Shahnoza Ochildiyeva: ZIMMAMIZDAGI MASʼULIYAT
Zimmamizdagi mas’uliyat
Kuz! Kuni kecha endigina mustaqil hayotga qadam qo‘ygan, maktabni tamomlab, universitetga qabul qilingan talabalarni kutib oldik. Qarang, ularning barchasi o‘zgacha: shijoati, g‘ayrati, orzulari bir-biridan farq qiladi. Shunda o‘ylab qoladi kishi: bugun poytaxtni to‘ldirib turgan shuncha yoshlar qanday maqsadlar bilan yashayapti? Ularda Vatan va millat kelajagiga daxldorlik hissi bormi? Ajdodlari kabi jasur va yurtga fidoyiymi? Fidoiylik nima degani o’zi?
Fidoiylik — bu o‘z manfaatini emas, balki xalq, yurt, vatan va boshqa oliy g‘oya manfaatini ustun qo‘yish, shu yo‘lida jonini ham ayamaslik, fidokorona xizmat xizmat qilish degani. Fidoiylar butun dunyo tarixida millionlab topiladi va har biri o’zining alohida o’rniga ega. Dunyoda qancha taraqqiy etgan, mustaqil mamlakatlar borki, barchasi ham og’ir, tarix sahifalariga «qora kunlar» deb muhrlangan davrni boshidan o’tkazgan. Ana shu qora kunlarda fidoiylar oyoqqa turdi, millat uchun ko’ksini, qalbi va aqlini qalqon qildi. Masalan, Fransiya tarixidagi eng musibatli kunlar 1940-yillar Germaniya bosqini davri bo’ldi. Fransuz xalqining jonkuyar farzandi sifatida Sharl de Goll «Ozod Fransiya» (1942-yildan «Kurashayotgan Fransiya») vatanparvarlik harakatiga, 1941-yil esa «Fransiya milliy qoʻmitasi»ga asos solgan. U nafaqat Fransiya Ozodligi uchun kurashgan, balki keyinchalik mamlakatni qayta tiklashga bosh bo’lgan.
Shuningdek, bugun eng ko’p aholi yashaydigan mamlakat bo’lgan Hindiston ham Britaniya imperiyasi hukmronligi ostida og’ir mustamlakachilik davrini boshidan kechirdi. Millat va Vatan istiqloli uchun bosh ko’targan Mahatma Gandi va Javoharlal Neru kabi vatanparvarlar mustaqillik uchun tinch yo’l bilan olib borilgan kurashning ramziga aylangan. Qardosh mamlakat bo’lgan Turkiya tarixida esa mustaqillik va modernizatsiya asoschisi Mustafa Kamol Otaturk unutilmas o’rin tutdi va xalq qalbidan unutilmas iz qoldirdi. Xo’sh, O’zbekistonchi? Xalqimiz tarixidagi eng og’ir davrlar sifatida XIX asr oxiri- XX asr boshidagi mustamlakachilik va Sovet davridagi qatag’on yillari yodga olinadi. Shu tarixiy jarayonlarda Mahmudxo’ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi xalq ma’rifati uchun kurashgan jadidchilik harakati vakillari, Cho’lpon va Fitrat kabi istiqlol g’oyasi uchun kurashgan qatag’on qurbonlari millat uchun jonini qurbon qilgan.
Avvalo raqamlarga bir nazar solsak: XX asrning 30-yillarida, ya’ni bundan taxminan bir asr avval sobiq Sovet Ittifoqi qatag‘on siyosatini yo‘lga qo‘ydi. Buning asosiy sababi — erkin fikrlaydigan, millat istiqboli uchun qayg‘uradigan insonlarni yo‘qotish, yurtimizni o‘z qo‘lida, o‘z siyosati ostida saqlash edi. Tarix saboqlari shuni ko‘rsatadiki, johillar har doim ziyolilarga qarshi ishlatilgan. Negaki, ziyoli inson mustaqillik, shaxs va fikr erkinligi eng oliy baxt, eng buyuk saodat ekanini biladi. Shu bois 1937–1938-yillarda O‘zbekistonda 40 mingdan ortiq kishi qamoqqa olindi, 7 mingdan ortiq erkin fikrlovchi ziyolilar otib tashlandi.Qatag‘on siyosati avvalo Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir, Abdurauf Fitrat kabi milliy uyg‘onish g‘oyasini targ‘ib qilgan jadidlar va ijodkor ziyolilarga qaratilgan edi. Sanab o‘tganlarimdan Abdurauf Fitrat — jadidchilik harakatining peshqadami, olim va iste’dodli adib edi. O‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy esa “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” kabi durdona asarlari bilan xalq qalbiga chuqur kirib borgan va shu yo‘l bilan millat tafakkurini uyg‘otishga intilgan. Istiqlol va millat kuychisi bo‘lgan Cho‘lpon esa o‘z ijodida millat taqdirini ifoda etgan. O’zbekiston tarjima maktabi asoschisi, adabiyotshunos, tanqidchi va taniqli publisist Ozod Sharafiddinovning «Cho’lponni anglash» nomli maqolasi bu o’zbek o’g’lonining butun hayoti va ijodi hamda siyosiy ayblovlar ortida chekkan azoblari, yuzlashgan qiyinchiliklari va o’zgacha shaxsiyatini ochib beradi. Uning asarlari kuchli tanqid ostiga olinib, soxta adabiyotshunoslar, siyosiy mafkura quli bo’lgan yasama tanqidchilar taaqibìga uchragan. Asarlari o’zining chin insoniy, vatanparvar va yuksay ma’naviy -ma’rifiy ma’nosidan judo qilinib, butkul teskari, siyosatga qarshi, millatchi shaxs so’zlari sifatida qoralangan.Eng achinarlisi,zolim siyosat yalovbardorlari xalqimizni yurt istiqlolini orzulagan, xalqni ma’naviy yuksaklikka, erkka undagan fidoiy farzandidan judo qilishga shunchalik shoshilishganki, Cho’lpon o’lim jazosi e’lon qilingan sud hukmi chiqishidan bir kun oldin o’ldirilgan. Barchamizga qadrli va o‘z davrida “Sharqning Pushkini”, “O‘zbekistonning Lermontovi” deb e’tirof etilgan Usmon Nosir ham xalq dushmani tamg‘asi bilan qatag‘on qilinib, uzoq lagerlarda azob chekib vafot etgan.Bu ro‘yxat nihoyatda uzun davom etishi mumkin, men sanab o‘tganlar faqatgina oz qismi, aslida esa yuzlab ziyolilar, olimlar, ijodkorlar va san’atkorlar, oddiy dehqon va ishchilar jabr ko‘rgan. Natijada xalqimizda ma’naviy bo‘shliq yuzaga keldi, milliy o‘zlikni anglash jarayoni to‘xtab qoldi, ijtimoiy bosim, qo‘rquv va ishonchsizlik jamiyatga singib ketdi. Tarixchi olimlarning ta’kidlashicha, agar qatag‘onlar bo‘lmaganida, O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi ilmiy va madaniy taraqqiyoti shubhasiz ancha oldinda bo‘lardi.
Shu o‘rinda mustaqillik yillarida qatag‘on qurbonlari pok xotirasiga e’tibor va hurmat bajo keltirilib, qator islohotlar olib borilganini ta’kidlab o‘tish lozim.Ayniqsa, 2022-yil 19-dekabr kuni Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 173 nafar qatag‘on qurbonlarining oqlanishi nihoyatda quvonchli xushxabar bo‘ldi. Ushbu oqlangan begunohlar ro‘yxatida 147 nafar surxondaryoliklar, otuvga hukm qilinganlar, zominliklar va qoraqalpog‘istonliklar, deportatsiya qilingan Eron fuqarosi, turkmanistonliklar va boshqa insonlabor edi. Bu xabarning ma’lum bo‘lishi bizning oilamizda ham ulkan shodiyonaga sabab bo‘ldi. Negaki, katta bobomiz Mulla Qosim Bobo Qobilov ham shu oqlanganlar orasida edi. U insonning ilmi yuksak, Buxoroning mashhur Mir Arab madrasasida tahsil olgan ziyoli inson ekanligini hikoya qilardilar onam. Ular doimo yodimizda. Va tomirimizda shunday komil inson qoni oqayotganidan faxrlanamiz. Bu biz avlodlarga faxr va g‘urur bilan bir qatorda shunday mas’uliyat hissini ham beradiki, yonib yashashga, ilmli, ma’naviyati yuksak va fidoyi farzand bo‘lishga undaydi.Bugun yurtimiz tarixidagi eng fojiali va mudhish bu kunlar biz yoshlarga juda katta saboq bo‘lib xizmat qilmoqda. Ular bizga fikrlarimizni va maqsadlarimizni birlashtirish, to‘g‘ri yo‘lni tanlash uchun yorqin mayoqdir. Albatta, bugun ular orzu qilgan va intilgan mustaqil Vatan, musaffo osmon, o‘zimizniki bo‘lgan farovon yurtga ega ekanligimiz — mustaqillikning qadriga yetishga undaydi. Ularning orzusi millatning taraqqiy etishi edi. Shunday ekan, biz yoshlar bugun ilm olib, o‘qib-o‘rganib, Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishimiz lozim. Albatta, bu ilm-ma’rifat yo‘lida fidoyilikni va jonkuyarlikni talab qiladi.likni va jonkuyarlikni talab qiladi. Zero, yurtimizning bulbulzabon shoir Muhammad Yusuf yozganidek:
Kubrolardan qolgandir bu ko‘hna kuylar,
Elim degan har bandasin Xudo siylar.
Vatan desa ikki qo‘llab jonni tutar
Fidoiylar kerak bizga fidoyilar.
Kimga qo‘rg‘on — ularga keng maydon tegar,
Mard mushkulni yengar, nomard bo‘yin egar.
Erk deganga er yigitlar jondan jigar
Fidoyilar kerak bizga, fidoyilar.
Nomus uchun nomni emas, ruhni o‘stir,
Og‘ir kunda yovdan qochgan — yovga do‘stdir.
Yurt chorlasa suvlarni kech, o‘tlarga kir
Fidoyilar kerak bizga, fidoyilar.
Shahnoza Ochildiyeva
O’ZJOKU talabasi