KITOB XITOB DEMAKDIR

Iqtisod fanlari doktori, professor, oliyhimmat rahbar Oʻktam Pardayevich Umurzoqov hayot boʻlganlarida bugun 73 yoshga toʻlgan boʻlardilar. Ularning yorqin xotirasiga bag‘ishlab yozgan maqolamni keltirishni lozim topdim.
Ular davlat va hukumatning birorta qaroriga yoki qonuniga aslo befarq boʻlmasdi. Ayrim rahbarlarga oʻxshab qarorning qogʻozda qolishini emas, balki ijro etilishi bilan qiziqar va uni talab ham etardi.
Qarorning ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasidan Oliy taʼlim vazirligiga yuborilgani va undan buyruq asosida taʼlim muassasasiga yetib kelgani hamonoq, uning ijrosini taʼminlash uchun masʼul rahbar va mutasaddilarni biriktirar va oʻzlari ham uning nazorat qilishni kanda qilmas edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 13 sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarorini domla oʻzgacha kayfiyat, oʻzgacha xursandchilik bilan qabul qildi. Chunki oʻzlarining kitobga oshnolik darajasi, maʼrifatga tashnalik darajasi ham yuqori edi-da.
Demak, talabaning kitob oʻqishi, koʻp kitob mutolaa qilishi va oʻqiganlarini idrok etishi ongli avlodni, keng dunyoqarashga ega boʻlgan yoshlarni tarbiyalash, yetkazish borasidagi muhim bir qadam edi. Davlatimiz rahbarining barchani kitobga qaytarishi, maʼrifatga talpintirishi, maʼnaviyatni yuksaltirishdan asosiy maqsadi ham aslida shu edi. Ularning bu harakati “5 muhim tashabbus“ doirasida ham oʻz ifodasini topgani bejiz emas. Demak, kitob oʻqigan odamning fikri ham, nutqi ham ravshan, ravon va teran boʻladi.
Shuning uchun ham Deni Didroning “Kimki kitob oʻqishdan toʻxtasa, bilingki, u fikrlashdan ham toʻxtabdi“, — degan mulohazalari bejiz emas.
Kitob, avvalo, insonni savodxon qiladi, fikrini oʻstiradi, voqelikka ongli koʻz bilan, teran tafakkur ila nigoh tashlashga chogʻlaydigan muhim quroldir u. Kitob faqat bilim manbaigina emas, hayot tarzini, maqsadlarni amalga oshirish yoʻlidagi muhim qoʻllanma va yoʻllanma boʻlishini u yaxshi idrok etgan edi. Ustoz kitobning elektron variantini, aniqrogʻi, audiokitoblarni tayyorlash zaruratini birinchilardan boʻlib his etgandi. Chunki nafaqat badiiy adabiyot, balki sohaga oid mutaxassislik fanlariga daxldor boʻlgan ilmiy adabiyotlarni ham xuddi shunday yoʻsinda axborot resurs markaziga joylashtirish, zamonaviy tarzdagi elektron kutubxonani tashkil etish borasida har qanday xarajat va qiyinchilikdan aslo chekinmadilar.
Har bir fakultetga, har bir kafedraga masʼul boʻlgan ustozlarni biriktirib, kim qancha kitob oʻqiganini va qanday kitoblarni mutolaa etish zaruratini ham domla oʻz nazoratiga va zimmasiga olganini eslaymiz. Bir kuni rektorat kengashida shunday taklifni oʻrtaga tashladilar: “Har birimiz ziyolimiz, toʻgʻrimi?! Shunday ekan, har birimizning uyimizda albatta, har xil yoʻsinda kitoblar, qoʻllanmalar bor. Bu ham toʻgʻri boʻlsa kerak- a?!,- Hamma birdaniga bosh irgʻab,“toʻgʻri” ishorasini qildi, — Lekin uyda shunday kitoblar borki, ular terilib turipti, varaqlab ham koʻrilmagan, hatto oʻqilmagan ham. Balki, siz oʻqigandirsiz ham. Yoki vaqtni bahona qilib, keyin oʻqirman deb orqaga surgandirsiz. Aytmoqchimanki, har biringiz ana shunday kitoblarni oʻzimizning axborot resurs markaziga topshirsangiz roʻyxat qilib, qani kim koʻp kitob topshirishini, kimning bugungi jarayonga — Prezidentimizning kitob borasidagi harakatlariga munosabati ijobiy va koʻtarinki ekanligini bilmoqchi edim. Qolaversa bu ham savob, ham xayrli maʼrifiy harakatga qoʻshgan hissangiz boʻladi.“.
Keyingi rektorat yigʻiniga qadar ustozlar bu ishga sidqidildan kirishdi va fakultet, kafedralar kesimida oʻqituvchilarga bu xabar yetkazildi. Kimdir oʻnta, kimdir ellikta yana kimdir yuzta kitobni olib kelib, roʻyxat asosida topshirish boshlandi. Domla bu ishidan, bu tashabbusidan nihoyatda xursand edi. Anchagina kitob toʻplandi. Shu oʻrinda faxr bilan aytgim keladi, bu minnat emas. “Oralaringizda Jumaniyozovning topshirgan kitoblari soni salkam 500 ta ekan, hech kim bizda bunchalik topshirgan emas, rahmat sizga, Rahimboy aka”, — deb qoʻydilar. Shunday ekan, bu jarayon toʻxtab qolmasligi, yana kitoblarni topshirish boʻyicha masʼuliyat bilan ish olib borishingizni soʻrayman, deganlari hamon yodimda. Chunki “Oʻzingga ravo koʻrganni oʻzgaga ham ravo koʻr, Shunda Alloh senga davo koʻradi”, — degan hadisnamo oʻgitni bilamiz.
Oʻzingiz oʻqigan kitobni oʻzgalar ham oʻqisa, ularni ham fikri kengaysa, bu albatta, yaxshida! Abdurahmon Jomiy shuning uchun ham kitobni eng yaqin va yaxshi doʻst sifatida eʼtirof etgan:
Kitobdan yaxshi doʻst yoʻq jahonda,
Gʻamxoʻring boʻlgay u gʻamli zamonda.
U bilan qol tanho, hech bermas ozor,
Joningga yuz rohat beradi takror.
Bugungi kunda koʻpchiligimiz maqtanib: “Yoshlarimiz kompyuterni yaxshi bilishadi, internet tizimidan xohlagan axborotni bir zumda olishadi”, – deya koʻp gapiramiz. Bir jihatdan toʻgʻri, aslida-chi, yoshlarimiz kompyuter rivojlangan asrda yashashyapti, xorijlarda taʼlim olishyapti. Kompyuterdan toʻgʻri foydalanish maqsadga muvofiq. Koʻpgina maʼlumotlarni internet sahifalaridan olishga harakat qilinayotganimiz ham rost.
Oʻktam Umurzakov taʼlim muassasamizda talaba hayotida kompyuter va kitobning oʻrni borasida tajribali ustozlar, fan va madaniyat xodimlari bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish masalalarini ham oʻsha ondayoq yoʻlga qoʻygandilar. Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha prorektor, pedagogika fanlari doktori Ruzimurat Choriyev zimmasiga yuklagandilar. Taʼlim muassasamizda bunday yoʻsindagi tadbirlar tizimli ravishda yoʻl xaritasiga muvofiq amalga oshirilgani aniq. “Eʼtibor beradigan boʻlsak, bolalarimiz tobora kitob oʻqimay qoʻyishyapti, deb noliymiz, aslida, biz ularni kitobga qiziqtira olmayapmiz”, — degandilar Oʻktam Pardayevich. Buning uchun qiziqtirishga yoʻnaltirilgan taʼsirchan uslub va mexanizmlarni oʻylab topish va amalga oshirish kerakligini uqtirgandilar.
Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida kitobxonlikni yanada rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar bizni yanada quvontirayotgan boʻlsada, bugungi kunda farzandlarimizga kitob oʻqishni, kitobga mehr qoʻyishni oʻrgatishimiz mashaqqat boʻlmoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda bu borada juda koʻp maʼlumotlar va mulohazalar berilayotgani rost. Jumladan, kitobning bilim bulogʻi ekani, bu buloqdan bahra olmagan inson johillikka yuz tutishi, u har qanday tubanlikka qoʻl urishi, insoniylikni, vijdonini arzimagan narsaga sotib yuborishi mumkinligi haqidagi mulohazalar chin haqiqat. Jamiyatda kitobxonlik keng ommalashgan jamiyatda ziyoli ahli shunchalik koʻp boʻladi, bu joyda esa umuminsoniy qadriyatlar barqaror turmush tarziga aylanadi.
Internet qarshisida soatlab oʻtiradiganlar gʻaraz niyatli kimsalarning domiga ilinib, qanchadan-qancha qotilliklarga qoʻl urmoqdalar. Internet koʻz va barmoq bilan bogʻlanadigan tarmoq, boshqacha aytganda ayrim yoshlar uchun ilinadigan qarmoq hamdir. Ammo kitob oʻqigan inson bunday qabihliklarga qoʻl urmasligi aniq. Amir Temur bobomiz aytganlaridek: “Kitob barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql idrokning ilmu-donishning asosidir. Hayotni oʻrgatuvchi murabbiydir”. Ajdodlarimiz ilm oʻrganish, kitob oʻqishga hamisha eng muhim vazifa sifatida qarab kelishgan. Qurʼoni karimning ilk nozil boʻlgan oyati “Oʻqi” amri boʻlgan.
Oʻtmish ajdodlarimiz ilm oʻrganish, kitob yozish va oʻqish borasida butun moziy mobaynida boshqalarga oʻrnak boʻlishgan. Tarixdan bizga maʼlumki, ilgari Yassaviy, Navoiy, Bobur, Bedil, Fuzuliy, Maxtumquli, Mashrab gʻazallarini yod bilmaslik or sanalgan. Oʻtmishda xorijdan yurtimizga sayohat yoki tijorat niyatida kelgan mashhur shaxslar bu yerdagi kutubxonalar va kitob doʻkonlarining koʻpligi va kitoblarning xilma-xilligini koʻrib xayratlanganlar.
Hatto, Firʼavn hukmdorlaridan Ramzes — 2 kutubxonani “Ruhiyat darmongohi” deya bejiz eʼtirof etmagan. Xullas, mashriqzamin va magʻribzamin mutafakkirlarining aql va qalb koʻzini ochgan ham mumtoz kitoblar boʻlgan.
Maʼnaviyatning muhim mezoni savodxonlik ekan, bu esa kitob bilan roʻyobga chiqishini, istiqbolli kadrlar, yoshlarni tarbiyalab, voyaga yetkazishda bu jarayonning oʻrni shubhasiz ekanligini hammamiz anglash asnosida kitoblarni yigʻish, topshirish jarayonida masʼul boʻldik. Yigʻilgan kitoblarning ichida men taqdim etganlardan biri Oʻtkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar“ nomli asaridir. Bunda kitob haqida juda purmaʼno fikr keltirilgan:
«Eʼtibor berganmisiz — yoʻqmi, bilmadim-ku, sadoqatda tengsiz doʻstingiz bor. Qachon xohlasangiz siz bilan hamsuhbat boʻladi. Shod paytingizda quvonchingizga quvonch qoʻshadi. Gʻamgin pallada dardingizni oladi. Bilmaganingizni oʻrgatadi. Adashsangiz, toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi. Yaqin kishilaringiz burilib ketganida ham u sizni tark etmaydi. Xizmati uchun hech nima tama qilmaydi. Yillab unutib, tashlab qoʻysangiz indamaydi. Hatto uloqtirib yuborsangiz ham arazlamaydi. Tagʻin chorlasangiz, yetib kelib, xizmatingizni qilaveradi… Bu doʻstning nomi – Kitob!”
Oʻktam Umurzakov kitoblarni faqat oʻzbek va rus tillarida emas, balki jahon tillarida, xususan, ingliz tilida oʻqib, mushohada yurita oladigan avlod haqida qaygʻurgan, shu yoʻlda izlangan ustozlardan edilar. Bu yoʻlda kitob — mashʼal, yorugʻ chiroq, istiqbolning koʻzgusi ekanligini ular oʻz vaqtida his etgan edilar.
Dunyodagi jamiki narsa-hodisaning oʻz tayanch nuqtasi, aniqrogʻi, “qulf-u kalit”i bor. Uni topolmasangiz, muammoni yecholmaysiz, muvaffaqiyatga erisha olmaysiz ham. Imoratning tayanchi poydevori but boʻlmasa, bir yer silkinishi bilanoq agʻanab ketishi tayin. Daraxtning teran tomiri boʻlmasa, u meva ham bermaydi, soya ham.
“Inson qalbiga yoʻl, avvalo, taʼlim va tarbiyadan boshlanadi”, — degan bitikni “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” kitobida koʻp bor oʻqiganmiz. Demak, taʼlimning ham, tarbiyaning ham oʻz talabi, kaliti bor. Taʼlim talabi, ochqichi nutq bilan, tarbiyaniki esa xulq bilan. Nutqiy va xulqiy madaniyat bamisoli bir tanganing orqa va oldi, et va tirnoq kabi ajralmasdir. Boshqacha aytganda, taʼbir joiz boʻlsa, jon va jasad singari birdir. Shuning uchun ham nutqingiz xulqingiz oynasidir. Nutqiy va xulqiy madaniyat suvratu siyratida omixta boʻlmagan kishini komil inson deyish, avlodni esa barkamol deyish ham nojoiz. Shaxs maʼnaviyati, muomala madaniyati, muomala sirlari va nutq odobi masalalari oʻzaro muloqotimizning muhim omillaridandir. Shunday ekan, muloqotning mezoni, yaʼni “tarozisi”ning ikki pallasi boʻlib, biri xulq, ikkinchisi nutqdir. Unutmaylikki, uning posangisi, shaytuni bor.
Oʻktam Pardayevich yuksak muloqot madaniyatiga ega, noziktabʼ, didli, mulohazakor, shunchaki kitobxon emas, balki kitobsevar inson edilar. Fakultetlararo talabalarning qancha va qanday kitob oʻqiganini nazorat qilishni aslo, kanda qilmasdilar.
Rahimboy Jumaniyozov, professor, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi


