SHOHIDA ISMOILOVA: TINGLOVCHI KO’P-U, ANGLOVCHI KAM
Har qanday jamiyatning, mustaqil davlatning istiqboli, iqboli o‘z xalqining kelajakka bo‘lgan ishonchi, o‘zining Milliy g‘oyasi va mafkurasiga sodiqligi bilan chambarchas bog‘liqdir. Ozod va obod vatan, erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lidagi oliy maqsaddan og‘ishmay ildamlash fuqarolarning vatanparvarlik tuyg‘usiga, insoniylik fazilatlariga daxldordir. Jahon tan olgan davlatning fuqarosi bo‘lish yuksak tole, oliy baxt ekanligini his etgan yurtdoshlarimiz bu borada sidqidil xizmati, himmati bois o‘z hurmatiga, e’zozu ehtiromiga ega. Ana shunday fidoyi, kasbiga sadoqatli, kasbdoshlariga mehr-oqibatli san’atkorlarimizdan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist SHohida Ismoilovadir.
Gazeta uchun bayramoldi suhbat uyushtirish maqsadida Milliy teatrga kirib borganimizda, SHohida Ismoilova navbatdagi spektakldagi roliga tayyorgarlik ko‘rib grimmxonada o‘tirardilar. Spektakl boshlanishiga 25 daqiqa qolgan bo‘lsada, teatr sahnasi va matbuotga mehri kuchli bo‘lgan san’atkorimiz iltimosimizni erda qoldirmadilar. Balki, panjara ortida ma’naviyat va ma’rifatga tashna bo‘lib jazo muddatini o‘tayotganlarga nimalarnidir aytish ilinji borligi uchunmi suhbatga tezda rozi bo‘ldilar.
— Kimgadir ergashish, havas qilish, intilish yoxud turtki ta’sirida inson shakllanadi, muayyan kasbga mehr qo‘yadi. Bu holat nazarimda, sizga ham begona emas.
— To‘g‘ri aytasiz. San’atga kirib kelishimda oiladagi muhit va maktabdagi o‘qituvchilarimning saboqlari katta bo‘lgan. Oilada dadajonim va oyijonim ham shunchaki kitobxon emas chinakam kitobsevar bo‘lganlar, biron kitob keltirishsa, to‘rtta opa-singil talashib, galma-gal o‘qirdik. Kitobga oila a’zolarimizning mehri kuchli bo‘lgan. Kitob bizni sirli bir olamga olib kirayotgandek juda qiziqish bilan o‘qirdik. Bir-birimizga so‘zlab berish va muhokama qilishlar ham adabiyot va san’atga dilimizda ayricha mehr uyg‘otganligi rost. Kitobni o‘ziga do‘st tutgan inson hayotda hech vaqt qoqilmaydi deb o‘ylayman. Maktabda esa adabiyot fanidan dars beruvchi o‘qituvchilarimizning roli katta bo‘lgan. Ilk rollarni ijro etish maktab sahnasida boshlangan desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Kichik ko‘rinishlarda kichik rollarni o‘ynaganman. Qiziqishim va havasim o‘sha paytlardayoq boshlangan. Agar men aktrisa bo‘lmaganimda albatta, o‘qituvchi bo‘lardim. Ustozlarning ta’limiy va tarbiyaviy mehridan oziq olgan har bir insonning ertasiga umid bilan qarasa bo‘ladi. Dadam yuridik sohada ishlagan bo‘lsalar, onam esa o‘qituvchi bo‘lganlar. Ular dastavval, mening san’at yo‘lini tanlashimga qarshi edilar. Oilada dadam juda talabchan bo‘lib, uyda bo‘lsin, ishda bo‘lsin tartib-intizomni talab etganlar. Qiz bola o‘ziga yarashiqli ishni qilishi kerak derdilar. Qiz bola o‘qimishli bo‘lsin, oilasiga yordam beradigan ishda bo‘lsin derdilar. Boradigan joy, keladigan vaqtimizni aytib ruxsat berishsagina borardik. Maktabda ikki yil etakchilik vazifasida ishladim. YOsh tomoshabinlar teatrida drama to‘garagi ochilgandi. Unga qatnab yurdim. Ota-onam qiziqishimni, orzularimni e’tiborga olib ra’yimni qaytarmadilar. Axiyri, mayli, o‘zing bilasan deb onam ham rozilik bildirganday bo‘ldilar. Imtihon topshirib o‘zimni sinab ko‘rishimga rozi bo‘ldilar. Ular o‘tolmasa kerak deb o‘ylaganlar. Teatr va rassomlik institutiga topshirdim. 700 ta abiturient hujjat topshirgan bo‘lsa, ularning ichidan qabul qilinganlar orasida mening familiyam ro‘yxatda birinchi o‘rinda turgani haliyam ko‘z oldimdan ketmaydi. O‘shanda rosa xursand bo‘lganman. A’lo baholarga o‘qib, imtiyozli diplom bilan tamomladim. 1980 yildan yoshlar teatrida faoliyatimni boshlab, u erda 1987 yilgacha ishladim. Keyin esa O‘zbek Milliy akademik teatriga o‘tib hozirgacha shu dargohda ishlab kelayapman.
— Teatr sahnasida yoki videotasmalarda bo‘lsin, qator rollar ijro etgansiz. Har birining o‘z zalvorli yuki, maqsadi bor. Jorj Simenon 170 dan ortiq asar yozgan deyishadi. Sermahsul ijodkor deb tan olingan. Lekin barcha asarlari ham birdek qabul qilinmagan. Qaysi adib bo‘lmasin, muayyan bir asari uni ko‘proq elga tanitadi, aniqrog‘i mashhur qiladi. Mashhurlar ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin ularning orasida el-yurtga manzur va maqbullari kam. Siz xalqimiz tomonidan manzur san’atkor sifatida qabul qilingan o‘z hayotiy va ijodiy faoliyatingiz bilan ko‘pchilikka ibratli ayni paytda oilaparvar, mehribon onasiz. Aytingchi, qaysi rolingiz sizni ko‘proq elga tanitgan deb hisoblaysiz?
— Har bir asarning, har bir obrazning, har bir rolning san’atkor hayotida o‘z o‘rni bor. Teatr sahnasida juda ko‘plab obrazlar yaratganman. Maqsud SHayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasidagi Feruza, SHekspirning “Otello” tragediyasidagi Dezdemona, Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” asaridagi Kumushbibi singari bir qator obrazlarni yaratdim. Menimcha, ko‘proq “CHarxpalak” videofilmidagi Mastura roli orqali ko‘proq tanishsa kerak. Sirtdan qaraganda, u salbiy xarakterdagi, yomon, nopok yo‘lga kirgan ayoldek taassurot qoldiradi. Lekin chuqurroq nazar tashlab mushohada qilinadigan bo‘lsa, u butunlay boshqacha ayol. Uyim-joyim deydigan, farzandlari uchun kuyunadigan, ular uchun jonini berishga ham tayyor ona sifatida namoyon bo‘ladi. Ruhiy kasalliklar shifoxonasiga borib bemorlarning holatini kuzatdim, ko‘zimda yosh bilan ularga achindim ham. Mastura obrazini jonli va tabiiy chiqishi uchun ko‘p narsalarni bilishga, o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Oilaviy mojarolar sabab ruhiy kasallikka yo‘liqqan xasta ayollarni ko‘rib kuzatarkanman, kimlargadir kerak bo‘lib yashashning o‘zi hayotning qimmati va odamzotning baxti ekanini yana bir bor angladim. Men bu obrazning ruhiy holatini tuyib, Masturaning dardini his etib o‘ynadim. U murakkab obraz bo‘lib, bola-chaqasini boqish uchun har narsaga tayyor va ayni damda ilojsiz ayol sifatida gavdalanadi. Ayrim badkirdor kimsalarning guruhiga aralashib qolib ichkilikka beriladi, o‘zining, oilasining boshiga kulfatlar tushadi. Keyinchalik, o‘z ayblarini bilib vijdon azobida qiynaladi. O‘z joniga qasd qilishni ham o‘ylaydi. To‘g‘risini aytsam, men Mastura obrazini berilib, yaxshi ko‘rib ijro etdim. Muallif bir ayolning ayanchli qismati orqali muhim muammolarni ilgari surgan, ularga tomoshabin e’tiborini jalb eta olgan.
— O‘zini o‘zgaga ko‘chirishdek mashaqqatli kasb egalari — aktyorlarning zahmatli mehnatini, tinimsiz izlanishlarini hamma ham his etavermaydi. Kamolot pog‘onasiga etishishning, muayyan kasbni obdon egallashning o‘zi bo‘lmaydi. Bu jonli jarayonda zavq-shavq ham, azobu iztirob ham, ruhiy qiynalishu hayajonlar ham bo‘lishini inkor etish mushkul. Teatr sahnasida, aktyorlik mahoratingizni oshirishdagi ilk ustozingiz to‘g‘risida so‘z ochsangiz.
— SHu haqda so‘z ketadigan bo‘lsa, men O‘zbekiston xalq artisti Rixsixonim Ibrohimovaning bu boradagi xizmatlarini unutmayman. Hozirgacha ulardan o‘rganaman, ularning saboqlariga quloq solaman. Tanqidiy fikrlarini to‘g‘ri qabul qilaman. Ish jarayonida ularning maslahatlari menga koni foyda bo‘lib doim asqotadi. Na faqat teatr sahnasida, ijodiy faoliyatimda, balki hayotda ham u insondan hamon maslahatlar olib turaman, o‘gitlariga, yo‘l-yo‘riqlariga amal qilaman. To‘g‘ri, ish bor joyda kamchilik bo‘ladi. O‘ynayotgan rollarimda ba’zi bir etishmovchiliklar bordir, balki xatolarimni o‘zim sezmasman, so‘zda bo‘lsin, holatda bo‘lsin, ustoz ularni ziyraklik bilan kuzatib o‘z vaqtida menga aytib turadilar. YUtuqlarimni aytib alqab, maqtab qo‘yadilar. Kamchilik yoki nuqsonlaringizni o‘zingizga aytib tushuntirgan insonni hech vaqt dushman deb bilmagan, chin do‘st deb tushunganlar hamisha muvaffaqiyatlarga erishadilar. Men ularni ko‘pchilikka g‘amxo‘r, mehridaryo ona, samimiy ustoz sifatida doim qadrlayman.
— Bilib bilmasdan jinoyat sodir etib jazo muddatini o‘tayotganlar orasida ayollarning ham borligi dilni xira qiladi. Hayotning murakkab onlarida, inson aql-idroki ojiz qoladigan paytda har xil nuqsonlarga yo‘l qo‘yish evaziga adashuvchilar ham yo‘q emas. Jazo muddatini o‘tab, qayta tarbiyalanayotgan ayrim aldangan va adashgan ayollar haqida nima deya olasiz?
— Birov ustidan biron narsa deyish shundoq qaraganda, oson ham, qiyin ham. Hayot biz bilmagan, anglab etmagan chigallik, ziddiyat va jumboqlardan iborat. Unga javob topish uchun har damda, har qadamda ziyraklik, aql-u iroda, oqibatini o‘ylab ish qilish zarur. Bu hayotning mantig‘i, odamzot umrining ma’nosi ham aslida, shunda bo‘lsa kerak. Har bir ishga vaj-korson ko‘rsatish, bahona topish mumkin. Oxiri pushaymonlik bilan tugamaydigan, nadomatga bois bo‘lmaydigan ish doim xayrlikdir. Vaqt oliy hakam ham, hakim ham. Hamma narsaning davosi vaqt bilan. Odamzot, odatda o‘z umrini, qismatini sarhisob qilib “shundog‘ qilmasam, bundog‘ yashasam bo‘lardiku” deb keyinchalik afsuslanadi. Ilojsizlikdan, birovning hiylasiga uchib, mo‘may daromad orttiraman deb adashgan xotin-qizlarning fojiasi og‘ir. O‘z yo‘lini yo‘qotgan kishini gunohkor gumroh deyishlari bejiz emas.
Teatr va kino san’ati xodimlaridan tarkib topgan ijodiy guruh bilan jazoni ijro etish muassasalarida ma’rifat darslarida, uchrashuvlarda ko‘p bora bo‘lganmiz. Ularning yuz-ko‘zlariga boqib pushaymonliklarini his etaman. Pul topaman, ko‘proq daromadga ega bo‘laman deb, tirikchilik tashvishini o‘ylab qonuniy yoki noqonuniy yo‘llar bilan xorijga chiqib aldangan ayollar bilan suhbatlashganmiz. Ularning dard-alamlari ichida, pushaymonlik bilan yonib-kuyib so‘zlashadi. Kimlarningdir gaplariga uchib, makru nayranglari tuzog‘iga tushgan ayollarni afsus-nadomatlarini ko‘p bor eshitganman. Qanchalari chet ellarda darbadarlikda yuribdi, ota-onasi, tug‘ilgan joyi, o‘qigan maktabi, yoru do‘st, qarindoshlarining sog‘inchi ularga azob bermaydi deysizmi? Kindik qoni to‘kilgan makonni yoki o‘qigan, ishlagan joylarini qo‘msamaydi deysizmi? Qilgan ishlariga ming pushaymon bo‘lsalar kerak. Engil hayotni o‘ylab o‘z umrini xazon qilgan yosh qizu juvonlar holiga kim achinmaydi. Engil yo‘l, oson usul bilan topilgan pulning barakasi ham bo‘lmaydi, ro‘zg‘origa singmaydi, boshqacha aytadigan bo‘lsak, buyurmaydi ham. Eri, bola-chaqasi uyda o‘tiribdi-yu ayol boshi bilan o‘zi chet ellarda yurgan ayrim ayollarning qilmishiga nima deysiz? Xullas, pul topsam, boylik orttirsam bo‘ldi degan xomxayol, puch maqsad bilan yurib o‘zlari bilmagan holda boshqa bir jinoyatlarga aralashib qolganini kech payqab pushaymon bo‘lganlarga achinasan kishi. Giyohvandlik, odam savdosi kabi millat tanlamas illatlar insoniyat boshiga ko‘p kulfat keltirayotgani bugungi kunda sir emasku. Bunga bosh qo‘shganlarning oqibati sim devor yoki panjara orti ekanini unutish yaxshimas. O‘z umriga o‘zi zomin bo‘lgan mahkumalarga qarata aytadigan gapim shuki, siz adashdingiz, endi jazo muddati tugagandan so‘ng toki, boshqa yaqinlaringizni bu yo‘lga kirmasligi uchun kuyining. To‘g‘ri, sizga ham ko‘proq hayot tajribasiga ega bo‘lgan kishilar maslahat berib, halol nimayu harom nimadan saboq bergan, maqbul va nomaqbul yo‘llarni tushuntirgan. Ularning pandu o‘gitlarini siz shunchalik tinglagansiz, xolos. Lekin chuqur o‘ylab, anglab etmagansiz. Afsuski, tinglovchilar ko‘pu, anglovchilar kam. Eshitish yaxshi, anglab ish tutish undan ham yaxshi. Agar shu mantiqqa rioya etilganda, qilmish-qidirmish sabab bunday kor-hollar yuz bermasmidi. O‘z jon tanini, ona vatanini aziz deb bilgan inson o‘zga yurtda sarson-sargardon kezib, darbadarlikda yurmaydi. Mayli, o‘tgan ishga salovot, deyishadi. Sog‘ omon oilangiz, barcha yaqinlaringiz bag‘riga etib borganlaringizdan keyingi hayotingiz mazmunli va ibratli bo‘lishini tilayman, degim keladi ularga.
— YAqin kunlardagi faoliyatingiz borasidagi mulohazalaringizni ham o‘rtoqlashsangiz.
— Ijodiy faoliyatimiz mezoni teatr va kino ikkala qanotimiz. Hozirgi so‘zlarimizning misoli, tasdig‘i sifatida aytishim mumkinki, yaqinda yosh rejissyorlar tomonidan “Qadamlar” degan film suratga olindi. O‘shanda ham yuqorida gapirilgan masalalar dolzarb mavzu qilib olingan. Ishlash uchun xorijga borib kulfatlarga duchor bo‘lgan ba’zi bir yoshlarning fojiaviy taqdiri tasvirga olingan. Men o‘sha filmda ona rolini o‘ynadim. Bu film dublyajida o‘zim ovoz berdim. Ochig‘ini aytsam, film menga o‘ta ta’sir qildi. Dublyajda rolga, o‘z qahramonimga ovoz berarkanman, ko‘zlarimdan duv-duv yosh to‘kildi. Onaizorning oh-u nolalari, ichki ruhiy kechinmalari, dil faryodlari hech kimni befarq qoldirmaydi. Farzandi “men ko‘p pul ishlab topishim kerak, sizga ham hammamizga ham yaxshi bo‘ladi, uy quramiz, to‘y qilamiz, mashina olamiz, onajon” — deganida, ketma, jon bolam, shu erda ham ishlasang, pul topsang bo‘ladiku, deya zorlanadi. Onaning iltijoyu yolborishlariga e’tibor qilmay chet elga ketadi. Ona har kuni uy eshigini ochiq qo‘yib ko‘z tikkancha o‘tiradi. Qo‘shnilar nega unday qilasiz desa, bolam kelsa, ko‘chada kutib qolib ketmasin, deydi. Keladi deb o‘zini ham, o‘zgalarni ham ishontirib intizorlik bilan farzandini kutib har kuni ko‘zlari to‘rt bo‘lib o‘tiradi. Nima bo‘ladi-yu farzandi xorijda qazo qiladi. Uning o‘rtoqlari bu shumxabarni onaga qanday aytish mumkinligini bilmay boshi qotib onaizorning yoniga kelishadi. Ona ularni o‘z farzandini kutib olgandek bag‘riga bosadi. Ularning nimanidir aytolmay qiynalayotganini ich-ichidan sezadi, his etadi. SHu payt shamol ko‘tariladi va eshik tars etib yopiladi. Go‘yo bu farzand o‘limining xabarchisidek bo‘ladi. Onaizor titragan kuyi ichkariga kirib to‘y qilaman deb o‘g‘liga atab qo‘ygan bosh-oyoq sarpolarni olib chiqadi va uning o‘rtoqlariga beradi. Endi o‘g‘limga bular kerak emas, sarpolar kafanga almashdi degan mazmunda uvvos tortib yig‘laydi. YAqin kunlarda bu film ekranlarga chiqib qolsa kerak.
Teatrda ham Usmon Azimov qalamiga ansub bo‘lgan “Kunduzsiz kechalar” nomli spektaklda rol o‘ynayapman. Hozir besh daqiqadan keyin spektakl boshlanadi siz ham tomosha qiling.(kuladi) Spektaklda ayolning o‘z yoriga sadoqati yaxshi va yomon kunlarda qanday bo‘lishi haqidagi haqiqat bor unda. O‘zbek xalqining milliy qahramoni Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li CHo‘lpon boshiga tushgan iztirobli kunlarda uning doim yonida bo‘lgan vafodor ayolning siymosi sahnada gavdalanadi. Og‘ir kunlarda ham erini tashlab ketmagan, uning ruhiyatini yaxshi his etgan ayolning iztiroblar iskanjasida qovurilishini sahnada ijro etish mashaqqati menga oson bo‘lmagan. CHo‘lponning “Kecha va kunduz” romaniga monand holda nomlangan ushbu spektaklda adibning zulmatdagi hayoti “kunduz”ni sog‘inib, orziqib o‘tkazgan damlari tomoshabin ko‘z oldida namoyon bo‘ladi. Bu spektaklning o‘n yillar mobaynida sahnadan tushmay kelishi ham asar mavzusining dolzarbligi, ijodiy va ijroviy guruhning xizmati katta ekanligini anglatadi.
— Spektakl boshlanishiga ham sanoqli soniyalar qoldi. Vaqt ajratganingiz uchun tahririyatimiz nomidan minnatdorchilik bildiramiz. Fursatdan foydalanib, sizni va barcha hamkasabalaringizni bayram bilan tabriklaymiz. Barcha yaqinlaringiz baxtiga sog‘u salomat bo‘ling!
— Rahmat. Opa-singillarimizga ayol degan muqaddas nomni hamisha sharaflab yurish nasib etsin.
(“Vaqt-vremya” gazetasi, 2012 yil)