TO’XTAMUROD AZIZOV: KULGANGA KULCHA SOG’INMA
Inson hayotining mazmuni ikki tuyg‘u bilan uyg‘un. Bu yig‘i va kulgi. Inson iztirob tortsa, ruhiy jihatdan tushkunlikka tushsa, siqilsa, yo hayotida katta bir yo‘qotishga duchor bo‘lsa, ovoz chiqarib, ho‘ngrab yig‘laydi yoki unsiz yig‘laydi. Inson bunday paytda pessimistik, ya’ni badbin kayfiyatda bo‘ladi. Vaqti chog‘, xursand bo‘lsa, aksincha optimistik, ya’ni nekbin kayfiyatda yuradi. Mahzunlikni kulgi bilan, kulgini mahzunlik bilan engish mumkin, deydi donishmandlardan biri. Kuling, umringiz uzoq bo‘ladi, bir miriqib kulsangiz, etti tuxum egandek bo‘lasiz qabilidagi naqllar quloqqa bot-bot chalinib turadi. Kulish va kuldirish chinakam baxt, agar u samimiy va beozor bo‘lsa.
Suhbatdoshimiz kino, teatr sahnasi, bayram sayillari va ommaviy sahnalarda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, qiziqchilik sohasida ko‘plab shogirdlarning ustozi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist To‘xtamurod Azizov.
— To‘xtamurod aka, qiziqchilikka qiziqishingiz yoshlikdan bo‘lganmi?
— Yo‘q, men bolaligimda bokser bo‘lishni orzu qilganman. Aniqrog‘i, bir necha yillar dzyudo to‘garagiga qatnab yurdim. Tengqurlarim orasida bu borada ancha, dadil edim, uncha-munchasiga yon bermasdim. Sport ham o‘ziga xos san’at. Muayyan harakatlarni, mashqlarni o‘z me’yorida, imkoniyatingiz doirasida qilmasangiz, kulgili holatga tushishingiz tayin. SHu sabab bo‘ldimi, sport bilan birgalikda san’atga ham qiziqish, mayl uyg‘ondi menda. O‘sha paytlarda Nikolay Ostrovskiy nomli kinochilar uyida Uchqun Rahmonov degan bir pakana ustozimiz bo‘lardi. Jussasi kichik bo‘lsa ham, yosh iste’dodlarni kashf etishda hissasi katta edi. Kissasini bilmaymanu bo‘ylari Obiddan ham bir yarim qarich past edi. (kuladi) Hozir esimda yo‘q, ancha filmlarda rol o‘ynaganlar. Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda 6 sinfda paytimdayoq, ularning to‘garagiga qatnay boshlaganman. Ba’zan maktabdan qochib bo‘lsayam, to‘garakka borishni kanda qilmasdim. San’atga bo‘lgan qiziqish hissi butun borlig‘imni tamomila chulg‘ab olgan edi. Maktabda ikki, uch degan bahoni ko‘p eshitgan bo‘lsam, to‘garak sahnasida faqat besh degan bahoni eshitardim. Demak, qiziqishim istakka keyin ixlosga undan keyin esa e’tiqodga do‘ndi desam, yanglishmayman. Hatto, to‘garak qatnashchilari bilan birga “Jenya Rebin” degan spektaklni ham Uchqun aka Rahmonov rahbarligida sahnalashtirganmiz. Hatto, bu spektakl o‘sha paytlarda televidenie orqali namoyish ham etilgandi. Men spektaklda asosiy obrazlardan biri Jenya rolini o‘ynaganman. Qanday kasbda bo‘lmasin, nimaga qiziqish va qiziqtira olish ustozning mahorat darajasi bilan bog‘liq. O‘sha roldan keyingi olqishlar meni rol ijro etishga qiziqishimni orttirib qolmasdan, balki ustozlar izidan bora oladigan san’atkor bo‘lishim muqarrarligini ham tasdiqladi desam, nokamtarlik bo‘lmasa kerak. Qiziqchilik aslida, mening xobbim. Buni tirikchilik tashvishi deb bilmaganman. Davrada insonlarga kulgi ulashish, ularning kayfiyatini ko‘tarish, so‘zning ta’sir qudratidan zavqlantirish orqali zavqlanish, bugungi tinch va osoyishta zamonimizning qadriga etishga chog‘lash, kulgi orqali voqelikka munosabat bildirish va shu orqali e’tiborga tushish har qanday qiziqchining ham orzusi, ham baxti bo‘lsa kerak.
Kinostudiya qoshida 3 yillik aktyorlik kursida o‘qiganman. Keyinchalik, institutda tahsil oldim. O‘qish jarayoni men uchun ayricha qiziqish bilan kechdi. Ko‘p narsani o‘rgandim, hayotga hajv nazari bilan qarash tabiati menga ham begona emas ekan, qiziqchilik kasbini tanladim. Ozmi-ko‘pmi kamtarona xizmatim bilan el e’tiboriga tushdim, qator unvonlarga erishdim. Bularning hammasi madaniyat va san’atga bo‘lgan hukumatimizning oliy darajadagi e’tibori deb bilaman.
1986 yili “Ko‘zgu” studiyasini tashkil qildim. Qiziqchilikka qiziqadigan bir guruh havaskorlarni, shogirdlarni to‘pladim. Ular ichida bugungi kunda keng jamoatchilikning e’tiboriga tushgan o‘z san’ati bilan allaqachon xalq ishonchini qozongan Mirzo Xolmedov, Obid Asomov, Botir va O‘tkir Muhammadxo‘jaev, SHukrullo Isroilov singari kulgi ustalari ham bor edi. Ularning aksariyatini hozirgi paytda mashhur va elga manzur bo‘lib ketganini ko‘rib quvonaman. Studiyamiz 1992 yilgacha o‘z faoliyatini ko‘rsatdi. Poloponlar endi o‘zlari uchishga chog‘langani kabi ular ham mustaqil ravishda o‘zlarining teatr studiyalarini ochishdi. Men shundan mamnunmanki, ular deyarlik har yili tomoshabinlar ommasiga, minglab muxlislariga konsert dasturlarini havola etib, olqish olib kelishmoqda.
— Kulgining turlari ko‘p deyishadi. Hatto, marhum va maqbul san’atkor Hojiboy Tojiboev o‘zining konsert dasturlaridan birini “Kulgining 97 xili” deb nomlagandi, adashmasam. Gap kulgiga munosabat va kuldirish haqida. Kuldirishning qoidasi, nazariyasi bormi?
— Umuman aytganda, kulgining ham, kuldirishning ham qoidasi, qolipi yo‘q. Hamma o‘z yo‘licha, usulicha yondoshadi. Bu taqlid san’ati emas. Birovni takrorlagan san’atkor taqlid qilib o‘tib ketaveradi. Odatda, ustozlarga ergashishda uch xil yul bor: taqlid, takror, ta’sir. Taqlidchilar umr buyi ustozlarning yurish-turishiga, so‘z-u ovoziga taqlid qilib o‘tadilar. Ular muqallidlardir. Takrorlovchilar esa ustozlari aytib ketganlarini barchasini yod olib, aytib yurishadi. Ular mukarrirlardir. Ta’sirlanuvchilarda esa dastlab taqlid ham, takror ham bo‘ladi. Lekin ular ma’lum doirada qolib ketmasdan, yangi yo‘l va usullarni paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ladilar va san’atda iz qoldiradilar. Ular mutaassir ijodkorlardir.
— Taqlid va ta’sir tushunchasiga qanday qaraysiz?
— Agar o‘rnida va me’yorida bo‘lsa ijobiy, nojoiz bo‘lsa salbiy qarayman.
— Yillar davomida inson kasbi, imkoniyati va iqtidori nuqtai nazaridan faoliyat ko‘rsatadi. SHu muddat mobaynida yutadiyam, yutqazadiyam. Bir joyda olqish oladi, bir joyda so‘zi e’tiborsiz qoladi. SHunday holatda o‘zingizni qanday tutasiz?
— Qiziqchining vazifasi faqat kuldirish emas. U ba’zi bir hayotdagi noo‘xshov holatlarga, turmushimizdagi ba’zi bir muammolar, ikir-chikirlarga munosabat bildirish, tinglovchini shu haqda o‘ylashga undash. Lekin ana shu masalalarga u kulgi, hajv, yumor bilan yondoshadi. So‘zni har kim har xil qabul qiladi. Siz gapirayotgan paytda uning xayoli boshqa joyda bo‘lsa, yoki tildagi nozik qochirmalarni bilmasa, his etmasa, birdan gurros kulgi ko‘tarilganda xayoli qochib, cho‘chib ketib boshqalarga qo‘shilib kulsa, g‘alati holatga tushasan kishi. Kulgini anglash uchun nozik diddan tashqari ma’naviyati va axloqi yuksak bo‘lishi kerak kishini. Vazifamiz turmush muammolari, urf-odat, yurish-turishdagi ba’zi bir noo‘xshov holatlarni hajv tili bilan aytishdir, kimning qanday tushunishi va qabul qilishi uning o‘ziga bog‘liq. Har kimning didi har xil bo‘lganidek, kulgiga munosabati ham har xil. Did bilan dillashish qiyin. Hatto, yaqinlaringiz, oila a’zolaringiz bilan ham didingiz turlicha bo‘lishi tabiiy. SHuning uchun ham ruslarda “ svet i vkus tovarishi net” deyilishi bejiz emas.
— Keyingi paytlarda ko‘pgina kinofilmlarda suratga tushdingiz. Har bir rolingizning o‘z o‘rni, yuki bor. Bu faoliyatingiz ham tahsinga sazovor. YAratilayotgan filmlar haqida nima deysiz?
— Nima demoqchiligingizni sezib turibman. Maqsad aniq bo‘lmasa, tomoshabinga tasvirlar orqali ta’sirli bir gap aytish niyati bo‘lmasa, nima keragi bor film yaratishni demoqchisiz. Engil-elpi kulgi, oldi-qochdi gaplar bilan tomoshabinning qimmatli vaqtini o‘g‘irlash ham jinoyat. Hozirgi paytda ayrim rejissyorlar filmning tarbiyaviy ahamiyatidan ko‘ra, kassabopligini o‘ylab, cho‘ntakni qappaytirish g‘amida ish tutadilar. Meni kechirsinlar-u, haqiqat achchiq bo‘lsayam kimdir shuni aytishi kerak. Qanday yoshda bo‘lmang, yoshingizga mos rollar qahramonlar xarakteri topilaverarkan. Meni bir nechta filmlarga chaqirishdi. Ayni shu kunlardayam bir nechta filmlarda suratga tushishga tayyorgarlik ko‘rayapman. O‘ylab ko‘rsam, 2005 yildan shu kunga qadar 8 yil ichida 46 ta filmda katta va kichik rollarda suratga tushibman. Obid ba’zan hazillashib, 46 yilda 8 ta filmda suratga tushmaganlardan uyalmaysizmi, noinsoflik ham evi bilan-da, deb qo‘yadi onda-sonda. “O‘yin”, “Qutqaring, qariyapman” “Oqibat 2”, “Muhabbat devori” kabi qator filmlarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.
— Kulgi — xursandchilikdan belgi, kulgi — haqiqatdan belgi. Bu fikrning qaysi biri asosliroq, sizningcha?
— Har ikkalasi ham asosli va to‘g‘ri. Ko‘nglingizga qil sig‘may turgan paytda kishiga gap, kulgi yoqadimi, kayfiyat tund paytda bironta so‘z ham xush kelmaydiku. Demak, shod-u xurram bo‘lsangiz kulgini boshqacha qabul qilasiz. Kayfiyat ko‘tarinki bo‘lsa, o‘zingiz ham qiziqchi bo‘p ketasiz.
Zo‘rma-zo‘raki kuldirishning o‘zi kulgili. So‘zning ta’sir kuchi va ohangini o‘rniga qo‘ya olmagan san’atkor go‘yoki odamni qitiqlab, majburlab kuldirayotgan kishiga o‘xshaydi. Kulgining ulug‘ vazifasi birovni mazax qilish, ustidan kulish emas, balki engil beozor yo‘l bilan uning nuqsonlarini tuzatishdir. Satira va yumorning farqiyam ana shu erda. SHuning uchun ham u hayotiy haqiqatni ifoda etish san’ati. SHu ma’noda, u haqiqatdan belgidir. O‘rnida chiroyli va ta’sirli qilib aytilgan so‘zni hamma to‘g‘ri qabul qiladi. Uning hazillari hayotda kimgadir tegib ketadi. Zil zambil hazildan xudo saqlasin. Hazilning tagi zil bo‘lmasin, ishqilib. Achchiq haqiqatni baqir-chaqir qilmasdan, yumor bilan aytishga nima etsin.
— Kulgi bilan bog‘liq qator san’atlar bor. Ularning ayrimlari bir-biri bilan qorishib ketgandek, nazarimda. SHu haqda nima deysiz?
— Kulgi bilan bog‘liq egizak san’atlar bor. Lekin ularning o‘xshash va farqli jihatlarini bilmaslik mumkin emas. Qiziqchilik, askiya va masxarabozlik, muqallidlik. Bularni bir-biriga qorishtirib yuborganlar kulgili holatga tushadilar. To‘g‘ri, kuzatamiz, ko‘ramiz, ba’zan to‘y-hashamlarda odamlarni kuldiraman degan o‘y bilan bachkana qiliq qiladilar. Ko‘pincha, so‘zning o‘z tabiiy holatini eplolmaganlar ilojsiz shunaqa qiliq qiladilar. Natijada har bir san’atning o‘ziga xos xususiyatini unutadilar va o‘zlari kulgili holatga tushadilar. Keyinchalik, tomoshabinlar uning so‘ziga emas, o‘ziga kula boshlaydilar va shu yo‘l bilan o‘zi sezmagan holda asta asta nazardan qolib boraveradilar. Meni gapimga kulishayapti deb turli qiliq va qichiq qiluvchilarga kulganga kulcha sog‘inma degan xalq naqlini eslatishni kifoya deb bilaman. Nazar va hazarning orasi bir qadam. Doim el nazarida bo‘lish manfaatli. Dorboz dorda o‘z tayog‘i bilan qanchalik sergak turib harakat qilsa, biz qiziqchilar ham so‘zimizga shu darajada e’tiborli bo‘lishimiz zarur. Qiziqchilik muyyan bir mavzu bo‘yicha hazil-huzullar bilan kulgi qo‘zg‘aydi. Askiyada esa hozirjavoblik, ekspromt tarzda o‘ylash va so‘ylash muhim. Unda so‘zamollik muhim o‘rin tutadi. Gap yoki luqmaga o‘rinli kulgili javob qaytarish zarur. O‘z vaqtida topib aytilgan so‘z yumor kishiga lazzat bag‘ishlaydi. Vaziyatga mos, xos so‘zni tezlikda topish va kulgi bilan ayta olish askiyachilarning mahoratidir. Masxarabozlik qadimdan o‘ziga xos san’at bo‘lgan. Uning o‘z dasturlari bo‘lgan. Mashhur masxarabozlar ham barmoq bilan sanarli bo‘lgan. Ular asosan dorboz o‘yinlarida namoyon bo‘lishgan. Hozirda ularning repertuari kamayib qolgan. Sababi dor o‘yinlari va sirk tomoshalarida saqlanib qolgan. Ularning maxsus maktablari ham bo‘lgan bir paytlari. Turli xil sayillarda, to‘ylarda masxarabozlar kulgi bilan dorbozlar esa dor o‘yinlari bilan kishilarga hayrat va zavq shavq berganlar. Muqallidlik esa taqlid qilishdir. Mashhur odamlarning xatti harakati, yurish turishi, so‘zlashi, ovoziga taqlid qilishgan. Hatto, tabiat hodisalariga, parranda va darrandalarga ham taqlid qiluvchilar hozir ham bor. Bu ham o‘ta nozik didlikni talab etadi. Har bir san’atning o‘z o‘rni va davrasi bo‘ladi. “So‘zdan so‘zning farqi bor, o‘ttiz ikki narxi bor” — deyishadi. Farqini ham narxini ham bilish kerak. Ba’zi qiziqchilar farqini bilmasa-da, narxini yaxshi bilishadi.(kuladi) Bu holat taajjub uyg‘otadi kishida.
— Adashishi sababi jazo muddatini o‘tayotganlarga nimalar deya olasiz?
— Ulardan ko‘ra, adashish arafasida bo‘lganlarga aytgan ma’qul. Ular qilmish-qidirmishi sabab jazo muddatini o‘tab, xatolarini tushunib etdilar. Insonni yo‘ldan ozdiradigani boylik bo‘ladi, qanoat qilmaslik, shukr etmaslik bo‘ladi. Bugun yuz topsa, ertaga ming topgisi, indinga esa millionga ega bo‘lgisi keladi. Ho-yu havas, nafs-u havo uni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yganini esa kech anglaydi. Qaysidir allomaning “boylik bamisoli sho‘r suv, uni ichganingdan keyin yana chanqatadi, tag‘in ichging kelaveradi, chanqog‘ing aslo bosilmaydi.” degan fikrini qaerdadir o‘qigandim. Mahkumlar bilan turli tadbirlarda, uchrashuvlarda bo‘lganmiz. Men ham ko‘p yillar JIEBB tizimida xizmat qildim, o‘tgan yildan boshlab nafaqadaman. Inson aql-idroki bilan talab-ehtiyojini boshqarsa aslo, adashmaydi deb o‘ylayman. Erkinlik qadrulabad ne’mat. Ozodlikdagi bulbul xonishi tutqunlikdagi yonishidan ziyoda. Qafasda jonini qayrab sayrasa, ozodlikda yayrab sayraydi. Odatda, bulbulni qafasda saqlashadi, u qafasda tug‘adi, poloponini ham o‘sha erda ulg‘aytiradi. CHumchuq qafasga solinmaydi. Qafasga tushsa ham o‘zini yoqqa, bu yoqqa urib boshini yoradi, yo o‘ladi. Maftunkor savti bilan yoqimli bulbul ko‘nikadi, sayraydi, lekin ozodlikdagiday bo‘lmaydi. Uning sayrash savti o‘zgacha bo‘ladi. Inson yonishi-yu faoliyati bilan, bulbul esa xonishi-yu savti bilan qimmatlidir. SHuning uchun ham ozodlik ne’mati qalrulabad tushuncha unga intilish, etishish, erishish uchun qanchadan-qancha ellarning qoni to‘kilgan, joni berilgan. YUrtimizning tinchligi, xalqimizning osoyishtaligi va farovonligiga ko‘z tegmasin, uning qadriga etaylik, degim keladi.
— To‘xtamurod aka, mazmundor va maroqli suhbatingiz uchun tahriyat nomidan minnatdorchilik bildiraman. “Toshlarni ko‘tarish chakana ishmas, odamni kuldirish bachkana ishmas.Toshlarni ko‘targan asli polvondir, kishini kuldirgan dorulamondir”, deb bir paytlari shogirdlaringizdan biri aytgandi. Sizga ham ana shunday dorussaodat va dorulamonlik baxti hamisha kulib boqsin, sog‘ bo‘ling. Doim kulib va kuldirib yuring!
(“Vaqt-vremya” gazetasi 2012 yil.)