9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Basir va basirat

notiq.uz > Yangiliklar  > Basir va basirat

Basir va basirat

 

Ona tilim — oltin sandig‘im

Tilimiz tarixida arab tilidan kirgan “basir” so‘zi “ko‘ruvchi”, “ko‘ra oluvchi”, “kuzatuvchi”, “sezgir”, “o‘ta sezgir” ma’nolarida ishlatilgan. Biroq negadir keyingi davrlarda “basir” so‘zi ko‘zi ko‘r ma’nosida ham qo‘llanadigan bo‘lgan. “Basirat” so‘zi ham “ko‘ruvchanlik”, “ziyraklik”, “sezgirlik”, “o‘tkir zehnlilik” mazmunini ifodalab kelgan. Navoiy davrida olimlar donishmandlar ahlini “basirat ahli” de­yishgan. SHoir “Hayrat ul-abror” dostonida shunday yozgan:

Sirri haqiqatdin o‘lub bahravar,

Ayla basirat ko‘zi birla nazar.

Oradan besh asr o‘tib, “basir” so‘zi boshqacha ma’noga keladi. Bu so‘z ko‘zi ko‘r mazmunini ham ifodalaydi.

“Navoiy asarlari lug‘ati”ning 1973 yilgi nashrida ham, to‘ldirilgan 1983 yilgi nashrida ham “basir” so‘ziga biror nuqtada “ko‘zi ko‘r” ma’nosida izoh berilmagan. 1983 yilgi nashrda lug‘atga “basar” so‘zi qo‘­shiladi, bu so‘z “ko‘z”, “ko‘rish”, “ko‘ra olish quvvati”, “ko‘z quvvati” ma’nolarida izohlanadi. Navoiyning: “Kim basar hissi qorong‘u kechada qildi g‘alat” degan misrasida ham “basar hissi” ko‘rish sezgisi mazmunida keladi.

Qumg‘og‘ va saksovul

Saksovul qumli joylarda, cho‘llarda o‘sadi. Bu daraxtning ildizi yantoq tomiridan ham uzoqqa ketadi, qaqragan cho‘lda ham suvga etadi. “Saksovul”… Bu chiroyli so‘zning etimologiyasi haqida aniq ma’lumotlar uchratmadim. “Saksovul” so‘zi tarkibidagi “sakson”dagi “saks” va “ovul” so‘zlari haqida o‘yladim, “saksovul”ni “yasavul”, “jig‘ovul”, “shig‘ovul” so‘zlari bilan solishtirib ko‘rdim, lekin biror jo‘yaliroq taxminga kelolmadim. Ammo “saksovul” so‘zining ma’nodoshini uchratib qoldim.

Manzar Abulxayrovning “Navoiy asarlarida so‘z va iboralar” kitobida tariximizda saksovulni “qumg‘og‘” deb ifodalash ham bo‘lgan deb ko‘rsatilgan. Bunday nomlanishga saksovulning cho‘lda, qumda o‘sishi sabab bo‘lgan bo‘lishi kerak. Xususan, bunday ifoda Alisher Navoiy asarlarida uchraydi.

Garchi quyoshdin parvarish olam yuziga omdur,

Sahroda qumg‘og‘u tikan, bo‘stonda sarvu gul butar

Ulapa va ulufa

Bolaligimizda biror bola ayb ish qilib qo‘ysa, unga kattalar:“Bu bolaning ulapasini berib qo‘yish kerak” degan gapni ishlatishardi. Umuman, “ulapa” so‘zi jazo ma’nosida qo‘llanardi. Birov kimdandir xafa bo‘lsa, “SHoshmay tursin, hali ulapasini qo‘liga beraman” deyar edi. Xullas, “ulapasini berish” xalq iborasi darajasiga ko‘tarilgan gap edi. Lekin “ulapa” so‘zining aniq ma’nosini yaqin-yaqingacha bilmasdim. Hatto, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham bu so‘z haqida hech narsa deyilmagan. Bolaligimdan menga tanish bo‘lgan bu so‘zning asl ma’nosini boshqa joydan topdim.

“Tarixiy harbiy terminlar lug‘ati”da izohlanishicha, o‘rta asrlarda harbiylarga beriladigan ish haqi, maosh “vajh” so‘zi bilan ifodalangan. “Ulufa” so‘zi amaldor va lashkarboshilarga beriladigan oylik maosh mazmunini bildirgan. Bobur “Boburnoma”da bu so‘zni ishlatgan ekan: “Behrada bo‘lg‘on turk va erlik sipohilarning dag‘i vajh va ulufalarini ortturub, Hindubekka ko‘mak qo‘yduk”.

“Navoiy asarlari lug‘ati”da “ulufa” so‘zi maosh ma’nosidan ham oldin “hayvon emishi, ozig‘i” mazmunini bildirishi aytib o‘tilgan.

Xalq orasidagi “Ulapasini berib qo‘yaman” iborasi esa kinoya ma’nosida qo‘llanar ekan.

Kezanak

“Kezanak” degan so‘z ko‘proq chorvadorlarimiz tilida ishlatiladi. Bu so‘z tilimizda juda kam qo‘llansa-da, unga ehtiyoj bor. Ot, qo‘y, qoramolning to‘piqdan yuqori, pochasining ingichka qismini xalqimiz “kezanak” degan. Hozirgacha k e z a n a k so‘zi chorvadorlar, qassoblar, oshpazlar tilida bor. Lekin bu bechora so‘z hatto “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga ham kirmay qolgan. Bugungi kunda t u yo q, t o‘ p i q, p o y ch a, k e z a n a k kabi mol oyog‘ining qismlari birgina “mol oyog‘i” degan so‘z bilan ifodalanadi. Bunday so‘zlar tilimiz bog‘ida tursa, hech kimdan non-osh tilamaydi, aksincha, bu bog‘ni boyitadi.

CHo‘ponlar so‘yilib, kalla-pochasi pishirilgan qo‘yning kezanagiga qarab ham bu uning qanday qo‘y ekanini aytib bera olganlar.

Eshqobil SHUKUR,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

«Boboso‘z izidan» kitobidan.

 [/vc_column_text][/vc_column][/vc_row]

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.