Gulnoza Abdurashidova: TABASSUMNING TILSIMI
U O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy gumanitar fanlar fakulteti, filologiya va tillarni oʻqitish oʻzbek tili yoʻnalishi 2-kurs talabasi
Hayot insondan sabr, mehnat va koʻp qiyinchiliklarni talab qiladi. Ammo eng murakkab yo’lning biz bilmagan, bir qarashda oddiy boʻlgan, ammo eng kuchli yechimi- tabassumdir. Birgina tabassum orqali har qanday holatni ifoda etishimiz mumkin. Aslida kulguning sirli jihatlaridan biri ham shudir. Shu yerda savol paydo boʻladi.Inson bazida ichidagi dardlarini kulgu orqali yengib oʻtadi, yoki tabassum orqali ko’rsatadi. Bu jihatdan qay bir tabassum afzal sof tabassummi? yoki qaygʻuli tabassummi? Albatta inson ichidagi dardni kulgu orqali ko’rsatish jasorat deyishimiz mumkin, ammo har narsaning asl koʻrinishi yaxshi boʻlgani kabi tabassumning ham asl mohiyati yaxshidur.
Buyuk mutafakkir, olim Abu Ali Ibn Sino kulgu haqida shunday degan: ʻʻKulgu — inson ruhining sog’lomligidan darak beradi.’’ Ming yillar o’tib bu fikr o’z ahamiyatini yo’qotmadi. Darhaqiqat, samimiy tabassum- insonning qalb osoyishtaligini, ruhiy salomatligini koʻrsatib beradi. Shu bilan bir qatorda ozimning hayotimda bo’lib o’tgan bir voqea haqida soʻzlayman.
Qish faslining sovuq kunlari edi. Men maktab yoshidagi, qaygʻu nima ekanligin bilmaydigan qizcha edim. Tushlik vaqtidan soʻng to’satdan onamning telefoni jiringladi. Onam telefondagi bir necha gapni eshitdilaru telefonni tashlab yubordi. Men uzoqda bo’lsam ham telefondagi gaplar noxush xabarligini sezib turar edim. Onam shoshib qayoqqadir ketdi. Oradan bir necha kun o’tdi va men onamning onasi vafot etganligini otamdan eshitdim. Yana oradan kunlar o’tdi va meni onamning oldiga yani buvimning uyiga olib borishdi. Shunda onamning mayus koʻzlari yigʻidan shishib ketganligini va bir necha kunlar ichida o’zgarib ketganligini yosh boʻlsamda yuragimdan his qilgan edim. Shu payt onamning aytgan bir oʻgʻiz samimiy tabassum bilan gapirgan gaplari hanuzgacha yodimdan ketmaydi. Onam bu dunyodagi jannati, onasini yo’qotganda, menga tabassum bilan aytgan gaplari shunday edi:ʻʻ Onam yonimda emas, yonimdagi qizim onamdir.’’
Birgina onamning tabassum orqali gapirgan gaplari hayotimdagi eng mazmunli gap edi. Bu gaplar qayg’uli holatda aytilgan bo’lishiga qaramasdan, onamning yuragidagi eng samimiy gap tabassum orqali aytilgan edi. Yuqorida aytib o’tganimdek tabassumning ham asl mohiyati, qalbimizdan samimiy chiqishi haqiqiy goʻzallikdir. Zero qalbimizning samimiyligi- ruhimizning sogʻlomligidir.