9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Twitter

 

O’ZNI TIYISH QIYIN ISHMI?

O’ZNI TIYISH QIYIN ISHMI?

(O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Bekzod Muhammadkarimov bilan suhbat)

 

 – San’atkor o‘ta kuzatuvchanligi, sinchkovligi, voqea – hodisalar mohiyati, tahliliga e’tibori bilan ajralib turadi. Qarilik yoshlikda qanday yashaganlikning belgisidir degan fikr yuradi. SHunga monand aytish mumkinki, mukofot yoxud jazo qilingan harakatning, tashlangan qadamning hosilasi. Aytingchi, yoshlar orasida jinoyatlarning ko‘payishini nima bilan izohlaysiz?

– Hammasi xulq – atvorga bog‘liq. YAnada aniqroq aytadigan bo‘lsak, beriladigan va olinadigan to‘g‘ri, ta’sirli ta’limga, tarbiyaga bog‘liq. SHunchaki kitob o‘qish, shunchaki dars berish yoki tahsil olish bu muammolar hal bo‘ldi degani emas. Ishimizning samarasi avvalo, qo‘yilgan maqsadning aniqligi va to‘la anglanganligi hamda sa’yi harakatimizning oilamiz, jamiyatimiz uchun manfaatli ekani bilan aloqadordir. Ta’limiy, tarbiyaviy oziq faqat tarbiyachining, muallimning ishi deyish o‘rinlimas, nazarimda. Har qanday jamiyatda, o‘zaro munosabatlarda daxldorlik tuyg‘usi  bo‘lmasa, jamiyat izdan chiqishi muqarrar. Bir – birovga e’tibor kuchli bo‘lishi kerak.  Befarqlik barcha buzg‘unchiliklarning ildizi. Loqaydlikka qarshi baravar kurashish kerak. Ayrimlarning bolalik paytlarida beqarorlik, andak beboshlikka moyilligi bo‘ladi. Romantik kayfiyatda bo‘ladi, har xil kinolarda ko‘rganini takrorlagisi keladi, natijada o‘zi bilib – bilmasdan qiziqqonligi bois jinoyatga yo‘l qo‘yadi. SHuning uchun ham jinoyat qilishni xayoliga keltirmaydigan darajada ish olib borish kerak. Bir kishining noma’qul xatti – harakati ko‘pchilikka isnod keltirishi mumkin. CHunki, u kishi yakka o‘sgan emas, uning atrofida yaqinlari, oilasi, qo‘ni – qo‘shni, mahalladoshlari qolaversa, mehnat jamoasidagi kasbdoshlari bo‘lishi mumkin. Mahalla posbonlari ham profilaktik tadbirlarni tez – tez o‘tkazib turishsa, jinoyatlar soni keskin kamayishi tabiiy.

Insonning voyaga etgan muhiti, yon atrofdagilardan yaxshi yoki yomon ma’noda andoza olishi axloqiy me’yorlarning tuzilishi yoki buzilishiga bois bo‘lishi mumkin. SHarqona hayot falsafasi ta’lim va tarbiyaning omixta bo‘lishini talab etadi. Bu borada urf – odat va an’analarning inson hayotidagi o‘rni qanday?

– Xalqimizning borligi ham, borlig‘i ham aslida, ana shu milliy qadriyatlarimiz va an’analarga sadoqat hissi bilan belgilanadi. Tarbiyaning mezonida istar istamaylik, ana   shu  aqidalarga sodiqlik bor. SHu kunlarda ko‘rayotgan bo‘lsangiz, TV – Markaz orqali “Hindiston yo‘llari” deb nomlangan badiiy filmi efirga uzatilayapti. Braziliyalik kino ustalari tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu filmda hindistonlik yigit bilan Lotin Amerikasida o‘sib ulg‘aygan qiz orasidagi muhabbat tarixi aks etgan. Ushbu filmning dublyajida qahramonlarga ovoz beruvchilardan biri sifatida mening e’tiborimni tortgan bir narsa shu bo‘ldi. Hindistonlik yigit hindona urf – odatlar ta’sirida odob – axloq, hayo va ibo doirasida voyaga etgan. Lotin Amerikasida ulg‘aygan qizga esa bunday xislatlar begona. Bir masalaga ikki xil qarash. Muhabbat masalasiga ikki xil yondoshuvni ko‘rib hayratga tushasiz. Filmda qahramonlarning biznes va muhabbat masalasiga qarashlari fonida har ikkala davlatning ijtimoiy ma’naviy qiyofati namoyon bo‘ladi. Qiz yigitdan ruhiy – hissiy ehtiyojlarini talab etadi. Buni yigit axloqiy mezonlardan kelib chiqib hal etishni xohlaydi. Ko‘ngliga tushgan ishni hal etish unga xos emasligini aytib zorlanadi. “Men seni chin dildan sevaman, lekin meni tushun, sevgim deb xalqimga xos odob-axloq, urf-odat va an’analarimizni poymol etolmayman, sizlarda nimani xohlasangiz shunga erishish sharaf, bizda esa xohlaganlarimizdan o‘zimizni tiyish sharafdir, bizda shu ishni qilsam boshqalar nima derkan? degan andisha bor, deydi. Buning o‘zidanoq,  inson hayotiga munosabatda, yurt tinchligida bir-biriga daxldorlik tuyg‘usi zarur ekani anglashiladi. O‘zni tiyish nafs tizginini tortishdir. To‘g‘ri bu mushkul ish. Irodali, qanoatli insonlar buni uddasidan hamisha chiqa olishgan.

Sizning ijrongizdagi rollarning aksariyatida millatimizga xos fazilatlarni o‘zida mujassam etgan qahramonlarning siymosi namoyon bo‘ladi. Buning siri nimada? Bu o‘zingizning xohishingizmi yoki rejissyorning istagi yoki talabimi?

– Har ikkalasiyam desam xato bo‘lmaydi. Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romani asosidagi film necha yildirki, ekranlardan tushmay keladi. U bir seriyalik bo‘lgani uchun asardagi voqealarni to‘la qamrab ololmagandi. SHuning uchun uni qaytadan suratga olishdek xayrli harakat boshlangandi. O‘shanda menga bosh qahramon Otabekni ijro etish nasib bo‘lgandi. Hatto, “Mehrobdan chayon” romani asosidagi qayta yaratilgan filmda mirzo Anvar rolini ham ijro etdim. Rolni ijro etarkanman, bir holat menga taajjubli tug‘ildi. Ra’no meni olib qoching degan paytda Anvar bu ishni qilishga rozilik bermaydi. Unda shijoat etishmaydi deb uzoq o‘yladim, hech aqlimga sig‘madi. Sevgisi va sevgilisiga sadoqatli bo‘lsa, o‘z muhabbati uchun kurasha olishi kerakku, axir. SHunda ustozimiz Obid YUnusovdan so‘rasam, menga tushuntirdilar. Solih Maxdum Anvarni bolaligidan, etimligidan parvarishlab, o‘ziga asrandi o‘g‘il qilib olgan. Agar u o‘sha ishni  qilsa, Solih Maxdumning yuziga oyoq qo‘ygan, tuzini eb tuzligiga tupurgan bo‘lardi, dedilar.  O‘ylab ko‘rsam, o‘sha holatdayam, ota-bobolarimizning axloqiy qarashlari borligini tuydim. Ayniqsa, Amir Temurning yigitlik davrini kinoda gavdalantirish orqali ko‘pchilikning olqishlariga sazovor bo‘lganimni ham faxru g‘urur bilan aytmasam bo‘lmaydi. CHunki, bu rolni o‘ynashni ko‘pchilik astoydil istashgandi. Bularning hammasi kasbga mehr va uni ardoqlashdan bo‘lsa kerak.

  Insonning o‘nta farzandi bo‘lsa ham har birining  o‘rni boshqa, lekin ota ulardan birini yurish-turishi, muomalasi bilan boshqalariga nisbatan ko‘proq yoqtiradi. SHunga o‘xshab o‘ynagan rollaringiz siz uchun, muxlislar uchun ham qadrli, albatta. Ularning ichida, eng yaxshi ko‘rgan rolingiz qaysi sir bo‘lmasa?

–  YOzuvchi Nurulla Otaxonovning “Oq bino oqshomlari” asari asosida taniqli kinorejissyor Hotam Fayziev suratga olgan badiiy filmdagi bosh qahramon mening kinodagi eng birinchi rolim. SHuni ko‘proq xush ko‘raman. Agar asar hayotdan olib yozilgan, haqqoniylikka qurilgan bo‘lsa, joningni berib o‘ynaging keladi. O‘sha asar ana shunday.  Bu filmdagi sevgi uchburchagida men bilan Fotih  Jalolov va Lola Ergashevalar ham o‘ynashgan. O‘sha paytdagi badiiy kengash rol ijrochilarini ko‘rikdan o‘tkazishib o‘z mulohazalarini bildirishgandi.  O‘shanda bosh rolga mening o‘rnimga boshqa aktyorlarni tanlashni maslahat berishgan. Rejissyor Hotam Fayziev esa shu bola o‘ynamasa men filmni suratga olmayman, deb qat’iy turib olgan. Keyin ular noiloj qolishgan. O‘zini iste’dodi, chinakam iqtidori bo‘lmasada tanish-bilishlardan birontasini bosh rolga qo‘yishga, mashhur qilishga  harakat qilishgani yodimda. Mashhur bo‘lgandan ko‘ra, elga maqbul va manzur bo‘lishga intilishni afzal deb bilsak, san’atimiz gullab yashnaydi, nazarimda.

  CHin aktyorlik o‘zini o‘zgaga ko‘chirish, o‘zga qalbini chuqur his etishdir. Mahkumlik qismatini,  rolini ham o‘ynash to‘g‘ri kelganmi?

–  Bunday rollardan bir nechtasini ijro etganman. “Hukm kuni” degan bir badiiy film bo‘lardi. O‘shanda film qahramoni ba’zi kelishmovchiliklar sabab tosh bilan urib bir yigitni o‘ldirib qo‘yadi. 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilib jazo muddatini o‘tab chiqadi. Ana o‘sha yigitning rolini ijro etganman. 1998 yili “Uchishga ruxsat beriladi” degan, keyinchalik “Qismat” nomi bilan yuritilgan filmda ham uchuvchining ayanchli qismatini o‘ynaganman. SHuningdek, “SHaytanat”da ham qahramonning “mahkumlik” davrini o‘tash mening zimmamga tushgan. Ba’zi rollarni ijrosi bo‘yicha mahkumning ichki kechinmalarini yaxshi tasavvur qilish uchun Toshturmada, Zangiota jazoni ijro etish muassasasida ustoz san’atkor Po‘lat Saidqosimov bilan birga ko‘p bor suratga tushish jarayonlarida bo‘lganmiz. San’at fidoyilikni talab etadi. CHinakam iqtidor sotilmaydi, havola etiladi, baholanmaydi, tan olinadi.

–   Endi esa tilaklaringizni aytsangiz.

– Hozirda o‘z umrini panjara ortida o‘tkazayotgan mahkumlarga qarata aytmoqchimanki,  ularning hayotga bo‘lgan umidlari aslo so‘nmasliklarini, Vaqt hamma narsani o‘z joyiga qo‘yishini,  u hukm chiqazuvchi oliy hakam ekanini bilgan holda, o‘z yaqinlarining bag‘riga sog‘ – salomat etib borishlariga, toki bundan keyin ular boshiga qayg‘u – kulfatlar tushmasligiga, o‘zlari ham shunga yo‘l qo‘ymasliklariga tilakdoshman.  Tahririyat xodimlariga ham omadlar tilayman.

–  Suhbatingiz uchun tashakkur, minnatdormiz.

(“Vaqt-vremya” gazetasi, 2012 y) 

No Comments

Leave a Comment