SOHAVIY JURNALISTIKA ZARUR
(Jurnalistik nazar — olamni tuzar)
Voqelikni kuzatish va baholash ob’ektni to‘g‘ri tushunish, sharhlashdan boshlanadi. Shunday ekan, kim, nima, qachon, qaerda savollariga javob topish xabar va ma’lumotning mohiyatini ifoda etsa, nega, nima sababdan, nima maqsadda degan savollarga javob izlash esa voqelikdagi narsa va hodisalar orasidagi umumiy aloqadorlik va bog‘lanish qonuniyatlarini tahliliy nazardan o‘tkazishdir. Birinchisi bilim bo‘lsa, ikkinchisi ilmdir. Ispaniyada sohaviy jurnalistika, boshqacha aytganda, ixtisoslashuv jurnalistikasining mavjudligi kishini hayratlantirmasdan qolmaydi. Bizda O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi borligini bilamiz. Ular ham o‘z faoliyatini olib borishda Ispaniya ommaviy-axborot vositalari bilan hamkorlik yo‘sinida, tajriba almashish ma’nosida amalga oshirishsa maqsadga muvofiq bo‘larmidi deymiz. Muayyan tizim yoxud sohaga ixtisoslashgan jurnalistikaning mohiyati mamlakatning taraqqiyotiga xizmat qilishi muqarrar. Xizmat va ijodiy safarimiz paytida O‘zbekiton Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining matbuot kotibi SHuhratjon Suyunovning bizda «biron bir tarmoq yoki sohani yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlarning uyushmalari yo‘q»ligi borasida kuyunib gapirganlari bejiz emas.
Ispaniyaga o‘quv-amaliy safarimiz paytida mazkur mamlakatning Agrooziqovqat sohalarini tahlil etuvchi jurnalistlar assotsiatsiyasi a’zolari va mutaxassislari bilan uchrashganimizda shu fikrga yana bir bor iqror bo‘ldik. Demak, sohaviy jurnalist o‘sha tizimning ko‘zi, qulog‘i, oyog‘i, yuragi bo‘lishi zarurligini his etdik. Ular soha bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan tadqiqotchi, olim va mutaxassislar bilan hamnafas va hamqadam bo‘lishi kerak. SHundagina bildirilgan mulohazalar asosli va dalillangan bo‘ladi. Sohaga oid yangilik va ixtirolardan kundalik ravishda xabardor bo‘lib borish katta yutuq va samaralarga boshlashi tayin.[/vc_column_text]
Ispaniyalik jurnalist va soha mutaxassislari tomonidan “Qishloq xo‘jaligi sohasini qanday qilib yoritish va PRni amalga oshirish” mavzusida o‘tkazilgan treningda ana shu masalalarga e’tibor qaratildi. Olamshumul, global muammo sifatida e’tirof etilayotgan sug‘oriladigan erlarda suv taqsimoti va ichimlik suvi masalalarini ko‘tarish va yoritishda ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar misolida ibratli fikrlar o‘rtaga tashlandi.
Ispaniya Agrooziqovqat sohalarini yorituvchi jurnalistlar assotsiatsiyasining asosiy maqsadi sohaviy jurnalistikani yanada takomillashtirish, rivojlantirish va agro oziq-ovqat faoliyatini taraqqiy ettirishga ko‘maklashish. Sohani yorituvchi barcha jurnalistlar Assotsiatsiyaga a’zo hisoblanadi.
Aytilishicha, Ispaniya daryolari asosan yomg‘ir suvlari orqali to‘yintirilarkan. Tabiiyki, bahor mavsumida daryolar oqimi ko‘payadi, yozda suv nihoyatda kamayib, ayrim daryolar qurib qoladi. SHu bois, obi-hayotni to‘plash uchun suv omborlari qurilgan. Qurg‘oqchilik yillari mamlakat suv tanqisligidan qiynaladi.
O‘zbekistonga o‘xshash tomoni yirik daryolar suvini nazorat qilish va boshqarish uchun havza boshqarmalari faoliyat yuritadi. Mamlakatda jami suv resurslarining 78 foizi qishloq xo‘jaligi, 17 foizi aholi ehtiyojlari, 5 foizi sanoat va elektr energiyasi ishlab chiqarishi uchun yo‘naltiriladi.
Treningda sohaga doir axborotlarni izlash, olish va tarqatish bilan bog‘liq jarayonlar haqida so‘z bordi.
Suv xo‘jaligi vazirligi milliy hamkor hisoblangan, Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda barqaror suv va ekologik rivojlanish uchun hamkorlik va xabardorlikni oshirish. Komponent 3” (UzWaterAware) loyihasi doirasida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi Ispaniyaga o‘quv safarini uyushtirishi, unga asosan jurnalist va matbuot kotiblarining jalb etilgani ham bejiz emas.
Tadbir Ispaniyaning Qishloq xo‘jaligi uchun injenerlar tayyorlaydigan Oliy texnika maktabi joylashgan eski binoda boshlandi. Unda xalqaro ekspert, koordinatori Alexandro Pastrana (Alejandro Patrana), Oliy texnika maktabi direktori Luis Rikote (Luis Ricote), O‘zbekistonning Ispaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Jaxongir Dunanovich Ganiev (Jakhongir Ganiev), RESSAning filiali direktori SHaxnoza Umarova (Shakhnoza Umarova), Agrooziq-ovqat assotsiatsiyasining prezidenti Lurdes Suryaga (Lourdes Zuriaga)ar ishtirok etishdi.
So‘ngra «Agrooziq-ovqat sektorida PR-kommunikatsiyasning muhimligi» mavzuida Lurdes Suryaganing ma’ruzasi boy faktlarga to‘la va mazmundorligi bilan ajralib turdi. Ispaniyada suv va sug‘orishning axboroti tajribasi yuzasidan APAEning bosh kotibi va EUCAgro kursi direktori Elisa Plyumed (Elisa Plumed)ning, Davlat tashkilotlari va jamoatchilik orasida o‘zaro axborot aloqalarining o‘rnatilishi bo‘yicha APAEning vitse-prezidenti Migel Anxel Maynar (Miguel Ángel Mainar) ma’ruzalari e’tiborga molik bo‘ldi.
Lugars o‘z nutqida jurnalistik faoliyat bilan bog‘liq teran mulohazalarni bildirdi.
«Jurnalist va muxbirlarning aksariyati texnik til, raqamlar bilan gapirishni ma’qul ko‘rishadi. SHarhingiz qancha sodda, lo‘nda bo‘lsa, jamoatchilik uni bemalol tushunadi. Jonli va tushunarli til keng aholi diqqatini tortib uning qalbiga yo‘l olishning asosidir. Aholining shaharga talpinishining boisi chunki, u erda yashash uchun sharoitlar yo‘qligidir. Suv bormagan joy sahroga aylanishini tushuntirishda tahliliy jurnalistikaning o‘rni katta. Andalusiyada manufaktura qanday ish tutgani borasida biron narsa deya olmayman, lekin kooperativlar ochib ular faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish kerak. Tez va uzoq muddatli investitsiya ham mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi, suvning saflanishi va taqsimoti masalasi jurnalistik nazardan chetda turishi aslo mumkin emas. Mavzuni yaxshi bilish, davlat iqtisodiyotining rivojlanish darajasini chuqur o‘rganish ham jurnalistik faoliyatning asoslaridandir.
SHunday kooperativlar borki, 2 million limonni eksport qiladi. Demak, eksport masalasi ham jiddiy ish. Bu harakatlarning samarasi va sifatini belgilovchi omil. Bu boradagi yutuq va kamchiliklarni tahlil qilish ham jurnalistning burchi»,- dedi u.
So‘ngra Elisa Rlume Lukas jurnalistik faoliyati 15 yil mobaynida faqat qishloq va suv xo‘jaligi, chorvachilikni rivojlantirish masalalariga qaratilganini e’tirof etib, sport haqida yoz deyishsa, e’tiroz bildirishini aytdi. CHunki uning qiziqishi va bilimi aynan tuproq, suv va samarali hosil olish sirlariga daxldor. U har bir mamlakat, hukumat ixtisoslashgan, sohaviy jurnalistikaning rivojiga e’tibor berishini ta’kidladi.
Ispaniyada Suv resurslari boshqarmasi Ekologik o‘tish va demografik muammolar vazirligi tarkibida faoliyat yuritadi. Boshqarma suvdan foydalanish, rejalashtirish, moliyalashtirish va nazorat qilish bilan shug‘ullanadi. Mamlakatda sug‘oriladigan erlar 3,5 million m². Barcha suv resurslari davlat ixtiyorida. Sug‘orish uchun suv iste’molchilarga bepul etkazib beriladi. Daryolar yomg‘ir suvlari hisobidan shakllanganligi sababli, platinalarsiz suvni boshqarib bo‘lmaydi. Mamlakat bo‘yicha yirik platinalar soni 1200 dan ziyod. SHundan 400 tasi davlat tomonidan, 800 dan ortig‘i xususiy mulkdorlar tomonidan boshqarilarkan.
Suv tanqisligi sababli ikkilamchi foydalaniladigan suvning 71 foizi sug‘orishda ishlatiladi. Ispaniya Ekologik o‘tish va demografik muammolar vazirligining Suv resurslari boshqarmasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shular haqida ma’lumot berilgani fakti jurnalistlar e’tiborida bo‘ldi.
Ispaniyaga o‘quv safarini Suv xo‘jaligi vazirligi milliy hamkor hisoblangan, Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda barqaror suv va ekologik rivojlanish uchun hamkorlik va xabardorlikni oshirish. Komponent 3” (UzWaterAware) loyihasi doirasida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi tomonidan uyushtirilgani unda jurnalist va matbuot kotiblarining ishtiroki samara berayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Rahimboy Jumaniyozov
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti matbuot xizmati rahbari