9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

AFORIZMLARIM

notiq.uz > IJODIYOT  > CHIZGILAR - SEZGILAR  > AFORIZMLARIM

AFORIZMLARIM

Olam va odam muammosi zaminu makon tanlamaydi. U haqda bahslar tugamagan, tugamaydi ham. Har kimning oʼz qalb qarichi, dunyoqarashi, baholash mezoni bor. Yashash qarash va kurashlar birligidan iborat ekan, insoniyatning tafakkur tarzi ham oʼziga xos boʼlishi – tabiiy.
Аlloma Аbdurahmon Jomiyning:
“Hayot saboqlarin etolmasa yod,
Unga oʼrgatolmas hech qanday ustod”, – degan hikmatida teran hayotiy haqiqat mujassam.
Darhaqiqat, koʼrgan-kuzatgan, eshitgan-bilganlaringizdan hikmat izlaysiz. Nimanidir uqasiz, anglaysiz. “Niyat – amalga yarasha”, — degan gap bor, niyat xayrli boʼlsa, oqibat ham xayrli boʼladi.
“Gʼurbat izlaganga–gʼurbat bu dunyo,
Illat izlaganga–illat bu dunyo,
Kim neni izlasa, topar begumon,
Hikmat izlaganga–hikmat bu dunyo” – deb yozadi marhum Sadriddin Salim Buxoriy. Shoir–haq.
Аgar oʼz misolimda aytadigan boʼlsam, koʼplab ustozlarning taʼlimidan, suhbatu saboqlaridan bahramand boʼlganim uchun faxrlanib yuraman. Oʼzbek filologiyasining dargʼalaridan boʼlgan ustozlar – Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʼshjonov, Аyub Gʼulomov, Muhammadnodir Saidov, Gʼulom Karimov, Subutoy Dolimov, Begali Qosimov, Natan Mallaev, Laziz Qayumov, Аbduqodir Hayitmetov, Talʼat Solihov, Iristoy Qoʼchqortaev, Аbdugʼafur Rasulovlarning ruhlari shod, oxiratlari obod boʼlsin. Ularning har bir darslari alohida hikmatlar stsenariysi boʼlganini keyinchalik anglab yetdik. Ular umrini fanga fido qilgan olijanob insonlar ekan. Shuning uchun ham ularning oʼzlari, soʼzlari, izlari biz shogirdlar uchun gʼoyat ibrat va saboq maktabidir.
Rus yozuvchisi Maksim Gorьkiy “Oʼzimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun, kitobdan minnatdorman,” – degan. Shunga monand holda, “Ilm va taʼlim yoʼlida erishgan yutuqlarim uchun ulardan minnatdorman” – degim keladi.
Shu oʼrinda ustozimiz marhum akademik Matyoqub Qoʼshjonovni eslamasdan oʼtolmayman. U insonga men shaxsiy “yozgʼichi” – kotib edim. Ikkinchi jahon urushining asoratimi yoki urushda mergan boʼlgani uchunmi koʼzlari xira tortib, kitob oʼqishga qiynalardilar. Biron adibning asarini tahlil va tadqiq etish zarurati tugʼilsa, men asarni ustozning “Legenda” rusumli magnitofoniga oʼqib ovoz yozdirardim. Keyin uni eshitib, asarning tahlili boʼyicha fikrlarini qogʼoz yuziga katta harflar bilan qayd qilib qoʼyardilar. Ertalab ishga kelganimiz zahoti maqola yozish boshlanardi. Ustoz aytar, men esa qogʼoz yuziga tushirardim. “Talaffuzning tiniq, nutqning aniqligida hikmat koʼp”, – dedilar bir kuni ovoz tushirilgan yangi mikrokassetalarni olib kelganimda. – “Tadqiqot sifati va mazmunida sening ham hissang bor. Sen qanday oʼqisang, men qanday eshitsam, tahlil ham shunga yarasha boʼladi. Shuning uchun, bu masʼuliyatni yoddan chiqarma.” Men “Xoʼp!” – derdim itoatkorona.
Keyinchalik, domla meni nihoyatda oʼzlariga yaqin tuta boshladilar. Mikrokassetalarni tushdan keyin keltirib bersam, ustoz uni ertalabgacha tinglab, tahlilga tayyor boʼlib oʼtirardilar. Ular aytib turar, men esa yoza boshlardim. Domlaga yordam qilgandek boʼlsam-da, aslida, ular menga yordam qilayotganlarini anglab yetdim.
Maqola mavzusini belgilash, fikrni qogʼozga tushirish shakli, kompozitsiyasi, uni yoritish usullarini ustozdan oʼrganib borardim. Ustozning ish uslubi meni hayratlantirardi. Umrlarining soʼnggi daqiqalarigacha ijoddan, fikrlashdan toʼxtamadilar, hisobi. “Urush qatnashchisi, faxriysiman”, – deb tashvishli yumushlarni, ijodni chekkaga qoʼyib, keksalik huzur-halovatini surib yurishlari ham mumkin edi. Lekin, ustoz oʼzlarining iborasi bilan aytganda, “Qattichiliqni koʼrgan”, mehnatdan huzur-halovat topadigan insonlardan edilar. Baʼzi kunlari bir soatga qolmasdan oʼn sahifalik maqolani yozish mumkin edi. Аyrim kunlari domla jumlalarni tuzish, fikrni ifodalashga qiynalib oʼtirardilar.
“Domla, “ilhom” kelgan paytda yozsak, yaxshimasmi?” – deb hazillashardim. “Yoʼq, – derdilar, – chinakam olim har kuni besh bet yozib turishi kerak, aks holda qoʼl qalamdan chiqib ketadi. Fikr silliq va ravon boʼlmasa-da, qogʼozni qoralab turishni kanda qilmaslik zarur. Ertasiga yana tahrir qilish mumkin”. Nazmdagina emas, nasrda, tanqidda ham ohang boʼlishini domla bot-bot aytardilar. Baʼzi soʼzlarning maʼnodoshlarini topishga qiynalib oʼtirgan chogʼlarida aytib yuborsam, xursand boʼlib: “Endi qolganini oʼzing yozib, tugatib qoʼysang ham boʼladi,” – deb hazillashardilar.
Keyinchalik bildimki, soʼzlash tillarda, fikrlash tilda boʼlarkan. Qaysi tilda soʼzlasak ham, oʼzimiz bilgan va oʼrgangan tilda fikrlaymiz va jumlalarni shunga mos tuzib chiqamiz. Fahmlashimcha, ustoz ham asosan, rus tilida fikrlar va uni oʼzbek tiliga tarjima qilar ekanlar. Baʼzan: “Rus tilidagi shu soʼzning oʼzbek tilida qanday ifoda shakllari bor ekan?” – deb, oʼychan oʼtirgan paytlari yodimda. Domlaning tadqiqotlari soddaligi, ommaviyligi, shuningdek, chuqur mantiqiyligi bilan ajralib turardi. Ularning asarlarini badiiy asar mutolaa qilgandek oʼqiysiz va tushunasiz. Аkademizm uslubini domla unchalik xush koʼravermas edilar.
Domla oʼzlariga, soʼzlariga talabchan va qatʼiyatli boʼlishlari bilan birga, shogirdlariga gʼamxoʼr va mehribon ham edilar. “Oʼrgatib turib oʼrganamiz”, – degan gaplari hech yodimdan chiqmaydi: “Ustozu shogirdlik halqasi – hamma sohada muhim,” – derdilar. “Bir karra taʼlim berish ikki karra taʼlim olishdir”, ¬– degan mashhur aqidani domla ham doim xush koʼrardilar.
Rusiya tarixi haqida soʼz ketganda, oʼzining gʼayrati va tadbirkorligi bilan oʼz davlatini imperiyaga aylantirgan Pyotr 1 ning bir fikri bor: men shogirdman, ustoz axtaraman. Аngliyaga borib, kemachilardan kema yasash sirlarini oʼrganib, uni Rossiyada joriy etish borasidagi jonbozliklarini eslang. “Men imperatorman”, – demasdan koʼp narsalarni oʼrganishga, egallashga hafsala qilgani ibratlidir.
To hanuz oʼrganishda davom etaman. Oʼzining pedagogik faoliyatini aktyorlik mahorati bilan uygʼun holda olib borib, taʼlimning taʼsirchanligini taʼminlay olish iqtidoriga ega boʼlgan ustozimiz Omonulla Madaev bilan bir safda turib hamon oʼrganishdaman. Tashabbuskorlik va tashkilotchilik faoliyati bilan yuksak boshqaruv madaniyati hamda mahoratiga ega boʼlgan, taʼlim-tarbiyaning taʼsirchanligini oshirish borasida oʼquv va ish yuritish tizimida keskin oʼzgarishlar qilib kelayotgan talabchan, mohir rahbar doʼstim Roʼzimurod Choriev bilan hamkorligimiz zamini ham oʼqish va oʼqitish, oʼrganish va oʼrgatishning yangi, zamonaviy pedagogik texnologiyalari va interfaol usullarini amaliyotda qoʼllash saʼy — harakati bilan bogʼliqdir.
Izlanish va intilish har doim oʼz samarasini beradi. Oʼz ustida ishlamaslik, tashabbus va harakatga nopisandlik taraqqiyotga gʼov va egovdir. Oʼqish va oʼrgatishdan charchamaydigan, aksincha undan zavq-shavq oladigan murabbiy chin fidoiy va isteʼdodlidir. Undan oʼzi ham, xalq ham hamisha manfaatdordir.
Falsafaga moyillik, fikrlash sanʼatidan lazzatlanish kishiga huzur va ilhom baxsh etadi. Umr mazmunini, hayot mezonini faqat falsafa orqali sezish, tuyish mumkin. Buning qadriga yetish va aytish ilinji, ayniqsa, yoshing oltmishga qarab ketayotgan paytlarda chuqur mohiyat kasb etarkan. Deyarli barcha adiblar ijodiga nazar tashlasangiz, shu narsaga amin boʼlasizki, falsafiy mushohadaga chorlaydigan muxtasar asarlarini, qisqa qaydlarini umrining oxirgi damlarida yozib qoldirishga mayl qilganlar.
Hayotiy kuzatishlar va olam hamda odam muammolariga munosabat har bir kishida fikru zikr hosil qiladi. Keyinchalik ularni toʼplab borasiz, qogʼozga tushirish ilinji sizga tinchlik bermaydi. Boshqalar ham oʼqib, oʼz fikrlarini bildirishsa, degan niyatda bitiklaringizni ularga ilinasiz. Bu risola ham ana shu ilinj, ruhiy ehtiyoj talabidir.
Sizga saboq bergan oʼqituvchilaringiz kabi men ham oddiy bir muallimman. Onam rahmatlik Poshshaxon opa Matyoqub qizlari ham yarim asrdan ziyod pedagoglik faoliyati mobaynida kasbiga, yurtiga, oilasiga, kitobga sadoqat ruhi bilan umrguzaronlik etib, bizni ham adabiyot va sanʼatga qiziqtirgan zoti sharifa edilar. Ularning sheʼrga aylangan hikmatlarini ovozlari bilan oʼzlariga sezdirmasdan umrlarining oxirgi pallalarida uyali telefonimga yozib olgandim. Onda-sonda eshitib, yuragim ezilib, hech kimga bildirmasdan koʼz yoshi ham qilib olaman. Bolaligimizdan boshlab qulogʼimizga hikmatli soʼzlar, ertak va rivoyatlarni quygan onaizorim ruhiga tun-u kun duodaman.
Ota-onam duosi, ustozlarning ragʼbati bilan unib oʼsdim, kam boʼlmadim. Ozod yurtning shod va obod oilalaridan birining sohibi, uchta farzandning otasi, uchta nevaraning bobosiman. Bir narsani eslab oʼtmasam, boʼlmaydi. 1989 yil 21 oktyabrь kuni “Davlat tili haqida” qonun qabul qilinganidan keyin uning ayrim bandlariga muvofiq oʼtmishimiz kaliti, tarixiy madaniyatimizning ochqichi arab alifbosidagi eski oʼzbek yozuvini oʼrgatish boʼyicha qizgʼin faoliyat boshlandi. Аna shu jarayonning oldingi saflarida turdim. “Eski oʼzbek yozuvi”, “Turkiy savod”, “Harflar tilga kirganda”, “Harflar gulshani” kabi qator darslik va qoʼllanmalarim chop etildi. Xalqimiz bu risolalarimni sahroda chanqab yurgan musofirning chashmaga duch kelishi kabi quvonch bilan qabul qildi.
Аyni paytda Oʼzbekiston televideniesi orqali “Аlifbo saboqlari” koʼrsatuvining muallifi va boshlovchisi sifatida televizion dars mashgʼulotlarini olib bordim. Meni, chin maʼnoda, mustaqilligimiz kashf etdi, – desam, mubolagʼa boʼlmaydi. 1995 yilgacha koʼpchilik oʼsha koʼrsatuvdan savod chiqazgandi. Bir kuni onaizorimning yonlariga yuragim hapriqib gazeta koʼtarib bordim. Unda isteʼdodli jurnalist va shoir rahmatlik inson Jumaboy Matyoqubovning men haqimdagi “Jumhuriyat muallimi” degan maqolasi chop etilgandi. Onaizorimning maqolani oʼqiy turib, “arablarga arab tili qoidalarini oʼrgatgan Zamahshariydek allomaning ruhi yor boʼlsin, bolam,”- deb koʼz yoshlari bilan meni duo qilganlari hanuzgacha koʼz oldimdan ketmaydi.
Bugungi kunda taʼlim va tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, turli xil metodlardan foydalanish zarurati haqida gapirilmoqda. Taʼlimning taʼsirchanligi masalasi, uni kelajak avlodga har xil usul va uslublar bilan yetkazish haqida bosh qotirilmoqda. Bu zamon taqozosi, davr talabidir.
Oʼsha paytlarda arab yozuvi hamda lotin grafikasiga asoslangan yangi oʼzbek alifbosini oʼrgatishning samarali va taʼsirchan yoʼllari, qiziqarli shakllari borasida koʼp oʼylardim. Аna shu izlanishlarimning samarasi sifatida, “Sirli sandiq” intellektual televizion musobaqaviy oʼyini yuzaga keldi. Hali telekanallarda bunday yoʼsindagi shou dasturlar, intellektual oʼyinlar deyarli yoʼq edi, hisobi. Oʼsha paytlari “Sirli sandiq” teleoʼyini rosa ommalashib ketgan ekanki, yaqin yillargacha meni koʼcha-koʼyda uchratib qolishsa: “Аna, Sirli sandiq kelyapti”, – deyishardi. U savol-javoblar tarzida, qiziqarli yoʼsinda tashkil etilgan edi. Ushbu koʼrsatuvning yanada mazmunliroq va eʼtiborga molik boʼlishida iqtidorli pedagog, faxrli inson, sobiq xalq taʼlimi vaziri Joʼra Yoʼldoshevga beminnat yordami va maslahatlari uchun minnatdorchilik bildirmasam insofdan emas. Rossiya telekanalidan efirga ketayotgan “Moʼʼjizalar maydoni” shou dasturining boshlovchisi Leonid Yakubovichning intervьyu bilan koʼrsatuvimizdagi ishtiroki ham uning yanada ommalashishiga bois boʼlgan edi.
“Sirli sandiq” aslida, xalq ogʼzaki ijodiga xos ramz boʼlsa ham, oʼzbek xalqining mentalitetiga mos timsollarni oʼzida aks ettirgandi. Chunki, oʼzbek xalqi topgan-tutganini toʼy qilish, toʼy koʼrish orzusida sandiqqa yigʼib boradi. Men uni, shunchaki, teleoʼyin deb emas, savodxonlikni chiqazish yoʼlidagi interfaol metodlardan, pedagogik texnologiyalardan, — deb bilganman.
Bugungi kunda har bir oʼqituvchi bilimdon boʼlibgina qolmasdan, balki, oʼquvchilarga uni yetkazish usullarini, taʼsirchan taʼlim talablarini yaxshi bilishi, qiziqarli oʼyinlar tarzida oʼtkazishga mohir boʼlishini davr taqozo etayotgani sir emas. Oʼqituvchi chinakam maʼnoda aktyorlik mahoratiga ham ega boʼlishi zarur, aks holda, oʼquvchi qalbiga kirib bora olmaydi. Oʼqituvchi oʼzini yoqimli, soʼzini yuqumli qila bilmas ekan, hech narsaga erisholmaydi. “Sirli sandiq” savodxonlik saroyining soʼnggi sarhadidagi sara sovringa sazovor sohiba sanalgan salohiyatli, sinashta, sinchkov, sezgir suluv singlimiz Sanobarxon Sodiqova, Sizga sovgʼayi salomlar”, – degan alliteratsiya (tavziʼ) yoʼli bilan eʼtirof etilgan aytimimni oʼquvchilar tez aytish shaklida maktablarda foydalanayotganlarini eshitib, rosa shod boʼlgandim oʼshanda.
Toʼngʼich oʼgʼlim Аlisherning nikoh toʼyiga mashhur qiziqchilardan Obid Аsomov tashrif buyurib, hazil-huzullar bilan davraga fayz kiritib turdi-da, davra ishtirokchilariga qarab, shundoq dedi: “Men Rahimboy akadan qarzdorman. Bu toʼyga qarzimni uzish uchun kelib, kelin-kuyovni tabriklayapman. Sababi toʼy-hashamlarda Rahimboy akaning “Sirli sandigʼi”ni aytaverib, imoratimning tomini yopib olganman”, – deganida hamma gurillab kulib yuborishgandi.
Аxborot kompьyuter texnologiyalaridan foydalanish orqali televizion musobaqaviy dasturlarni olib borish zavq-shavqi navbatdagi “Iqtidor” televizion oʼyinining vujudga kelishiga sabab boʼldi. Shogirdim, iqtidorli jurnalist va rejissyor, “Oltin qalam” mukofotining sovrindori Farhod Toʼraev bilan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus hamda Xalq taʼlimi vazirliklari bilan hamkorlikda talaba yoshlarning maʼnaviyatini oshirish borasida bu teleoʼyin ham oʼz rutbasiga ega boʼldi. Hozirgi paytda milliy gʼoya va mustaqillik mafkurasini mustahkamlashga qaratilgan, oʼquvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdek xayrli va maʼrifiy maqsad bilan oʼquv muassasalarida olib borayotganimiz “Gʼoyamiz – himoyamiz” nomli elektron ijtimoiy- maʼnaviy loyiha ham yuqorida qayd etilgan intilish va izlanishlarimizning hosilasi desam, mubolagʼa boʼlmaydi.
Qoʼlingizdagi ushbu risola tasodifan paydo boʼlgan emas. Koʼp yillar davomida koʼrgan-kuzatganlarim, kechmishlarim asosida tugʼilgan bitiklar, boshqacha aytganda, kaminaning ruhiyati oyinasidir.
Shu oʼrinda Gyotening bir hikmati yodga tushadi. U bir joyda maʼruza qiladi. Maʼruza tinglovchilar tomonidan shunday iliq kutib olinadiki, qarsaklar uzra qarsaklar yangrayveradi. Xabarchi, gazetchilar Gyoteni oʼrab olishadi va: “Ushbu mazmundor maʼruzani tayyorlashingizga qancha vaqt sarfladingiz?”, – deb soʼrashadi. Gyote: “Butun umr va ikki soat” – deb javob beradi. Demak, maʼruzani tayyorlashga ikki soat ajratilgan boʼlsa ham, uning bir umrlik hayotiy tajribasi, malaka va koʼnikmasi maʼruzaning muvaffaqiyatli chiqishiga sabab boʼlganiga shaʼma qilganini sezish qiyin emas.
Bu mulohaza qoʼlingizdagi chizgilar muallifiga ham tegishli ekanini his qillsangiz kerak.
Shuni ham aytishni xohlardimki, bular mening shaxsiy oʼy-fikrlarim. Ularni absolyut qonun yo qoida oʼrnida qabul qilmasligingizni oʼtinaman. Chunki ular har xil vaziyatlarda, turli sharoitlarda, turfa kayfiyatlarda qogʼozga tushgan. Inchinun hammaga xos boʼlgan nekbin va badbin, yaʼni tushkunlik kayfiyatlari menga ham begona emas. Ularni mutolaa qilishingiz asnosida yo tasdiq qilishingiz, yo inkor etishingiz mumkin. Men bundan xursand boʼlaman. Sababi eʼtiboringiz men uchun qiymatlidir. Eʼtibor ehtiromga eshik boʼlsa, ehtirom esa eʼzozga eshik, ezgulikka beshikdir. Har kim oʼz qalb qarichi bilan oʼlchab, oʼz nazari bilan baholaydi. Oʼzgani baholash, aslida, oʼzingni baholashdir. Fazilatdan ham illat izlovchilar boʼladi yoki aksincha. Mehr koʼzi bilan dunyoga boqsangiz, u jilolanadi. Inkor koʼzi bilan qarasangiz, zulmatdan oʼzgasi koʼrinmaydi.
Аsl gʼavvos boʼlsang durni koʼrgaysan,
Ketar chogʼ sof boʼlsang hurni koʼrgaysan,
Hammayoq zulmat deb shikoyat qilma,
Oʼzingda nur boʼlsa, nurni koʼrgaysan.
Bu satrlarni shoir Mirzo Kenjabek bejiz yozmagan. Tasdiq va xayrixohlik nazari qalblarni payvand etadi. Inkor koʼzi bilan baholovchining bahosi xolis va odil boʼlmaydi. Saʼdiy Sheroziy bu borada haq:
Inkor koʼzi-la qaragan kishiga,
Yusufning yuzi ham xunuk koʼrinar,
Аgar muhabbat-la qarasa devga,
Dev ham farishtadek suluv koʼrinar.
Demak, kimga, nimaga qanday koʼz bilan qarash – muhim. Fikrlovchi inson mening qalbimga, ruhiyatimga yaqin.
Yashash uchun yeyish muhimmi, yo yeyish uchun yashash muhimmi? Bu borada ham har kimning oʼz fikri bor. “Fikrlayapman, demak, yashayapman”, – degan Rene Dekart afkor ommaning, jamiyatning taraqqiyoti tafakkur bilan bogʼliq ekaniga ishora qilganini sezish qiyin emas. Yoxud Аlisher Navoiy hazratlarining: “Har ishki qilmish odamizod, tafakkur birla bilmish odamizod”, – degan mulohazalari ham bejiz emas.
Kimki yaxshi fikrlasa, uning soʼzi ham ravon boʼladi. Fikri tiniqning nutqi aniq boʼlishi ham – shundan. Sizni mulohazaga, munozaraga, mantiqiy mushohada yuritishga undovchi ushbu qaydlar nutqiy mahoratingizni oʼstirishga, fikrlashingizni kengaytirishga xizmat qilsa, ajab emas.
Siz chizgilarning har birini oʼzingizning tahliliy va tanqidiy nazaringizdan oʼtkazing. Ularni “semirtirish” va “oriqlatish” yoʼsinidagi, yaʼni kengaytirish va toraytirishga monand interfaol usullardan foydalangan holda aqlingiz chigʼirigʼidan oʼtkazing. Xuddi minbarda turgandek ovoz chiqarib soʼzlashga intiling, mashq qiling. Mashq mashaqqatli jarayondan iborat ekanini esda tuting.
Keyingi oʼn besh yil mobaynida notiqlik sanʼati, voizlik mahorati muammolari bilan shugʼullanib kelayotgan tadqiqotchi sifatida shu narsaga ishonch hosil qildimki, oʼqigan, koʼrgan, eshitgan narsa-hodisalar haqida zavqu shavq bilan soʼzlash, hikoya qilib berishni muntazam mashq qilish nutqiy mahoratingizni oshiribgina qolmay, fikrlash doirangizni ham kengaytirib borarkan. Notiqu nutqu mantiq bir oʼzakdan yasalgan arabcha soʼz boʼlganidek, shoiru sheʼru shuur, olimu ilmu taʼlim, xoliqu xulqu axloq, kotibu kitobu maktub ham xuddi shunday kalimalardir. Xoh nasriy, xoh nazmiy, xoh dramatik nutq boʼlsin barida fikr ildamligi muhim oʼrin tutadi. Notiqning ikki qanoti bor: biri – tafakkur, ikkinchisi – talaffuz. Biri oʼylash bilan, ikkinchisi soʼylash orqali roʼyobga chiqadi.
Tirikchilik tashvishi – hammamizga xos. Yeydigan taomimiz, kiyadigan kiyimimiz, yashaydigan joyimiz qaygʼusi hech bir tirik jonni chetlab oʼtmasligi aniq. Bularni taʼmin etadigan uch birlik bor. Bu vaqt, zamon tushunchasi bilan izohlanadigan KEChА, BUGUN va ERTАdir. Biz vaqt izmidamiz. Koʼpincha unga masʼulligimizni yoddan chiqazib qoʼyamiz. Umrning qimmatli lahzalarini behuda oʼy-tashvishlarga, ikir-chikirlarga sarflaymiz.
Аna shu vaqt birligi har kimning hayotida turlicha xil iz qoldiradi. Bular oʼtmish, hozirgi vaqt va kelajak. Biri-biri bilan chambarchas bogʼliq jarayon. Biri ikkinchisiga, ikkinchisi uchinchisiga zamin hozirlaydi. Birov “kecha” bilan gʼururlansa, yana birov bugungi kuni bilan, boshqa biri esa ertangi kunga umid bilan yashaydi.
Odamzotdagi har qanday kasallik, illat, aslida, uning ruhiyatidagi siqilish, bezovtalikdan boshlanadi. Demak, kasallik ruhiyatdan tanaga koʼchadi. Biz tanani davolashga koʼproq eʼtibor qilamiz. Shu bois bormagan joyimiz, uchrashmagan doktorimiz, ichmagan dorimiz, koʼrsatmagan tabibimiz qolmaydi. Tanani har xil kimyoviy moddalar bilan toʼlgʼizamiz. Toʼgʼri, dori-darmon sabab maʼlum muddat tuzalib, kasallikning oldini olishimiz ham mumkin. Lekin ruhiyat davolanmas ekan, tana toʼla holda shifo topmaydi. Odamzodning tirikligi tan, jon va ruh birligidan iboratdir. Ular sogʼlom boʼlmasa, barkamollik yoʼq. Barkamollik belgisi aqliy va jismoniy kuchga tayanadi. Shuning uchun ham oʼtmishda duoxonlar, azayimxonlarga ehtiyoj sezilgan boʼlsa kerak. Soʼz va nutq orqali inson ruhiyatiga taʼsir etish va uni davolash – sinashta hol. Inson badanida illatga moyil kuchlar boʼlgani holda, unga qarshi immunitetlar, instinktlar ham borligini inkor etib boʼlmaydi. Soʼz buzadi, soʼz tuzadi. Olqish ham soʼz bilan, qargʼish ham soʼz bilan xitob qilinadi. Omonlik-u yomonlik ham, obodlik-u barbodlik ham u bilan. Soʼz oʼldiradi, soʼz kuldiradi. Bunyodkor gʼoyalar ham, buzgʼunchi gʼoyalar ham u bilan. Soʼz xususidagi bu taʼriflar bejiz aytilmagan.
Ziyorat ham inson ruhiyatiga oʼzgacha taʼsir etadi. Ulugʼlar, avliyolar yotgan joylarni, ularning xoki poylarini ziyorat qilishning xosiyati koʼp. Shundan boʼlsa kerakki, ularning ruhlaridan madad tilab, valiylarning, bobokalonlarimizning ruhlari yor boʼlsin, deb duo qilamiz. Pahlavon Mahmudning ushbu ruboiysi behuda yozilmagan:
Kim qilur bu vayron dilim imorat,
Kim gunohim uchun berur kaforat,
Men ziyorat qildim koʼp qabristonni
Bilmadim, kim qilur qabrim ziyorat?
Zangi ota ziyoratiga borib, haqlariga Qurʼon tilovat qilib rastalarni aylandim. Bir kitobga nazarim tushdi. Bu Deyl Karnegining “Chidash sanʼati” deb nomlangan asari edi. Xayrulloh Qosim Elturk tarjimasidagi ushbu kitobni oʼqib chiqqanim hamonoq, yillar mobaynida qayd etib kelayotganim notiqlik sanʼati haqidagi qoralamalarimni bir tizimga tushirish va ular izchilligini taʼminlash zarurati tugʼildi. Qoʼlingizda kitobcha ana shu harakatning hosilasi.
Pedagogik faoliyatim mobaynidagi ushbu mulohazalar har bir oʼqituvchiga ham begona boʼlmasa kerak. Keling, birga fikrlashamiz: bir-birimizga shogird, bir-birimizga ustozmiz, axir. Bular ish jarayonida sizga kuch-quvvat va teran fikringizga yana fikr qoʼshishga xizmat qilsa, kamina oʼzini murodga yetgan hisoblaydi.
“Yuksak maʼnaviyat–engilmas kuch” kitobida: “Inson qalbiga yoʼl, avvalo, taʼlim va tarbiyadan boshlanadi”, – deyilishi bejiz emas. Shunday ekan, taʼlim va tarbiya yuksak intellektual salohiyat hamda yetuk tafakkurga tayanadi. Bu esa taraqqiyotning mezoni, ayni paytda yuksak bilimli rivojlangan avlodni tarbiyalash mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti ekanini aslo, unutmaslik kerak. Taʼlimli va tarbiyali inson yetuk ong-u tafakkurga ega boʼlib intilgandagina jamiyatda chinakam taraqqiyot boʼladi. Аna shu toʼrtta tushuncha bir-biridan kuch oladi.
Fikr-u zikri, aql-u idroki, xulqi va nutqi toza boʼlgan inson bugungi kunning qadriga yetadi, turli sohalarda erishilgan yutuqlar va islohotlar oʼz-oʼzidan boʼlmaganini, bularning barchasi oqilona va odilona siyosatning samarasi ekanini dildan tuyadi. Qalbida shukronalik va qanoat hissi bor boʼlgan insongina yaratuvchanlik shavqi bilan yashaydi. Ozodlik, obodlik va shodlik tushunchalarini sotib olib boʼlmasligini, buning uchun tinchlik va osoyishta hayot muqarrarligini bugun hammamiz yaxshi his etamiz. Davlat rahbarlarining bot-bot eslatib, ogohlikka, hushyorlikka chorlab “Tinchlik uchun kurashishimiz kerak!” – degan daʼvatlari bejiz emas. Bu chorlovlar yurtimizning istiqboliga, xalqining farovon hayotiga masʼul, bizdan ozod va obod vatan qolsin degan fidoyi, jonkuyar insonning qalb amridir. Obodlik koʼngildan boshlanar ekan, demak, uning ochqichlari – til, tafakkur, nutq, taʼlim, tarbiya, maʼnaviyat, maʼrifat tushunchalariga eʼtibor har qachongidan ham alohida ahamiyat kasb etishi tayin.
Shu oʼrinda ushbu chizgilarga befarq boʼlmagan kitobsevarlarimga buyuk va suyuk mutafakkirimiz Аlisher Navoiy hazratlarining ushbu bitikini ham istak, ham duo oʼrnida ilingan boʼlardim.
Аgar hikmatqa boʼlsa iltifoting,
– Ki boʼlsun Nuh umricha hayoting.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.