9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

ZARINA ERMO‘MINOVA: BAXT QAYERDA?

notiq.uz > IJODIYOT  > ZARINA ERMO‘MINOVA: BAXT QAYERDA?

ZARINA ERMO‘MINOVA: BAXT QAYERDA?

  Ermo‘minova Zarina Husan qizi 2006-yil 21-aprel kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tug‘ilgan.  Hozirda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili) yo‘nalishi 2-kurs talabasi. Hozircha uning asarlari nashr etilmagan bo‘lsa-da, u o‘z qalamini izchil ravishda charxlab borayotgan, adabiyot sohasida o‘z o‘rnini topishga intilayotgan yosh ijodkorlardandir.

Sizningcha, hamma ko‘ringandek baxtlimi?

Biz har kuni ko‘radigan insonlar — metroda, avtobusda, universitetda yoki ko‘chada yonimizdan xushchaqchaq, kulib o‘tadigan odamlar — haqiqatan ham baxtiyormi? Ularning jilmayishlari chin dildanmi yoki shunchaki odatga aylanib qolgan niqobmi?
Bir kuni metroda bir ayolni ko‘rib qoldim. Yonida to‘rt-besh yoshlar atrofidagi qizchasi sho‘xlik qilar, o’yinqaroq koʻzlari har tomon alanglardi. Onasi esa jim, o’yga tolib o‘tirardi. Uning ko‘zlari mayus, nimadandir xavotirlanayotgani koʻrinib turardi. Ammo qizaloq hech narsadan bexabar — hayot hali unga faqat yorqin ranglarda ko‘rinardi.
Ayni oʻsha damda mening ham jim turgim kelmadi, qizchaning jigʻiga ozgina tegmoqchi bo‘ldim. Qizchaga jilmayib bir nimalar deb shivirladim, u esa menga qarab kuldi. Shu lahzada yuragim nimadandir ezilib ketdi. Onaning ichidagi sukut, qizchadagi beg‘uborlik… bir-biridan qanchalik uzoq, ammo bir-biriga naqadar bog‘liq boʻlgan hissiyotlar. Balki u ona ham bir paytlar shu qizchadek begʻubor kulgan, kelajagiga porloq umidlar bilan qaragan, orzu qilgan bo‘lsa kerak. Endi esa u faqat qizining baxti uchun yashayotgandek edi.
Shunda o‘ylab qoldim: ba’zan odamlar jilmayadi, lekin yuraklari yig‘laydi. Ba’zan ular “hammasi yaxshi” deydi, lekin ich-ichida togʻlar qulaydi. Biz ko‘rgan baxt, aslida, koʻringandek emas, ko‘nikish yoki shunchaki yashash uchun zarur bo‘lgan niqob bo‘lishi ham mumkin.
Har kimning ichida aytilmagan hikoya, eshitilmagan og‘riqli dard yashaydi. Kimdir o‘zini kuchli tutadi, kimdir jim yuradi, kimdir esa hammadan yashirib, kechalari yig‘laydi. Ammo tashqaridan qaraganda — hammasi yaxshi, hamma baxtli. Go‘yo hayot sahnasida hammamiz rollar o‘ynaymiz, hech kim parda ortidagi haqiqatni ko‘rmasin, degandek.
Lekin, shunga qaramay, hayotda hali Sizningcha, hamma ko‘ringandek baxtlimi?

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.