9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

ISTAMBUL VA ISPANIYADAN ILK ILIQ ISTAKLAR

notiq.uz > Yangiliklar  > ISTAMBUL VA ISPANIYADAN ILK ILIQ ISTAKLAR

ISTAMBUL VA ISPANIYADAN ILK ILIQ ISTAKLAR

Xalq donoligining isboti u topib aytadi, hayotiy tajribadan, aql chig‘irig‘idan o‘tkazib aytadi, so‘ngra so‘zi maqolga aylanadi. Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmas. Safar mashaqqatini, sayohat rohati-yu zahmatini chekmagan rahmat eshitmaydi, chin inson bo‘lib shakllanmaydi degan mazmun bor unda. Xizmat safari bahonasida, delegatsiya tarkibida Ispaniya sari otlandik. Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining mamlakatimizdagi filiali tomonidan «O‘zbekistonda suv va atrof-muhit masalalari bo‘yicha xabardorlikni oshirish hamda hamkorlikni rivojlantirish» (UzWaterAware) loyihasi doirasida bir guruh mutaxassislar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Ispaniya davlatiga stadi-tur tashkil etildi.

Evropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida 2016 yildan buyon amaliyotga tatbiq etilayotgan ushbu loyiha suv va ekologik muammolar echimiga qaratilgan targ‘ibot ishlarini amalga oshirib kelayotgani sir emas. Qishloq va suv xo‘jaligi tizimiga daxldor mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist hamda muxbirlardan, jami 24 kishidan iborat delegatsiyamiz 22 fevral kuni Istambul orqali Ispaniyaga parvoz qiladigan samolyotga o‘tirishdi. Salkam 5 soatlik parvozdan so‘ng Turkiyaning muhtasham Istambul qo‘nalg‘asiga, aeroportiga kelib tushdik. Ispaniyaga uchadigan samolyot reysi 4 soatdan so‘ng Madridga parvozini bilganimiz holda, Istambul aeroportini aylandik. Aeroport gavjum, turli irq va millatga mansub yo‘lovchilarni o‘z bag‘riga olgan. Har kim o‘z tashvishi bilan band.[/vc_column_text]

Kuni kecha 20-21 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiyaga tashrifi ham mazmundor, zalvorli vazifalar hamda istiqbolli rejalarni hamkorlikda amalga oshirish ma’nosida katta ahamiyatga ega bo‘lgani aniq. Hamjihatlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikkina chikam taraqqiyotning mezoni bo‘lishiga endilikda shubha yo‘q. Turkiya va O‘zbekiston xalqlari orasidagi maqsadlar mushtarakligini har ikkala davlat prezidentlarining e’tiborli va ehtiromli munosabatlaridan, ochiq ko‘ngil va qalban yaqinligidan ham sezish qiyin emas. Bu esa teran tomirlari tutash har ikkala xalqning istiqboli yanada porloq bo‘lishining kafolatidir.

Xayollar ummoniga sho‘ng‘ib o‘tirganimizda Madridga uchadigan samolyot reysi ham e’lon qilindi. Safar yana davom etadi. Nihoyat biz tag‘in samolyotdamiz. YAna salkam besh soatga yaqin samo bilan sirlashamiz. Ispaniya ispaniyaliklar haqida demak, nimalarnidir qayd etishga imkon bor. Maydoni 504 782 kv.km.ni tashkil etgan, aholisi 47 370 000 dan ortiq bo‘lgan Andalusiya — Ispaniya bu. Poytaxti Madrid shahri, boshqaruv shakli parlamentli monarxiya, Davlat boshlig‘i qirol, 17 ta muxtor viloyat, ular esa 50 ta provinsiya va 2 ta muxtor shaharga va suveren hududlarga ega bo‘lgan ushbu mamlakatning o‘ziga xos mavqei bor. Madrid, Barselona, Valensiya, Sevilya kabi yirik shaharlari bor bo‘lgan Ispaniyaning jo‘g‘rofiy o‘rni, tabiati ham o‘ziga xos. Janubi-g‘arbiy Evropada joylashgan bo‘lib u g‘arbda Portugaliya, janubda Gibraltar, shimolda Fransiya va Andorra bilan chegaradosh. Pireney yarimorolining sakson foiz qismini egallaydi. Kattaligi bo‘yicha Evropada to‘rtinchi o‘rinda. Mintaqaning eng tog‘li hududlaridan biri. Mamlakatning yarmidan ko‘prog‘ini egallagan Meseta yassitog‘ligi dengiz sathidan o‘rtacha 660 metr balandlikda. YArimorolning eng baland cho‘qqisi Serra-Nevada tog‘ida – 3478 m. SHimoliy va g‘arbiy qirg‘oqlarini Atlantika okeani, janubiy va sharqiy qirg‘oqlarini esa O‘rtaer dengizi suvlari yuvib turadi. Ispaniya Evropadagi eng serquyosh mamlakatlardan biri ekan. Biz sovqotib qolmaylik tag‘in deya issiq kiyimlardan ham olgandik. Andak pushaymon ham qildik. Ob-havosi jihatidan deyarlik O‘zbekiston iqlimidan farq qilmas ekan, hisobi. Yilning o‘rtacha 260-285 kuni quyoshli bo‘larkan. O‘rtaer dengizi sohillarida yillik o‘rtacha harorat +20 °S. Qish oylarida faqat markaziy va shimoliy hududlardagina harorat noldan pastga tushadi. Markaziy va janubiy hududlarda yozgi harorat 40 va undan yuqori darajaga ko‘tarilishi mumkin. SHimolda esa 25 daraja atrofida bo‘ladi.

Oldin o‘lkada o‘rmonlar ko‘p bo‘lgan. Hozir mamlakat hududining o‘ttiz foizi o‘rmonlardan tashkil topgan, biroq ularning besh foizidagina daraxtlar zichligi saqlangan.

Tarixiga e’tibor qilaylik. Miloddan oldingi III asr oxirlarida Ispaniya hududining ko‘p qismi Karfagen qo‘l ostiga o‘tdi. Miloddan oldingi II asr boshiga kelib rimliklar karfagenliklarni siqib chiqardi. Milodiy 409 yili Ispaniyaga alanlar, svev va vandallar, 418 yildan vestgotlar kirib kela boshladi. 711 – 718 yillarda Pireney yarim orolini arablar fath etdi. 756 yili mustaqil davlat – Qurtuba amirligi tashkil topdi, u 929 yili xalifalikka aylandi. Bu davrda Qurtubada sug‘oriladigan dehqonchilik paydo bo‘ldi, hunarmandchilik, savdo-sotiq, fan va madaniyat yuksaldi. 1031 yili xalifalik bir necha amirlikka bo‘lindi. VIII asrdan boshlab mavrlar qo‘l ostida bo‘lgan erlarni ispanlar qaytarib ola boshladi. Natijada XI asrda Kastiliya va Aragon qirolliklari vujudga keldi.

1479 yil Aragon bilan Kastiliya o‘rtasida tuzilgan sulola ittifoqi natijasida Ispaniya yagona davlatga aylandi. 1480 yili inkvizitsiya joriy qilinib, mavr va yahudiylar mamlakatdan quvildi. Ular asosan dehqonlar, hunarmandlar, savdogarlar edi. 1504 yil Ispaniyaga Neapol qirolligi va Sitsiliya qo‘shib olindi. Ispaniya 1494 – 1559 yillarda Italiyaga qarshi urushlarda SHimoliy va O‘rta Italiyaning qator erlarini bosib oldi. 1516 yili Karl I taxtga o‘tirishi bilan Ispaniyada Gabsburglar sulolasi hukm sura boshladi. SHu yili Ispaniyaga Niderlandiya qo‘shib olindi. 1808 yil Fransiya Ispaniyani bosib olishga kirishdi.

Ispaniya Ikkinchi jahon urushida betaraflik yo‘lini tutgan bo‘lsa-da, SHarqiy frontga ko‘ngillilar diviziyasini jo‘natdi.

1947 yili mamlakat yana qirollik deb e’lon qilindi. 1978 yili yangi konstitutsiya qabul qilindi. 1985 yili Ispaniya Evropa Ittifoqiga qo‘shildi. Ispaniya 1955 yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zosi. Milliy bayrami – 12 oktyabr – Ispan Millati Kuni (1492). O‘zbekiston bilan elchilik munosabatlarini 1992 yil 17 martda o‘rnatgan. Ispaniya iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga asoslangan. Biroq u Evropada sanoat sohasida ham etakchilardan hisoblanadi. Tashqi savdoda asosan Evropa Ittifoqi, AQSH va Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan sherikchilik qiladi. AQSH, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, SHveysariya kompaniyalarining iqtisodiyotga ta’siri katta. Mamlakat mashinasozlik va metallurgiya korxonalarining yarmidan ko‘pi mana shu kompaniyalarga tegishli.

Turizm sohasi yuksak darajada rivojlangan. O‘lkaga har yili oltmish millionga yaqin sayyoh keladi. Bank tizimi barqarorligi bo‘yicha Evropada etakchilardan. Mashinasozlik sohasida kemasozlik asosiy o‘rinni egallaydi. Dunyoga mashhur “Folksvagen” mashinasozlik konserni shu erda joylashgan. Elektrotexnika sanoati; kimyo, engilsanoat, oziq-ovqat sanoati asbob-uskunalari va qurilish materiallari ishlab chiqarish rivojlangan.

Aholisi. Ispanlar, kataloniyaliklar, basklar, galiyaliklar Ispaniyaning tubjoy aholisi sanaladi. XX asr so‘ngidan boshlab Lotin Amerikasi, Mag‘rib va qisman SHarqiy Evropadan ko‘chib kelayotgan muhojirlar hisobiga aholi soni ortib boryapti.

Shahar aholisi 76 foiz. Rasmiy tili – ispan (kastil) tili. Muxtor viloyatlarda ispan tili bilan bir qatorda boshqa mahalliy tillar ham rasmiy maqomga ega.

Dini. Aholining 70 foizdan ortig‘i katoliklardan iborat. YAhudiylar 1 foizni tashkil etadi. O‘lkada Islom dinining yoyilishiga Andalusiya amirligi katta ta’sir ko‘rsatdi. IX-X asrlarda mamlakat ilm-fani va madaniyati gullab-yashnadi. XV asr so‘ngiga kelib, Ispaniya hududidagi so‘nggi musulmon davlati – Qurdoba (Granada) amirligi ham tanazzulga yuz tutgach, o‘lkada Islom dinining ta’siri keskin kamaydi.

Musulmonlar zamonaviy Ispaniyaning kundalik hayoti, madaniyati, an’analariga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

Bugun mamlakatga Marokash, Suriya, Livan, Iroq, Bangladesh, Hindiston va Pokistondan juda ko‘p immigrantlar kelyapti. Ular hisobiga ham musulmonlar soni ortib boryapti. Hozir Ispaniyada bir milliondan ortiq musulmon yashaydi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, ellik mingga yaqin tubjoy ispan Islom dinini qabul qilgan. Ularning ko‘pchiligi Andaluziyada istiqomat qiladi.  Zamonaviy Ispaniyadagi ilk masjid 1982 yili qurilgan, deya xabar beradi jurnalist Orifjon Madvaliev.

Mana, Ispaniya haqida muxtasar ma’lumot shu. Ana, Madrid aeroportiga ham keldik. Alexandro ismli mutaxassis bizni kutib oldi. Birga esdalik uchun rasmga ham tushishga ulgurdik. Lekin afsuslanarli jihati ham bo‘ldi. Delegatsiya rahbari, (RESSA) Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining mamlakatimizdagi filiali direktori, menejer SHahnoza Umarova Madridda ehtiyot bo‘lishimiz zarurligini, «kissavur, o‘g‘rilar» borligini aytib ogohlantirishlariga qaramasdan, baribir befarqlik sabab noxush holat ro‘y berdi. «Kun.uz» sayti muxbiri Jamshidxon Ziyoxonovni hujjatlari va 480 evro puli jo bo‘lgan sumkachasini rasmga tushishga ovvora bo‘lib turganimizda o‘g‘ri xufiy maqsadini amalga oshirishga erishibdi. Bizni kutib olishga chiqqan Tadbir o‘tayotgan Ispaniyadagi elchixonamizning mutasaddi vakili Nabixon Quvondiqov ham hijolatga qoldi. Nihoyat bizni «Praga» mehmonxonasiga joylashtirishdi. Ertasiga, ya’ni 23 fevral kuni ertalab nonushtadan so‘ng ikki qavatli avtobus bilan Madridning diqqatga sazovor joylarini sayr qilishga otlandik. O‘zga yurtga safarga otlangan sayyoh alatta, u erning ob-havosi va narx-navosi bilan qiziqishi tayin. Iqlimi va narx navosi ham deyarlik o‘z mamlakatimizdan farq qilmas ekan, — deya ta’kidlashdi delegatsiya a’zolaridan O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirining matbuot kotibi SHuhrat Suyunov va vazirlikning yuridik bo‘limi boshlig‘i Ravshanbek SHaropov.

SHaharda tarix bilan zamonaviy inshootlar uyg‘unlashgan, moziy bilan bugun sirlashayotgandek go‘yo. 100 ming tomoshabinga mo‘ljallangan stadion oldida Real-Madrid kamarini talashib olib, suratga tushdik va ikki qavatli avtobusga ruxsat berdik. Metro orqali mehmonxonaga qaytadigan bo‘ldik. Er osti yo‘lini, metro marshrutini biladigan odamga ham murakkablik tug‘ilishiga amin bo‘ldik. CHunki u shunday kesishma yo‘llardan iborat ekanki, xuddi labirintga duch kelgandek bo‘lib qolasan kishi. Biz bilan elchixonamiz vakili Nabijonning ikkita farzandi Feruza va Komron ham hamrohlik qildi. Ularga O‘zbekston yoqdimi yo Ispaniya deb hazillashgan bo‘ldim. Kulimsirab qo‘yishdi, lekin javob berishmadi. Alisher Navoiy va Hamid Olimjon she’rlarini o‘qib berishdi. Bizga hamroh bo‘lgan O‘zbekiston 24 telekanalining jurnalisti Durdona va videotasvirchisi Ilyos ularni tasvirga tushirishdi.

Ertadan boshlab mehmonxonani tark etamiz, uchrashuv va anjumanlar ishiga kirishib ketamiz.

[/vc_column][/vc_row]

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.