BADIIY SO’ZNING QUVVATI
So‘zning kuchi uning ma’no anglatishida va uni aytuvchi tomonidan to‘g‘ri aytilishi, eshituvchi tomonidan esa to‘g‘ri qabul qilinishi hamda to‘g‘ri talqin qilinishi bilan bog‘liq. Odamning tab’i so‘z, taomning ta’mi tuz, suvning ta’mi muz bilan ekan, so‘zlar atrofida so‘zlashish barchamizga xos. Badiiy so‘z hayotda ham asqatadi, lekin uning sahnadagi ifodasi yanada ta’sirli va mohiyatli bo‘ladi. So‘zdan kimning qanday foydalanishi uning qalbu qiyofatiga daxldor. So‘z orqali insonlar qalbiga yo‘l olinarkan, demak, so‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llay olish ham ziddiyatlarga chek qo‘yadi. Bu borada so‘z ketganda, Rene Dekartning ushbu mulohazalarini doim eslab yuraman. “Agar biz so‘zlarning ma’nolarini bilib olganlarimizda edi, dunyoni yarim chalkashliklardan xalos qilgan bo‘lardik.”
Ifodalanishi, aytilishi, eshitilishi, qo‘llanilishi bilan alohida ta’sir kuchiga ega bo‘lgani bu, shubhasizki, badiiy so‘zdir. SHu haqda gap ketganda, O‘zDSMI “Sahna nutqi” kafedrasining professori, tajribali pedagog, o‘z kasbining fidoyisi Isoqtoy Jumanovning “Badiiy so‘z mahorati” nomli o‘quv qo‘llanmasi katta ahamiyatga molik.
Bir qancha pesalari Respublika, viloyat qo‘g‘irchoq teatrlarida sahnalashtirilgan, xorijiy adiblarning 30 dan ziyod asarlarini tarjima qilgan, “Qo‘g‘irchoqlar so‘zlaydi”, “Sahna nutqi” o‘quv qo‘llanmalari bilan keng jamoatchilikka yaxshi tanish bo‘lgan Isoqtoy akaning navbatdagi kitobi 4 bobdan iborat bo‘lib, birinchi bob “Badiiy so‘z mahoratida adabiy tafakkur va so‘z ijrochiligi” deb nomlangan. Unda teatr, kino va televidenieda badiiy so‘z mahorati, badiiy so‘z san’atining ijtimoiy o‘rni, ahamiyati va vazifalari, badiiy so‘z ijrochiligining g‘oyaviy ta’sirchanlik xususiyatlari borasida so‘z yuritiladi. Til umumiylikka, til individuallikka asoslanarkan, yondosh sohalarda ham nutqning o‘z xosliklari borligini inkor etib bo‘lmaydi. Ommaviy axborot vositalarida qo‘llanadigan nutq ifoda tarzi jihatidan muayyan tafovutlarga ega. Telenutq, radionutq va matbuot nutq ishlatilishiga qarab farqlanadi. Ulardagi badiiy nutq esa o‘rniga qarab muvaffaqiyatli qo‘llanilishi mumkin. Oldingi asriy an’analarimizga sig‘maydigan, hech qanday risolaga to‘g‘ri kelavermaydigan, globallashuv davri axborotlari bilan to‘yingan yangi “virtual avlod” uchun aytiladigan so‘zning qudrati ham, rutbasi ham ayricha bo‘lishi zarurligini muallif o‘rinli e’tirof etadi. Bu uchun san’atning, so‘z san’atining ta’sir kuchidan foydalanish zarur. Oskar Uayld “Biz bor vaqtimizni hayotda ma’no qidirishga sarflaymiz. Bilsangiz, mana shu ma’no san’atda” — deya “Ingliz san’atining uyg‘onish davri” ma’ruzasida alohida uqtirishi bejiz emas. So‘zning xossalari borasida so‘z ketganda, Oybek “O‘zbek poeziyasidagi til” maqolasida ohangdorlik, bo‘yoqlilik, ixchamlik, chiroylilik kerak bo‘lishini, chigallik, siniqlik, balandparvozlik, sun’iylik, qashshoqlik va quruqlik darkor emasligini uqtirgan. Muallif shunga monand holda, K.Stanislavskiyning ushbu fikrini keltirib o‘tadilar. “Badiiy so‘z ustasi odamlar haqida gapirar ekan – odamlar qismati uchun qayg‘urib, ular o‘rnida harakat qila boshlaydi, ular hayotiga faol aralashadi, personaj va qahramonlar dardini his etadi, shodligi bilan shodlanadi, u bilan sodir bo‘layotgan jarayonlarga xayrixohlik bilan yondashadi.”
Kitobning 2 — bobi “Badiiy so‘zda ijrochilik mahorati” deb nomlangan bo‘lib, unda aktyorlik san’atida so‘z, xatti-harakat va badiiy so‘z, nutq madaniyati va notiqlik san’ati tarixi, badiiy so‘z ijrochiligida oliy maqsad va etakchi harakat borasidagi mulohazalarni o‘z ichiga oladi.
“Fikr, g‘oya va maqsad uyg‘unligining ifodaviy faolligi” — deb nomlangan 3 — bobda badiiy so‘z mahoratida fikr va jonli so‘z ta’sirchanligi, talaffuz ravonligi va faolligini ta’minlovchi tovushli birikmalar, ovoz jarangini jonlantiruvchi sonor tovushli birikmalar, tasavvur erkinligi, faol va plastik kuch qudrati, so‘z san’atining sir-sinoatlari, iltifot, izzat-ikrom bilan chorlash me’yorlari haqida fikr yuritiladi.
4-bob esa “So‘z falsafasi, ibrati va hikmatlari” deb nomlanadi. Unda so‘z san’atining falsafiy qimmati, ibrati va hikmatlari, badiiy so‘z mahoratida tasavvurning jonlanishi, eslash, fikrlashning o‘ziga xosligi va amaliy ifodaviy jarayonlari haqida gap ketadi. Inson hanuzgacha so‘zdan himoyalanish chorasini topgan emas, minnat, ta’na, haqorat tiriklikda yurakdan, o‘lganda suyakdan ketmaydi. So‘zlarni havoga o‘xshatsa bo‘ladi, chunki ularning ikkalasi ham ko‘zga ko‘rinmaydi va ularsiz yashab bo‘lmaydi. Najmiddin Kubro: “SHubhasiz so‘z qalbdadir, agar o‘z fikrlaringizning shohi bo‘lolmasangiz, atrofdagilarning quliga aylanasiz.” Bir hovuchgina bo‘lib kaftimizga sig‘adigan bosh miya deb ataladigan mo‘‘jizaviy a’zomiz 12 mlrd. nerv tolalaridan iborat. Ularning har biri 10 mingta tolalar orqali boshqa miya tolalari bilan muntazam bog‘lanadi. Oqibatda esa 120 trillion aqliy aloqa tolalariga egamiz. Inson miyasi butun koinotlar olamidagi eng mukammal tuzilmadir. O‘z aqlining hukmdori, o‘z fikrlarining farmonbardori bo‘lish tinimsiz, izchil, muntazam, mashaqqatli mehnatni talab qiladi.
Muallif o‘z kitobida ahli donishlarning qator fikrlarini keltirib o‘tadi. Ayrimlarini kim tomondan, qaysi manbada aytilgani aniq e’tirof etilmasada, ularga muallifning munosabati shundoqqina sezilib turadi.
Xullas, fikr, tasavvur, so‘z, holat, xatti-harakat uyg‘unligini his etgan, badiiy so‘z quvvatini idrok etgan aktyor, notiqni doimo muvaffaqiyatlar qarshilayveradi. Muallif o‘z kitobida konkret matnlar bilan ularni tahlil qilish va etkazishdagi ta’sirchanlik masalalariga diqqatini qarata olgan. CHunki, jonli so‘zning badiiy qudrati aytuvchiga ham, eshituvchiga ham kuch va ruh bag‘ishlaydi. Kitob bakalavr va magistratura tizimidagi talabalarga birdek zarur bo‘libgina qolmasdan, balki so‘z san’ati, nutq mahorati va notiqlik san’ati bilan qiziquvchi barcha kitobxonlarga asqatmasdan qolmaydi.