BAHODIR O’ZI — BEBAHODIR SO’ZI
Mikrofon va videokamera bilan tillashish va dillashishning ham o‘ziga yarasha sir-asrori, tilsimi bo‘ladi. Aniqrog‘i, mikrofonni «aka», videokamerani «uka» singari o‘ziga yaqin tutish u orqali so‘z ayta olish zavq -shavqi bor bo‘lgan insonlar bu ilmni, bu tilsimni teranroq his etishadi.
Ular shunchaki texnik vosita emas, xalqning ko‘zi bilan qulog‘ini boshqacha aytganda, tinglovchining o‘ziga qarata oladigan iste’dod sohiblaridir. Videokameraga hamma ham qarashi, mikrofonga hamma ham so‘zlashi mumkin, lekin gap unga qarab jo‘yali so‘zlay olish, fikr etkazishdadir.
Bunday iste’dodlar qatoriga Bahodir Mag‘dievni qo‘shish mumkin. “Oriyat dono” (FM 106.5) radiosining “Xalfana”, “G‘alvir” kabi eshittirishlarning mohir boshlovchisi, zukko muallifi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Sahna nutqi” kafedrasi o‘qituvchisi Bahodir Mag‘dievdir. U avvalombor, so‘zning ma’nosi va ohangidan mast bo‘ladigan va mast qila oladigan iste’dod sohibi. U radio orqali jonli efirda so‘zni topa olish va qo‘llash mahorati bilan suhbatdoshlarining ham, muhlislarining allaqachon mehrini qozongan.
Talabalik paytida ham ustozlarining yo‘l-yo‘rig‘i, maslahatlaridan to‘g‘ri xulosa chiqazib so‘z, fikr, mantiq uyg‘unligida tinglovchi qalbiga yo‘l topa olish sirlarini o‘rgandi, bu borada tinimsiz izlandi, intildi. Natijada mahorat matonat bilan, jur’at jasorat bilan uning tabiatida uyg‘unlashdi.
Uni ilk bor poytaxtdagi to‘yxonalarning birida uchratganman. U o‘z yaqinlaridan birining to‘yida boshlovchilik qilardi. Biz ham bir guruh pedagoglar mehmonga chaqirilgandik. U mehmon va mezbonlar orasida so‘zning kuchidan foydalanib nazmiy bitiklar orqali boshlovchilik emas, aniqrog‘i, bog‘lovchilik qilar edi. Uning qobiliyatiga, o‘ziga xos “ko‘prik” bo‘lishiga kiprik qoqmasdan hayrat bilan qarab o‘tirganlarning guvohi bo‘lganman. U davrani tabiiy, jonli va samimiy tarzda o‘tkazardiki, to‘y qatnashchilarning bir zumda mehr va e’tiborini torta oldi. U boshlash oson, bog‘lash qiyin, tinglash mumkin, anglash mushkulligini biladigan va amal qiladiganlardan ekaniga shubha yo‘q. Biz bir guruh kasbdoshlar kuyov tomondan borganligimiz uchun siz jamoa nomidan gapiring, deya menga so‘z berishlarini tayinlashdi. To‘y avjiga, mavjiga etganida Bahodir so‘z navbatini berish maqsadida men tomonga ham nazar, ham qadam tashlab kela boshladi. “Men hozir so‘z bermoqchi bo‘lgan inson — ustozimiz “Harflar tilga kirganda” degan bir kitob yaratganlar. Butun xalqimizga mustaqilligimizning boshlarida oyinai jahon orqali arab alifbosi asosidagi eski o‘zbek yozuvini o‘rgatgan insonning o‘sha kitobida shunday misralar bor, tinglang-a!
Vatanimiz alifbo, Bag‘ridamiz jo bajo,
O‘ttiz ikki askarmiz, Birlashsak so‘z, lashkarmiz,
Qo‘shinimiz ikki xil, Munfasil-u muttasil
Bizni yaxshi bilsangiz, Hurmat bajo qilsangiz,
Bo‘lursiz haqqa vosil, Ilmdan murod xosil.
Anglab ajdod qadrini, Ham avlodlar dardini,
Bobolar kayfiyatin, Momolar ruhiyatin,
Sizga jamlab beramiz, Marjon kabi teramiz.”
Bizga yaqinlashib kelgunlariga qadar shu ergacha yoddan aytdi. “Kamoli ehtirom ila ustozni davraga taklif etamiz, marhamat, Rahimboy og‘a Jumaniyozov.”- dedilar nihoyat.
To‘y boshlovchisi ham aslida, ma’naviyat targ‘ibotchisi. Ijtimoiy maishiy notiqlikning muhim bir ko‘rinishi to‘y-hasham va yubiley tantanalarida boshlovchilik qilish. Uni olib boruvchilar o‘ziga xos madaniyat va katta san’atkorlik mahoratiga ega bo‘lishgan. To‘y tadbirlariga boshlovchilik qilish ham odamni qaysidur ma’noda charxlaydi, toblaydi. Men bir paytlari jurnalistika fakultetida ishlab yurgan kezlarimda “TV va RE” kafedrasi mudiri bo‘lib ishlaganimda, ko‘pchilik talabalar matbuot va radiodan ko‘ra, telejurnalist, suxandon bo‘lishni xohlab qolishar edi. Ko‘rsatuv olib borib tezda mashhur bo‘lishni orzu qilishar edi. O‘shanda ular guruhlarga bo‘linishlari paytida, men odatda shunday savol berar edim “Sen bironta to‘y yoki tug‘ilgan kunga o‘xshash davralarda boshlovchilik qilganmisan?” Ular “nima deyapsiz, domla, biz otarchi, boshlovchi emasmizku, u bizga to‘g‘ri kelmaydi”,- deb e’tiroz bildirgandek bo‘lishardi. Keyin mening biroz jahlim chiqqandek bo‘lardi-da shunday derdim.
– Bilib olinglar, to‘y jonli efir, sizlarni biron bir ko‘rsatuvga yozib olishmoqchi bo‘lishsa qayta gapirasiz, yana qayta yozib olish mumkin. To‘yda esa bunday holat bo‘lmaydi, “Ie kechirasizlar, kelin — kuyovni ismini adashib aytib yuboribman boshqatdan kirib kelinglar”, — deya olmaysiz. Aytilgan so‘z otilgan o‘qdek ketadi. YAna bir xavfli joyi “ichgan”, ta’bir joiz bo‘las, “jonidan kechgan, “ajal to‘nini” bichganlar ham bo‘lishadi. Hammasi bilan chiroyli xushmuomalalik bilan munosabatta bo‘lmasangiz yuzingizni bejab qo‘yishlari hech gap emas. SHuning uchun ham to‘y jonli efir.
Bahodir Mag‘diev ijtimoiy maishiy notiqlikni ham, yubiley tantanalari, to‘y-hashamlarni mazmundor va chiroyli tarzda o‘z o‘rniga qo‘ya oladi. CHunki undgi so‘zamollik, so‘zga chechanlik, vaziyatga mos-u xos so‘zni topib ayta olish iqtidori, improvizatsion salohiyati to‘la shakllangan.
Bizga saboq bergan ustozlardan biri akademik Matyoqub Qo‘shjonov “Men minbarda quyon, yozuv stolida arslonman” derdilar rahmatlik. Bu mening og‘zaki nutqim unchalik emas, hayajonlanaman, minbarda so‘zlarim poyintar -soyintar bo‘ladi, og‘zaki nutq madaniyatim aytarli emas, yozma nutq madaniyatim etarli, durust, fikrni qog‘ozga tushirish bobida uquvga egaman degani. Bahodirjonda esa aksincha holat. Kezi kelganda, aytishim kerakki, u mashq orqali yozma nutqini ham shakllantirishi mumkin, faqat bu ishga o‘zi hafsala qilmaydi. Onda – sonda hazil-huzul qilib “Menga qalam ushlagandan ko‘ra, mikrofon ushlash yaxshi”,- deb qo‘yadi.
Albatta, davra va anjumanlarda boshqaruvchilik qilish insonni pishitadi, fikrini teranlashtiradi. CHunki nazariy ma’lumotdan ko‘ra, mashqiy jarayon va amaliy mashg‘ulot katta samara beradi. Undagi radio muxlislar bilan jonli efirda muloqot qilish, ancha xush keladi. Jonli efirda tabriklar sahifasida qo‘ng‘iroq qilgan muxlis qanday yoshda, qanday kasbda bo‘lmasin, u bilan, yoqimli suhbat muhitini yaratadi. Kezi kelganda, teatr yoki kinolardagi aktyorlarning so‘z va iboralarni ularga monand holda aytib suhbatga mohirona usulda hazil-mutoyiba ruhini beradi. Uning radio orqali chiqishlarini uyda o‘tirib yohud transport boshqarib ketayotgan paytingizda ham tinglab huzur qilasiz.
Ko‘plab kitoblarni mutolaa qilish, o‘qiganda ham shunchaki lab pichirlatib yoki ko‘z yugurtirib emas, balki, baland ovozda o‘ziga xos qiroat bilan o‘qishni, artikuliyasion mashqlarni kanda qilmaydi. Buning ustiga undagi sinchkovlik, so‘z ma’nolarini bilishga intilish, matn mazmunini chuqur his etish, unga fazilat baxsh etadi. CHunki u kitob mutolaasini chinakam san’at deb biladi. O‘qishdan maqsad uqish ekanini, mutolaadan maqsad mulohaza ekanini yaxshi his etadi. CHunki mushohadasiz mulohaza, tashxissiz muolajaga o‘xshaydi.
Xulosa qilib aytganda, u o‘zi Bahodir, so‘zi bebahodir deyilgunga qadar, izlandi, ustozlarga ergashdi, ilm sari intildi, kitobni sevdi, aktyorlik mahorati sirlarini o‘zlashtirdi. Suhbatdosh qalbiga kira olish sirlarini egalladi. Bu uning muaffaqiyati belgisi va burchidir. Nodavlat radio stansiyalarida boshlovchilik qilish bir paytning o‘zida, bir nechta vazifani bajarish bilan bog‘liq. Ovoz sozlovchi, musiqa tanlovchi, suxandon va opreratorlik vazifasini ham yakka o‘zi bajaradi. U xulqiy madaniyati bilan ibratli, oriyatli suxandon sifatida, nutqiy madaniyati bilan dono va zukko boshlovchidir.
Oriyatli dono ukamiz Bahodirjon Mag‘dievga nurli yo‘l va porloq istiqbol doimo yor bo‘lishini tilaymiz.