9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

TOHIR SAIDOV: HAYOTNI O’RGANGAN HAYOTDA O’RTANMAYDI

notiq.uz > Suhbatlar  > TOHIR SAIDOV: HAYOTNI O’RGANGAN HAYOTDA O’RTANMAYDI

TOHIR SAIDOV: HAYOTNI O’RGANGAN HAYOTDA O’RTANMAYDI

Hayotda to‘la-to‘kis ideal inson bo‘lish mushkul. Muayyan makonda, ma’lum bir zamonda ideal bo‘lganlarni ham davr inkor etib boraveradi. Har davrning o‘z tosh-tarozisi bor. Insonning axloqiy mezonlari o‘zi yashayotgan makon, sharoit va xalqining urf-odatlari, milliy an’analariga muvofiq bo‘lishi tabiiy. Qonun hamma uchun barobar, lekin unga munosabat masalasida turlicha holatlarning ro‘y berishi qonunning buzilishiga olib keladi. Inson o‘z faoliyatini jamiyatning tartib-tizginlariga muvofiq amalga oshiradi. Bu yo‘lda kimdir noto‘g‘ri yo‘lga kirishi, adashishi mumkin. SHu xususdagi san’atkorlarning nuqtai nazarlari va faoliyati borasidagi suhbatlarimizning navbatdagi ishtirokchisi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Saidov bo‘ldi.

  • Sahroda giyoh butmaganidek, muayyan sharoit va ta’sirlar natijasida inson kamolot pog‘onalariga chiqib boradi, shakllanadi. Sizning san’atkor bo‘lishingizga ham turtki, sabab bo‘luvchi omillar bo‘lganiga shubha yo‘q. Dastavval, shu xususda gaplashsak.
  • Har bir yigit-qiz o‘sib ulg‘ayar ekan, o‘zining kelajagini qaysidir kasb bilan bog‘lashga intiladi. O‘zining turmushini farovon qilishga harakat qiladi. Bizning avlodimizda san’atkorlar bo‘lmagan. Maktab har bir kishining shakllanishida ma’naviy o‘choq bo‘lib xizmat qiladi.  Orzu-havaslar, kim bo‘lsam ekan, degan xayollar o‘sha paytlardayoq kimgadir ergashish, kimdandir ta’sirlanish evazida o‘quvchi ruhiyatida paydo bo‘ladi. Maktabda o‘qib yurgan paytlarimda turli xil KVNlar, musobaqalar, badiiy chiqishlar bo‘lardi. O‘qituvchilarim menga ishonch bildirishardi. Enamning choponini kiyib, prostinani salla qilib boshga o‘ragancha, qo‘y yoki echkining terisidan soqol qilib  olardik-da turli xil rollarni o‘ynardik. Bu ish bizga ayricha zavq berardi. Otam bizlarni mehnatga o‘rgatishni niyat qilib, agar erni chopsangizlar har biringizga 15-20 tiyin berib turaman derdi. Ular yig‘ilib 60 tiyindan 1 so‘mu 20 tiyin bo‘libdi. O‘sha orada qishloqqa “Oltin devor”  spektaklini qo‘yish uchun bir guruh san’atkorlar kelishdi. Ukam bilan kiray desak, pulimiz etmaydi. Spektakl kishi boshiga bir so‘m-u yigirma tiyin ekan. Men kirib tomosha qilay, senga o‘zim gapirib beraman desam ukam ko‘nmaydi. Nima qilsak ekan, deb boshimiz qotib turar, dam kassir ayolga qarab mo‘ltirab qo‘yardik. SHu payt orqa tomondan hovuchimizdagi tangalarga  cho‘zilgan qo‘l bizni esankiratib qo‘ydi. Biz dovdirab qoldik.
  • Ha, pulni yaxshi ko‘rarkansizlar-a, dedi bir yigit kulimsirab. Ikkalamizning kirishimizga o‘zi pulimiz etmayapti, deb zorlanganimni bildimi, shunaqami, deb ikkalamizni ikki qo‘ltig‘iga olib bularni kirgizvoring, deb kassir ayolga iltimos qildi. Tangalarimiz ham o‘z yonimizda qoldi. Spektaklni diqqat bilan, maroq bilan tomosha qila boshladik. SHu payt sahnada ne ko‘z bilan ko‘raylikki, bizni olib kirgan yigit ham ko‘rindi. O‘sha inson bugungi kundagi ustoz san’atkor O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov edi. Spektaklda Qilichbek rolini ijro etayotgandi. Ularga havas qilib men ham aktyor bo‘laman, degan niyatni dilga tuggandim. Maktabni tamomlaganimizdan keyin men san’at institutiga keldim. Birinchi yili men uchun muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. O‘qishga kirish baxtiga muyassar bo‘lolmadim. Adabiy tilga rioya etmasligim xorazmcha shevada so‘zlashim sabab meni qaytarishdi. Madaniyat kollejida teatr bo‘limida bir yil til ustida ishladim. “S” va “Z” tovushlari talaffuzidagi deffektlar ham yo‘qoldi. Adabiy tilda so‘zlash va o‘qishni mashq qildim. Deyarlik har kuni 100 yoki 150 sahifalik kitobni tong otguncha ovoz chiqarib o‘qishni kanda qilmadim. U gazetami yoki biron ilmiy, badiiy kitobmi ahamiyati yo‘q edi, ovoz chiqarib o‘qishim shart edi. Keyingi yili institutga kelsam, o‘sha yillari Abdurahim Sayfiddinov va YAyra Abdullaevalar kurs olishayotgan edi. O‘shanda bu bolada bir yil ichida shuncha o‘zgarish bo‘libdi, bir gap bor deb menga e’tibor qilishdi. O‘sha paytda o‘ntacha domla qabul jarayonida o‘tirishardi. Ulardan biri meni sinash uchun stol ustiga soatini qo‘ydida, sen o‘g‘risan, mana bu soatni o‘g‘rilab ko‘rsat-chi, deyishdi. Nimalar deyapsiz, men qanaqasiga o‘g‘riman. Nima otam birovni qiziqqonlik qilib musht tushirib nohaqdan qamalib chiqqan bo‘lsa, nima men o‘g‘ri bo‘lamanmi? Nimalar deyapsiz? Agar shunaqa o‘g‘riga chiqarib meni o‘g‘rilikka o‘rgatadigan bo‘lsangizlar, mening elkamni chuquri ko‘rsin bu institutni deb, og‘zimdan tupuklar sachratib baqir-chaqir qilib tars ettirib eshikni yopib chiqib ketdim. Birozdan keyin eshikni taqillatdim va ichkariga mo‘raladim. “Mumkinmi” — desam, “YAna nima demoqchisan,” deb o‘dag‘ayladi o‘sha domla. “Hech nima demoqchimasman, faqat soatingizni bermoqchiydim” deb soatni ko‘rsatganimni bilaman domlalar birvarakayiga kulib, qarsak chalib yuborishdi. Nihoyat, o‘qishga qabul qilindim. Diplom spektakllarida ham murabbiylarning e’tiborini qozondim. O‘qish muddati tugagach, shu tariqa qaerda ishlash kerak degan muammo turardi. Bu orada biz kursdoshim Dilobarxon bilan turmush qurgandik. Ish taqsimlash jarayonida meni Abdulla Qahhor nomidagi Satira teatriga, Dilobarxonni esa Latif Fayziev Milliy teatrga yozib qo‘ygan ekan. SHunda er — xotin bir joyda ishlash kerak, deyilganidan so‘ng Latif Fayziev soqolini qashlab o‘tiradigan odati bor edi, mayli unisini ham olaman, — Bu holat mening hamiyatimga tegib ketganday bo‘ldi va jazavam qo‘zidi. “Latif aka, meni Nosir akam Satira teatriga taklif etgan ekan, men o‘sha erga boraman, mayli Dilobar qaerga borsa boraversin, — deb jahl bilan chiqib ketdim. SHu payt domlamiz izimdan yugurib chiqdi. Kelin ham satira teatriga boradigan bo‘ldi, allaqachon qo‘l qo‘yib qo‘ygan, birga ishlaysizlar, jahl qilma, yaxshi emas, — dedi. Faoliyatni shu erda boshladik. Baribir taqdir, nasiba ekan, 4 yildan keyin yana milliy teatrga kelib ishni boshlashimga to‘g‘ri keldi. Har yili o‘tkaziladigan qiziqchilar ko‘rik-tanlovida qatnashib o‘zimni sinab ko‘rishni istardim. Doimo gastrol to‘g‘ri kelardi-da qolib ketaverardi. Axiyri, 1991 yili bo‘lib o‘tgan “Qiziqchi 91” ko‘rik-tanlovida ishtirok etib birinchi o‘rinni egalladim. Keyinchalik, meni gastroldan qochib ketganimni bahona qilib, xuddi askar o‘z postini tashlab ketgandek talqin qilishib majlis qilib meni ishdan chetlatishdi. SHunday bo‘lsada, oyda bir-ikki marta tashkil etiladigan choyxonadagi gap-gashtaklarda qatnashib turardim. O‘sha erda ham mening masalam ko‘rilaverardi. Jo‘raboshi rahmatlik Nabi Rahimov edilar. Qiynalib ketganimni sezdimi “shu bola sizlarga kerak emasmi, mana, menga kerak” — dedilar. Bir necha kundan keyin milliy teatrda bo‘ladigan majlislardan biriga meni chaqirishdi. Bir necha masalalar ko‘rilgach, so‘nggisi mening ishim masalasi edi. Men kirib kelgach, hamma qarsak chalib yubordi. “Demak, qarsaklaringizga qaraganda,  taniysizlar,” —  dedilar o‘shanda ustoz. SHu asnoda Milliy teatrda ish boshlab yubordik. Mana ozmi-ko‘pmi xizmatimizni e’tiborga olib O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni berildi. Men o‘zimni eng baxtiyor san’atkorlardan deb bilaman.
  • Hayot biz o‘ylaganchalik oson, silliq kechmasligini bilamiz. Uning qing‘ir-qiyshiq yo‘llari, oshib yoki aylanib o‘tadigan dovonlari bor. Kimdir bu yo‘lda oqsaydi yoki adashadi. Insonning gumrohlikka yo‘l qo‘yishining omillari haqida nima deya olasiz?
  • Avvalo, inson bo‘lib yaralganimizga shukrona aytishimiz kerak. Turli hayvonot yoki nabotot olami bo‘lsin, har birini yashash tarzida o‘ziga xos qonuniyatlar bor. Aksariyat jinoyatlarning asosiy sababi nafsning quli bo‘lishidan kelib chiqadi. Mana, o‘zingiz tasavvur qiling. Baliq oviga borgan odam qarmoqni va uning uchiga iladigan chuvalchangni yodidan chiqarmaydi. Minglab baliqlardan nafsi hakkalak otgani chuvalchangni eyish ilinjida keladi va qarmoqqa tushadi. Eyishi bilanoq, o‘zi ham em bo‘ladi. YOki oddiy bir sichqontuzoqni olaylik. Hammasi emas, pishloqni eyishga kelgan sichqongina tuzoqqa tushadi. Har narsaning oqibatini o‘ylab ko‘rish uchun odamzotga aql-idrok, fahm-farosat berilgan. SHunday ekan, barcha jinoyatlarni bilib-bilmasdan deyish mumkinmikan. To‘g‘ri, avtohalokat sabab, ya’ni, haydovchi yoki yo‘lovchining aybi bilan ehtiyot chorasi ko‘rilmasdan, sodir etilgan jinoyatlarni bilib-bilmasdan qilingan jinoyat deyish mumkindir. Bir narsa aniqki, odamzotga engil yo‘l bilan, turli xil usullar bilan kelgan boylik bu unga albatta, qopqon bo‘ladi. SHuni ko‘ra bila turib, o‘zini xavf-xatarga qo‘yishdan nima naf? Qaerdadir o‘qiganim bor edi: “pul chayondir, agar halolidan topmasang, yaqinlasha ko‘rma. CHunki chaqsa, zahari seni o‘ldiradi. Dunyoni ko‘r, ichiga kir, sayr qil, ammo ehtiyot bo‘l – dunyo sening ichingga kirmasin.”
  • Rejissyorning talabi, muhimi, aktyorning ijro mahorati sabab turli asarlar asosida tayyorlangan spektakl yoxud filmlarda qator rollarni qoyil maqom qilib ijro etish sizga ham xos. O‘ynagan rollaringizdan qaysi biri  sizga ko‘proq ma’qul keladi?
  • Sayyoramizda dramaturgiyanng eng yuksak cho‘qqisi deya bu asar bejiz e’tirof etilmagan. Aktyor borki, o‘sha asarda bironta rolni ijro etishni orzu qiladi. Nazarda tutayotganim SHekspirning “Gamlet” tragediyasidir. Men o‘sha asar asosidagi spektaklda Gamlet rolini o‘ynaganimdan nihoyatda shodman, faxrlanib yuraman. Uning har bir so‘zida, jumlasida dunyoning mag‘zi,  olamning teran falsafasi bor. Qarangki, odamlar teatrda o‘tirib o‘yinning orqasida shu qadar talvasaga tushadilarki, qilgan gunohlarini yod olib tavba qiladilar. Teatrda, kinoda bo‘lsin, ayrim lavhalar odamlarning o‘tmishini, qilgan gunohlarini yodiga solib, o‘zlarini to‘g‘ri yo‘lga soladi. Bu ishni qilmasam bo‘larkan, chakki bo‘lgan ekan deb ich-ichidan kuyunadimi, demakki, teatr ham, aktyor ham o‘z vazifasini ado etgan bo‘ladi. Rollarning so‘zlarini yodlab,  deklamatsiya qilish oddiy kollej o‘quvchisi yoki drama  to‘garagiga qatnayotgan talabaning qo‘lidan ham keladi. Professional san’atkorlarning yondashuvi boshqacha bo‘ladi. Asarning, rolning mag‘zini chaqib, o‘ziga singdirib keyin ijro qiladi. SHunday qilmasa minglab tomoshabinni ishontirish oson kechmasligi tayin- Duradgorning teshasi, suvchining ketmoni, belkuragi,  askarning qo‘lida miltig‘i bor. Aktyorning quroli esa uning aqli, tili, miyasi dunyoqarashi, fikru zikri, xudo bergan jism-u jasadi. Ulardan foydalanish asnosida tomoshabinning qalbiga yo‘l izlaydi. SHunday ekan, odamlar orasida bo‘lish, hayot ummoniga sho‘ng‘ish, kuzatish, his etish orqali o‘z munosabatini bildirish ularning amal va turmush tarziga aylangan.
  • Maslahati, yo‘lyo‘rig‘i, beminnat yordamlari bilan ustozlik qilgan insonlarni ayta olasizmi?
  • Hayotda, o‘quv va teatr dargohida ustozlik qilgan insonlar ko‘p. Hammasini tilga olish mushkul. O‘rganish va o‘rgatish tushunchasi ham nisbiy. Bizdan bir necha kuylakni oldin to‘zdirgan insonning hayotiy tajribasi borki, demak u ustoz. O‘ttiz-qirq yil ishlagan kishi kecha institutni bitkazib kelgan yoshdan ham nimanidir o‘rganishi mumkin. Bundan iymanmaslik kerak. O‘rganishga intilish xayrli. Navoiy ta’biri bilan aytganda, orlanib so‘ramagan o‘ziga zulm qilgan bo‘ladi. Inson o‘rgatib turib, o‘rganadi. SHuning uchun ham ta’lim berish ikki marta ta’lim olishdir, deb bejiz aytishmaydi. Hayotni o‘rgangan odam hayotda o‘rtanmaydi.  Sen bilmagan, sen erisholmagan narsa unda bormi demak, o‘rganaver. Mening shiorim shu. SHu o‘rinda ustoz Xayrulla Sa’dievning hayotga, san’atga qarashi ibratli ekanini aytib o‘tmasam bo‘lmaydi.  Ular “zolotaya sredina” ya’ni me’yor tushunchasini chuqur idrok etadilar. Sahna va ekran san’atining katta mutaxassisi bo‘lgan Xayrulla aka har narsaga ko‘ngil sofligi bilan yonda Dala shiyponlarida spektakl namoyish qilish to‘g‘ri keladimi, yo boshqa joylardami, albatta,  o‘ziga qarab, ko‘rinish va kiyinishiga e’tibor qilib chiqish zaruratini doim eslatadilar. “CHang to‘zonli joyda, dalada omma oldiga chiqish to‘g‘ri kelsa ham tuflingni artib, tozalab so‘ng sahnaga qadam qo‘y, seni uch-to‘rtta odam tanidimi, demak, ularga ibrat ko‘zgusi bo‘lishing kerak,” — deyishni kanda qilmaydilar. Tuflingni tozala, hech bo‘lmasa, shu ishni ko‘ngil pokligi uchun qil, — deb qayta-qayta uqtiradilar. Hatto, magazinga mayda-chuyda narsa xarid qilish uchun chiqsang ham, besh-oltita odamning nazari senga tushadimi, bas o‘zingga, so‘zingga e’tiborli bo‘lishing zarur. Odamlar seni o‘zingni tutishingni, muomalangni, xulq-atvoringni ko‘rib sendan ibrat olishsin mazmunidagi o‘gitlari doim yodimda turadi.
  • Aktyor biron bir e’tiborli, xarakterli rolni qoyil-maqom qilib ijro etsa, odatda uning nomini shu bilan bog‘lab chaqirish odati ham bor-a? Xalqimiz yaxshi bo‘lsa alqab-maqtab qo‘yadi, yomon bo‘lsa ham laqab taqab qo‘yadi.
  • Nima demoqchilingizni bildim. Mashrab Boboevning “Ko‘ngil ko‘chalari”dagi gadoy rolimga ishora qilayapsiz. (kuladi). Hozir olinayotgan videofilmlardan u tubdan farq qilardi. Uning tomoshabinga aytmoqchi bo‘lgan “gap”i, yuki bor edi. Rollar taqsimotida bu rol menga ma’qul keldi. Ssenariydagi holatidan tashqari men uni yanada boyitdim. Ba’zi joylarida qisqartish va to‘ldirishlar qildim. “Yigitman deganning baxti yotmasin, davlati qaytmasin, dasturxonning to‘rt burchagi bir joyga kelmasin,” — degan so‘zlarni duo o‘rnida ishlatganman. Aslida, bu xorazmcha tost.(kuladi). Mashrab Boboevning umri qisqa ekan, asar oxirigacha yozilmay qolib ketdi. Natijada videofilmni suratga olish ishlari ham to‘xtab qoldi.
  • Endi tilaklaringizni eshitsak?
  • Kamtarona san’atimizni e’zozlab intervyu tashkil qilganliklari uchun gazeta tahririyatiga minnatdorchiligimni bildiraman. Jazo muddatini o‘tayotganlarga shuni aytishni istardim. Endi bo‘lar ish bo‘libdi, o‘kinmang, umidsizlanmang, tushkunlikka tushmang, bundan ham battari bo‘lishi mumkin edi-ku, deb o‘zingizga taskin, tasalli bering, shukr qiling. Bo‘lib o‘tgan voqealarni tahlil qilib, yaqinlaringizga pand-nasihat berishingizni istardim. Toki, siz yo‘l qo‘ygan xatolarni ular takrorlamasin. Hechdan ko‘ra kech, degan gap bor. To‘g‘ri yo‘lga tushish uchun fursat bor. Siz uchun hayot hali oldinda. “Buxoro” spektaklida Fozilxo‘ja onasiga “sahroda qoldim, qaqragan cho‘lda qoldim,” — desa “o‘g‘lim, ko‘kragingni g‘oz tut, olg‘a bos, oldinda chashma bor,” — deydi ona.

— Oyi, bordim, u chashma sarob bo‘lib chiqdi.

-Tushkunlikka tushma, ko‘kragingni g‘oz tutib oldinga intil, chashma bor.  — U ham sarob bo‘lsa-chi, — deydi o‘g‘il.

— Sen baribir kuchingni to‘pla, ko‘kragingni g‘oz tut, oldinga intil, albatta, chashmaga etasan,” — deydi ona zorlanib.

Aytmoqchimanki, ishonch, ilinj, umid umrning uzayishiga shahodat.

                                                  (“Vaqt-vremya” gazetasi, 2012 yil)

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.