Dilobar Maxmarejabova: MUZLAGAN BALIQ
Ishdan qaytish har kuni bir xil. Ko‘chalar shovqin, mashinalar g‘uvillaydi, odamlar shoshadi, bolalar esa beg‘ubor kulib o‘ynamoqda. Hayot atrofimda tirik, ammo mening ichim jim.
Qalbimda g‘alati bo‘shliq. Go‘yo nimadir yetishmaydi. Ammo nima? O‘zim ham bilmayman. Faqat yuragimning ich-ichida nimanidir so‘zlamoqchi bo‘lgan, ammo hech kim eshitmaydigan bir ovoz bor.
Doimgidek kechki ovqat uchun o‘sha do‘konga kirdim. Sotuvchi yigit — odatdagi tabassumi, odatdagi salomi bilan qarshi oldi:
— Assalomu alaykum, sizga qanday yordam bera olaman?
Men esa yana jim. Nima olishimni bilmayman. Shunchaki yurib, javonlar orasida kezdim. Mevalar, shirinliklar, rang-barang mahsulotlar… va nihoyat muzlatgich qarshisida to‘xtadim.
U yerda — muzlagan baliq.
Ko‘zim bir zumda unga ilashdi. Qiziq, nega yuragim allaqachon bu sovuqlikni tanigandek? Qo‘limni uzatdim — sovuq, ammo menga tanish bir sovuqlik. Shu lahzada nimanidir his qildim… lekin o‘zimga ham tushuntira olmadim.
Baliqni oldim. Sotuvchi odatdagidek xushmuomala:
— 30 ming so‘m bo‘ladi, — dedi jilmayib.
Pulni berdim, ammo o‘ylarim allaqachon muzlagan baliq bilan birga ketgan edi. Yo‘lda yurarkanman, ichimdan bir fikr o‘tib ketdi: “Bu baliq emas, men muzlab qolganman…”
Ha, ehtimol, men ham shundayman — jonim bor, ammo iliqligim yo‘q. Yuragimda hislar muzlab qolgan. Shuning uchun men sevolmayman, minnatdor bo‘lolmayman, hech kimga ishonolmayman.
Avvallari men boshqacha edim — quvnoq, beg‘ubor, odamlarni kuldirardim. Endi esa hamma: “O‘zgargansan, avvalgi Zebi yo‘q,” deydi. Balki ular haqdir. Balki, men o‘sha dengizda erkin suzib yurgan baliq edim, lekin hayot degan sovuq qo‘l meni tutdi, muzlatdi.
Endi men yashayapman, ammo his qilmayapman. Nafas olyapman, ammo tirik emasman.
Kim biladi, balki har birimizning yuragimizda bir muzlagan baliq yashayotgandir — sovuqlikka o‘rganib, iliqlikni unutgan bir parcha muz…
KECHIRING, ONA
Yetti yoshga to‘lgan yilim edi. Qo‘limda yangi partfel, egnimda maktab formasi, sochlarim ikkita o‘rilgan, boshimda milliy do‘ppi. Onam shoshilgancha:
— Tezroq yuring, qizim, birinchi kundan kech qolmang, — dedilar.
Men esa jilmayib:
— Xo‘p, onajon, — deb ortlaridan yugurdim.
Maktab menga ertakdek tuyulardi. O‘qituvchilar mehribon, dugonalarim quvnoq, har narsa yangi edi. O‘qishim yaxshi ketdi, onam bolaligimdan kitob o‘qishga o‘rgatganlari bois, a’lo baholar bilan o‘qirdim.
Oradan yillar o‘tdi. To‘rtinchi sinfga chiqqan paytim fan olimpiadasi maktab bosqichida faxrli 1-o’rinni egalladim . Tuman bosqichiga yo‘llanma olganimda quvonchim ichimga sig‘masdi. Ammo ertasi kuni bo‘lgan voqea menga juda boshqacha taʼsir koʻrsatdi.
Ertalab maktabga borsam, dugonam Asal va uning onasi ustozim bilan tortishib turishardi.
— Nega mening qizimni emas, shuni tanladingiz? Uning otasi yo‘q,onasi esa bunaqa holatda… rahmingiz kelgan-da! — dedi ayol.
Bu so‘zlarni eshitib yuragim ezildi. “Nega ular onam va otam haqida bunday deyishadi?” deb o‘yladim. Ustozim esa menga yaqin kelib, boshlarini egdilar:
— Qizim, bu safar Asal boradi, biz natijani adashib ko‘ribmiz, — dedilar.
— Xo‘p bo‘ladi, ustoz, — dedim jimgina.
Uyga borgach, bobom so‘radilar:
— Qizim, imtihoning qanday o‘tdi?
Men ko‘z yoshimni yutib:
— Meni olib borishmadi, Asal boradigan bo‘ldi, — dedim.
Onam mehr bilan:
— Mayli, qizim, xafa bo‘lmang, keyingi safar albatta o‘tgan bo‘lasiz, — dedilar.
Shu so‘zlarni eshitib, yuragimda g‘azab uyg‘ondi:
— Agar siz bo‘lmaganingizda, men o‘tgan bo‘lardim! — dedim va xonamga kirib ketdim.
Orqamdan onam yugurib chiqdi:
— Nega bunday deding, qizim? Men sizni xafa qiladigan nima qildim?
— Siz direktor bilan gaplashgansiz! Shuning uchun meni tanlashgan! — dedim jahl bilan.
Onam jim qoldilar. Men esa ko‘rpamga burkanib, anchagacha yigʻlab yotdim.
Bir necha kundan so‘ng vijdonim qiynala boshladi. Yuragimga “Onamni xafa qildim” degan og‘riq o‘rnashdi. Oxiri bardosh bera olmay, onamning oldiga bordim.
— Onajon, kechiring meni, — dedim titrab. — Sizga o‘sha kuni yomon gapirdim.
Onam tabassum qilib, sochlarimni siladilar:
— Hech qisi yo‘q, qizim. Hammani gapiga quloq solavermang. Siz mening faxrim, — dedilar.
Men esa ularni quchoqladim, yuzlaridan o‘pdim.
Yillar o‘tdi. Endi men sakkizinchi sinfdaman. Bir kuni sinfdoshlarim otam haqida g‘iybatlashayotganini eshitib qoldim. Ularning so‘zlari yuragimni larzaga soldi: “Zebining dadasi boshqa oilasi bilan yashayapti emish…”
Shunda onamning mayus boqadigan, mungli ko‘zlari esimga tushdi. U kishi yillar davomida shu og‘riqni ichiga yutib, biz uchun yashab kelgan ekanlar.
Uyga qaytsam, onam bir burchakda oilaviy suratimizni quchgancha jim turardilar. Ko‘zlarida yosh yiltirardi. Yuragim ezilib, sekin yonlariga bordim:
— Onajon… meni kechiring, xo‘pmi? Kechiring, ona…