Assalomu alaykum, Rayimboy og‘a! SHu kecha bir dard keldimi bilmadim, rahmatli otamni eslab, otamdan menga qolgan do‘mbiraga boqib, bir baxshiyona narsa paydo bo‘ldi. Kompyuterga teraverdim, teraverdim, yana tizilib kelaverdi.

SHuni Sizga jo‘natayapman. Bir vaqt topib o‘qib ko‘rsangiz. Do‘st va mutaxassis sifatida nima maslahat va qanday fikr berasiz, degan umidda yuborayapman.»

O‘qib ko‘rish asnosida ularning tuzukkina shoir ekanliklariga va ota ruhi hamda ilhombaxsh tuyg‘uning qudratiga amin bo‘ldim va she’rlarini sizga ham ilindim.

OTAMDAN QOLGAN DO’MBIRA

CHertolmayman seni-yay, jo’ra,

Otamdan qolgan-a, do’mbira.

Avaylab asrayman seni-ya,

Ko’zimga surtib-a do’mbira.

 

Otamdan qolgan-a bu meros-ey,

Ovozi haliyam gulduros-ey.

CHertishni o’rganib, men seni-ey,

CHertib qo’yinda har zamon-ey!

 

Salkam ellikda sening yoshing

Omon bo’lsinda sening boshing

Havasda keltirgan yo’ldoshing,

Tashlab ketdi seni, sirdoshing.

 

Termalarni saralab,

YUrak bag‘rin yaralab,

Otam seni erkalab,

CHertar edi ertalab.

 

Huy-a, huy-a, huy-a, huy,

Ikki tordan chiqar kuy.

Nolang jilolanganda,

To’yga aylanardi uy.

Termalari tizilgan,

Otam chertsa do’mbira

Mo’ylovlari suzilgan,

O’ynab tursa nevara.

 

Otamni kuylatgan ham sen

Sirlarin so’ylatgan ham sen

CHertirib terlatgan ham sen

Nolangga yig‘latgan ham sen,

Otamdan qolgan do’mbira.

 

Otamdan qolgan do’mbira, deyman.

Boshingga po’pak osayin, deyman.

Otamdan qolgan merosim deyman.

Armonim senga aytayin, deyman.

Seni ko’zimga surtayin, deyman.

Otam mehrini istayin, deyman.

Lablarim uchib, yig‘layin, deyman.

Otamdan qolgan joynamozni ber

Ko’zlarim yoshin artayin, deyman.

Otamdan qolgan do’mbirani ber,

Men to’yib rosa chertayin, deyman.

Do’mbira changin artayin, deyman.

Ikki torini sozlayin, deyman.

Dilimda yig‘ilgan armonimni,

Kuylarga solib, bo’zlayin, deyman.

Avaylab seni asrayin, deyman.

Otamdan qolgan do’mbira, deyman.

Zerikkanimdan ezmalik qildim.

Jigarim, sizga erkalik qildim.

Otamdan qolgan do’mbirani men,

Meros debon e’zozin qildim.

 

Kezi kelganda, kamina ham baxshiyona bag‘ishlov qilgisi keldi. Qabul aylang, mehr boylang.

CHin do‘st do‘stga intizor

Dilkash suhbatiga zor,

Aslo bo‘lmaydi bezor

Hech kimga bermas ozor,

Abduhakim ibni Bozor,

Karantindan so‘ng diydor

Bo‘lsin sizga tole yor

60 yoshingiz bilan

Tabriklashga biz tayyor —

Qutlashga do‘stlar bisyor!

 

Rahimboy Jumaniyozov

Filologiya fanlari nomzodi, Xalqaro «Antik dunyo» va «Turon» fanlar akademiyalarining akademigi

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.