9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Amaliyot – natija, samara, oqibat va maqsad demakdir

notiq.uz > Arxiv  > Amaliyot – natija, samara, oqibat va maqsad demakdir

Amaliyot – natija, samara, oqibat va maqsad demakdir

Taniqli adib Gyote “Faust” tragediyasida Mefistofel tilidan bir iborani keltiradi: “Nazariya quruqdir do‘stim, ammo yashnar hayot daraxti.”

Biz buni talqin qilmoqchi emasmiz. Butun harakatlarning samarasi, natijasi bilan qiziqishga e’tiboringizni jalb etmoqchimiz, xolos. Barcha jarayonlarda, jabhalarda nazariya va amaliyot uyg‘unligi zarur. Et va tirnoq singari ajralmas, uzviy jarayon bu. Ilmu fan, madaniyatu san’at  yoxud ishlab chiqarish bo‘lsin, ularsiz  sohaning shaklu shamoyilini to‘liq belgilash qiyin. U bamisoli insondagi vena va arterial qon aylanish tizimiga monand. Busiz tiriklikni anglash, tasavvur etish mushkul.

“YUksak ma’naviyat – engilmas kuch” kitobida “Inson qalbiga yo‘l, avvalo, ta’lim va tarbiyadan boshlanadi”, deyiladi. Juda o‘rinli fikr. Ta’lim-tarbiyaning ham, siyosiy-mafkuraviy va xalqaro munosabatlarning ham ochqichi til ekanligi ayni haqiqat. SHunday ekan, filologiya ilmi har doim o‘zining dolzarbligicha qolaveradi. Uning nazariy va amaliy asoslarini chuqur o‘rganish asnosida ko‘proq hayotga tatbiq etish har qachongidan ham zarur. Amaliyot nazariya natijasini, samarasini belgilovchi mezon ekanligini unutmaslik kerak. Bug‘doysiz boshoqning, mantiqsiz nutqning, jonsiz jasadning, qalbsiz qiyofaning, mag‘izsiz danakning, po‘choqning hech qanday mohiyati yo‘q.

Xuddi shu ma’noda “Ma’rifat” gazetasida chop etilgan filologiya fanlari doktori Baxtiyor Menglievning “Amaliy filologiya istiqbollari” nomli maqolasini o‘qish asosida, aks-sado o‘rnida ayrim mulohazalarni bildirib o‘tishni maqsad qildik.

Maqolada bugungi kunda ijtimoiy hayotimizning, ta’lim jarayonining og‘riqli nuqtalaridan biri amaliy filologiyaning muhim muammolari tilga olingan. Bunga e’tibor doimiy ravishda bo‘lishi, til masalasi mavsumiy mavzu emasligini yodda tutishimiz kerak. Til kundalik hayotimizda suv va havodek zarur ekan, nega uning buguni va istiqboli haqida qayg‘urmasligimiz zarur?

Qonun kuchli, ijrosi undan ham kuchli. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlari va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ko‘rsatmalari nuqtai nazaridan amaliy ravishda ish tutilsa, muammolar echimiga yo‘l ochilishi aniq. O‘zbek tili ayni damda fan, madaniyatning barcha – qonunchilikdan boshlab, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari nutqigacha bo‘lgan ehtiyojlarini to‘la-to‘kis qondirish darajasiga intilayotgan ekan, bu xalqimizning, millatimizning qiyofati va rutbasidir.

Muallif o‘z maqolasida o‘zbek tilidan amaliy foydalanish samaradorligi vazifalari borasida alohida to‘xtalgan. Ta’lim maqsadi va  metodologiyasi kimga, nimani, qachon, qaerda va qancha o‘rgatishi bilangina emas, balki qanday usulda, qay tarzda singdirish yo‘llari bilan ahamiyatlidir. Fikrni emas, fikrlashni o‘rgatish, tinglashnigina emas, anglashni o‘rgatish bugungi kunda ayniqsa, muhim. Tillarda so‘zlaymiz, muayyan tilda fikrlaymiz. O‘z ona tilida fikrlay olish esa, uning nazariy va amaliy jihatlaridan xabardorlikni talab etadi. Til va tafakkur uyg‘unligi nutqimizning  to‘g‘ri, aniq, mantiqiy va ravon bo‘lishiga imkon ochar ekan, “tilda yashash, tilda nafas olish” uquvini egallamasdan turib, muvaffaqiyatlarga erishish mumkin emas. YAngi davr bilimli shaxsgagina emas, balki bilim olish yo‘llarini puxta o‘zlashtirgan, mustaqil idrok qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan ongli fuqaroga ehtiyojni yuzaga keltirayotgani haqida muallif kuyunchaklik bilan yozadi.

Maqolada ta’kidlanganidek, “dunyo fanida tilning ichki qurilishini tavsiflaydigan quruq nazariyabozlikdan til va shaxs mushtarakligi masalasi bilan shug‘ullanadigan amaliy yo‘nalishlariga o‘tish to‘lqini kuch olmoqda.” Bu to‘lqin til quroli orqali dunyoni larzaga keltirayotgan axborot xurujini avj olishiga sabab bo‘layotgani hech kimga sir emas. SHuning uchun ham davlatimiz rahbarining “Bugungi kunda mafkura poligonlari yadro poligonlariga nisbatan katta kuchga ega” deyishlari bejiz emas. Ta’lim-tarbiyaning, mafkuraning, ijtimoiy-siyosiy va xalqaro munosabatlarning ham birligi til ekan, uning imkoniyatlaridan unumli foydalana bilish davr talabidir. O‘z fikrini ona tilida mutlaqo, mustaqil, ravon ifoda eta oladigan qilib tarbiyalanmagan talaba ertaning tugunini echa olmaydi. “jaholatga qarshi ma’rifat bilan bahsga” kirisha olmaydi, olisha olmaydi ham. Til tafakkur rivoji bilan jilolanar ekan, nutqning aniqligi tafakkurning tiniqligidan ekanini unutmaslik kerak. Ijroviylikdan ko‘ra ijodiylik ruhi til va tafakkur taraqqiyotiga xizmat qilishi aniq. “YAngi davr talablari asosida ta’limda ijodiy tafakkurni rivojlantirishga xizmat qiluvchi usullarga ustunlik berilishiga qaramasdan, til qurilishi haqida ko‘p hollarda amaliy tatbiqdan yiroq, kam samarali lingvistik bilimlar berishdan iborat eski, chayir an’ana hanuz saqlanib qolayotganini” muallif afsus bilan e’tirof etadi.  Til ta’limi amaliy mohiyat kasb etmas, nutqiy ko‘nikma, nutqiy malaka hosil qilinmas ekan, ma’lum bir nutqiy vaziyatda madaniy nutqdan o‘rinli foydalana olishni bilmas ekanmiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, “til til uchun”, “tadqiqotlar tilshunoslik uchun”, harakatlarimiz quruq nazariya uchun bo‘lib qolaveradi.

To‘g‘ri, filologiya fanining taraqqiyotini nazariy, ta’limiy va amaliy faoliyatsiz tasavvur etish qiyin. Lekin nazariy va ta’limiy faoliyatimizning maqsad manzilgohi, bosh bekati amaliy filologik faoliyat ekanini, barchasining natijasi va samarasi o‘z fikrini emin-erkin ifoda eta oladigan, nutqiy mahoratga ega avlodni etkazishga qaratilishini doim yodda tutish zarur. Ma’lumotni og‘zaki, yozma yoki virtual yo‘sinda axborot tarmoqlariga etkazish malakasini oshirish, ilmiy munozara, muhokamalarda qatnashish va mulohaza bildirish, tadbirlarni o‘tkazish, boshlovchilik qilish madaniyati kabi masalalar ochiq qolmasligi kerak.

Muallif dunyoda amaliy filologik faoliyatning ijtimoiy zarurat ekanligini qayd eta turib qator misollar keltiradiki, filologiyaning kirib bormagan sohasi yo‘qligiga yana bir bor ishonch hosil qilasiz. Lingvistik ekspertiza, psixolingvistika, ya’ni yuris-lingvistikaning muhim qismlaridan biri sifatida atroflicha o‘rganilishi maqsadga muvofiq. Bu masalalar maqolaning amaliy filologiya bakalavrining professional kompetensiyasi, amaliy filologiya magistri, amaliy filologik tadqiqotlar qismlarida ham mufassal yoritilgan.

SHu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, til umumiylik, nutq individual mohiyat kasb etarkan, o‘zbek notiqlik san’ati yuzasidan ham amaliy ishlar olib borish zaruratini davrning o‘zi talab etmoqda. O‘zbek ritorika maktabi, ritorik mahoratni o‘rgatadigan maxsus o‘quv muassasalarining ochilishi ham xosiyatlidir. YUqorida tilga olingan ayrim muammolarning ijobiy hal etilishida uning o‘z hissasi, o‘z o‘rni bo‘lishi, shubhasiz. Mikrofon, minbar, videokameraga hamma ham yuzlanavermaydi. To‘g‘ri, buning etik-estetik asoslaridan ko‘z yummagan holda shuni aytish kerakki, ko‘pchilikning nutqi onqadar shakllanmagani uchun so‘zlashga, cho‘chiydi, fikrini aytolmasligidan hadiksiraydi. Bu mashaqqatli mashqiy jarayon bo‘lib, harakat va hafsala qilgan uni albatta, egallaydi. Nutq faqat lingvistikaning ob’ekti emas, u psixologiya, logika, tafakkur, etika, estetika, jamiyatshunoslik, siyosatshunoslik kabi fanlar bilan uzviy bog‘liqdir. Filologiya ilmining kengqamrovli ekanini muallif o‘rinli ta’kidlab, ushbu yo‘nalishda ko‘proq izlanishlarni amalga oshirish kerakligini uqtiradi. O‘zbek amaliy tilshunosligining milliy xarakterdagi sotsiolingvistika, etnolingvistika, psixolingvistika, pragmalingvistika, lingvokultorologiya, neyrolingvistika, kompyuter lingvistikasi, korpus lingvistikasi, sudlingvistikasi kabi zamonaviy fan yo‘nalishlari bilan chamabarchas bog‘liqligini bugun zamonning o‘zi yuzaga chiqazmoqda. SHunday ekan, amaliy filologiyaning rivoji borasida bir yoqadan bosh chiqarib ish tutish vaqti etdi. Maqolada qayd etilganidek, “Milliy taraqqiyot ma’naviy yuksalish demakdir, ma’naviy yuksalish esa til bilan bog‘liq jarayondir”. Buning amalda namoyon bo‘lish shakli, shubhasizki, notiqlik san’atining nazariyasi hisoblangan ritorika bilan bog‘liqdir. Uning rivojlanishiga jiddiy e’tibor berish kerak. Notiqlikning turlari va nutq ko‘rinishlari bo‘yicha usta o‘zbek ritorlaridan kimlarni bilasiz, yoki shu yo‘nalishda qanday tadqiqotlar bor, singari savollarga javob bera olamizmi, afsuski, yo‘q. “O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar”, “So‘zdan so‘zning farqi bor, o‘ttiz ikki narxi bor” kabi maqollar mazmunini idrok etgan har bir shaxs yuqorida tilga olingan masalalarga befarq qaramaydi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.