Sabina Xushmurodova: SAODAT YO‘LIDA SABR
Hayot- uzun bir kitob. Har bir insonning taqdiri undagi alohida bob kabidir. Birida quvonch, baxt boʻlsa, yana boshqalarida sinov, imtihonlar boʻladi.
Zuhra ismli ayol hayotning ana oʻsha sinovli sahifasida yashar edi. U yaqinda mehriboni dadasidan ayrilgandi. Dadasi unga har doim shunday der edi: » Qizim, har narsa oʻz vaqtida, har bir ish oʻz nasibasi bilan boʻladi. Agar bir eshik yopilsa, bu Allohning seni yomonliklardan asraganidir.» Bu soʻzlar Zuhraning hayotining tayanchi boʻlgan. Ammo otasidan ayrilgach, u hayotning ogʻirligini butun borligʻi bilan his qildi. Baʼzan uning ahvoli shu darajada ogʻirlashardiki, u yigʻlab:
«Ey Robbim, nega menga shuncha sinov berding?» — derdi. Ammo yuragining tubida bir narsa uni har doim toʻxtatar edi. Shunda otasi yozib qoldirgan maktubni eslab qoʻlga olardi. Maktubda shunday satrlar bor edi:
» Ey qizalogʻim, hayot yoʻlingda har xil qiyinchiliklar koʻp uchraydi, shunda nafsing seni aldar, dunyo seni charchata, ammo shuni unutma: haqiqiy sadoqat- bu Allohga yaqinlikdadir, mol-u dunyoda emas.» Bu soʻzlar uning qalbida yillar davomida oʻchmas iz qoldirgandi.
Zuhra asta-sekin Allohga suyanishni oʻrgandi. Har bir duosida » Qalbimni sabr bilan toʻldi Allohim» deb duo qilardi.
Oradan vaqtlar oʻtdi. U ayollar oʻqitiladigan maxsus madrasalarda oʻqidi. Intiluvchan va har narsaga qiziquvchan Zuhra oʻqishni a’lo darajada bitirdi. Oʻsha ogʻir davrlarni yengib oʻtib endi u boshqalarga yordam berishni, ularni ham taskin topdirishni oʻziga burch deb bildi. U madrasada ayollar uchun dars oʻta boshladi.
Bir kuni u darsining soʻngida bir qizni tushkun ahvolda koʻrib, savolingiz bormi deb soʻradi. Shunda oʻsha qiz tushkunlikka tushib qolganda nima qilish kerakligi haqida soʻrab qoldi. Shunda Zuhra unga shunday javob berdi:
» Baxt — bu tashqarida emas, uni oʻz yuragimizdan topamiz, Alloh har birimizga sinov orqali haqiqiy baxt, saodatni koʻrsatadi. Shuning uchun hech qachon nimaga aynan men deb tushkunlikka tushmasdan, balki bu sinovdan nima oʻrganay deb soʻrang.» Bu soʻzlarni eshitgan qiz yigʻlagan holda uni quchoqlab taskin topib minnatdor boʻldi. Atrofda turgan barcha qizlar unga rahmat aytib, olqishlab qoʻydilar.
Oʻsha voqea boʻlgan kuni kechasi Zuhra osmonga boqib, yulduzlarga qaradi, yuragida bir iliqlik va hotirjamlik paydo boʻldi. U shuni anglab yetdi:
» Haqiqiy sadoqat- bu Allohning bizga bergan barcha sinovlariga va neʼmatlariga shukr qilib yashashimizdadir.»