Dilobar Maxmarejabova: BEKATDAGI TADBIR…
Universitet darvozasi ortida shahar shovqini meni kutib turardi. Bugun tongdan hammasi teskari. Soat jiringlamadi, men esa bedor xayollar ichida tunimni yo‘qotdim. O‘lim… bo‘shliq… izsiz yo‘qolish kabi qora fikrlar miyamni kemirardi. Nega? Bilmadim. O‘zim ham o‘zimga begona edim.
Avtobusga yugurdim – kechikdim. Yana 10 daqiqa. Dars boshlanishiga ham shuncha. Har soniya asabimni tortardi. Atrofimdagi odamlar ham, ko‘chalar ham, hatto hayotning o‘zi ham g‘ashimga tegayotgandek edi. Men hech kimdan emas, hayotdan jahl qilardim aslida.
Darsga kirdim – kechikdim. Auditoriyada esa jimligim yanada kuchaydi. Kursdoshlarim yonimda, ammo ruhim olisda. Ichimda nimadir singan. Noma’lum bir sovuqlik yuragimni qisib turardi. Darslar, suhbatlar – hech biri mening ichki zulmatimga nur olib kira olmasdi.
Mashg‘ulotlarim tugagach, yo‘limni o‘zgartirdim. Suv bo‘yiga – Cosmonavtlarga qarab yurdim. Shu anhor yonida yuragim g‘alati tarzda sokinlashadi. Balki xotiralarim shu yerga singib ketgani uchundir. Suvning shiviri go‘yo meni eshitardi. Uni tinglaganimda, men ham o‘zimni eshita boshlardim.
Kech tushdi. Havoning sovug‘i tanamga urildi, ammo ichimdagi sovuq undan ham qahrli edi. Uyimdan otam qo‘ng‘iroq qilardi – men esa javob bera olmadim. Ovozim emas, jur’atim yo‘qolgan edi.
Metro tomon yurdim. Yerosti yo‘lagiga burilganda, qulog‘imga tanish ohang tegdi — kimdir skripkada klassik musiqa chalardi. O‘zim bilmagan holda labimdan chiqdi:
— “Musiqa hali ham hayotni eslatar ekan…”
Ohang meni bir zum tiriltirdi. Ammo bu tiriklik uzoq cho‘zilmadi.
Bekatga yaqinlashsam, ona siymosiga o‘xshash ayol ko‘chadagi sovuqda o‘tirar, odamlar oqimiga tikilib umid bilan qarar edi. U 70 yoshlar atrofida. Yuzida yillar xaritasi, ko‘zlarida esa hali ham o‘chmagan kutish alangasi.
Yuragim shart uzilgandek bo‘ldi. Mushaklarim muzladi. Nafasim sekinlashib, nigohim xiralashdi. Bu men ko‘rib turgan “xola” emas edi endi.
Bu – mening qo‘rquvimning ko‘zgusi edi.
Cho‘ntagimdan pul chiqarib berdim:
— “Ona, duo qiling…”
Ayolning qo‘li titrardi, ovozi ham, ammo duosi nurli edi:
— “Ilohim, onangni rozi qilgin, bolam.”
Shu lahza ichimda nimadir yorildi. Ko‘zlarimga yosh quyildi. Bu yoshlar u ayolning taqdiri uchun emas, balki o‘zimning onamning taqdiri o‘tmishda yoki kelajakda shunday bo‘lib qolishidan qo‘rqqanim uchun edi.
Men angladim: inson birovning dardiga yig‘lasa, ko‘pincha o‘sha dardni o‘z jonida tasavvur qilgani uchun yig‘laydi. Mehrning og‘rig‘i o‘z egasini eslaydi.
Odamlar uchun yo‘llar, ko‘priklar, bekatlar quramiz… lekin ularning bekatda o‘tirib qolmasligi uchun ularni anglaydugan yuraklar ham qurishimiz kerak.”