9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

TALABA YOSHLARIMIZ MUROJAATI

notiq.uz > Yangiliklar  > TALABA YOSHLARIMIZ MUROJAATI

TALABA YOSHLARIMIZ MUROJAATI

Tog‘ qori bilan, inson viqori bilan ulug‘. Toqqa qarab nido qilsang ham undan aks sado qaytadi. Demak, har bir narsa-hodisaga, ijtimoiy voqelikka javoban ish tutish, amaliy harakat bo‘lishi tabiiy. «Prezidentimizning yoshlarga murojaatini sinchiklab o‘qish asnosida bizning talabalar ham davlat rahbarining chorlov va da’vatlariga munosib tarzda o‘z tengqurlariga murojaat bilan chiqishibdi», — dedi g‘urur bilan TIQXMMI yoshlar masalalari bo‘yicha prorektor Ro‘zimurot CHoriev. Mana,  O‘zbekiston YOshlar ittifoqining Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutidagi boshlang‘ich tashkiloti Talabalar Kengashining talabalarga murojaati.

Assalomu alaykum qadrli do‘stlar, aziz tengdoshlar!

Hurmatli talabalar va tashabbuskor yoshlar barchamizga ma’lumki, bugungi kunda dunyo xalqlari boshiga katta sinovli kunlarni olib kelgan koronavirus (COVID-19) pandemiyasiga qarshi kurashish borasida mamlakatimiz miqyosida ham keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Respublikamiz, jonajon vatanimiz hududida karantin e’lon qilingan. Ezgu niyatlari qalbida jo‘sh urib turgan dono xalqimiz, buyuk tarixga ega O‘zbekistonimiz hozirda o‘ta mas’uliyatli, sinovli kunlarni boshidan o‘tkazmoqda.

Biz yoshlarni doimo qo‘llab-quvvatlab, barcha imkoniyatlarni biz uchun yaratib berayotgan YUrtboshimiz SH.M.Mirziyov boshchiligida bu yuqumli xastalikning aholi o‘rtasida keng tarqalib ketishining oldini olish, ona xalqimizni bunday og‘ir sinovdan sog‘-omon olib o‘tish uchun barcha zarur va keskin choralar amalga oshirmoqda. YUrtboshimiz shunday og‘ir damlarda xalqimizning, aholimizning har bir qatlamiga jiddiy e’tibor qaratmoqda.

Aynan biz yoshlar, talabalarga ham alohida murojaat qilib, “Men bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va o‘quvchi yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman: Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor o‘tkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring. Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang” deya ta’kidlab o‘tdilar.  Bu chaqiriq biz yoshlar, o‘quvchilar, talabalar, magistrantlar uchun juda muhimdir. Mamlakat rahbariyati bizdan oldingidan ham ko‘proq tashabbuskorlik, hamjihatlik, kelajakka bo‘lgan ishonchni yanada oshirib, intilish va to‘xtab qolmaslikni, tinimsiz bilim olishni, mehnat qilishni, o‘zimizdan kichiklarga o‘rnak bo‘lib, kattalardan ko‘proq hayotiy bilimlarni o‘rganishimizni so‘rashmoqda.

Qadrli tengdoshlar, aziz do‘stlar oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, mavjud imkoniyatlardan iloji boricha samarali foydalanib, kerak bo‘lsa sharoitni o‘zimiz uchun o‘zimiz yaratib, yangi O‘zbekiston yoshlari o‘zgarishi kerak bo‘lgan vaqt keldi.

Vaqt shiddat bilan o‘tayotgan bir zamonda kundalik, samarali ishlar ro‘yxatini tuzib, bor diqqat-e’tiborimizni faqat mustaqil ta’lim olishga sarflashimiz lozim bo‘ladi.

Bu borada kuni kecha Respublika Oliy ta’lim Kengashi va Oliy ta’lim muassasalari Rektorlari Kengashining ham murojaati o‘rinli bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz. CHunki samimiy gaplar bilan barcha talabalarga “Faqat astoydil oldinga maqsad qo‘yish, sabr-toqat va mustahkam iroda bilan oldinga intilish zarur. Insoniyat va taraqqiyotning eng katta dushmani bo‘lmish bekorchilik, beparvolik va loqaydlik kabi illatlar, aslida, koronavirus infeksiyasidan ham xavflidir.” — deb ustozlar ta’kidlab o‘tishdi. Buning zamirida chuqur ma’no bor. Har bir talaba mana shu da’vatlarni diqqat bilan o‘qishini yana bir bor so‘ragan bo‘lar edik.

Hurmatli Respublikamiz yoshlari, jumladan, Respublikamizning viloyatlar hududlarida yashovchi talabalarga yana bir muhim tashabbusni ilgari surmoqchimiz. Bu avloddan — avlodga o‘tib kelayotgan muqaddas o‘zbekona qadriyatlarimizni e’zozlash va ulug‘lashdir. Gap yana bir muhim vazifa mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda yoshlarning o‘rni masalasidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev raisligida 8 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yuqorida aytib o‘tilgan muhim masalaga umumiy to‘xtalib o‘tdilar.

Buning uchun barcha fermer, klaster, dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda o‘z dalasida, aholi esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi kerak. Aks holda, ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash qiyin bo‘lishi hammaga ayon.

SHu bois oxirgi yillarda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha qator qarorlar qabul qilindi, ayrim qonunlarga o‘zgartishlar kiritildi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari, mahalla fuqarolar yig‘inlarida tomorqa bilan shug‘ullanadigan alohida o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil qilindi. Aholiga urug‘lik va ko‘chat etkazib berish, xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 244 ta “Tomorqa xizmati” korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tomorqada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 350 milliard so‘m ajratilib, Fermerlar kengashi huzurida jamg‘arma faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bir so‘z bilan aytganda, aholiga ko‘maklashadigan, moddiy resurslarni etkazib beradigan va moliyalashtiradigan, oldin bo‘lmagan tizim yaratildi.

Videoselektorda ushbu tizimdan samarali foydalanib, tomorqalarda mahsuldorlikni oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.

YUrtboshimiz “Hozirgi sinovli davrda tomorqa erlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qo‘yish yurtga va erga nisbatan xiyonat deb baholanishi kerak” — deya ta’kidlab o‘tdilar. Mana shu muhim vazifalar oldida biz yoshlar jim turmasligimiz lozim. Kunlik asosiy onlayn va boshqa mustaqil o‘quv darslari tugagach, albatta, o‘z hovlimizda, tomorqamizda mavjud er maydonidan oqilona foydalanib, dehqonchilik mahsulotlarini ekishda, dala mehnatini olib borishda barcha talaba-yoshlarni faol bo‘lishga chaqiramiz.

Qadrli yoshlar, kelinglar, biz yoshlar mavjud vaziyatdan kelib chiqib, ota-onalarimiz oldida turib tomorqada ish tashkil qilishni va samarali foyda olishni yuqori darajaga ko‘taraylik, shaxsiy o‘rnak ko‘rsataylik, faollikni namoyon qilaylik. Albatta, “Sog‘lom tanda sog‘ aql” shiori bilan birlashib, YUrtboshimiz g‘oyalariga sadoqatimini ifoda etgan bo‘lardik. Ayniqsa, bu jarayonlarda biz qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari tashabbuskor va oldingi safda turishimiz lozim.

Aziz do‘stlar, yana bir bor barchangizga sog‘lik-salomatlik tilaymiz. YUrtimizdan bu sinovli kunlar tezroq tugashiga va qiyinchiliklarni uyda qolib, sabr bilan engib o‘tishimizga ishonamiz. Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatida yanada mas’uliyatli va faol bo‘lishingizni so‘raymiz.

Hurmat bilan, O‘zbekiston YOshlar ittifoqining Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutidagi boshlang‘ich tashkiloti Talabalar Kengashi

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.